Donate

Ijtimoiy makon va ramziy hokimiyat

Tarjima va Tanqid21/06/26 09:17120

Tarjimon nomidan so’zboshi

Pyer Bourdye (1930–2002) — XX asrning ikkinchi yarmining eng nufuzli sotsiologlardan biri. Uning ilmiy ishi asosan bitta savol atrofida quriladi: nega ijtimoiy tengsizlik shu qadar barqaror? Nega har bir yangi avlod uni qaytadan va go’yo o’z xohishiga ko‘ra ishlab chiqarayotgandek tuyiladi? Nimaga ijtimoiy farqlar avlodlar osha saqlanib qoladi?

Quyida e’lon qilayotgan matnimiz — "Ijtimoiy makon va ramziy hokimiyat" — Bourdyening 1986-yilda San-Diegoda o’qigan ma’ruzasidir. Ma‘ruza — uning eng mashhur kitobi "Tafovut" (Distinction, 1979) ortida yotgan nazariy ramkasining ixcham bayonidir. Ma’ruzada uning barcha kalit tushunchalari birga jamlangan: ijtimoiy makon, habitus, kapital turlari (iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy, ramziy) va ramziy hokimiyat.

Bourdyening asosiy g’oyasi uni bevosita Freire bilan, va ayni paytda bizning bu yilgi mavzu — farq mavzusi bilan bog’laydi. Jamiyatdagi farqlar „tabiiy“ emas. Biz "elita" va "oddiy xalq", "intellektual" va "ishchi", "savodli" va "savodsiz" deganda, biz tayyor tabiiy holatlarni tasvirlamaymiz — biz farq belgilarini o’qiymiz. Inson qanday gapiradi, qanday kiyinadi, qayerda dam oladi, qanday musiqa tinglaydi — bularning hammasi uni ijtimoiy makonning ma’lum nuqtasiga joylashtiradi va ayni paytda boshqalardan ajratib turadi. Bu yerda eng muhim narsa shu-ki: bu farqlar shunchaki qayd etilmaydi, ular ishlab chiqariladi — maktab orqali, til orqali, davlat orqali, bilim va unvon beradigan institutlar orqali. Va keyin tabiiy holatdek taqdim etiladi.

Mana shu nuqtada Bourdye Freireni davom ettiradi. Agar Freire aynan maktab "biluvchi" va "bilmaydigan" o’rtasidagi farqni qanday ishlab chiqarishini ko’rsatib bergan bo’lsa, Bourdye xuddi shu tahlilni butun jamiyatga yoyadi: xuddi shu mexanizm maktab va universitet devorlaridan tashqarida ham ishlaydi. Odamlar bir-birini doimo joylashtiradi, baholaydi va farqlaydi — hamda bu farqlarni "tabiiy" qabul qiladi. Bu farqlarning eng kuchlisi esa — kimga "rasmiy" gapirish huquqi berilgan-u, kimga berilmaganidir. Diplom, unvon, "ekspert" maqomi — Bourdye bularning hammasini ramziy kapital deb ataydi. Kimning ovozi eshitiladi, kimning ovozi esa shunchaki shovqin bo’lib qoladi — buni aynan shu kapitalning taqsimoti hal qiladi.

Bourdyeni o’qish oson emas: uzun gaplar, zich atamalar. Tarjimada men matnni iloji boricha tushunarli qilishga harakat qildim, lekin uning asosiy tushunchalarini — habitus, maydon (field), ramziy kapital, ramziy zo’ravonlik, nazariya effekti kabilarni — soddalashtirmadim. Ular uning fikrining o’zagi; ularsiz matn o’z o’tkirligini yo’qotadi. Kerakli joylarda qavs ichida asl atamani qo’shib ketdim. O’qish oson bo’lmaydigan, ammo voqeiylikka biroz o’zgacha qarashga undaydigan matnni o’qishda sabrli bo’lishni tilab qolaman.

Tarjimon: Javohir Nematov

Asl manba: Bourdieu, P. (1989). Social space and symbolic power. Sociological theory7(1), 14-25.

https://www.vijesti.me/data/images/2022/01/21/14/5385877_pierre-wikipedia.org_ls.jpg
https://www.vijesti.me/data/images/2022/01/21/14/5385877_pierre-wikipedia.org_ls.jpg

Ijtimoiy makon va ramziy hokimiyat

Pyer Bourdye

Collège de France

Ma’ruza doirasida men o’z kitobim "Distinction"da (Bourdieu 1984a) bayon etilgan tadqiqot natijalari ortida yotgan nazariy tamoyillarni taqdim etishga harakat qilmoqchiman, hamda uning eng oson e’tibordan chetda qoladigan nazariy oqibatlarini yoritib bermoqchiman — ayniqsa shu yerda, AQShda, ikkimizning madaniy va ilmiy an’analarimiz orasidagi farqlar mavjud sharoitda.

Agar ishimni ikki so’z bilan tavsiflashim, hozirgi modaga ko’ra unga "yorliq" yopishtirishim kerak bo’lsa, men buni konstruktivistik strukturalizm yoki strukturalistik konstruktivizm deb atagan bo’lardim. "Strukturalizm" so’zini esa Sossyur yoki Levi-Strossnikidan butunlay boshqacha ma’noda ishlataman. Strukturalizm yoki strukturalist deganda men quyidagini nazarda tutaman: ijtimoiy dunyoning o’zida (faqat til, afsona kabi ramziy tizimlarda emas) aktorlarning ongi va irodasidan mustaqil bo’lgan, ularning amaliyoti va tasavvurlarini yo’naltirish hamda cheklash qobiliyatiga ega obyektiv tuzilmalar (objective structures) mavjud. Konstruktivizm deganda esa quyidagini nazarda tutaman: bir tomondan, men habitus deb atayotgan idrok, fikr va harakat sxemalarining, ikkinchi tomondan esa ijtimoiy tuzilmalarning — ayniqsa men maydon (fields) va, odatda, ijtimoiy sinflar (social classes) deb ataladigan guruhlarning — ikki yoqlama ijtimoiy genezisi (kelib chiqishi) mavjudligi.

Aynan shu yerda noaniqlikni bartaraf etish ayniqsa zarur, deb hisoblayman: tarjima xatarlari shu darajadaki, masalan, mening "Reproduction in Education, Society and Culture" kitobim (Bourdieu va Passeron 1977) yaxshi tanilgan; bu esa ba’zi sharhlovchilarni — ulardan ba’zilari ikkilanmasdan — meni to’g'ridan-to’g'ri strukturalistlar qatoriga kiritishga olib kelgan. Holbuki, ancha avvalroq davrga oid asarlar (shu qadar eskirganki, ular o’sha mavzulardagi tipik "konstruktivistik" matnlardan oldin paydo bo’lgan) va meni "konstruktivist" sifatida idrok ettirishi mumkin bo’lgan ishlar — odatda e’tibordan tashqarida qolgan. Misol uchun, "Pedagogic Relationship and Communication" (Bourdieu va boshq. 1965) kitobida biz sinfdagi tushunish ijtimoiy munosabati qanday qilib tushunmaslik (misunderstanding) orqali yoki unga qaramay qurilishini; o’qituvchi va talabalar qanday qilib — xarajat va xatarlarni minimumga keltirish istagi ortidan yashirin yo’naltirilgan o’ziga xos jimjit kelishuv (tacit transaction) orqali — muloqot vaziyatining minimal ta’rifiga rozi bo’lishini ko’rsatgan edik. Xuddi shunday, "The Categories of Professorial Judgment" deb nomlangan boshqa bir tadqiqotda (Bourdieu va de Saint Martin 1975) biz professorlarning o’z talabalari, ularning ko’rsatkichi va qiymati haqida tasavvurlar yaratadigan idrok va baholash kategoriyalarining kelib chiqishi va qanday ishlashini tahlil qilishga uringan edik; shu kategoriyalar bilan yo’naltirilgan kooptatsiya amaliyotlari orqali esa o’sha professorlar o’z kasbdoshlari va fakultet jamoasining o’zini (qayta) ishlab chiqarishi haqida yozgan edik. Endi, bu chekinishni yopib, asosiy fikrimga qaytmoqchiman.

I

Eng umumiy ma’noda gapirganda, ijtimoiy fan — antropologiyami, sotsiologiyami yoki tarixmi — ikki bir-biriga sig’mas, bir-biri bilan murosa qilmaydiganga o’xshagan nuqtai nazar o’rtasida tebranib turadi: obyektivizm va subyektivizm, yoki, agar xohlasangiz, fizikalizm va psixologizm (bu ikkinchisi turli ranglarda — fenomenologik, semiologik va h.k. — bo’lishi mumkin). Bir tomondan, u eski Durkheim qoidasiga muvofiq "ijtimoiy faktlarga buyumlardek munosabatda bo’lishi" mumkin, va shu tariqa ular ijtimoiy hayotda bilim, idrok — yoki noto’g'ri idrok (misrecognition) — obyektlari ekanidan kelib chiqadigan hamma narsani inobatga olmasligi mumkin. Boshqa tomondan, u ijtimoiy dunyoni aktorlarning u haqidagi tasavvurlariga olib kelib qo’yishi, reduksiya qilishi mumkin, va shunda ijtimoiy fanning vazifasi ijtimoiy subyektlar ishlab chiqargan "hisob-kitoblar haqida hisob-kitob" ishlab chiqarishdan iborat bo’lib qoladi.

Bu ikki pozitsiya ilmiy amaliyotda kamdan-kam hollarda shu qadar keskin va qarama-qarshi tarzda ifoda etiladi va, eng muhimi, amalga oshiriladi. Bizga ma’lumki, Marks bilan birga, obyektivistik pozitsiyani eng izchil tarzda ifoda etgan kishi shubhasiz Dyurkgeymdir. "Bizning fikrimizcha, — deb yozgan u (Durkheim 1970, p. 250), — bu g’oya samaralidir: ijtimoiy hayotni unda qatnashayotganlarning tasavvurlari bilan emas, balki ong tashqarisida yotgan chuqur sabablar bilan tushuntirish kerak." Biroq, yaxshi Kantchi sifatida Dyurkgeym shuni ham anglar edi: bu reallikni faqat mantiqiy vositalar — kategoriyalar, tasniflar — yordamida tushunib olish mumkin. Shu bilan birga, obyektivistik fizikalizm ko’pincha tasniflarni shunchaki "operatsional" bo’linmalar yoki uzilishlarning hamda "obyektiv" tafovutlarning mexanik qaydi (masalan, statistik taqsimotlardagi kabi) sifatida tasavvur qilishga moyil pozitivistik tendensiyaga hamroh bo’lib boradi.

Shubhasiz, subyektivistik qarashning eng sof ifodasini Alfred Shyuts va etnometodologlar ishida topish mumkin. Shyuts (1962, p. 59) Dyurkgeymnikiga to’g'ridan-to’g'ri qarama-qarshi pozitsiyani egallaydi: "Ijtimoiy olim kuzatadigan maydon — ijtimoiy reallik — bu reallikda yashayotgan, harakat qilayotgan va fikrlayotgan inson mavjudotlari uchun o’ziga xos ma’no va munosabat tuzilishiga ega. Sog’lom fikrga asoslangan konstruksiyalar qatori orqali ular bu dunyoni — o’zlarining kundalik hayoti, reallik sifatida his qiladigan bu dunyoni — oldindan tanlab, oldindan talqin qilib qo’yishgan. Aynan ularning ana shu fikr-obyektlari ularning xulq-atvorini, unga turtki berish orqali, belgilab beradi. Ijtimoiy olim bu ijtimoiy reallikni tushunib olish uchun quradigan fikr-obyektlari, o’z ijtimoiy dunyosida kundalik hayot kechirayotgan odamlarning sog’lom fikriga asoslangan tafakkuri ishlab chiqargan fikr-obyektlariga tayanishi kerak. Shu tariqa, ijtimoiy fanlarning konstruksiyalari, ta’bir joiz bo’lsa, ikkinchi darajali konstruksiyalardir — ya’ni, ijtimoiy sahnadagi aktorlar ishlab chiqargan konstruksiyalarning konstruksiyalaridir." Qarama-qarshilik mutlaqdir (total): birinchi holatda ilmiy bilim faqat dastlabki tasavvurlar — Dyurkgeymdagi "oldingi tushunchalar" (prenotions), Marksdagi "mafkura" (ideology) — bilan uzilish (break) orqali amalga oshiriladi, va bu uzilish ongsiz sabablarga olib boradi. Ikkinchi holatda esa ilmiy bilim sog’lom fikrga asoslangan bilim bilan uzluksiz davom etadi, chunki u shunchaki "konstruksiyalarning konstruksiyasi"dan boshqa narsa emas.

Agar men bu qarama-qarshilikka biroz ko’p e’tibor qaratgan bo’lsam — Reynxold Bendiks va Bennet Berger (1959) ko’rsatganidek, ijtimoiy fanlarga singib ketgan bunday eng zararli "juftlashgan tushunchalar"dan biri bo’lsa-da — buning sababi shuki, mening ishimni boshqargan eng qat’iy (va, mening ko’zimga, eng muhim) niyat aynan shu qarama-qarshilikni yengib o’tish bo’lgan. Biroz noaniq ko’rinish xavfini inobatga olib ham, men bugun ilgari surayotgan tahlilning mohiyatini bir gapda jamlamoqchiman: bir tomondan, sotsiolog obyektivistik momentda — aktorlarning subyektiv tasavvurlarini chetga surib qo’yish orqali — quradigan obyektiv tuzilmalar (objective structures) ana shu tasavvurlarning negizini tashkil etadi va o’zaro ta’sirlarga ta’sir o’tkazadigan strukturaviy cheklovlarni hosil qiladi; ammo, boshqa tomondan, bu tasavvurlarni ham hisobga olish lozim — ayniqsa, agar kishi tuzilmalarni o’zgartirish yoki saqlab qolishga qaratilgan kundalik kurashlarni, ham individual, ham jamoaviy kurashlarni izohlamoqchi bo’lsa. Bu shuni anglatadiki, obyektivistik va subyektivistik ikki moment dialektik munosabatda turadi (Bourdieu 1977); va, masalan, subyektivistik moment alohida olib qaralganda interaksionistik yoki etnometodologik tahlillarga juda yaqin ko’rinsa-da, u baribir ulardan tubdan farq qiladi: bu yerda qarashlar (points of view) ularning o’ziga xosligida tushunib olinadi va ko’rib chiqilayotgan aktorlarning tuzilmasidagi tutgan o’rinlari bilan bog’lab qaraladi.

Tuzilmalar va tasavvurlar o’rtasida shu tariqa hosil bo’ladigan sun’iy qarama-qarshilikni yengib o’tish uchun, Kassirer (1923) substansialistik (substantialist) deb atagan tafakkur usulidan ham voz kechish kerak. Bu tafakkur usuli kishini oddiy tajribada bevosita intuitsiyaga ochiq bo’lgan reallikdan — ya’ni individlar va guruhlardan — boshqa hech qanday reallikni tan olmaslikka moyil qiladi. To’g'ri "strukturalistik inqilob" deb atalishi mumkin bo’lgan narsaning asosiy hissasi shundadir: zamonaviy matematika va fizikaga xos bo’lgan munosabat asosidagi (relational) tafakkur usulini ijtimoiy dunyoga tatbiq etish, va shu orqali reallikni jismlar bilan emas, balki munosabatlar bilan bog‘laydi (Bourdieu 1968). Dyurkgeym so’z yuritgan "ijtimoiy reallik" — bu ko’rinmas munosabatlarning yig’indisi; aynan o’sha munosabatlar bir-biridan tashqaridagi va bir-birining yaqinligi, qo’shniligi yoki uzoqligi bilan, shuningdek, bir-birining ustida, ostida yoki orasida bo’lgan nisbiy pozitsiyalari bilan belgilanadigan pozitsiyalar makonini (space of positions) tashkil qiladi. Sotsiologiya, o’zining obyektivistik momentida, ijtimoiy topologiya, analysis situs — Leybnits zamonida matematikaning bu yangi sohasi shunday atalardi — ya’ni nisbiy pozitsiyalarning va bu pozitsiyalar o’rtasidagi obyektiv munosabatlarning tahlilidir.

Aynan shu munosabat asosidagi tafakkur usuli "Distinction"da taqdim etilgan konstruksiyaning boshlang’ich nuqtasidir. Biroq, diagrammalar (va korrespondensiya tahlili — faktorlar tahlilining juda murakkab shakli) ishlatilganiga qaramay, ehtimol o’quvchi bu makonni, ya’ni munosabatlar tizimini sezmasdan o’tib ketadi. Buning birinchi sababi shuki, substansialistik tafakkur usulini qabul qilish osonroq va u "tabiiyroq" kechadi. Ikkinchidan — bu ko’pincha sodir bo’lganidek — kishi ijtimoiy makonni qurish va uning tuzilmasini ko’rsatib berish uchun foydalanishi kerak bo’lgan vositalar, ular orqali erishilgan natijalarni yashirib qo’yishi mumkin. O’zlari egallagan pozitsiyalarni obyektivlashtirish uchun qurilishi kerak bo’lgan guruhlar, o’sha pozitsiyalarni yashiradi. Shu tariqa, "Distinction"ning hukmron sinfning turli qatlamlariga bag’ishlangan bobi, o’sha qatlamlarning hokimiyat pozitsiyalari makonidagi — men hokimiyat maydoni (field of power) deb ataydigan narsadagi — joylashuvi tahlili sifatida emas, balki bu qatlamlarning turli turmush tarzlari tasviri sifatida o’qiladi. (Qavs ichida: shuni ham ko’rish mumkinki, lug’atdagi o’zgarishlar bir vaqtning o’zida "hukmron sinf" g’oyasiga bog’liq odatiy tasavvurdan uzilishning ham sharti, ham mahsulidir.)

Muhokamaning shu nuqtasida ijtimoiy makonni geografik makonga taqqoslashimiz mumkin — bu makon ichida mintaqalar bo’linadi. Lekin bu makon shunday qurilganki: aktorlar, guruhlar yoki institutlar bu makonda qanchalik yaqin joylashgan bo’lsa, ularda umumiy xususiyatlar shunchalik ko’p bo’ladi; qanchalik uzoq bo’lsa, shunchalik kam. Qog’ozdagi makonsimon masofalar ijtimoiy masofalar bilan mos keladi. Lekin real makonda bunday emas. Haqiqatan ham, deyarli hamma joyda makoniy segregatsiya tendensiyasini kuzatish mumkin: ijtimoiy makonda yaqin bo’lgan odamlar — xohish bilan yoki zaruriyat tufayli — geografik makonda ham bir-biriga yaqin bo’lib qoladi. Ammo shunga qaramay, ijtimoiy makonda bir-biridan juda uzoq bo’lgan odamlar fizik makonda bir-biri bilan uchrashishi va o’zaro ta’sirga kirishishi mumkin — hech bo’lmasa qisqa va vaqti-vaqti bilan. O’zaro ta’sirlar (interactions) — empirist mayllar egalariga (ularni kuzatish, qayd etish, suratga olish mumkin, ular qo’l bilan ushlanadi, "ularga qo’l cho’zib tegish mumkin") darhol qoniqish keltiradigan o’zaro ta’sirlar — ular ichida amalga oshadigan tuzilmalarni niqoblaydi. Bu — ko’rinadigan, bevosita berilgan narsa uni belgilab beradigan ko’rinmas narsani yashiradigan holatlardan biridir. Shu tariqa unutiladiki, har qanday o’zaro ta’sirning haqiqati hech qachon to’liq o’sha o’zaro ta’sirning o’zida — kuzatishga ochilgan holida — yotmaydi.

Bitta misol tuzilma bilan o’zaro ta’sir o’rtasidagi farqni, va shu bilan birga, men himoya qiladigan strukturalistik qarash (zaruriy, lekin yetarli bo’lmagan tadqiqot momenti sifatida) bilan har qanday shakldagi (ayniqsa etnometodologiyadagi) interaksionistik qarash o’rtasidagi farqni yetarlicha ko’rsatadi. Men kondessensiya strategiyalari (strategies of condescension) deb ataydigan narsa nazarda tutilmoqda: bunda obyektiv makonning biron iyerarxiyasida

yuqoriroq pozitsiyani egallagan aktorlar o’zlari bilan boshqalar o’rtasidagi ijtimoiy masofani ramziy ravishda inkor etadi — bu masofa esa, albatta, yo’q bo’lib ketmaydi. Shu yo’l bilan ular masofani ramziy inkor etish orqali beriladigan tan olish foydasini yig’ib oladi ("u atrofidagilardan ta’sirlanmaydi", "u o’zini juda yuqori tutmaydi" yoki "u ortiqcha gerdayadi" va h.k.) — bu iboralarning o’zi esa masofalarni tan olishni nazarda tutadi. (Hozir keltirgan iboralarim har doim yashirin bir qo’shimchani o’z ichiga oladi: "u atrofidagilardan ta’sirlanmaydi — gersoginya bo’lgani uchun", "u o’zini juda yuqori tutmaydi — universitet professori bo’lgani uchun" va h.k.) Qisqasi, kishi obyektiv masofalarni shunday qo’llashi mumkinki, yaqinlikning afzalliklarini ham, masofaning afzalliklarini ham — ya’ni masofa va uning ramziy inkori bilan kafolatlangan masofani tan olishni — o’z ichiga oladi.

Bu obyektiv munosabatlarni — ular o’zini ko’rsatadigan o’zaro ta’sirlarga keltirib bo’lmaydigan munosabatlarni — qanday qilib konkret tarzda tushunib olish mumkin? Bu obyektiv munosabatlar — resurslarning taqsimoti ichida egallangan pozitsiyalar o’rtasidagi munosabatlardir. Bu resurslar, karta o’yinidagi tuzlardek, bu ijtimoiy olamda kurash maydonini tashkil etadigan tanqis ne’matlarga egalik qilish uchun olib boriladigan kurashda faol va samarali kuchga aylanishi mumkin. Mening empirik tadqiqotlarimga ko’ra, bu fundamental kuchlar: iqtisodiy kapital (turli shakllarida), madaniy kapital, ijtimoiy kapital, va ramziy kapital — bu turli kapital turlari qachonki idrok etilib, legitim deb tan olinsa, shu shaklni egallaydi (Bourdieu 1986a). Shunday qilib, aktorlar umumiy ijtimoiy makonda taqsimlanadi: birinchi o’lchov bo’yicha — ular egallagan kapitalning umumiy hajmiga ko’ra; ikkinchi o’lchov bo’yicha — kapitallarining strukturasiga, ya’ni iqtisodiy va madaniy kapitalning umumiy kapital hajmidagi nisbiy salmog’iga ko’ra.

"Distinction"da taklif qilingan tahlillar atrofida yuzaga kelgan tushunmovchilik aynan shundan kelib chiqadi: qog’ozdagi sinflar real guruhlar sifatida idrok etilishi mumkin. Bu realistik (noto’g'ri) o’qish obyektiv ravishda shu fakt bilan rag’batlantiriladi: ijtimoiy makon shu tarzda qurilganki, o’xshash yoki qo’shni pozitsiyalarni egallagan aktorlar o’xshash sharoitlarga joylanadi va o’xshash shartlanishlarga (conditionings) duch keladi, shu sababli ularda o’xshash mayllar (dispositions) va manfaatlar bo’lishi, demak, o’zlari ham o’xshash bo’lgan amaliyotlar ishlab chiqarishi katta ehtimol. Egallagan pozitsiyada orttirilgan mayllar shu pozitsiyaga moslashishni nazarda tutadi — Goffman buni "o’z o’rnini his qilish" (sense of one’s place) deb ataydi. Aynan o’z o’rnini his qilish — bu o’zaro ta’sirlarda fransuz tilida "les gens modestes", "oddiy odamlar" deb ataladigan kishilarni o’z odatdagi joyida qolishga, boshqalarni esa "o’z masofasini saqlash"ga, "o’z martabasini saqlash"ga va "yaqinlashib ketmaslik"ka olib boradi. Bu strategiyalar — eslatib o’tish kerak — mutlaqo ongsiz bo’lishi mumkin va uyatchanlik yoki mag’rurlik deb ataladigan narsalarning shaklini olishi mumkin. Aslida, ijtimoiy masofalar tanada — yoki, aniqrog’i, tanaga, tilga va vaqtga bo’lgan munosabatda — yozib qo’yiladi; bu — amaliyotning strukturaviy jihatlari bo’lib, subyektivistik qarash ularni e’tibordan chetda qoldiradi.

Bunga endi mana buni qo’shing: o’z o’rnini his qilish va simpatiya yoki antipatiya sifatida his qilinadigan habitus yaqinligi (affinities of habitus) — kooptatsiya, do’stlik, sevgi munosabatlari, nikohlar, uyushmalar va h.k., shu jumladan, davomli va ba’zan qonun bilan tasdiqlanadigan barcha munosabatlar shakllarining negizidadir; va siz ko’rasiz: hamma narsa shu fikrga olib boradi — qog’ozdagi sinflar real guruhlardir — makon qanchalik yaxshi qurilgan va bu makonda kesib olingan birliklar qanchalik kichikroq bo’lsa, shunchalik real. Agar siz siyosiy harakat yoki hatto uyushmani yo’lga qo’ymoqchi bo’lsangiz, ijtimoiy makonning bir umumiy sektoridagi odamlarni (masalan, diagrammaning shimoli-g’arbiy mintaqasidagi — intellektuallar joylashgan joydagi) birlashtirish imkoniyatingiz, diagrammaning to’rt burchagidagi mintaqalarda joylashgan odamlarni birlashtirishga uringaningizdan ko’ra balandroq bo’ladi.

Ammo subyektivizm tuzilmalarni ko’rinadigan o’zaro ta’sirlarga keltirib qo’yishga moyil bo’lganidek, obyektivizm ham harakatlar va o’zaro ta’sirlarni tuzilmadan keltirib chiqarishga moyildir. Shunday qilib, Marksda topiladigan asosiy xato — nazariyotchilik xatosi (theoreticist error) — qog’ozdagi sinflarni real sinflar deb hisoblashdan iborat: ya’ni, ijtimoiy makondagi pozitsiya bir xilligidan kelib chiqadigan shart-sharoitlarning, shartlanishlarning va shu sababli mayllarning obyektiv bir xilligidan jalb qilingan aktorlar yaxlit guruh, sinf sifatida mavjud, degan xulosaga kelishdan iborat. Ijtimoiy makon tushunchasi ijtimoiy sinflar masalasida realizm va nominalizm muqobilidan oshib o’tishimizga imkon beradi (Bourdieu 1985): ijtimoiy sinflarni korporativ tana (corporate body) — doimiy organlari, vakolatxonalari, qisqartmalari va h.k. bilan jihozlangan doimiy guruh — sifatida ishlab chiqarishga qaratilgan siyosiy ish, o’zini-o‘zi yig’ishga, birlashtirishga, guruh shaklida tashkil etishga harakat qilayotgan aktorlar ijtimoiy makonda bir-biriga qanchalik yaqin bo’lsa (va shu sababli bir xil nazariy sinfga mansub bo’lsa), muvaffaqiyat qozonish ehtimoli shunchalik balandroq bo‘ladi. Marks ma’nosidagi sinflar siyosiy ish orqali yasalishi kerak; bu ish reallikda yaxshi asoslangan nazariya bilan qurollangan bo’lsa, muvaffaqiyat qozonish ehtimoli shuncha balandroq — chunki bunday yondashuv nazariya effektini (theory effect) ko’rsatishga, ya’ni ma’lum farqlar tasavvurini yuklashga ko’proq qodir bo’ladi (yunoncha theorein "ko’rmoq" degan ma’noni anglatadi).

Nazariya effekti bilan biz sof fizikalizmdan qutuldik, lekin obyektivistik bosqichning yutuqlaridan voz kechmadik: ijtimoiy sinflar kabi guruhlar — yasalishi kerak bo’lgan narsalardir. Ular "ijtimoiy reallikda" tayyor holda berilgan emas. E.P. Tompsonning (1963) mashhur "The Making of the English Working Class" (Ingliz ishchilar sinfining yasalishi) kitobining nomini so’zma-so’z qabul qilish kerak: bugungi kunda bizga ko’ringani kabi ishchilar sinfi — uni belgilash uchun ishlatiladigan so’zlar ("ishchilar sinfi", "proletariat", "ishchilar", "mehnat harakati" va h.k.) orqali, uning irodasini ifoda etishi taxmin qilingan tashkilotlar orqali, logotiplar, byurolar, mahalliy bo’limlar, bayroqlar va h.k. orqali — yaxshi asoslangan tarixiy artefaktdir (Dyurkgeym dinni "yaxshi asoslangan illyuziya" deganidek). Lekin bu hech qachon kishi nazariyada yoki amaliyotda istalgan narsani istalgancha qura olishini anglatmaydi.

II

Shu tariqa biz ijtimoiy fizikadan ijtimoiy fenomenologiyaga o’tdik. Obyektivistlar gapirayotgan "ijtimoiy reallik" — bu shu jumladan idrok obyekti hamdir. Ijtimoiy fan o’z obyekti sifatida ham bu reallikni, ham bu reallikning idrokini olishi kerak — ya’ni aktorlarning obyektiv ijtimoiy makonda egallagan pozitsiyalari tufayli shu reallik haqida ega bo’ladigan istiqbollarini, qarashlarini. Ijtimoiy dunyoning o’z-o’zidan paydo bo’ladigan ko’rinishlari — etnometodologlar gapiradigan "xalq nazariyalari" (folk theories), yoki men "o’z-o’zidan paydo bo’ladigan sotsiologiya" deb ataydigan narsa, shuningdek ilmiy nazariyalar, jumladan sotsiologiya ham — ijtimoiy reallikning bir qismidir, va, masalan, marksistik nazariya kabi, haqiqiy konstruksiya qilish kuchini egallashi mumkin.

Oldingi tushunchalar, mafkuralar, o’z-o’zidan paydo bo’ladigan sotsiologiya va "xalq nazariyalari" bilan obyektivistik uzilish ilmiy faoliyatning muqarrar, zaruriy momentidir — u siz oldinga yurib bo’lmaydi. Xuddi interaksionizm, etnometodologiya va boshqa ijtimoiy psixologiya shakllari kabi — ular ijtimoiy dunyoning fenomenal qarashi bilan kifoyalanadi va o’zlarini jiddiy xatolarga duchor qiladi. Lekin obyektivizm bilan ikkinchi va qiyinroq uzilishni amalga oshirish zarur: ikkinchi bosqichda obyektiv reallikni qurish uchun chetga surilgan narsani qaytarish kerak. Sotsiologiya ijtimoiy dunyoning idroki sotsiologiyasini, ya’ni ijtimoiy dunyo haqidagi tasavvurlarni qurish sotsiologiyasini o’z ichiga olishi kerak — bu tasavvurlarning o’zlari bu dunyoni qurishga hissa qo’shadi. Lekin ijtimoiy makonni qurganimizdan keyin biz shuni bilamizki, bu qarashlar — so’zning o’zi ham shunga ishora qiladi — ma’lum bir nuqtadan, ya’ni ijtimoiy makondagi muayyan pozitsiyadan olingan qarashlardir. Va biz shuni ham bilamizki, turli va hatto antagonistik (qarama-qarshi) qarashlar bo’ladi — chunki qarashlar olinadigan nuqtaga bog’liq, har bir aktorning makon haqidagi qarashi uning shu makondagi pozitsiyasiga bog’liqdir.

Bu bilan biz universal subyektni, fenomenologiyaning transsendental egosini — etnometodologlar ham o’ziniki qilib olgan narsani — rad etamiz. Shubhasiz, aktorlar dunyoni faol idrok etadi. Shubhasiz, ular dunyo haqidagi o’z qarashini quradi. Lekin bu konstruksiya strukturaviy cheklovlar ostida amalga oshiriladi. Inson tajribasining universal xususiyatiga o’xshab ko’ringan narsani — tanish dunyoning "tayyor berilgan" (taken for granted), tabiiy deb idrok etilishini — hatto sotsiologik atamalarda tushuntirish mumkin. Agar ijtimoiy dunyo ravshan deb idrok etilishga va Husserl (1983) ifodasi bilan aytganda doksik (doxic) holatda tushunib olinishga moyil bo’lsa, buning sababi shu: aktorlarning mayllari, ularning habitusi — ya’ni ular ijtimoiy dunyoni tushunib oladigan aqliy tuzilmalar — mohiyatan o’sha dunyo tuzilmalarining ichkilashtirilishi (internalization) mahsulidir. Idrok mayllari pozitsiyaga moslashishga moyil bo’lganidek, aktorlar — hatto eng kambag’allari ham — dunyoni tabiiy deb idrok etishga va uni o’ylanganidan ancha osonroq qabul qilishga moyildir; ayniqsa, mahkum etilganlarning ahvoliga hukmron kishining ijtimoiy ko’zlari bilan qaraganda, bu yaqqol ko’rinadi.

Shunday qilib, idrokning yoki ijtimoiy reallik konstruksiyasining o’zgarmas shakllarini izlash turli narsalarni niqoblaydi: birinchidan, bu konstruksiya ijtimoiy vakuumda emas, balki strukturaviy cheklovlar ostida amalga oshiriladi; ikkinchidan, tuzilmalashtiruvchi tuzilmalar, kognitiv tuzilmalarning o’zlari ham ijtimoiy ravishda tuzilmalashgan, chunki ular ijtimoiy genezisga ega; uchinchidan, ijtimoiy reallik konstruksiyasi nafaqat individual ish bo’lib, balki jamoaviy ishga ham aylanishi mumkin. Lekin shunday deb ataladigan mikrosotsiologik qarash boshqa ko’p narsalarni e’tibordan chetda qoldiradi: juda yaqindan qaraganda kishi daraxt ichidan o’rmonni ko’ra olmasligi tez-tez bo’lib turganidek; va, eng muhimi, pozitsiyalar makonini qurmaslik sizga siz qaysi nuqtadan narsalarni ko’rayotganingizni ko’rishga imkon bermaydi.

Shunday qilib, aktorlarning tasavvurlari ularning pozitsiyasiga (va u bilan bog’liq manfaatga) va ularning habitusi — ya’ni amaliyotlarni idrok etish va baholash sxemalarining tizimi, ijtimoiy pozitsiyani uzoq vaqt tajriba qilish orqali orttirilgan kognitiv va baholash tuzilmalariga qarab o’zgaradi. Habitus — bu bir vaqtning o’zida ham amaliyotlarni ishlab chiqarish sxemalari tizimi, ham amaliyotlarni idrok etish va baholash sxemalari tizimidir. Va, ikkala o’lchovda ham, uning faoliyati u shakllangan ijtimoiy pozitsiyani ifoda etadi. Demak, habitus obyektiv ravishda differensiallashgan amaliyotlar va tasavvurlarni ishlab chiqaradi (tasniflash uchun ochiq); biroq bu amaliyot va tasavvurlarni shu tariqa idrok etadigan aktorlar — faqat kodni, ularning ijtimoiy ma’nosini tushunish uchun zarur bo’lgan tasniflash sxemalarini egallaganlar — uchungina ular shunday darhol idrok etiladi. Shu tariqa habitus "o’z o’rnini his qilish"ni, ammo shu bilan birga "boshqalarning o’rnini his qilish"ni ham nazarda tutadi. Masalan, biz biron kiyim, mebel parchasi yoki kitob haqida shunday deymiz: "bu burjuaziyaga xos ko’rinadi" yoki "bu intellektual". Bunday hukmning ijtimoiy imkoniyat shartlari qanday? Birinchidan, u shuni nazarda tutadi: did (yoki habitus) — tasniflash sxemalari tizimi sifatida — obyektiv ravishda, uni ishlab chiqargan ijtimoiy shartlanishlar orqali, ijtimoiy sharoitga ishora qiladi: aktorlar o’zlarini o’zlari tasnif qiladi, tasniflashga duchor qiladi — o’z didlariga muvofiq, bir-biri bilan yaxshi mos keladigan va ularga (yoki, aniqrog’i, ularning pozitsiyasiga) yaxshi mos keladigan turli atributlarni (kiyim, ovqat turlari, ichimliklar, sport, do’stlar) tanlash orqali. Aniqroq aytganda, ular mavjud tovarlar va xizmatlar makonidan ijtimoiy makondagi o’z pozitsiyasiga homologik (mos keladigan) pozitsiyani egallagan tovarlarni tanlaydi. Buning hisobiga, hech narsa odamni o’zini qanday tasnif qilishidan ko’ra ko’proq tasnif qilmaydi. Ikkinchidan, "bu mayda burjua" kabi tasniflash hukmi quyidagini nazarda tutadi: ijtimoiylashgan aktorlar sifatida biz amaliyot yoki tasavvurlar bilan ijtimoiy makondagi pozitsiyalar o’rtasidagi munosabatni idrok etish qobiliyatiga egamiz (bir kishining urg’usidan uning ijtimoiy pozitsiyasini topishga uringanimizdek). Shunday qilib, habitus orqali bizda sog’lom fikr dunyosi — o’z-o’zidan ravshan ko’rinadigan dunyo — bor.

Hozirgacha men idrok etuvchi subyekt nuqtai nazarini qabul qildim va idrokdagi o’zgarishlarning asosiy sababini — ya’ni ijtimoiy makondagi pozitsiyani — eslatib o’tdim. Lekin obyekt tomonida, ya’ni shu makonning o’zida tamoyili topiladigan o’zgarishlar haqida nima deyish mumkin? Haqiqatan ham, habitus orqali pozitsiyalar va amaliyotlar, namoyish etiladigan didlar, bildiriladigan fikrlar va h.k. o’rtasidagi yuzaga keladigan moslik shuni anglatadi-ki, ijtimoiy dunyo o’zini sof xaos sifatida, zaruriyatdan butunlay xoli va istalgan tarzda qurib bo’ladigan narsa sifatida ko’rsatmaydi. Lekin bu dunyo o’zini butunlay tuzilmalashgan deb ham, har bir idrok etuvchi subyektga o’z konstruksiyasi tamoyillarini majburiy ravishda yuklay oladigan deb ham ko’rsatmaydi. Ijtimoiy dunyo turli ko’rish va bo’lish tamoyillariga muvofiq turlicha ifodalanishi va qurilishi mumkin — masalan, iqtisodiy bo’linishlar va etnik bo’linishlar. Rivojlangan jamiyatlarda iqtisodiy va madaniy omillar eng katta farqlash kuchiga ega ekani rost bo’lsa-da, baribir iqtisodiy va ijtimoiy farqlarning kuchi hech qachon shu darajada katta emaski, aktorlarni boshqa bo’linish tamoyillari — masalan, etnik, diniy yoki milliy — asosida tashkil qilib bo’lmasa.

Bunday potensial ko’plik bo’lishi mumkin bo’lgan tuzilmalanishlarga qaramay — Veber buni berilgan narsaning Vielseitigkeit (ko’p qirraliligi) deb atagan — baribir ijtimoiy dunyo o’zini juda tuzilmalashgan reallik sifatida ko’rsatadi. Buning sababi men qisqacha tasvirlab bermoqchi bo’lgan oddiy mexanizmda. Yuqorida ta’riflab o’tganimdek, ijtimoiy makon — turli xususiyatlarga ega va shu xususiyatlar o’zaro tizimli ravishda bog’langan aktorlar shaklida namoyon bo’ladi: shampan ichuvchilar — viski ichuvchilarga qarama-qarshi, lekin ular boshqacha tarzda qizil vino ichuvchilarga ham qarshi turadi; shampan ichuvchilarda esa, viski ichuvchilarga qaraganda, antik mebelga ega bo’lish, tanlangan klublarda golf o’ynash, otda yurish yoki teatrga yengil komediyalarni tomosha qilishga borish ehtimoli yuqoriroq, qizil vino ichuvchilarga nisbatan esa bu ehtimol yanada katta. Bu xususiyatlar — ularni tegishli idrok kategoriyalari bilan jihozlangan aktorlar (golf o’ynash kishini eski burjua an’analari vakilidek "ko’rinishga" olib keladi, deb ko’ra olganlar) idrok etganda — ijtimoiy hayotning o’z reallikida belgilar sifatida ishlaydi: farqlar ajratib turuvchi belgilar sifatida ishlaydi (differences function as distinctive signs) va status belgilari sifatida — ijobiy yoki salbiy — va bu — har qanday ajratib turish niyatidan, "ko’zga tashlangan iste’mol"ga ongli intilishdan tashqarida sodir bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, xususiyatlarning taqsimoti orqali ijtimoiy dunyo obyektiv ravishda ramziy tizim sifatida — farq mantig’iga, differensial masofa mantig’iga muvofiq tashkil etilgan tizim sifatida — namoyon bo’ladi. Ijtimoiy makon ramziy makon sifatida — turli turmush tarzlari bilan ajralib turuvchi turmush tarzlari va status guruhlari makoni sifatida — ishlashga moyildir.

Shunday qilib, ijtimoiy dunyoning idroki ikki tomonlama tuzilmalanish (double structuring) mahsulidir: obyektiv tomondan u ijtimoiy ravishda tuzilmalashgan, chunki aktorlar yoki institutlarga yuklatilgan xususiyatlar juda notekis ehtimol darajalariga ega kombinatsiyalarda namoyon bo’ladi (xuddi patli hayvonlarning qanotlari bo’lish ehtimoli mo’ynali hayvonlarga qaraganda yuqoriroq bo’lganidek, til ustidan mukammal hokimiyatga ega bo’lganlarni muzeyda bunday hokimiyatga ega bo’lmaganlarga qaraganda topish ehtimoli yuqoriroq). Subyektiv tomondan esa u tuzilmalashgan, chunki idrok va baholash sxemalari — ayniqsa tilning o’zida yozilganlari — ramziy hokimiyat munosabatlari holatini ifoda etadi. Men, masalan, "og’ir/yengil", "yorqin/zerikarli" va h.k. sifatdoshlar juftliklarini nazarda tutaman — ular eng turli sohalarda didni tashkil qiladi. Birgalikda, bu ikki mexanizm umumiy dunyoni — sog’lom fikr dunyosini yoki, hech bo’lmasa, ijtimoiy dunyo haqida minimal konsensusni — ishlab chiqaradi.

Lekin, men ko’rsatib o’tganimdek, ijtimoiy dunyo obyektlari turli yo’llar bilan idrok etilishi va ifodalanishi mumkin, chunki ular doimo ma’lum darajadagi noaniqlik va mavhumlikni o’z ichiga oladi va shu sababli ma’lum darajada semantik elastiklikka ega. Haqiqatan ham, xususiyatlarning eng doimiy kombinatsiyalari ham har doim almashtirilishi mumkin bo’lgan xususiyatlar o’rtasidagi statistik aloqalarga asoslangan; bundan tashqari, ular vaqt o’tishi bilan o’zgaruvchanlikka duchor — shu sababli ularning ma’nosi, kelajakka bog’liq darajada, o’zi muvozanatda osilib turadi va nisbatan noaniq bo’lib qoladi. Noaniqlikning bu obyektiv elementi — bir xil so’z turli amaliyotlarni qamrab olishi mumkin bo’lgani uchun kategoriyalashtirish ta’siri bilan tez-tez kuchaytirilib turadi — dunyo qarashlarining ko’pligi uchun asos beradi (bu ko’plik o’z navbatida nuqtai nazarlar ko’pligi bilan bog’liq). Bir vaqtning o‘zida, bu dunyoning legitim ko‘rinishini ishlab chiqarish va singdirish kuchi uchun olib boriladigan ramziy kurashlar (symbolic struggles) uchun ham asos beradi. (Aynan ijtimoiy makonning oraliq pozitsiyalarida, ayniqsa AQShda, amaliyotlar va pozitsiyalar o’rtasidagi munosabatlarning obyektiv noaniqligi maksimal darajaga yetadi, demak, ramziy strategiyalarning shiddati ham. Nima uchun aynan shu olam interaksionistlar va, ayniqsa, Goffman uchun sevimli tadqiqot maydoni bo’lib qolganini tushunish oson.)

Ijtimoiy dunyo idroki ustidagi ramziy kurashlar ikki turli shaklda bo’lishi mumkin. Obyektiv tomondan, ma’lum reallikni ko’rsatish va ta’kidlash uchun mo’ljallangan reprezentatsiya etish amaliyotlari orqali harakat qilish mumkin — individual yoki jamoaviy. Men, masalan, ko’rsatkichlarni — guruhni, uning kattaligini, kuchini, jipsligini ko’rsatish, uni ko’rinarli darajada mavjud qilish maqsadini ko’zlaydigan namoyishlarni nazarda tutaman (Champagne 1984); va individual darajada, Goffman (1959, 1967) tomonidan yaxshi tahlil qilingan barcha o’zini-taqdim etish strategiyalarini nazarda tutaman — ular o’z obrazini va, ayniqsa, ijtimoiy makondagi o’z pozitsiyasining obrazini manipulyatsiya qilish uchun mo’ljallangan (bu Goffman e’tibordan chetda qoldirgan narsa). Subyektiv tomondan esa idrok va baholash kategoriyalarini, ijtimoiy dunyoni qurish jarayonidagi kognitiv va baholash tuzilmalarini o’zgartirishga urinish orqali harakat qilish mumkin. Idrok kategoriyalari, klassifikatsiya sxemalari — ya’ni, mohiyatan, so’zlar va nomlar — ijtimoiy reallikni ifoda etganlari va qurganlari sabab siyosiy kurashning tom ma’noda (par excellence) maqsadidir. Bu kurash legitim ko’rish va bo’lish tamoyilini yuklash uchun olib boriladigan kurash, ya’ni men "nazariya effekti" deb ataganimning legitim amalga oshirilishi uchun kurash. Men boshqa joyda (Bourdieu 1980, 1986b) Kabiliya misolida ko’rsatib bergandim-ki, guruhlar — uy xo’jaliklari, qabilalar — va ularni belgilaydigan nomlar aktorlar o’zlarining o‘zligini muzokara qilish son-sanoqsiz strategiyalarning ham qurollari, ham maqsadidir. Ular, masalan, genealogiyani manipulyatsiya qilishlari mumkin — xuddi biz, shunga o’xshash sabablarga ko’ra, o’z fanimizning "asoschi otalari" matnlarini manipulyatsiya qilganimizdek. Xuddi shunday, ijtimoiy aktorlar alohida va tarqoq holda olib boradigan kundalik sinfiy kurash darajasida bizda haqoratlar (bu o’ziga xos sehrli kategoriyalashtirish urinishi: kathegorein — bizning "kategoriya" so’zimiz kelib chiqqan, dastlab "ommaviy ravishda ayblamoq" degan ma’noni anglatadi), g’iybat, mish-mishlar, tuhmat, kinoyalar va h.k. bor. Jamoaviy va o’ziga xos siyosiy darajada esa (Bourdieu 1981), bizda eski siyosiy lug’atni tashlab yuborish orqali ijtimoiy reallikning yangi konstruksiyasini yuklashga qaratilgan, yoki esa o’sha so’zlarni (ko’pincha "oddiy odamlar" iborasi kabi evfemizmlarni) ijtimoiy dunyoni tasvirlashga mo’ljallangan holda, saqlab qolishga qaratilgan barcha strategiyalar mavjud. Bu konstruksiya strategiyalarining eng tipiklari shunday strategiyalardirki, ular o’tmishni hozirgi ehtiyojlarga moslab qayta qurishga qaratilgan — masalan, general Flemming 1917-yilda kemadan tushar ekan, "Lafayet, biz mana yetib keldik!" deb hayqirgandagi kabi. Yoki kelajakni qurishga qaratilgan, ijodiy bashorat orqali hozirgi paytning doimo ochiq qolayotgan ma’nosini cheklashga mo’ljallangan.

Bu ramziy kurashlar — ham kundalik hayotning individual kurashlari, ham siyosiy hayotning jamoaviy, tashkillashgan kurashlari — o’ziga xos mantiqqa ega bo’lib, bu mantiq ularga ildiz otgan tuzilmalardan real avtonomiya beradi. Ramziy kapital — iqtisodiy yoki madaniy kapital sifatida ko’rilganda boshqa narsa emas, faqat u tanilgan va tan olingan, u yuklayotgan idrok kategoriyalari orqali tanilganda — shu sababli ramziy hokimiyat munosabatlari ijtimoiy makon tuzilmasini tashkil etadigan hokimiyat munosabatlarini qayta ishlab chiqarish va kuchaytirishga moyildir. Aniqroq aytganda, ijtimoiy dunyoning legitimlashtirilishi (legitimation), ba’zilar o’ylaganidek, targ’ibot yoki ramziy yuklashning maxsus va maqsadli harakatining mahsuli emas; balki u shundan kelib chiqadi-ki, aktorlar ijtimoiy dunyoning obyektiv tuzilmalariga aynan shu tuzilmalardan kelib chiqadigan va dunyoni ravshan deb tasvirlashga moyil bo’lgan idrok va baholash tuzilmalarini qo’llaydi.

Obyektiv hokimiyat munosabatlari ramziy hokimiyat munosabatlarida o’zini qayta ishlab chiqarishga moyildir. Sog’lom fikrni ishlab chiqarish uchun olib boriladigan ramziy kurashda, aniqrog’i, legitim nomlashga monopoliya uchun olib boriladigan kurashda, aktorlar oldingi kurashlarda orttirgan, ba’zan yuridik kafolatlangan ramziy kapitalni ishga soladi. Shunday qilib, zodagonlik unvonlari, ta’lim diplomlari kabi, ramziy mulkning haqiqiy unvonlarini ifoda etadi — bu unvonlar tan olish foydalarini bo’lishish huquqini beradi. Bu yerda yana marjinalist subyektivizmdan uzilish kerak: ramziy tartib bozor narxiga o’xshab, individual tartiblarni mexanik qo’shish orqali shakllanmaydi. Boshqa tomondan, individlar va guruhlarga beriladigan obyektiv klassifikatsiyani va qiymatlar iyerarxiyasini belgilashda hamma hukmlar bir xil qiymatga ega emas. Katta miqdorda ramziy kapital egalari, zodagonlar (nobiles) (etimologik jihatdan: yaxshi tanilgan va tan olingan kishilar), o’z mahsulotlariga eng qulay qadriyatlar shkalasini yuklash mavqeida turadi — ayniqsa shuning uchun-ki, bizning jamiyatlarimizda ular maktab tizimi kabi rasmiy ravishda darajani belgilab va kafolatlovchi institutlar ustidan amaliy de facto monopoliyaga ega. Boshqa tomondan, ramziy kapital rasmiy ravishda tasdiqlanishi va kafolatlanishi mumkin, va yuridik jihatdan rasmiy nominatsiya orqali institutsionalizatsiya qilinishi mumkin (Bourdieu 1982). Rasmiy nominatsiya — ya’ni biror kishiga unvon, ijtimoiy tan olingan malaka berilishi — davlatga yoki uning vakillariga tegishli qonuniy ramziy zo’ravonlik ustidan monopoliyaning eng tipik ifodalaridan biridir. Maktab diplomi kabi ishonchnoma — barcha bozorlarda yaroqli, universal tan olingan va kafolatlangan ramziy kapital qismi. Rasmiy identifikatsiyaning rasmiy ta’rifi sifatida u o’z egasini hammaning hammaga qarshi ramziy kurashidan universal tasdiqlangan istiqbolni yuklash orqali ozod qiladi.

Davlat, rasmiy klassifikatsiyani ishlab chiqaradigan davlat, ma’lum ma’noda eng oliy sud bo’lib, Kafka (1968) o’zining "Sud" ("The Trial") romanida unga ishora qiladi — Blok "buyuk advokat" deb da’vo qilgan advokatga quyidagicha yuzlanadi: "Albatta, har kim o’zini xohlasa 'buyuk' deb atashi mumkin, lekin bunday masalalarda savol sudning amaliyoti bilan hal qilinadi." Fan relyativizm bilan absolyutizm o’rtasida tanlov qilishi shart emas: ijtimoiy dunyoning haqiqati — bir-biriga teng bo’lmagan darajada qurollangan aktorlar o’rtasidagi kurashlarda o’rtaga tashlanadi; ular absolyut, ya’ni o’zini-o’zi amalga oshiruvchi qarash sari intiladi. Ramziy kapitalning yuridik tasdiqlanishi shu qarashga absolyut, universal qiymat beradi va shu tariqa uni — har qanday nuqtai nazarga, ijtimoiy makonning muayyan nuqtasidan olingan qarash ta’rifiga xos bo’lgan nisbiylikdan tortib oladi.

Rasmiy nuqtai nazar mavjud — bu rasmiylarning nuqtai nazari, u rasmiy nutqda ifodalanadi. Bu nutq, Aaron Sikurel ko’rsatganidek, uchta funksiyani bajaradi. Birinchidan, u tashxis ishini bajaradi — ya’ni tan olishni keltirib chiqaradigan bilim yoki idrok aktini; va u tez-tez inson yoki bir buyum nima ekanligini universal, demak obyektiv, tasdiqlashga intiladi. U, Kafka aniq ko’rganidek, har bir kishiga o’zlik belgilovchi deyarli ilohiy nutqdir. Ikkinchidan, ma’muriy nutq — direktivalar, buyruqlar, ko’rsatmalar va h.k. orqali — odamlarga nima qilishlari kerakligini, ular kim ekanligidan kelib chiqib, aytib beradi. Uchinchidan, u odamlar aslida nima qilganini aytadi — politsiya hisobotlari kabi rasmiy hisobotlarda. Har bir holda, rasmiy nutq nuqtai nazarni yuklaydi — institut nuqtai nazarini, ayniqsa anketalar, rasmiy shakllar va h.k. orqali. Bu nuqtai nazar legitim nuqtai nazar sifatida o’rnatiladi — ya’ni hamma hech bo’lmaganda ma’lum jamiyat chegaralari ichida tan olishi kerak bo’lgan nuqtai nazar. Davlat vakili sog’lom fikr omboridir: rasmiy nominatsiyalar va akademik ishonchnomalar barcha bozorlarda universal qiymatga ega bo’lishga moyildir. Raison d'Étatning (davlat manfaatining) eng tipik ta’siri — guvohnoma berish kabi oddiy operatsiyalarda ham ishlayotgan kodifikatsiya ta’siridir: ekspert, shifokor yoki yurist — bu shunday kishiki, u ma’lum nuqtai nazarlardan transsendent deb tan olingan nuqtai nazarni ishlab chiqarish uchun tayinlangan — kasallik varaqalari, malaka yoki malakasizlik guvohnomalari shaklida — bu nuqtai nazar guvohnoma egasiga universal tan olingan huquqlarni beradi. Davlat shunday qilib barcha guvohnomalarni kafolatlovchi markaziy bank sifatida namoyon bo’ladi. Davlat haqida — Leybnits Xudo haqida ishlatgan iboralarda — uni "barcha nuqtai nazarlarning geometrik joyi" deb aytish mumkin. Aynan shuning uchun Veberning mashhur formulasini umumlashtirib, davlatda qonuniy ramziy zo’ravonlik ustidan monopoliyaning egasini ko’rish mumkin. Yoki, aniqrog’i, davlat — ushbu monopoliya uchun olib boriladigan kurashlarning kuchli hakami.

Lekin ijtimoiy dunyoning qonuniy qarashini ishlab chiqarish va yuklash uchun olib boriladigan kurashda byurokratik hokimiyat egalari hech qachon mutlaq monopoliya o’rnatmaydi — hatto byurokratik hokimiyatga ilm-fan obro’yini tashuvchi iqtisodchilarni qo’shsalar ham. Haqiqatan ham, har qanday jamiyatda har doim legitim bo’linishlarning qarashini o‘rnatishga, ya’ni guruhlarni qurishga qaratilgan ramziy hokimiyatlar o’rtasida ziddiyatlar mavjud. Ramziy hokimiyat, shu ma’noda, dunyoni yaratish (world-making) hokimiyatidir. "Dunyoni yaratish" — Nelson Gudman (1978) ta’biricha — "ajratish va qayta birlashtirish, ko’pincha bir xil operatsiyada", ya’ni dekompozitsiya, tahlil va kompozitsiya, sintezni amalga oshirishdan iborat — ko’pincha yorliqlar yordamida. Ijtimoiy tasniflashlar, arxaik jamiyatlarda bo’lganidek, ko’pincha dualistik qarshiliklar (erkak/ayol, yuqori/past, kuchli/ojiz va h.k.) orqali ishlaydigan o’rinlarda ijtimoiy dunyoning idrokini tashkil qiladi va, ma’lum sharoitlarda, dunyoning o’zini ham haqiqatan tashkil qilishi mumkin.

III

Shu tariqa biz endi qaysi sharoitlarda ramziy hokimiyat ta’sis etish hokimiyatiga (power of constitution) aylanishi mumkinligini ko’rib chiqishimiz mumkin. Bu atamani, Dyui kabi, ham falsafiy, ham siyosiy ma’noda olamiz: ya’ni ijtimoiy dunyoda amal qiladigan birlashish va ajratish, nikoh va ajrim, uyushish va parchalanish obyektiv tamoyillarini saqlash yoki o’zgartirish hokimiyati o’laroq; gender, millat, mintaqa, yosh va ijtimoiy maqom masalalaridagi joriy klassifikatsiyalarni saqlash yoki o’zgartirish hokimiyati — va buni individlarni, guruhlarni yoki institutlarni belgilash yoki tasvirlash uchun ishlatiladigan so’zlar orqali qilish.

Dunyoni o’zgartirish uchun dunyoni yaratish usullarini, ya’ni dunyoning ko’rinishini va guruhlar ishlab chiqaradigan va qayta ishlab chiqaradigan amaliy operatsiyalarni o’zgartirish kerak. Ramziy hokimiyat — uning eng umumiy shakli — guruhlar yaratish hokimiyati (allaqachon o’rnatilgan va muqaddaslashtirilishi kerak bo’lgan guruhlar, yoki marksistik proletariat kabi endi ta’sis etilishi kerak bo’lgan guruhlar) — ikki shartga asoslanadi. Birinchidan, har qanday performativ diskurs kabi, ramziy hokimiyat ramziy kapital egaligiga asoslanishi kerak. Boshqalarning ongiga eski yoki yangi ijtimoiy bo’linishlarning qarashini yuklash hokimiyati — oldingi kurashlarda orttirilgan ijtimoiy obro’ga bog’liq. Ramziy kapital — bu kredit; u tan olishni belgilash mavqeida bo’lish uchun yetarli darajada tan olishga erishganlarga berilgan hokimiyatdir. Shu tariqa, ta’sis etish hokimiyati — yangi guruh yaratish hokimiyatidir — safarbarlik yoki vakolatli vakil sifatida birovning nomidan gapirish orqali — faqat uzoq institutsionalizatsiya jarayonining natijasi sifatida amalga oshishi mumkin. Bu jarayon oxirida vakil tayinlanadi, u guruhdan guruh ta’sis etish hokimiyatini oladi.

Ikkinchidan, ramziy samaradorlik taklif qilingan qarashning reallikda qanchalik asoslanganligiga bog’liq. Shubhasiz, guruhlar konstruksiyasi ex nihilo (yo’qdan) konstruksiya bo’la olmaydi. U reallikda qanchalik yaxshi asoslangan bo’lsa, muvaffaqiyat qozonish ehtimoli shunchalik katta bo’ladi. Ya’ni, men ko’rsatib o’tganimdek, bir-biri bilan birlashtirilishi kerak bo’lgan aktorlar o’rtasidagi obyektiv yaqinliklarga asoslangan bo’lsa, "nazariya effekti" qanchalik adekvat bo’lsa, u shunchalik kuchli bo’ladi. Ramziy hokimiyat -so’zlar bilan narsalarni yaratish hokimiyatidir. Qachon-ki u rost bo’lsa, ya’ni narsalarga adekvat bo’lsagina, nomlar yangi narsalarni ishlab chiqaradi. Shu ma’noda, ramziy hokimiyat — muqaddaslashtirish yoki vahiylik hokimiyatidir, allaqachon mavjud bo’lgan narsalarni muqaddaslashtirish yoki “ochib berish” hokimiyati. Bu uning hech narsa qilmasligini anglatadimi? Aslida, Nelson Gudmanga ko’ra (1978), guruh (sinf, jins, mintaqa yoki millat sifatida) faqat tushunchalar majmuasi tanlangani va shunday deb belgilanganida mavjud bo’la boshlaganidek, u faqat boshqa guruhlardan u yoki bu tamoyilga muvofiq ajratilganida, ya’ni bilim va tan olish (connaissance et reconnaissance) orqali ajratilganida mavjud bo’la boshlaydi.

Shu tariqa, umid qilamanki, sinflarning mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi kurashda nima garovga qo’yilganini yaxshiroq tushunish mumkin. Klassifikatsiyalar ustidagi kurash sinfiy kurashning fundamental o’lchovidir. Bo’linishlarning ko‘rinishini yuklash va singdirish hokimiyati, ya’ni yashirin ijtimoiy bo’linishlarni ko’rinarli va ochiq qilish hokimiyati — par excellence siyosiy hokimiyatdir. Bu — guruhlarni yaratish, jamiyatning obyektiv tuzilmasini manipulyatsiya qilish hokimiyatidir. Yulduz turkumlari kabi, belgilashning, nomlashning performativ hokimiyati — o’rnatilgan, ta‘sis qilingan shaklni mavjudlikka olib keladi (ya’ni Kantorovich (1981) tomonidan o’rganilgan o’rta asr kanonistlari aytganidek korporativ tana, corporatio sifatida). U ilgari faqat collectio personarum plurium — turli shaxslarning yig’indisi, shunchaki yonma-yon qo’yilgan individlarning sof qo’shimcha qatori sifatida mavjud bo’lgan.

Bu yerda, agar men bugun hal qilishga uringan asosiy muammoni — ya’ni qanday qilib so’zlar bilan narsalarni (ya’ni guruhlarni) yaratish mumkinligini — esda tutsak, biz oxirgi savol bilan duch kelamiz: misterium ministerii savoli, kanonistlar aytganidek (Bourdieu 1984b): qanday qilib vakil shunchaki shiorning, parolning yoki buyruqning sehri, va shu bilan birga shunchaki o’z mavjudligi orqali o’zi ishlab chiqargan guruh nomidan harakat qilish va gapirish huquqiga ega bo’ladi? Benvenist (1969) ta’biricha, Arxaik jamiyatlardagi shoh Rexga guruhlar o’rtasidagi chegaralarni belgilash va nomlash va shu tariqa ularni mavjud qilish vazifasi topshirilgani kabi, kasaba uyushmasi yoki siyosiy partiya rahbari, davlat xizmatchisi yoki davlat hokimiyati bilan ta’minlangan ekspert — bularning barchasi shunchaki ko’plab ijtimoiy fiksiya personifikatsiyalaridir. Ular guruhlarga jon beradi, o’zlarining mavjudligi va ular orqali buning evaziga o’zlarining hokimiyatini qo’lga kiritadi. Vakil — guruhning o’rinbosari; guruh esa faqat shu delegatsiya orqali to’liq mavjud bo’ladi, va u orqali harakat qiladi va gapiradi. U — odam shaklida personifikatsiya qilingan guruh. Kanonistlar aytganidek: status, pozitsiya — bu magistratus, uni egallagan magistratdir; yoki, Lui XIV e’lon qilganidek: "L'État, c’est moi" (Davlat — bu men); yoki yana, Robespyer so’zlari bilan: "Men — xalqman". Sinf (yoki xalq, millat, yoki har qanday boshqa qo’lga ilinmas ijtimoiy kollektiv) mavjud bo’ladi — agar va faqat uning nomidan "biz — shu sinfmiz" deb ayta oladigan aktorlar mavjud bo’lsa. Buning uchun ular shunchaki ommaviy ravishda, rasmiy, sinf nomidan gapirishlari yetarli. Va shu bilan birga, bu aktorlar shunday gapirishga vakolatli deb tan olingan bo’lishlari kerak. Kim tomonidan tan olingan? O’sha odamlar tomonidan — ular shu nutq orqali o’zlarini shu sinfning, xalqning yoki millatning a’zolari deb tan oladi. Yoki dunyoning realistik konstruksiyasi ixtiro qilinib, u odamlarga yuklay olinishi mumkin bo’lgan har qanday boshqa ijtimoiy reallikning a’zolari sifatida.

 Men umid qilamanki, til imkoniyatlarimning cheklanganligiga qaramay, sizni shunga ishontira oldim: murakkablik ijtimoiy reallikning ichida yotadi, ba’zi bir qadrsiz murakkab gaplar aytish istagida emas. "Sodda, — deb yozgan Bashlyar (1985), — hech qachon sodda emas, balki soddalashtirilgan." Va u ko’rsatib bergan: fan oddiy g’oyalarni so’roq qilish orqaligina rivojlangan. Menimcha, bunday so’roq ayniqsa ijtimoiy fanlarda kerak, chunki men aytgan barcha sabablarga ko’ra, biz juda osongina sog’lom aql tajribamiz yoki ilmiy an’ana bilan tanishligimiz bilan qoniqish hosil qilamiz — bizga taqdim etadigan umumiy iboralar bilan o’zimizni qondirishga moyilmiz.

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About