Donate

Meritokratiya zulmi: Umumiy manfaatga nima bo‘ldi?

Tarjima va Tanqid27/09/26 14:18140


Tarjimondan

O’zgartirdim o’zimni, atrofim yoqmaganda

Foyda yo’q boshqalarni ayblab, o’zimni oqlagandan

Konstaning bu qo‘shig‘i so‘nggi yillarning o‘ziga xos madhiyasiga aylandi. Qo‘shiq qahramoni atrofdagilarni ayblashni bas qilib, o‘zini o‘zgartirgan va endi tinglovchiga ham shuni uqtiradi: o‘zingga ishonsang, seni hech narsa to‘xtata olmaydi, qiyinchiliklar esa bahona, xolos. Intilish go‘yo qonimizga, milliy tabiatimizga xos, nolish va taslim bo‘lish esa bizga yot. Qo‘shiq klipi bu mantiqni yanada yaqqolroq ko‘rsatadi. Unda muvaffaqiyat namunasi sifatida asosan hayotni boshidanoq katta imkoniyatlar bilan boshlagan, xorijda yutuqlarga erishgan odamlar ko‘rsatiladi. Ularning yonida esa yeridan ajragan, begona yurtlarda nasibasini jimgina terib yurgan migrantlar turadi. Klip ularni «o‘zbekistonlik» degan bitta so‘z ostida birlashtiradi, lekin bu ikki guruh o‘rtasida umumiy narsa deyarli yo‘qligini payqamaydi: ularning boshlang‘ich imkoniyatlari ham, hayot yo‘li ham, ba’zida hatto gaplashadigan tili ham boshqa-boshqa. Natijada birinchilarning muvaffaqiyati ikkinchilar uchun o‘lchovga aylanadi: ular uddalagan bo‘lsa, sen nega uddalay olmading? Klip migrantlarga ilhom bermoqchi bo‘ladi, ammo aslida ularni yana bir bor aybdor qilib qo‘yadi.

Bu qo‘shiq va uning klipi bo‘shliqda paydo bo‘lmadi. Ular so‘nggi o‘n yilda shakllangan butun bir ommaviy diskursni bir necha satrga jamladi, xolos. Bu diskurs hammamizga tanish: kouchlar, shaxsiy rivojlanish treninglari va «muvaffaqiyat sirlari» haqidagi kitoblarning ko‘payishi, shaxsiy mas’uliyat ritorikasi. «Hammasi o‘zingning qo‘lingda», «davlatdan noliyvermasdan, o‘zing harakat qil», «hamma o‘z aravasini o‘zi tortsin» va, albatta, «boqimandalik» haqidagi gaplar. So‘nggi o‘n yilda bu so‘zlar motivatsion zallardan rasmiy minbarlarga, ijtimoiy tarmoqlardan televideniye va deputatlar nutqlariga ko‘chdi. Biroz avvalroq «boqimandalik» deyarli tashxisga aylandi: go‘yo jamiyatning asosiy dardi odamlarning dangasaligi va davlatga qaram bo‘lib qolgani. Hatto nogironligi bo‘lgan insonlar haqidagi ko‘rsatuvlar ham ba’zida shu xulosaga xizmat qildi: boshqalar uddalagan bo‘lsa, sen nega uddalay olmaysan?

Bu faqat nutq emas, siyosat ham. 2018-yilda boshlangan «Har bir oila — tadbirkor» dasturi kambag‘allikdan chiqish yo‘lini kreditda ko‘rdi, va ko‘pchilik uchun bu yo‘l qarzdorlikka aylandi. Ba’zi partiyasi yetakchilari kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlashning «qadriyatlarga tayangan» tizimini taklif qildi: ehson, xayriya, homiylik va zakot qilgan fuqarolarni rag‘batlantirish. Bunda ijtimoiy ko‘mak fuqaroning huquqi va davlatning burchi bo‘lishdan to‘xtab, fuqarolarning saxovatiga topshirilishi taklif qilindi. Holbuki 2023-yilgi yangi Konstitutsiyada O‘zbekiston «ijtimoiy davlat» deb e’lon qilindi. Bu jamiyatda, sohalar va viloyatlar o‘rtasida tengsizlik tobora kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.

Shunday sharoitda «hamma o‘z aravasini o‘zi tortsin» deyish tizimli muammolarni ko‘rinmas qiladi va ularning yukini yakka insonning yelkasiga yuklaydi: sharoitni o‘zgartirishga emas, unga moslashishga chaqiradi. Odamdan o‘zini o‘zi eplash talab qilinadi, lekin buning uchun zarur ijtimoiy erkinlik unga berilmaydi.

Bu so‘zlar, dasturlar va qo‘shiqlarning barchasi bitta yashirin taxminga tayanadi. «Hammasi o‘zingning qo‘lingda» deyish uchun biz go‘yo hamma bir xil start chizig‘idan yuguradigan jamiyatda yashashimiz kerak: kimning farzandi ekaning, qaysi viloyatda tug‘ilganing, oilangning yeri bor-yo‘qligi, qaysi tilda o‘qiganing hech narsani hal qilmaydi, faqat qobiliyating va mehnating hal qiladi. Bunday jamiyatni meritokratiya deyishadi: unda insonning o‘rni kelib chiqishi, boyligi yoki tanish-bilishi bilan emas, balki qobiliyati va mehnati bilan belgilanadi. «Tanish-bilish» odatiy hol bo‘lib qolgan jamiyatda bu g‘oya adolatning o‘zidek tuyuladi va unga e’tiroz bildirish qiyin.

Muammo shundaki, bizdagi ommaviy ritorika meritokratiyani hali erishilishi kerak bo‘lgan maqsad sifatida emas, allaqachon mavjud voqelik sifatida taqdim etadi. Holbuki yuqorida aytilganlarning o‘zi bu voqelik emasligini ko‘rsatadi. Qishloq yigiti bilan poytaxtda chet tilida o‘qigan tengdoshi bir chiziqdan start olmaydi. Yeridan ajragan oila bilan boshidanoq sarmoyaga ega oila, uy mehnatini tekin bajarayotgan ayol bilan shu mehnatga suyangan erkak bir xil sharoitda raqobatlashmaydi. Imkoniyatlar teng bo‘lmagan joyda «hammasi o‘zingda» degan gap tengsizlikni oqlab beradi, xolos: yuqoridagilar o‘z joyiga munosib, pastdagilar esa o‘zi aybdor. Meritokratiya hali erishilmagan ideal bo‘lsa, maqsadga yetolmagan odam adolatsiz sharoitlarni ko‘rsatishi mumkin. Agar u allaqachon amalga oshgan deb e’lon qilinsa, unga faqat o‘zini ayblash qoladi.

Ammo Sandelning savoli bundan ham chuqurroq. Faraz qilaylik, imkoniyatlar chindan ham teng. Mukammal meritokratiya adolatli jamiyatni keltirib chiqarаdimi? Sandelning javobi — yo‘q. Qobiliyatning o‘zi ham ko‘p jihatdan omad: kim qanday iste’dod bilan tug‘ilishi, bu iste’dod ma’lum bir davrda bozorda qanchalik qadrlanishi insonning xizmati emas. Mukammal meritokratiyada ham g‘oliblar muvaffaqiyatini to‘liq o‘ziniki deb bilib, kibrga beriladi, yutqazganlar esa o‘zini ayblab, xo‘rlik his qiladi. Eng muhimi, jamiyatni bir-biriga bog‘lab turgan birdamlik yemiriladi: agar har kim o‘z o‘rniga munosib bo‘lsa, kim kimga qarzdor?

Biz Sandelning butun kitobini emas, uning bir bobini — «Yuksalish ritorikasi»ni tarjima qildik. Unda muallif so‘nggi qirq yilda AQSh va Britaniyada o‘ng-markaz ham, so’l-markaz ham bir xil tilda gapira boshlaganini ko‘rsatadi. Bir tomonda mas’uliyat ritorikasi: har kim o‘z taqdiri uchun o‘zi javobgar, davlat esa faqat «o‘z aybisiz» qiynalganlarga yordam beradi. Ikkinchi tomonda yuksalish ritorikasi: qattiq mehnat qilsang, qobiliyating yetaklagan darajagacha yuksala olasan. Sandel bu va’dalar faktlar bilan qanday to‘qnashishini, ular nega ishchi va o‘rta sinfni ruhlantirish o‘rniga kamsitdi deb qabul qilinganini va oxir-oqibat populistik g‘azabga qanday hissa qo‘shganini ko‘rsatadi. Bu bobda bizning «boqimanda» haqidagi bahslarimizga juda o‘xshash sahifalar ko‘p. Batafsil — matnda, o‘qing.


Tarjimon: Javohir Nematov

Asl manba: Sandel, M. J. (2020). The rhetoric of rising. In The tyranny of merit: What’s become of the common good? (pp. 59–80). Farrar, Straus and Giroux.

Содержание
  • YUKSALISH RITORIKASI
  • INTILISH VA MUNOSIBLIK
  • BOZOR VA MUNOSIBLIK
  • MAS’ULIYAT RITORIKASI
  • QOBILIYATING YETAKLAGAN DARAJAGACHA
  • MUNOSIB BO‘LGAN NARSANGNI OLISH
  • POPULISTIK QARSHILIK TO‘LQINI
  • URINSANG, MUVAFFAQIYATGA ERISHA OLASANMI?
  • KO‘RISH VA ISHONISH


YUKSALISH RITORIKASI

Bugungi kunda biz muvaffaqiyatga xuddi puritanlar najotga qaragandek qaraymiz: uni omad yoki ilohiy inoyat, ya’ni Xudoning marhamati emas, balki o‘z mehnatimiz va intilishlarimiz bilan erishadigan narsa deb bilamiz. Meritokratiya g‘oyasining (insonning jamiyatdagi o‘rni uning qobiliyati va mehnatiga qarab belgilanishi haqidagi qarashning) markazida aynan shu tushuncha turadi. U ikki narsani ulug‘laydi: erkinlikni, ya’ni qattiq mehnat orqali o‘z taqdirimni boshqarish imkonini, va loyiqlikni, ya’ni erishgan narsamga munosib ekanligim haqidagi ishonchni. Agar dunyoviy ne’matlarning salmoqli ulushiga, ya’ni daromad va boylikka, hokimiyat va obro‘ga erishishimga o‘zim sababchi bo‘lsam, demak, men ularga munosibman. Muvaffaqiyat — fazilat belgisi. Farovonligim — mening haqqim.

Bunday fikrlash odamga kuch bag‘ishlaydi. U odamlarni o‘z taqdiri uchun o‘zini mas’ul deb bilishga, o‘z nazoratidan tashqaridagi kuchlarning qurboni sifatida ko‘rmaslikka undaydi. Ammo buning qorong‘i tomoni ham bor. O‘zimizni qanchalik ko‘p o‘z kuchimiz bilan o‘rnimizni topgan va hech kimga muhtoj bo‘lmagan insonlar deb bilsak, bizdan kamroq omadli bo‘lganlarning taqdiriga befarq bo‘lib qolishimiz shunchalik osonlashadi. Agar mening muvaffaqiyatim faqat o‘z mehnatim natijasi bo‘lsa, unda ularning muvaffaqiyatsizligi ham o‘zlarining aybi bo‘lib chiqadi. Shu mantiq meritokratiyaning birdamlikni, ya’ni odamlarning o‘zini umumiy taqdir bilan bog‘liq his qilishini yemirishiga olib keladi. Taqdirimiz uchun shaxsiy mas’uliyatga haddan tashqari katta urg‘u berish o‘zimizni boshqa odamlarning o‘rniga qo‘yib ko‘rishni qiyinlashtiradi.

So‘nggi qirq yil davomida meritokratiyaga asoslangan qarashlar demokratik jamiyatlarning ijtimoiy hayotida tobora chuqurroq o‘rnashib bordi. Tengsizlik ulkan miqyosga yetib borayotgan bir paytda ham, jamoatchilik madaniyati biz o‘z taqdirimiz uchun o‘zimiz javobgarmiz va hayotda olgan narsamizga loyiqmiz, degan tushunchani yanada mustahkamladi. Bu deyarli xuddi globallashuvdan yutganlar o‘zlarini ham, boshqalarni ham bir narsaga ishontirishi kerakdek: tepada turganlar ham, pastda qolganlar ham aynan o‘ziga munosib joyni egallagan. Agar hozircha bunday bo‘lmasa ham, imkoniyatga erishish yo‘lidagi adolatsiz to‘siqlar olib tashlansa, har kim oxir-oqibat o‘ziga munosib joyni egallaydi, degan qarash ilgari suriladi.

So‘nggi o‘n yilliklarda yirik, asosiy oqimdagi o‘ng-markaz (mo‘tadil konservativ) va so’l-markaz (mo‘tadil so‘l) partiyalar o‘rtasidagi siyosiy bahslar, asosan, imkoniyatlar tengligini (har kimga hayotda bir xil boshlang‘ich imkoniyat berilishi kerak degan tamoyilni) qanday tushunish va amalda qanday ta’minlash kerakligi haqida bo‘ldi: maqsad odamlar o‘z sa’y-harakati va qobiliyati yetaklagan darajagacha yuksala olishi edi.

INTILISH VA MUNOSIBLIK

Men meritokratik qarashlarning tobora kuchayib borayotganini avvalo talabalarimni tinglash orqali sezdim. 1980-yildan beri Garvardda siyosiy falsafadan dars beraman va ba’zan mendan yillar davomida talabalar qarashlari qanday o‘zgargani haqida so‘rashadi. Odatda bu savolga javob berish menga qiyin. Darslarda o‘zim o‘qitadigan mavzular, ya’ni adolat, bozor va axloq, yangi texnologiyalar etikasi haqida bahslashganimizda, talabalar doimo juda xilma-xil axloqiy va siyosiy qarashlarni bildirgan. Biror aniq yo‘nalishni sezmadim, faqat bitta istisno bor: 1990-yillardan boshlab to hozirgi kungacha talabalarim orasida o‘z muvaffaqiyatini o‘z qo‘li bilan yaratgan, sa’y-harakatining mahsuli va mehnati bilan topgan narsasi deb bilishga moyil bo‘lganlar tobora ko‘paydi. Men dars bergan talabalar orasida bu meritokratik e’tiqod yanada kuchaydi.

Avvaliga buning sababini ular Ronald Reygan davrida voyaga yetgani va o‘sha davrning individualistik qarashlarini, ya’ni inson o‘z hayoti va muvaffaqiyati uchun avvalo o‘zi mas’ul degan fikrni singdirgani bilan izohladim. Ammo ularning aksariyati siyosiy jihatdan konservativ talabalar emas edi. Meritokratik ichki ishonchlar siyosiy spektrning barcha tomonlarida, ya’ni o‘ngdan so‘lgacha uchraydi. Ular ayniqsa universitetga qabulda affirmativ choralar (AQShda tarixan kamsitilgan guruhlar, avvalo irqiy ozchiliklar vakillariga universitetga qabulda imtiyoz berish siyosati) muhokama qilinganda kuchliroq namoyon bo‘ladi. Talabalar bunday siyosatni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki unga qarshimi, aksariyati Garvardga kirishga munosib bo‘lish uchun qattiq mehnat qilganiga va shu sababli bu o‘ringa haqli ekaniga ishonadi. Ularning universitetga omad yoki o‘z nazoratidan tashqaridagi boshqa omillar tufayli qabul qilingan bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikr esa kuchli qarshilik uyg‘otadi.

Qattiq saralash orqali qabul qiladigan nufuzli universitetlarda o‘qiydigan talabalar orasida meritokratik kayfiyat nega kuchayib borayotganini tushunish qiyin emas. So‘nggi yarim asr davomida eng nufuzli universitetlarga kirish tobora mushkullashdi. Hali 1970-yillarning o‘rtalarida Stenford hujjat topshirganlarning qariyb uchdan birini qabul qilgan. 1980-yillarning boshlarida Garvard va Stenford taxminan har besh abituriyentdan birini qabul qilgan bo‘lsa, 2019-yilga kelib yigirma abituriyentdan bittasidan ham kamrog‘ini qabul qila boshladi.

Qabul uchun raqobat kuchaygani sari, eng yaxshi universitetlarga kirishni istaydigan, yoki ota-onalari shuni istaydigan bolalarning o‘smirlik yillari qizg‘in, jazavali intilishlarning jang maydoniga aylandi. Bu davr juda band jadval, doimiy bosim va kuchli stress bilan kechadi: Advanced Placement kurslari (maktabda universitet darajasidagi fanlarni o‘qitadigan kurslar), universitetga kirish bo‘yicha xususiy maslahatchilar, SAT (AQShda universitetga kirish uchun topshiriladigan standart test) bo‘yicha repetitorlar, sport va boshqa darsdan tashqari mashg‘ulotlar, amaliyotlar va uzoq mamlakatlardagi xayriya ishlari. Bularning hammasi qabul komissiyasida taassurot qoldirish uchun qilinadi va farzandlari uchun eng yaxshisini istaydigan, xavotirga to‘la, har qadamni nazorat qiladigan ota-onalar tomonidan boshqariladi.

Bunday stress va tinimsiz intilishlardan iborat sinov yo‘lidan o‘tib, erishgan muvaffaqiyatingni o‘z mehnating va sa’y-harakating bilan munosib ravishda qo‘lga kiritganingga ishonmaslik qiyin. Bu talabalarni xudbin yoki baxil qilib qo‘ymaydi. Ularning ko‘pi jamoat xizmatiga va boshqa ezgu ishlarga juda ko‘p vaqt ajratadi. Ammo bu tajriba ularni qat’iy meritokratlarga aylantiradi: ma’naviy ajdodlari, ya’ni puritanlar singari, ular qattiq mehnat orqali erishgan muvaffaqiyatlariga munosib ekaniga ishonadi.

Talabalar orasida men kuzatgan meritokratik kayfiyat faqat Amerikaga xos hodisa emas. 2012-yilda Xitoyning janubi-sharqiy sohilida joylashgan Syamen universitetida ma’ruza qildim. Mavzuim bozorning axloqiy chegaralari haqida edi. O‘sha paytda yangiliklarda iPhone va iPad sotib olish uchun bir buyragini sotgan xitoylik o‘smir haqida xabarlar tarqalgan edi. Men talabalardan bu holat haqida nima deb o‘ylashlarini so‘radim. Keyingi bahsda ko‘plab talabalar libertarian qarashni, ya’ni inson o‘z hayoti va tanasi haqida erkin qaror qilish huquqiga ega degan fikrni qo‘llab-quvvatladi: agar o‘smir hech qanday bosim yoki majburlovsiz, o‘z xohishi bilan buyragini sotishga rozi bo‘lsa, bunga haqqi bor. Boshqalar esa bunga qo‘shilmadi. Ularning fikricha, boylarning kambag‘allardan buyrak sotib olib, o‘z umrini uzaytira olishi adolatdan emas. Zalning orqa tomonida o‘tirgan bir talaba bunga shunday javob berdi: boylar o‘z boyligini mehnati bilan topgan, demak, ular munosib insonlar va shuning uchun uzoqroq yashashga ham munosib.

Meritokratik fikrlashning bunchalik tortinmay, ochiqchasiga qo‘llanishi meni esankiratib qo‘ydi. Keyinroq o‘ylab qarasam, bu qarash axloqiy jihatdan “farovonlik xushxabari” deb ataladigan, asosan AQShda keng tarqalgan xristian oqimiga juda yaqin ekanini angladim. Bu e’tiqodga ko‘ra, sog‘liq va boylik Xudoning marhamati belgisi hisoblanadi. Albatta, bu fikrni aytgan xitoylik talaba puritan yoki ilohiy taqdirga ishonishga asoslangan diniy an’analar ta’sirida ulg‘aygan bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Ammo u ham, uning kursdoshlari ham Xitoy bozor jamiyatiga, ya’ni bozor mantig‘i hayotning deyarli barcha sohalariga kirib borgan jamiyatga yuz burayotgan bir davrda voyaga yetgan edi.

Boylikka erishgan odamlar topgan puliga munosib, degan tushuncha so‘nggi o‘n yil davomida Xitoyning turli universitetlariga qilgan tashriflarimda uchratgan talabalarning axloqiy tuyg‘ulariga chuqur singib ketgan. Madaniy farqlarga qaramay, bu xitoylik talabalar ham, Garvarddagi talabalarim singari, o‘ta raqobatli bozor jamiyati fonida kechadigan o‘ta raqobatli universitetga qabul jarayonining g‘oliblaridir. Shuning uchun ular muvaffaqiyatimiz kimgadir yoki nimagadir bog‘liq, degan fikrga qarshilik qilishlari ajablanarli emas. Aksincha, ular tizim sa’y-harakatimiz va qobiliyatimiz evaziga bergan mukofotlarni o‘zimiz ishlab topganmiz, demak, ularga munosibmiz, degan qarashga moyil.

BOZOR VA MUNOSIBLIK

1970-yillarning oxiri va 1980-yillarning boshlarida Den Syaopin Xitoyda bozor islohotlarini boshlayotgan bir paytda, Buyuk Britaniyada Margaret Tetcher va AQShda Ronald Reygan o‘z jamiyatlarini bozorga yanada ko‘proq tayanadigan yo‘nalishga burishga harakat qilayotgan edi. Bozorga e’tiqod davri keyingi o‘n yilliklarda meritokratik qadriyatlar va amaliyotlarning yuksalishi uchun zamin yaratdi.

Albatta, bozorlar har doim ham meritokratik tasavvurlarga tayanavermaydi. Bozorni himoya qiluvchi eng tanish dalillar foydalilik va erkinlikka asoslanadi. Foydalilik deganda jamiyat uchun eng ko‘p umumiy manfaat keltirish nazarda tutiladi. Birinchi dalilga ko‘ra, bozor iqtisodiy faollikni rag‘batlantiradigan omillarni yaratadi, yalpi ichki mahsulotni oshiradi va umumiy farovonlikni eng yuqori darajaga yetkazadi. Ikkinchi dalilga ko‘ra esa, bozor odamlarga o‘zlari ayirboshlayotgan tovarlarga qanday qiymat berishni erkin tanlash imkonini beradi.

Ammo 1980-yillardagi bozor tantanasi (bozorni deyarli barcha muammolarning yechimi deb biladigan kayfiyat) uchinchi, meritokratik asosni ham shakllantirdi: agar bozor adolatli va imkoniyatlar teng bo‘lgan tizim doirasida ishlasa, u odamlarga munosib bo‘lgan narsasini beradi. Har kim raqobat qilish uchun teng imkoniyatga ega ekan, bozor natijalari xizmatni mukofotlaydi.

Meritokratik axloq ba’zan Tetcher va Reyganning erkin bozor konservatizmida yashirin tarzda namoyon bo‘lardi. Ammo u ulardan keyin kelgan chap-markaz arboblarining siyosatida eng to‘liq ifodasini topdi. Buning sababi 1990-yillardan boshlab chap-markaz siyosiy argumentatsiyasiga xos bo‘lgan bir jihat edi: Tetcher va Reyganning bozorga e’tiqodining asosini shubha ostiga qo‘yish o‘rniga, Toni Bler va Bill Klinton kabi siyosatchilar uni qabul qildi va uning eng keskin tomonlarini yumshatishga harakat qildi.

Ular Reygan va Tetcherning bozor mexanizmlari umumiy manfaatga erishishning asosiy vositasi, degan qarashini qabul qildi. Ammo bozorlar adolatli sharoitda ishlashini ta’minlashni istadi. Irqi yoki ijtimoiy tabaqasi, dini yoki etnik kelib chiqishi, jinsi yoki jinsiy orientatsiyasidan qat’i nazar, barcha fuqarolar bozor beradigan mukofotlar uchun teng sharoitda raqobatlasha olishi kerak edi. Chap-markaz liberallari uchun imkoniyatlar tengligi shunchaki kamsitishning yo‘qligini anglatmasdi. U ta’lim, tibbiy xizmat, bolalarni parvarish qilish va odamlarning mehnat bozorida samarali raqobatlasha olishiga yordam beradigan boshqa xizmatlardan foydalanish imkonini ham talab qilardi.

Shu tariqa, 1990-yillardan 2016-yilgacha chap-markazning bozorga xayrixoh liberalizmi quyidagi dalilni ilgari surdi: har kimga teng sharoitda raqobat qilish imkonini yaratish nafaqat bozor jamiyati bilan mos edi, balki uning asosiy tamoyillarini ro‘yobga chiqarishning bir yo‘li ham edi. Bu tamoyillarning ikkitasi adolat va unumdorlik edi. Kamsitishni bartaraf etish va imkoniyatlarni kengaytirish bozorlarni yanada adolatli qilardi, ko‘proq iste’dodlarni jalb qilish esa bozorlarni unumdorroq qilardi. Bill Klinton ko‘pincha adolat haqidagi dalilni unumdorlik dalili niqobi ostida ilgari surardi. Masalan, u shunday degan edi: «Bizda behuda ketkazadigan birorta ham odam yo‘q.»

Ammo adolat va unumdorlikdan tashqari, liberal dalil bozorni himoya qilishda yashirin bo‘lgan uchinchi, yanada kuchli bir g‘oyaga ham ishora qilardi: odamlar faqat o‘z sa’y-harakati va qobiliyatiga qarab raqobatlasha olsa, bozor natijalari xizmatga mos keladigan bo‘lardi. Imkoniyatlar chinakam teng bo‘lgan jamiyatda bozor har kimga o‘ziga munosib bo‘lgan narsani berardi.

So‘nggi qirq yil davomida xizmat va munosiblik tili jamoatchilik muhokamasining markaziga aylandi. Meritokratik burilishning bir tomoni meritokratiyaning qattiq yuzini namoyon etadi. Bu tomon shaxsiy mas’uliyat haqidagi talabchan qarashlarda namoyon bo‘ladi. Bu qarashlar farovonlik davlatini, ya’ni fuqarolarga ijtimoiy kafolatlar beradigan davlat tizimini cheklash hamda xavf-xatarlarni hukumatlar va kompaniyalardan alohida insonlar zimmasiga o‘tkazishga qaratilgan urinishlar bilan birga kuchaydi.

Meritokratik burilishning ikkinchi tomoni esa ko‘proq orzu-intilishlarga murojaat qiladi. U yuksalish ritorikasida, ya’ni siyosatchilar takror-takror ilgari suradigan va’da va shiorlarda namoyon bo‘ladi: qattiq mehnat qiladigan va qoidalarga rioya etadigan odamlar o‘z qobiliyati va orzulari yetaklagan darajagacha yuksalishga munosib, degan va’da. So‘nggi o‘n yilliklarda siyosiy bahslarni jonlantirib kelgan shaxsiy mas’uliyat ritorikasi va yuksalish ritorikasi oxir-oqibat meritokratiyaga qarshi populistik g‘azab to‘lqiniga hissa qo‘shdi.

MAS’ULIYAT RITORIKASI

1980- va 1990-yillarda mas’uliyat ritorikasi farovonlik davlati haqidagi bahslarda muhim o‘rin tutdi. XX asrning katta qismida farovonlik davlati ustidagi bahslar birdamlik haqida, ya’ni fuqarolar sifatida bir-birimiz oldida qanday majburiyatlarimiz borligi haqida edi. Ba’zilar birdamlikni kengroq va talabchanroq ma’noda tushunsa, boshqalar uni cheklanganroq talqin qilardi. 1980-yillardan boshlab esa farovonlik davlati haqidagi bahslar birdamlikdan ko‘ra, ijtimoiy jihatdan noqulay ahvoldagi odamlar o‘z holati uchun qay darajada o‘zi javobgar, degan masalaga ko‘proq qaratila boshladi. Ba’zilar shaxsiy mas’uliyatni talabchanroq, boshqalar esa torroq talqin qiladi.

Shaxsiy mas’uliyatni keng talqin qilish meritokratik tasavvurlar amal qilayotganidan darak beradi. Taqdirimiz uchun o‘zimizni qanchalik ko‘p mas’ul deb bilsak, hayotimiz qanday kechayotgani uchun maqtov yoki aybga shunchalik ko‘proq loyiq bo‘lamiz.

Reygan va Tetcherning farovonlik davlatiga qarshi tanqidiga ko‘ra, odamlar o‘z turmushi uchun o‘zi javobgar bo‘lishi kerak, jamiyat esa faqat boshiga tushgan kulfatga o‘zi sababchi bo‘lmagan odamlargagina yordam berishga majbur. Reygan prezidentning Kongressga yillik murojaatida shunday degan edi: «O‘z aybisiz yordamimizga muhtoj bo‘lganlarni hech qachon tashlab qo‘ymaymiz. Ammo imkon qadar ko‘proq odamni ijtimoiy yordamga qaramlikdan ozod qilib, o‘zini o‘zi ta’minlay oladigan holga keltirishga harakat qilaylik.»

«O‘z aybisiz» degan ibora ko‘p narsani ochib beradi. Avvaliga u saxovat ifodasidek ko‘rinadi: «o‘z aybisiz» muhtoj bo‘lib qolganlar jamiyat yordamiga haqli. Ammo mas’uliyatni kimning zimmasiga yuklash haqidagi har qanday qarash kabi, buning ham qattiq tomoni bor. Agar vaziyat qurboni bo‘lganlar yordamimizga munosib bo‘lsa, o‘z kulfatida o‘zining ham qo‘li bo‘lganlar, aytish mumkinki, yordamga munosib emas.

Prezidentlar ritorikasida «o‘z aybisiz» iborasini birinchi bo‘lib Kalvin Kulij va Gerbert Guver ishlatgan. Bu ibora shaxsiy mas’uliyatning juda qat’iy talqinini anglatadi: qashshoqligi yoki sog‘lig‘i yomonligi o‘zlari qilgan noto‘g‘ri tanlovlar oqibati bo‘lganlar davlat yordamiga munosib emas va o‘z kunini o‘zi ko‘rishi kerak. Franklin D. Ruzvelt esa bu iborani vaqti-vaqti bilan, Buyuk depressiya tufayli ishdan ayrilgan odamlarni ishsiz qolganlikda ayblash qiyinligini ta’kidlash uchun ishlatgan.

Ronald Reygan hukumat rolini kamaytirishga intilib, bu iborani undan oldingi barcha prezidentlarga qaraganda ko‘proq qo‘llagan. Ammo undan keyingi demokrat prezidentlar Bill Klinton va Barak Obama esa bu iborani Reyganga qaraganda ikki baravardan ham ko‘proq ishlatgan. Bu bilan ular ham, Reygan singari, yordamga munosib kambag‘allar bilan yordamga munosib bo‘lmagan kambag‘allarni bilvosita ajratgan. O‘z nazoratidan tashqaridagi kuchlar sabab qiyinchilikka duch kelganlar davlat yordamiga munosib deb qaralgan, o‘z kulfatiga o‘zi sababchi bo‘lganlar esa, ehtimol, munosib emas deb qaralgan.

1992-yilda Klinton prezidentlik saylovida «biz bilgan shakldagi ijtimoiy yordam tizimiga barham berish» va’dasi bilan qatnashdi. Prezident bo‘lgach, u mas’uliyat ritorikasini yuksalish ritorikasi bilan bog‘ladi va shu tariqa meritokratiyaning ham qattiq, ham orzu-intilishlarga murojaat qiladigan tomonini birga namoyon etdi. «Biz Amerika eng yaxshi uddalaydigan ishni qilishimiz kerak», dedi u o‘zining birinchi inauguratsiya nutqida. «Barchaga ko‘proq imkoniyat berish va barchadan ko‘proq mas’uliyat talab qilish. Hukumatimizdan yoki bir-birimizdan tekinga nimadir kutishdek yomon odatni tark etish vaqti keldi.»

Mas’uliyat ritorikasi bilan yuksalish ritorikasining umumiy jihati bor edi: ikkalasi ham o‘ziga tayanish va o‘zini o‘zi yaratish idealiga ishora qilardi. 1980- va 1990-yillarda mas’uliyat ijtimoiy yordamdan chiqib, ish topishni anglatardi. Imkoniyat esa mehnat bozorida samarali raqobatlasha olish uchun zarur bo‘lgan ta’lim va ko‘nikmalarni egallashni anglatardi. Agar imkoniyatlar teng bo‘lsa, odamlar o‘z sa’y-harakati va qobiliyatiga qarab yuksaladi, ularning muvaffaqiyati esa xizmatining o‘lchoviga aylanadi. «Barcha amerikaliklarda nafaqat huquq, balki Xudo bergan qobiliyati va qat’iyati yetaklagan darajagacha yuksalish uchun muqaddas burch ham bor», dedi Klinton. «Imkoniyat va mas’uliyat qo‘lma-qo‘l yuradi. Birisiz ikkinchisi bo‘lmaydi.»

Klinton Reyganning ijtimoiy yordam faqat «o‘z aybisiz» muhtoj bo‘lib qolganlarga berilishi kerak, degan fikrini takrorladi. «Hukumatning vazifasi iqtisodiy imkoniyat yaratish va o‘z aybisiz iqtisodiy og‘irlikni boshidan kechirgan odamlarga yordam berishdir», dedi Klinton.

1996-yilda u o‘z partiyasidagi ko‘plab demokratlar qarshi chiqqan ijtimoiy yordam islohoti haqidagi qonunni imzoladi. Bu qonun «shaxsiy mas’uliyat»ni talab qildi, ijtimoiy yordam oluvchilardan ishlashni shart qilib qo‘ydi va ular yordamdan foydalanishi mumkin bo‘lgan muddatni chekladi.

Mas’uliyatga berilgan yangi urg‘u va uning meritokratik oqibatlari Atlantika okeanining narigi tomoniga ham yetib bordi. Klinton «shaxsiy mas’uliyat» nomi ostida ijtimoiy yordam tizimini isloh qilayotgan bir paytda, Britaniya bosh vaziri bo‘lish arafasidagi Toni Bler ham shunga o‘xshash fikrni ilgari surardi: «Bizga yangi davr uchun ijtimoiy yordam bo‘yicha yangi kelishuv kerak, unda imkoniyat va mas’uliyat yonma-yon boradi.»

Bler o‘z siyosatining meritokratik ruhini ochiq aytgan edi. «Yangi Leyboristlar (Bler rahbarligida 1990-yillarda yangilangan Britaniya Leyboristlar partiyasi) meritokratiyaga sodiq», deb yozgan u. «Biz odamlar tug‘ilgan oilasi yoki imtiyozlari tufayli emas, balki o‘z qobiliyati tufayli yuksala olishi kerak, deb hisoblaymiz.»

Bir necha yil o‘tib, Germaniyada kansler Gerxard Shryoder ham ijtimoiy yordam islohotini xuddi shunday asosladi:

«Bu choralar bilan biz farovonlik davlatimizni globallashuv bo‘ronlariga bardosh bera oladigan holga keltiryapmiz. Buning uchun har jihatdan mas’uliyatni oshirishimiz kerak: o‘zimiz uchun ko‘proq shaxsiy mas’uliyat va farzandlarimizning imkoniyatlari uchun ko‘proq umumiy mas’uliyat… Ijtimoiy siyosat nuqtayi nazaridan bu shuni anglatadi: hamma bir xil imkoniyatlarga ega. Ammo bu, shuningdek, har kimning o‘z imkoniyatidan foydalanish burchi borligini ham anglatadi.»

Bugunga kelib mas’uliyat ritorikasi shu qadar odatiy bo‘lib qoldiki, uning so‘nggi o‘n yilliklarda qanday o‘ziga xos ma’no kasb etganini va bu ma’noning muvaffaqiyat haqidagi meritokratik tushunchalar bilan qanday bog‘langanini payqamay qolish oson. Siyosiy yetakchilar azaldan mas’uliyat haqida gapirib kelgan, ammo odatda bunda fuqarolarning o‘z mamlakati va boshqa fuqarolar oldidagi burchlari nazarda tutilgan.

Biroq nemis-amerikalik siyosatshunos Yasha Munk ta’kidlaganidek, bugungi kunda mas’uliyat ko‘proq «o‘zimizga g‘amxo‘rlik qilish va buni uddalay olmasak, oqibatlarini o‘zimiz ko‘tarish mas’uliyati»ni anglatadi. Farovonlik davlati endi kamroq «mas’uliyatdan himoyalovchi», ko‘proq esa «mas’uliyatni kuzatuvchi» bo‘lib qoldi, ya’ni odamni o‘z xatti-harakatlari oqibatidan himoya qilish o‘rniga, kim nima uchun javobgar ekanini aniqlashga ko‘proq intiladi. Ijtimoiy yordamni faqat noto‘g‘ri xatti-harakati tufayli emas, balki omadsizlik sabab qiyin ahvolga tushganlargagina berish bunga misol bo‘la oladi. Bu odamlarga xizmatiga yarasha munosabatda bo‘lishga urinishdir.

QOBILIYATING YETAKLAGAN DARAJAGACHA

Yuksalish ritorikasining yana bir yangi jihati bor, uni payqamay qolish oson. Imkoniyatlar tengligi va ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish, ya’ni odamning jamiyatdagi mavqeini oshira olishi g‘oyalari azaldan Amerika orzusining bir qismi bo‘lib kelgan. Bu g‘oyalar boshqa ko‘plab jamiyatlarda ham odamlarni ruhlantiradi. Inson «qobiliyati va qattiq mehnati yetaklagan darajagacha yuksala olishi kerak», degan fikr shu qadar tanishki, siyqasi chiqib ketgan. Unda bahsli narsa yo‘q. Asosiy oqimdagi siyosatchilar uni doim takrorlaydi. Hech kim unga qarshi chiqmaydi.

Shu sababli bu shior aslida nisbatan yangi ekanini bilish ajablanarli. U AQSh siyosiy nutqida faqat so‘nggi qirq yil ichida keng tarqaldi. Ronald Reygan uni siyosiy ritorikasining doimiy qismiga aylantirgan birinchi AQSh prezidenti edi. Oq uyda ma’muriyatidagi qora tanli xodimlar uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda u xizmat bilan yuksalish huquqi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochiq ifodaladi. «Barcha amerikaliklar faqat o‘z shaxsiy xizmatiga qarab baholanish huquqiga ega», dedi u, «va o‘z orzulari hamda qattiq mehnati yetaklagan darajagacha yuksalish huquqiga ham ega.»

Reygan uchun yuksalish ritorikasi faqat kamsitishni yengish haqida emas edi. U bundan turli maqsadlarda, jumladan soliqlarni kamaytirishni asoslash uchun ham foydalangan. Uning fikricha, soliqlarning kamayishi «muvaffaqiyat yo‘lidagi to‘siqlarni buzib tashlaydi, shunda barcha amerikaliklar qattiq mehnati, mahorati, tasavvuri va ijodkorligi yetaklagan darajagacha yuksala oladi».

Bill Klinton Reyganning shiorini o‘zlashtirib, undan tez-tez foydalandi. «Biz hammamiz tarbiya topgan Amerika orzusi sodda, ammo kuchli g‘oyaga asoslanadi: agar qattiq mehnat qilsang va qoidalarga rioya etsang, Xudo bergan qobiliyating yetaklagan darajagacha yuksalish imkoniga ega bo‘lishing kerak.»

2000-yillarga kelib yuksalish ritorikasi ikkala partiya uchun odatiy ritorik refleksga aylangan edi. Respublikachilar Jorj U. Bush, Jon Makkeyn va Marko Rubio undan foydalanardi. Ammo hech bir AQSh prezidenti bu shiorga Obamachalik bog‘lanib qolmagan. U undan o‘zidan oldingi barcha prezidentlar jami ishlatganidan ham ko‘proq foydalandi. Hatto aytish mumkinki, bu uning prezidentligining markaziy mavzusi edi.

«Oliy ta’lim haqida gap ketganda», dedi Obama Oq uyda ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuvda, «oxir-oqibat eng muhimi, iqtidorli, maqsadli yoshlar… o‘z qobiliyati, mehnatsevarligi va orzulari yetaklagan darajagacha yuksalish imkoniga ega bo‘lishini ta’minlash.»

Obama ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilishning asosiy vositasi sifatida oliy ta’limni ko‘rardi. «Millat sifatida biz hammaga bir xil natijani va’da qilmaymiz, ammo mamlakatimiz har kim muvaffaqiyatga erishish uchun teng imkoniyatga ega bo‘lishi kerak, degan g‘oya asosida qurilgan. Kimligingdan, tashqi ko‘rinishingdan yoki qayerdan kelganingdan qat’i nazar, muvaffaqiyatga erisha olasan. Bu Amerikaning asosiy va’dalaridan biridir. Qayerdan boshlaganing qayerga yetib borishingni belgilab bermasligi kerak. Shuning uchun hamma universitetda o‘qishni xohlayotganidan xursandman.»

Boshqa bir safar Obama ishchi oilasida ulg‘aygan, keyinchalik Prinston va Garvard yuridik maktabida o‘qigan va yuksala olgan rafiqasi Mishelni misol qilib keltirdi. «Mishel va uning akasi aql bovar qilmas darajada yaxshi ta’lim olishga va orzulari yetaklagan darajagacha yuksalishga muvaffaq bo‘ldi.» Bu Obama uchun Amerikaning nimasi bilan betakror ekanini ko‘rsatardi. Uning fikricha, «Amerikani shunchalik betakror qiladigan narsa, bizni o‘ziga xos qiladigan narsa mana shu asosiy bitim, mana shu asosiy g‘oya: bu mamlakatda tashqi ko‘rinishingdan, qayerdan kelganingdan, familiyang qanday ekanidan yoki hayotda qanday to‘siqlarga duch kelganingdan qat’i nazar, agar qattiq mehnat qilsang va mas’uliyatni o‘z zimmangga olishga tayyor bo‘lsang, muvaffaqiyatga erisha olasan. Oldinga chiqishing mumkin.»

Reygan va Klinton so‘zlarini takrorlab, Obamaning yuksalish ritorikasi meritokratiyaga ishora qilardi. U kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslikni ta’kidladi, ya’ni «tashqi ko‘rinishingdan, qayerdan kelganingdan qat’i nazar», qattiq mehnat qilishni talab qildi va fuqarolarni o‘zlari uchun «mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga» chaqirdi. Shu tariqa yuksalish ritorikasi bilan meritokratik axloq o‘rtasidagi bog‘liqlik yaqqol ko‘rinadi: agar imkoniyatlar chinakam teng bo‘lsa, odamlar qobiliyati va qattiq mehnati yetaklagan darajagacha yuksalibgina qolmaydi, balki muvaffaqiyatini o‘z qo‘li bilan yaratgan bo‘ladi va ularga tegadigan mukofotlarga munosib bo‘ladi.

MUNOSIB BO‘LGAN NARSANGNI OLISH

Yuksalish ritorikasi keng tarqalgani sari, xizmat va munosiblik tili ham jamoatchilik madaniyatida tobora ko‘proq namoyon bo‘la boshladi. 1970- va 1980-yillarda hamma joyda yangragan McDonald’s reklama shiorini va uning qo‘shig‘ini eslang: «Bugun bir oz dam olishga munosibsiz.» Yoki kitoblar va gazetalarga nazar tashlaylik.

Kitoblarda so‘z va iboralarning qanchalik tez-tez uchrashini kuzatadigan Google Ngram ma’lumotlariga ko‘ra, «you deserve», ya’ni «siz munosibsiz» iborasining qo‘llanishi 1970-yildan 2008-yilgacha uch baravardan ham ko‘proq oshgan. AQShning eng yirik gazetalaridan biri The New York Timesda esa bu ibora 2018-yilda Ronald Reygan prezidentlik lavozimiga kirishgan yildagiga qaraganda to‘rt baravardan ham ko‘proq uchragan.

Munosiblik haqidagi ayrim fikrlar meritokratik tafakkur bilan bevosita bog‘liq edi. Masalan, 1988-yilda The New York Times gipnozga o‘xshash, ong ostiga ta’sir qiluvchi xabarlar okean to‘lqinlari shovqini ostida pichirlab aytiladigan motivatsion audioyozuvlarga talab ortib borayotgani haqida yozgan edi. Ana shunday xabarlardan biri quyidagicha edi: «Men dadamdan yaxshiroq yashashga munosibman. Men muvaffaqiyatga munosibman. Men maqsadlarimga erishishga munosibman. Men boy bo‘lishga munosibman.»

Ammo munosiblik tili ommaviy madaniyatga tobora chuqurroq singgani sari, u odamni taskinlantiradigan, har narsaga yarayveradigan muvaffaqiyat va’dasiga aylandi. Masalan, yaqinda The New York Timesdagi bir taom retsepti shunday sarlavha bilan chiqqan edi: «Siz yanada shirali tovuqqa munosibsiz.» Siz munosib bo‘lgan yumshoq va shirali tovuqqa erishishning siri nima? «Uni ortiqcha pishirmang.»

Xizmat va munosiblik tili kundalik hayotda keng tarqalayotgan bir paytda, akademik falsafada ham shunga o‘xshash jarayon kechayotgan edi. 1960- va 1970-yillarda yetakchi anglo-amerikan faylasuflari meritokratiyani rad etishgan edi. Ularning fikricha, insonning bozorda qancha daromad topishi uning nazoratidan tashqaridagi tasodifiy omillarga bog‘liq edi. Masalan, uning qobiliyatiga bozorda qanchalik talab borligi yoki bu qobiliyat keng tarqalganmi yoxud kamyobmi.

Ammo 1980- va 1990-yillarga kelib, ehtimol o‘sha davr siyosatida keng tarqalgan «mas’uliyat ritorikasi» ta’sirida, nufuzli faylasuflar guruhi xizmat g‘oyasini yana himoya qila boshladi. Ular «omad egalitaristlari» deb atalardi, ya’ni omad yoki omadsizlik keltirib chiqargan tengsizlikni adolatsiz, insonning o‘z tanlovi natijasidagi tengsizlikni esa adolatli deb hisoblovchi tenglik tarafdorlari. Ularning fikricha, jamiyatning imkoniyati kam odamlarga yordam berish majburiyati muhtojlarning qaysi biri o‘z kulfatiga o‘zi sababchi bo‘lganini, qaysi biri esa shunchaki omadsizlik qurboni ekanini aniqlashga bog‘liq. Ular faqat o‘z ahvoli uchun hech qanday javobgarligi bo‘lmaganlargina davlat yordamiga munosib, deb hisoblagan.

Siyosatchilar orasida ham xizmat va munosiblik tili yuksalish ritorikasi bilan yonma-yon rivojlandi. 1960- va 1970-yillarda AQSh prezidentlari tinglovchilarni ular nimaga munosib ekanini aytib, o‘z tomoniga og‘dirishga kamdan-kam urinardi. Jon F. Kennedi «siz munosibsiz» iborasini biror marta ham ishlatmagan. Reygan davrida esa bu o‘zgardi: u «siz munosibsiz» iborasini o‘zidan oldingi besh prezident jami ishlatganidan ham ko‘proq qo‘lladi. Masalan, 1983-yilda bir guruh biznes rahbarlari oldida so‘zlar ekan, u o‘z kuchi bilan muvaffaqiyatga erishganlar mukofotga munosib ekanini aytdi.

«Bu mamlakat hasad va kek poydevori ustiga qurilmagan. Men doim ishongan orzu shuki: kimligingdan, qayerdan kelganingdan qat’i nazar, agar qattiq mehnat qilsang, o‘z kuching bilan oyoqqa tursang va muvaffaqiyatga erishsang, ana unda, vallah, hayot beradigan mukofotga munosibsan. Ana shu mukofotga intilish Amerikani Yer yuzidagi eng buyuk davlatga aylantirdi.»

Reygandan keyin «siz munosibsiz» iborasi prezidentlar nutqining partiyalardan qat’i nazar qo‘llanadigan doimiy qismiga aylandi. Klinton bu iborani Reyganga qaraganda ikki baravar, Obama esa uch baravar ko‘proq ishlatdi. Ular undan kundalik masalalardan tortib juda muhim siyosiy mavzulargacha turli vaziyatlarda foydalangan. Masalan, ish o‘rinlari yaratadigan Mudofaa vazirligi ma’muriy markazi joylashtirilgan shaharda nutq so‘zlagan Klinton: «Siz bunga erishdingiz, chunki bunga munosibsiz», dedi. Ombor ishchilari oldida Obama: «Agar siz kun bo‘yi halol mehnat qilsangiz, bunga yarasha haq olishga munosibsiz», dedi. Ogayodagi mahalliy kollejda esa u o‘rta sinf uchun soliq imtiyozlarini himoya qilib: «Siz ham bir oz nafas rostlashga munosibsiz, biroz yordamga munosibsiz», dedi.

Buyuk Britaniyada 1990-yillarda Toni Bler ifodalagan meritokratiyaga e’tiqod Brexitdan, ya’ni Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘yicha 2016-yilgi referendumdan keyin ham Britaniya siyosatiga ta’sir qilishda davom etdi. 2016-yilda bosh vazir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, Tereza Mey «chinakam meritokratik Britaniya» haqidagi tasavvurini bayon qildi. «Oddiy, ishchi sinfiga mansub odamlar» haqida gapirar ekan, Mey: «Ular yaxshiroq ulushga munosib», dedi. U taklif qilgan bu «yaxshiroq ulush» esa meritokratik tamoyillarni hayotga tatbiq etishdan iborat edi.

«Men Britaniya dunyodagi buyuk meritokratiyaga aylanishini istayman, ya’ni har kim o‘z qobiliyati va qattiq mehnati imkon bergan darajagacha yuksalish uchun adolatli imkoniyatga ega bo‘ladigan mamlakatga. … Men Britaniyada ustunlik imtiyozga emas, xizmatga asoslanishini istayman. Bu yerda qayerda tug‘ilganing, ota-onang kimligi yoki shevang qanday ekani emas, balki qobiliyating va qattiq mehnating muhim bo‘lsin.»

Yuksalish va munosiblik haqida ko‘p gapirishlariga qaramay, amerikalik siyosatchilarning aksariyati meritokratiya haqida ochiqchasiga gapirmaydi. Obama bundan mustasno edi.

Masalan, AQShning yirik sport telekanali ESPN sharhlovchisiga bergan intervyusida u sport odamlarni nimasi bilan o‘ziga tortishi haqida mulohaza qilib, shunday degan edi: «Bu chinakam meritokratiya mavjud bo‘lgan kam sonli sohalardan biri. Bu yerda aldov-safsataga o‘rin yo‘q. Oxir-oqibat kim yutyapti, kim yutqazyapti, kim o‘zini ko‘rsatyapti, kim esa yo‘q, barchasi ko‘z oldingda.»

2016-yilgi prezidentlik kampaniyasi davomida Hillari Klinton yuksalish va munosiblik ritorikasiga tez-tez murojaat qildi: «Bizning kampaniyamiz asosiy bir ishonchga tayanadi: Amerikada kimligingdan, qanday ko‘rinishingdan, kimni sevishingdan qat’i nazar, qattiq mehnating va orzularing yetaklagan darajagacha yuksalish imkoniga ega bo‘lishing kerak.» U saylansa, «siz munosib bo‘lgan shans va imkoniyatlarga ega bo‘lishingiz uchun sharoit yaratishga» va’da berdi. Kampaniya yig‘ilishlaridan birida esa u shunday dedi: «Men bu mamlakat chinakam meritokratiya bo‘lishini istayman. Tengsizlikdan charchadim. Odamlar mehnat qilsa, oldinga chiqa olishini his qilishini istayman.»

POPULISTIK QARSHILIK TO‘LQINI

Hillari Klinton uchun afsuski, 2016-yilga kelib yuksalish ritorikasi odamlarni ruhlantirish kuchini yo‘qotgan edi. Uni mag‘lub etgan nomzod Donald Tramp ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish haqida ham, amerikaliklar o‘z qobiliyati va qattiq mehnati yetaklagan darajagacha yuksala olishi haqidagi ishonch haqida ham gapirmadi. Men aniqlay olganimcha, Tramp saylov kampaniyasi davomida bu shiorni biror marta ishlatmagan, prezidentligi davrida ham undan foydalanmagan. Buning o‘rniga u g‘oliblar va mag‘lublar haqida ochiq va keskin gapirdi hamda Amerikani yana buyuk qilishga va’da berdi. Ammo uning buyuklik haqidagi tasavvuri avvalgi qirq yil davomida Amerika jamoatchilik muhokamasini jonlantirib kelgan meritokratik loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq emas edi.

Aslida, meritokratik elitalarga qarshi populistik norozilik Trampning saylanishida ham, o‘sha yilning boshida Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘yicha kutilmagan natija bergan ovoz berishda ham ma’lum rol o‘ynagan, deb o‘ylashga asos bor. Saylovlar murakkab jarayon, odamlarni aynan nima muayyan tarzda ovoz berishga undaganini qat’iy aytish qiyin. Ammo Trampni, Brexitni va boshqa mamlakatlardagi populistik partiyalarni qo‘llab-quvvatlagan ishchi sinf vakillarining ko‘pi yuqoriga ko‘tarilish haqidagi va’dalardan ko‘ra milliy suverenitet, o‘zlik va g‘ururni qayta tiklash haqidagi va’dalarga ko‘proq qiziqqandek ko‘rindi. Ular bozor boshqarayotgan globallashuvni olqishlagan, uning foydasini ko‘rgan, mehnatkashlarni xorijiy raqobatning qattiq tartibiga tashlab qo‘ygan va o‘z yurtdoshlaridan ko‘ra global elitalar bilan o‘zini yaqinroq his qilgandek ko‘ringan meritokratik elitalar, ekspertlar va professional tabaqalarga nisbatan kek saqlardi.

Mavjud tartibga qarshi populistik noroziliklarning barchasi ham meritokratik kibrga qarshi munosabat emas edi. Ularning ayrimlari ksenofobiya, irqchilik va ko‘p madaniyatlilikka qarshilik bilan qorishib ketgan edi. Ammo populistik qarshilik to‘lqiniga hech bo‘lmaganda qisman yana bir og‘riqli tuyg‘u turtki berdi: xizmat ierarxiyasining yuqorisida turganlar o‘zlaridan kamroq muvaffaqiyatga erishgan deb bilgan odamlarga yuqoridan, mensimay qarayotgandek tuyulardi. Bu populistik norozilik asossiz emas.

O‘nlab yillar davomida meritokratik elitalar qattiq mehnat qiladigan va qoidalarga rioya etadigan odamlar o‘z qobiliyati yetaklagan darajagacha yuksala oladi, degan virdni takrorlab keldi. Ammo ular pastda qolib ketgan yoki zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan odamlar uchun yuksalish ritorikasi va’dadan ko‘ra ko‘proq mazaxdek eshitilishini payqamadi.

Tramp saylovchilari Hillari Klintonning meritokratik virdini taxminan shunday eshitgan bo‘lishi mumkin. Ular uchun yuksalish ritorikasi ruhlantirishdan ko‘ra ko‘proq haqoratdek tuyulgan. Buning sababi ular meritokratik e’tiqodni rad etgani emas edi. Aksincha, ular meritokratiyani qabul qilgan va u jamiyat allaqachon qanday ishlayotganini tasvirlaydi, deb hisoblagan. Ular uni muvaffaqiyat yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun hukumat choralarini talab qiladigan tugallanmagan loyiha sifatida ko‘rmagan.

Buning sabablaridan biri shuki, ular bunday davlat aralashuvi etnik va irqiy ozchiliklarga ustunlik beradi va shu tariqa ular tushungan meritokratiyani himoya qilish o‘rniga uni buzadi, deb qo‘rqqan. Ammo yana bir sabab ham bor edi: ular oz bo‘lsa-da muvaffaqiyatga erishish uchun qattiq mehnat qilgan, bozorning o‘zlariga chiqargan qattiq hukmini qabul qilgan va unga axloqiy hamda ruhiy jihatdan bog‘lanib qolgan edi.

2016-yilgi saylovdan keyin o‘tkazilgan bir so‘rovda Tramp tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlardan AQSh meritokratik tamoyillarga qay darajada mos kelishini ifodalovchi bir nechta fikrga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik so‘raldi. Jumladan: «Umuman olganda, AQSh jamiyati teng va adolatli.» «Odamlar jamiyatdagi o‘z o‘rni uchun shaxsan o‘zi javobgar.» «Iqtisodiy jihatdan yuksalish imkoniyatlari ularni izlagan har bir inson uchun mavjud.» «Jamiyat shunday bosqichga yetdiki, oq tanli amerikaliklar bilan irqiy va etnik ozchilik vakillari muvaffaqiyatga erishish uchun teng imkoniyatlarga ega.»

Ajablanarli emas, iqtisodiy jihatdan yaxshi ta’minlangan respondentlar bu fikrlarga kamroq daromadli qatlam vakillariga qaraganda ko‘proq qo‘shilgan. Ammo ijtimoiy tabaqadan qat’i nazar, Tramp tarafdorlari har bir fikrga uni qo‘llab-quvvatlamaganlarga qaraganda kuchliroq qo‘shilgan. Tramp tarafdorlari liberallarning yuksalish ritorikasiga nisbatan kek saqlardi. Buning sababi ular meritokratiyani rad etgani emas, balki meritokratiya mavjud ijtimoiy tartibni allaqachon ifodalaydi, deb hisoblagani edi. Ular bu tartibning qoidalariga bo‘ysungan, bu tartib ularning o‘z xizmatlari haqida chiqargan qattiq hukmni qabul qilgan va boshqalar ham xuddi shunday qilishi kerak, deb ishongan.

Xizmat zulmi faqat yuksalish ritorikasidan kelib chiqmaydi. U bir-biri bilan bog‘langan bir qator qarashlar va sharoitlardan tarkib topadi va ularning yig‘indisi meritokratiyani zaharli holga keltirdi. Birinchidan, keskin tengsizlik va ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish to‘xtab qolgan sharoitda, taqdirimiz uchun o‘zimiz javobgarmiz va olgan narsamizga munosibmiz, degan fikrni qayta-qayta takrorlash birdamlikni yemiradi va globallashuv ortda qoldirgan odamlarning ruhini tushiradi.

Ikkinchidan, hurmatli ish va munosib hayotga eltadigan asosiy yo‘l universitet diplomi, deb turib olish diplomparastlik xurofotini, ya’ni insonning qadri va qobiliyatini uning diplomiga qarab baholashga moyillikni keltirib chiqaradi. Bu mehnatning qadr-qimmatini pasaytiradi va universitetda o‘qimaganlarni kamsitadi.

Uchinchidan, ijtimoiy va siyosiy muammolarni eng yaxshi hal qiladiganlar yuqori ma’lumotli va qadriyatlarga nisbatan betaraf ekspertlardir, deb turib olish texnokratik kibrni keltirib chiqaradi. Ya’ni murakkab masalalarni oddiy fuqarolardan ko‘ra mutaxassislar yaxshiroq hal qiladi, degan ortiqcha ishonch paydo bo‘ladi. Bu demokratiyani ichdan yemiradi va oddiy fuqarolarni siyosiy kuchdan mahrum qiladi.

URINSANG, MUVAFFAQIYATGA ERISHA OLASANMI?

Siyosatchilar muqaddas haqiqatdek qabul qilingan bir fikrni odamni karaxt qiladigan darajada tez-tez takrorlasa, uning endi haqiqat emasligidan shubhalanishga asos paydo bo‘ladi. Yuksalish ritorikasi bilan ham aynan shunday bo‘ldi. Yuksalish ritorikasi tengsizlik qo‘rqinchli darajalarga yaqinlashgan bir paytda eng jo‘shqin, eng dabdabali yangragani tasodif emas.

Eng boy 1 foiz aholining daromadi jamiyatning eng kambag‘al yarmi jami topadigan daromaddan ham ko‘p bo‘lsa, ³⁰ median daromad, ya’ni aholining o‘rtacha qatlami oladigan daromad, qirq yil davomida deyarli o‘smay qolsa, sa’y-harakat va qattiq mehnat odamni uzoqqa olib boradi, degan g‘oya tobora bo‘sh yangray boshlaydi.

Bu bo‘shliq ikki xil norozilikni tug‘diradi. Birinchisi, tizim meritokratik va’dasini bajarmaganida, ya’ni qattiq mehnat qiladigan va qoidalarga rioya etadigan odamlar oldinga siljiy olmaganida paydo bo‘ladigan hafsala pir bo‘lishidir. Ikkinchisi esa odamlar meritokratik va’da allaqachon amalga oshgan, ammo ular bu bellashuvda yutqazgan, deb ishonganida tug‘iladigan umidsizlikdir. Bu norozilikning yanada tushkunlikka soluvchi turi, chunki u ortda qolganlar uchun muvaffaqiyatsizlik o‘zlarining aybi, degan ma’noni anglatadi.

Amerikaliklar, ko‘pchilik xalqlarga qaraganda, qattiq mehnat muvaffaqiyat keltiradi va taqdirimiz o‘z qo‘limizda, degan ishonchga ko‘proq amal qiladi. Jahon miqyosidagi jamoatchilik so‘rovlariga ko‘ra, amerikaliklarning aksariyati, ya’ni 77 foizi, odamlar qattiq mehnat qilsa, muvaffaqiyatga erisha oladi, deb hisoblaydi. Germaniyada esa bunday fikrga aholining atigi yarmi qo‘shiladi. Fransiya va Yaponiyada ko‘pchilik qattiq mehnat muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, deb hisoblaydi.

Odamlardan «hayotda oldinga chiqish uchun» qaysi omillar «juda muhim» ekanini so‘rashganda, amerikaliklarning juda katta qismi, 73 foizi, birinchi o‘ringa qattiq mehnatni qo‘ygan. Bu protestant mehnat axloqining hanuz kuchli ta’sirga ega ekanini ko‘rsatadi. Germaniyada odamlarning arang yarmi qattiq mehnatni oldinga chiqish uchun juda muhim deb hisoblaydi, Fransiyada esa har to‘rt kishidan faqat bittasi shunday fikrda.

Barcha shunday so‘rovlarda bo‘lgani kabi, odamlarning bildirgan qarashi savol qanday qo‘yilganiga bog‘liq. Nega ayrimlar boy, boshqalar esa kambag‘al ekanini tushuntirish haqida gap ketganda, amerikaliklar mehnat va sa’y-harakatning roliga umumiy tarzda ish va muvaffaqiyat haqida so‘ralgandagidek qat’iy ishonmaydi. Boylar boshqalardan ko‘proq mehnat qilgani uchun boymi yoki hayotda ustunliklarga ega bo‘lgani uchunmi, deb so‘ralganda, amerikaliklar deyarli teng ikkiga bo‘linadi. Kambag‘allikning sababi haqida so‘ralganda esa ko‘pchilik bunga inson nazoratidan tashqaridagi sharoitlar sabab bo‘ladi, deb javob beradi. Faqat har o‘n kishidan uchtasi kambag‘allikni yetarlicha harakat qilmaslik bilan izohlaydi.

Mehnat muvaffaqiyatga eltadigan samarali yo‘l, degan ishonch aslida yanada kengroq bir qarashni aks ettiradi: biz o‘z taqdirimizning egasimiz, taqdirimiz o‘z qo‘limizda. Amerikaliklar insonning o‘z taqdiriga hokimligiga aksariyat boshqa mamlakatlar fuqarolariga qaraganda kuchliroq e’tiqod bildiradi. Amerikaliklarning ko‘pchiligi, 57 foizi, «hayotdagi muvaffaqiyat asosan bizning nazoratimizdan tashqaridagi kuchlar tomonidan belgilanadi» degan fikrga qo‘shilmaydi. Aksincha, boshqa mamlakatlarning ko‘pchiligida, jumladan Yevropa mamlakatlarining aksariyatida, odamlar muvaffaqiyatni asosan inson nazoratidan tashqaridagi kuchlar belgilaydi, deb hisoblaydi.

Mehnat va o‘z kuchiga tayanish haqidagi bu qarashlar birdamlik va fuqarolarning bir-biri oldidagi majburiyatlariga ham ta’sir qiladi. Agar qattiq mehnat qilgan har bir odam muvaffaqiyatga erishishi kutilsa, muvaffaqiyatsizlikka uchraganlarning ayblaydigan odami o‘zidan boshqa hech kim bo‘lmaydi va ularga yordam berish kerakligini asoslash ham qiyinlashadi. Meritokratiyaning qattiq tomoni mana shunda.

Agar yuqoriga chiqqanlar ham, pastda qolganlar ham o‘z taqdiri uchun to‘liq o‘zi javobgar bo‘lsa, unda jamiyatdagi o‘rinlar odamlar nimaga munosib ekanini aks ettiradi. Boylar o‘z qo‘li bilan boy bo‘lgan bo‘lib chiqadi. Ammo jamiyatning eng omadli a’zolari o‘z muvaffaqiyati uchun nimagadir qarzdor bo‘lsa, masalan omadga, ilohiy inoyatga yoki hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga, unda bir-birimizning taqdirimizni bo‘lishish uchun axloqiy asos kuchliroq bo‘ladi. Hammamiz bir kemada ekanimizni aytish ham osonlashadi.

Bu, ehtimol, taqdirimiz o‘z qo‘limizda, degan e’tiqodi kuchli bo‘lgan AQShda farovonlik davlati nima uchun Yevropadagi sotsial-demokratik davlatlarnikiga qaraganda kamroq saxiy ekanini tushuntiradi. Yevropada fuqarolar o‘z hayot sharoitlarini ko‘proq o‘z nazoratidan tashqaridagi kuchlar bilan izohlashga moyil. Agar har bir inson sa’y-harakat va qattiq mehnat orqali muvaffaqiyatga erisha olsa, hukumatning vazifasi shunchaki ish o‘rinlari va imkoniyatlar haqiqatan ham hamma uchun ochiq bo‘lishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi. Amerikalik chap-markaz va o‘ng-markaz siyosatchilar imkoniyatlar tengligi amalda aynan qanday siyosatlarni talab qilishi borasida kelisha olmasligi mumkin. Ammo ular bir fikrda: maqsad, inson hayotni qaysi nuqtadan boshlaganidan qat’i nazar, har kimga yuksalish uchun imkoniyat berishdir. Boshqacha aytganda, ular ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish tengsizlikka javob, yuksalganlar esa o‘z muvaffaqiyatini mehnati bilan topgan bo‘ladi, degan qarashni baham ko‘radi.

Ammo amerikaliklarning sa’y-harakat va qat’iyat orqali yuksalish mumkinligiga bo‘lgan e’tiqodi endi hayotdagi haqiqiy holatga mos kelmaydi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklarda amerikaliklar farzandlari iqtisodiy jihatdan o‘zlaridan yaxshiroq yashashini kutishi mumkin edi. Bugun esa bunday emas. 1940-yillarda tug‘ilgan bolalarning deyarli barchasi, ya’ni 90 foizi, ota-onasidan ko‘proq daromad topgan. 1980-yillarda tug‘ilganlarning esa atigi yarmi ota-onasining daromadidan oshib ketgan.

Kambag‘allikdan badavlatlikka ko‘tarilish ham ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish haqidagi mashhur tasavvur ko‘rsatganidan qiyinroq. Amerikada kambag‘al oilada tug‘ilganlarning juda oz qismi eng yuqori qatlamga yetib boradi. Aslida, ularning aksariyati hatto o‘rta sinfgacha ham ko‘tarila olmaydi. Ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish bo‘yicha tadqiqotlar odatda daromad zinapoyasini besh pog‘onaga bo‘ladi. Eng past pog‘onada tug‘ilganlarning atigi 4–7 foizi eng yuqori pog‘onaga ko‘tariladi, faqat uchdan bir qismigina o‘rta pog‘ona yoki undan yuqoriga yetib boradi. Aniq raqamlar tadqiqotdan tadqiqotga biroz farq qilsa-da, juda kam amerikalik Amerika orzusida ulug‘lanadigan «yo‘qchilikdan boylikka» hikoyasini hayotda boshdan kechiradi.

Aslida, AQShda iqtisodiy yuqoriga ko‘tarilish ko‘plab boshqa mamlakatlarga qaraganda kamroq. AQShda iqtisodiy ustunlik va noqulayliklar Germaniya, Ispaniya, Yaponiya, Avstraliya, Shvetsiya, Kanada, Finlyandiya, Norvegiya va Daniyadagiga qaraganda avloddan avlodga tez-tezroq o‘tadi. AQSh va Buyuk Britaniyada yuqori daromadli ota-onalarning iqtisodiy ustunligining qariyb yarmi farzandlariga meros bo‘lib o‘tadi. Bu Kanada, Finlyandiya, Norvegiya va Daniyadagi ko‘rsatkichdan ikki baravardan ham yuqori. Aynan shu mamlakatlarda ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish eng yuqori darajada.

Ma’lum bo‘lishicha, Daniya va Kanadadagi bolalarning kambag‘allikdan badavlatlikka ko‘tarilish ehtimoli AQShdagi bolalarnikiga qaraganda ancha yuqori. Shu ko‘rsatkichlarga qaraganda, Amerika orzusi sog‘-salomat, faqat Kopengagenda yashayapti.

Amerika orzusi Pekinda ham gullab-yashnamoqda. The New York Times gazetasida yaqinda chop etilgan maqolada quyidagi vaziyat tasvirlangan edi:

Tasavvur qiling, siz pul tikishingiz kerak. Ikki nafar 18 yoshli yosh bor: biri Xitoyda, ikkinchisi AQShda. Ikkalasi ham kambag‘al va kelajak imkoniyatlari unchalik katta emas. Siz ulardan ijtimoiy jihatdan yuqoriga ko‘tarilish imkoniyati ko‘proq bo‘lganini tanlashingiz kerak.

Qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz?

Yaqin vaqtgacha javob oddiydek tuyulardi. Axir «Amerika orzusi» uzoq vaqt davomida qattiq mehnat qilgan har bir inson uchun yaxshiroq hayotga eltadigan yo‘lni va’da qilib kelgan.

Ammo bugungi javob kutilmagan: Xitoy shu qadar tez yuksaldiki, u yerda hayotdagi mavqeingizni yaxshilash imkoniyatingiz AQShdagidan ancha yuqori.

1980-yildan beri Xitoy iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan darajada o‘sganini hisobga olsak, bu xulosa ko‘ringanidek ajablanarli emas. Xitoyda boylarning ham, kambag‘allarning ham daromadi oshdi, AQShda esa iqtisodiy o‘sishdan kelgan foyda asosan yuqori qatlamdagilarga tegdi. Aholi jon boshiga hisoblaganda AQSh hali ham Xitoydan ancha boy mamlakat bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, bugungi xitoylik yoshlar avlodi o‘z ota-onalari avlodidan badavlatroq.

Yanada ajablanarlisi shuki, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoydagi daromadlar tengsizligi darajasi AQShdagiga deyarli teng. Bundan tashqari, bugun Xitoyda avlodlararo ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish AQShdagidan yuqoriroq. Bu shuni anglatadiki, «imkoniyatlar mamlakati» bo‘lgan AQShda qancha daromad topishingiz Xitoydagiga qaraganda hayotni qaysi nuqtadan boshlaganingizga ko‘proq bog‘liq.

Talabalarim bu ma’lumotlarni ko‘rganda, bezovta bo‘lib qoladi. Ularning aksariyati Amerika betakrorligiga, ya’ni Amerika qattiq mehnat qilgan odam oldinga chiqa oladigan mamlakat, degan g‘oyaga ich-ichidan e’tiqod qiladi. Ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish haqidagi bu e’tiqod Amerikaning tengsizlikka bergan an’anaviy javobidir. Ha, ular mulohaza qiladi, Amerikada daromadlar tengsizligi boshqa demokratik davlatlardagidan kattaroq bo‘lishi mumkin. Ammo bu yerda, Yevropaning tabaqalar qat’iy belgilangan jamiyatlaridan farqli ravishda, tengsizlikning ahamiyati kamroq, chunki hech kim tug‘ilgan tabaqasida qolishga mahkum emas.

Ammo ular AQShda ko‘plab boshqa mamlakatlarga qaraganda tengsizlik ko‘proq, ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish esa kamroq ekanini bilib olgach, xavotirga tushib, gangib qoladi. Ba’zilar ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish haqidagi ma’lumotlarga qarshilik qiladi va o‘zlarining intilish hamda muvaffaqiyat tajribasini misol qilib ko‘rsatadi. Texasdan bo‘lgan konservativ talabalarimdan biri shunday javob bergan edi: uning tajribasida aslida muhim bo‘lgan yagona narsa qanchalik qattiq mehnat qilishing. «Mening maktabimdagi hamma qoidalarni tushunardi», dedi u. «Agar maktabda qattiq mehnat qilsang va yaxshi o‘qisang, yaxshi universitetga kirib, yaxshi ish topasan. Bo‘lmasa, neft konlarida ishlaysan. Hammasi xuddi shunday bo‘ldi.» Boshqalari esa maktab yillaridagi tinimsiz mehnatini eslar ekan, muvaffaqiyatga erishishiga yordam bergan ko‘mak manbalarini ham tan oladi.

Talabalarimning ayrimlari Amerika orzusi haqiqatga to‘g‘ri kelmasa ham, bu haqda hammaga aytish kerak emas, afsonani saqlab qolgan ma’qul, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, odamlar qobiliyati va qattiq mehnati yetaklagan darajagacha yuksalish mumkinligiga ishonishda davom etishi kerak. Bunda Amerika orzusi Platon «olijanob yolg‘on» deb atagan narsaga aylanadi, ya’ni haqiqat bo‘lmasa ham, fuqarolarni ayrim tengsizliklarni haqli va o‘rinli deb qabul qilishga undab, jamiyatdagi totuvlikni saqlab turadigan e’tiqodga.

Platon misolida bu afsona shundan iborat ediki, go‘yoki Xudo odamlarning ruhiga turli metallarni qo‘shib yaratgan va shu orqali faylasuf-podshoh boshchiligidagi qo‘riqchilar tabaqasi shaharni boshqaradigan tartibga ilohiy asos bergan.⁴³ Bizning holatimizda esa afsona shunday bo‘lardi: Amerikada boylar bilan kambag‘allar o‘rtasidagi katta tafovutga qaramay, eng pastda turganlar ham urinsa, muvaffaqiyatga erisha oladi.

Yuksalish imkoniyati haqida adashayotganlar faqat talabalarim emas. Tadqiqotchilar AQSh va Yevropa aholisidan o‘z mamlakatlarida kambag‘allikdan badavlatlikka ko‘tarilish ehtimolini baholashni so‘raganda, amerikaliklar ham, yevropaliklar ham odatda noto‘g‘ri javob bergan. Qizig‘i shundaki, ular qarama-qarshi yo‘nalishda xato qilgan: amerikaliklar yuqoriga ko‘tarilish imkoniyatini oshirib baholagan, yevropaliklar esa kamaytirib baholagan.

KO‘RISH VA ISHONISH

Bu natijalar jamiyat va siyosiy tuzumlarni qanday tushunishimiz haqida muhim bir narsani ko‘rsatadi. Biz dunyoni o‘z umidlarimiz va qo‘rquvlarimiz orqali ko‘ramiz. Bir qarashda, odamlar o‘z jamiyatlaridagi ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish darajasi haqida shunchaki yetarli ma’lumotga ega emasdek tuyulishi mumkin. Ammo qiziq va izoh talab qiladigan jihati shundaki, bu xatolar ma’lum bir shaklga ega. Jamiyatlari AQShga qaraganda tengroq va ijtimoiy yuqoriga ko‘tarilish imkoniyati ko‘proq bo‘lgan yevropaliklar yuksalish imkoniyatiga haddan tashqari umidsiz qaraydi, amerikaliklar esa aksincha, uni ortiqcha optimistik baholaydi. Nega?

Har ikki holatda ham e’tiqod va ishonchlar odamlarning voqelikni qanday ko‘rishini shakllantiradi. Amerikaliklarning shaxsiy tashabbusga qattiq sodiqligi va tengsizlikni qabul qilishga tayyorligi ularni qattiq mehnat orqali yuksalish imkoniyatini oshirib baholashga olib keladi. Yevropaliklarning esa insonning shaxsiy sa’y-harakati hamma narsani yengadi, degan fikrga shubha bilan qarashi va tengsizlikka kamroq toqat qilishi ularni yuksalish imkoniyatini kamaytirib baholashga olib keladi.

Dunyoni o‘z ideallarimiz va kutganlarimiz prizmasidan ko‘rishga moyilligimiz meritokratik va’da ishchi va o‘rta sinf saylovchilari uchun nega ruhiy tushkunlikka soluvchi, hatto xo‘rlovchi bo‘lishi mumkinligini tushunishga yordam beradi. Bir qarashda bu jumboqdek tuyuladi. Imtiyozli oilada tug‘ilganlargina emas, balki har kim Amerika orzusiga erishish imkoniga ega bo‘lishi uchun to‘siqlarni buzib tashlash, hamma uchun teng sharoit yaratish va ta’lim imkoniyatlarini yaxshilash taklifiga kim qarshi chiqardi? Ta’lim imkoniyatlari, kasbiy tayyorgarlik, bolalarni parvarish qilish, oilaviy ta’til va liberallar hamda progressivlar taklif qilgan boshqa siyosatlardan foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan ishchi va o‘rta sinf saylovchilariga yuksalish ritorikasi yoqishi kerak emasmi?

Yo‘q, shart emas. 2016-yilga kelib globallashuvning oddiy mehnatkashlarga yetkazgan zararli oqibatlari yaqqol ko‘rina boshlagach, liberal elitalar ilgari surgan yuksalish ritorikasi achchiq bir ishorani anglata boshladi. Tengsizlik kuchayib borayotgan bir paytda ham u taqdirimiz uchun o‘zimiz javobgarmiz, demak, boshimizga kelgan muvaffaqiyat yoki kulfatga o‘zimiz munosibmiz, deb turib oldi.

Tengsizlikka shu tarzda qarash meritokratik kibrni oziqlantirdi. U globallashuv foydasini ko‘rganlar bu mo‘l-ko‘l ulushga munosib, ortda qolganlar esa o‘z kam nasibasiga munosib, degan ishonchni yanada mustahkamladi. Prezident Obamaning iqtisodiy maslahatchisi Larri Sammers bu fikrni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytgan edi: «Jamiyatimizdagi muammolardan biri shuki, haqiqatning o‘zi ham ma’lum ma’noda tengsizlikni kuchaytiradi. Jamiyatimizda tengsizlik oshganining ehtimoliy sabablaridan biri shundaki, odamlarga tobora ko‘proq ular bilan qanday munosabatda bo‘lish lozim bo‘lsa, xuddi shunday munosabatda bo‘linmoqda.»

Yuksalish ritorikasini himoya qilib shunday deyish mumkin: u teng sharoitda raqobat qilish imkoniyatini biz yashayotgan dunyoning mavjud holati sifatida emas, intilishimiz kerak bo‘lgan ideal sifatida tasvirlaydi. Ammo xizmat g‘oyasi o‘z chegarasidan chiqib ketishga moyil. U ideal sifatida boshlanadi, keyin esa mavjud holat haqidagi da’voga aylanadi.

Yuksalish ritorikasi orzu-intilishga qaratilgan, hali amalga oshmagan va’daga ishora qiladi, ammo uning ifodasi doimo o‘zini tabriklovchi ohangga o‘tadi: «Bu yerda, Amerikada, qattiq mehnat qiladigan har bir kishi yuksala oladi.» Eng kuchli ritorikalarda bo‘lgani kabi, bunda ham orzu-intilish bilan o‘zini tabriklash bir-biriga qo‘shilib ketadi. U umidni go‘yo allaqachon haqiqatga aylangandek bayon qiladi.

Obamaning ritorikasi bunga yaqqol misol. 2012-yildagi radio murojaatida u shunday degan edi: «Bu shunday mamlakatki, tashqi ko‘rinishing yoki qayerdan kelganingdan qat’i nazar, agar o‘qishga va qattiq mehnat qilishga tayyor bo‘lsang, qobiliyating yetaklagan darajagacha yuksala olasan. Urinsang, muvaffaqiyatga erisha olasan.»

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About