Donate

Milliylashtiruvchi rejimlar sari: Sovet Ittifoqidan keyingi makonda hokimiyat va o‘zlikni konseptuallashtirish

Tarjima va Tanqid21/12/25 15:0888

Diana Qudaybergenovaning “Milliylashtiruvchi rejimlar sari: Sovet Ittifoqidan keyingi makonda hokimiyat va o‘zlikni konseptuallashtirish” kitobi post-Sovet davlatlarida, Latviya va Qozog‘iston misolida, millat qurish jarayonlarini hokimiyat, diskurs va elitalar raqobati nuqtai nazaridan tahlil qiladi. Muallif Latviya va Qozog‘iston misolida milliy o‘zlik qanday qilib siyosiy resursga aylanishini, “millat” tushunchasi ustidan nazorat esa elitalar uchun legitimlik va hokimiyatni saqlab qolish vositasi bo‘lib xizmat qilishini ko‘rsatadi. Kitob milliylashtirishni tugallangan loyiha emas, balki doimiy ravishda qayta talqin qilinadigan, ichki va tashqi siyosiy omillarga bog‘liq jarayon sifatida ko‘rib, post-Sovet makonida millat va davlat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni tushunish uchun muhim nazariy yondashuvni taklif etadi.

Tarjima qilingan parchada dastlab milliylashtiruvchi rejimlarning qanday ishlashi va uning mexanizmlari tasvirlanadi, so‘ngra Latviya va Qozog‘iston misolida milliylashtiruvchi rejimlar — biri nisbatan demokratik, boshqasi esa shaxsiylashtirilgan avtokratiya bo‘lsa ham — “millat” nima ekanligi va muayyan millatga mansublik amalda qanday yengilliklar yoki imkoniyatlar berishini qanday nazorat qilishi batafsil yoritiladi.

Shu bilan birga, matn millat qurish va milliy o‘zlikni faqat “obyektiv tarixiy zarurat” yoki davlatga ega bo‘lishning tabiiy natijasi sifatida emas, balki milliy o‘zlik bu yerda turli aktorlar tomonidan doimiy ravishda ta’riflanib, qayta talqin qilinib va institutsional darajada mustahkamlanib boriladigan tushuncha sifatida ko‘riladi.

Natijada, milliylashtiruvchi rejimlar doirasida millat haqidagi hukmron tasavvurlar muayyan darajada barqarorlashtiriladi va alternativ talqinlarning paydo bo‘lishi cheklanadi. Bu holat millat qurish jarayonlarini hokimiyat munosabatlari bilan bog‘liq holda tahlil qilish zaruratini ko‘rsatadi hamda milliy o‘zlikni siyosiy, ijtimoiy va institutsional omillar kesishgan nuqtada shakllanuvchi murakkab fenomen sifatida tushunishga imkon beradi.

Tarjimon: Azizillo Yoqubjonov

Tahrirchi: Javohir Nematov

Asl Manba: Kudaibergenova, Diana T. Toward nationalizing regimes: Conceptualizing power and identity in the post-Soviet realm. University of Pittsburgh Press, 2020.

Содержание
  • Milliylashtiruvchi rejimlar sari      
  • Milliylashtiruvchi rejimlar va eng turfa tadqiqotlar


Milliylashtiruvchi rejimlar sari      

            1991-yildan keyingi makonda milliyatchilikning o‘zi qudrat hisoblanadi, negaki milliyatchilik o‘zlikni anglash, yangi ma’nolar yaratish, qanday turdagi o‘zlik siyosiy jihatdan, qachon va kim uchun belgilanishining nazorat manbaidir. Hokimiyat maydonining ichida millat qurish aktorlar uchun yanada ko‘proq hokimiyatga erishish vositasi sanaladi, boisi elitalar aynan o‘zlarining millat, jamiyat va mamlakatni farovonlikka olib chiqish bilimi-yu salohiyatiga ega ekanliklariga boshqalarni ishontirishga yoxud o‘zga mushtarak qadriyatga diqqat qaratishga intilishadi. Zotan, ular aynan shu yo‘l bilan boshqarish uchun yanada ko‘proq qudratni qo‘lga kiritishadi. Millat qurish esa ushbu yangi ma’nolar yaratish jarayonining ifoda vositasiga aylanadi. Uning, millat qurishning o‘ziyoq siyosiy jihatdan belgilab olingan hokimiyat maydonida qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, bunday maydon esa nazoratga va millatchilikka haddan tashqari berilib ketgan milliylashtiruvchi rejim tomonidan boshqariladi.

Milliylashtiruvchi rejimlar muayyan diskurslar va millat qurish oqibatlarini nazorat qiluvchi hamda ularni keng aholiga, shu jumladan, etnik ozchiliklarga singdiruvchi eng qudratli elitalardan tashkil topadi. Milliylashtiruvchi rejimning mexanizmi elitalarning hukmron diskurs yuzasidan kelishuviga bevosita bog‘liqdir. Ushbu hukmron diskurs elitalarning o‘z hokimiyat mavqelarini mustahkamlash maqsadida eng muqaddas diskursni muhofaza qilish va uni boyitish salohiyatlari yuqoriroqligini ta’kidlash orqali kurash olib boradigan hokimiyat maydonini belgilab beradi. Turli milliylashtiruvchi rejimlar hukmron elitalarning hokimiyatda qolish va asosiy millat qurish diskursi yuzasidan nazoratini saqlab qolish manfaatlariga yo‘naltirilgan muayyan muddaolarga intiladi. Shu orqali elitalar boshqa farqli diskurslar hamda ehtimoliy kontr-elitalarning siyosiy raqobatini chetlab o‘tishadi.

Boshqacha qilib aytganda, “millat” diskursi milliylashtiruvchi rejimlardagi hokimiyat uchun raqobatda asosiy o‘rinni egallaydi. Siyosiy elitalar esa bir vaqtning o‘zida hokimiyat maydonini va uning qoidalarini o‘rnatib, bu maydonga kirish imkoniyatini Laima va men kabi begonalarga, shuningdek, jamiyat sifatida ta’riflangan yana ko‘plab insonlarga yopadigan mazkur diskursni belgilash va nazorat qilish uchun raqobatlashishadi. Jamiyat bu elitalar tomonidan garchi “o‘zaro bog‘langan maydonlar to‘ri” sifatida ko‘rilsada, ayni hokimiyat maydoni sifatida kamdan-kam hollarda ko’riladi. “O‘yinchilar butun ijtimoiy tuzumda hukmronlik qilish maqsadida o‘zlariga xos kapital turlarining legitim ekanligini isbotlashga urinadigan” hokimiyat maydoni sifatida[1].

Men bu o‘rinda hokimiyat kurashlaridagi hukmron diskursni amalda qandaydir yo‘qolgan milliy o‘zlik yoxud milliy o‘ziga xoslikni qidirish jarayoni belgilab berishini ko‘rsatish uchun —  rejimga nisbatan “milliylashtiruvchi” atamasini qo‘llayman. Shunday qilib, Sovet utopiyasi barbod bo‘lishi ketidan milliylashtirish doirasi davlat binokorlari va ularning raqobati uchun eng ommalashgan, ustun va foydali diskursga aylanadi, biroq mafkuraviy tuzilmalar tizimi va milliy darajalardagi bo‘linishlar saqlanib qoladi. Hokimiyat elitalari milliylashtiruvchi diskursni barqaror va muayyan etnik guruh tarixida chuqur ildiz olgan shaklda taqdim etishga urinishadi, elitalar shu etnik guruhni tamsil etishlari bois, mazkur diskurs ularga ko‘proq hukmronlikka erishishga imkon yaratadi. Ammo milliylashish jarayonining tabiati hech qachon qotib qolmaydi, aksincha, tuzumning o‘z ichidagi va tashidagi o‘zgaruvchan muhit sababli doimiy o‘zgarib turadi. Ushbu kitob sahifalarida ko‘rsatib o‘tamanki, ayrim hollarda milliylashtiruvchi rejim ichidagi elitalar raqobati yanada ko‘proq milliylashishga turtki beruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Hokimiyat elitalari kun tartibini hukmron milliy-etnik diskursdan chalg‘itib, o‘yin qoidalarini o‘zgartirishga, shuningdek, mavqelaridagi hamda ular qo‘llab-quvvatlaydigan va muhofaza qiladigan bosh maqsadidagi o‘zgarish sababli, ularning hokimiyatiga putur yetkazish salohiyatiga ega raqobatchi diskurslardan shunchaki qo‘rqishadi. Boshqa holatlarda rejim tashqarisidagi bir talay murakkab masalalar elitalar tasavvuridagi barqaror yoki tayanch “milliy o‘zlik loyihasi”ni belgilashda qat’iyatsizlikka olib keladi. Bu esa rejimni mazkur milliy o‘zlikni qidirish umidida yangi shiorlar va hatto yangi davlat dasturlari ishlab chiqishga majbur qiladi. Bu murakkab masalalar ikki xil holat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Birinchisi — etnik ozchiliklarning talablari bilan, agar bu guruhlar faqat “titul etniklik” bilangina cheklanmaydigan deb qaralsa. Ikkinchisi esa boshqa turdagi talablar bo‘lib, bunda saylovchilar endi milliy afzalliklar asosida emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy dasturlarni talab qilib ovoz bera boshlaydilar.

Ushbu masalalar va sharoitlarning bari milliylashtiruvchi rejimlar mexanizmlarining shakllanishiga hamda amalga oshirilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Boisi har bir milliylashtiruvchi rejimning hokimiyat maydonida eng hukmron siyosiy elitalar mazkur eng ommalashgan diskurs ma’nosining yaratilishini nazorat qilish orqali yanada ko‘proq hokimiyat uchun kurashishadi. Xo‘sh, elitalarni o‘rganish qanday qilib bizga hokimiyat kurashlarini hamda siyosiy maydonning milliylashishini aniqlashga yordam bera oladi?

Elitalar “hokimiyat kurashlarini sinflar yoki boshqa jamoaviyliklar darajasiga tushirib bo‘lmasligi uchun, asosan, o‘z hokimiyatini saqlash hamda mustahkamlashga diqqat qaratgan mustaqil ijtimoiy va siyosiy aktorlardan iborat” bo‘lgan “kichik, ammo qudratli ozchiliklar” ekanligi sababli, hokimiyat munosabatlarini anglash uchun juda muhim.[2] Elitalarni turlicha yo‘llarda ta’riflash mumkin, masalan, siyosiy elitalar sifatida, madaniy elitalar, hududiy elitalar va nihoyat, uchala guruhni ham qamrab oluvchi hokimiyatlar elitalari sifatida. Ko‘p vaziyatlarda siyosiy elitalar milliylashtiruvchi rejimlar ichida ko‘proq hokimiyat lavozimlariga ega chiqib, “milliy diskurslarning asoschilari” sifatida ko‘riladigan, ammo siyosiy raqobat bobida o‘ta zaif bo‘lgan madaniy elitalar ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga olishadi.[3]

“Milliylashtiruvchi rejimlar” atamasi siyosiy tartibot tabiatiga atayin elita nuqtai nazaridan diqqat qaratadi; e’tiborni post-Sovet davlat ta’riflaridagi qat’iy siyosiy toifalar — demokratiya yoxud g‘ayridemokratiya — qarama-qarshiligiga yo‘naltirib, ularni xiralashtiradi. Ushbu atama yana muayyan davlatdagi hokimiyatning rasmiy va norasmiy tuzilmalarini bir-biri bilan bog‘laydi. U qiyosiy siyosatdan olingan bo‘lib, rejimlarni “mamlakatdagi siyosiy hokimiyatning, shu jumladan, amaldorlarni hamda amaldorlar va umumiy jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni belgilash uslubining rasmiy va norasmiy tuzilmasi hamda tabiati” sifatida ta’riflaydi.[4] Milliylashtiruvchi rejimlar tushunchasi millat qurishni bunday siyosatlarni boshqaruvchilar, ya’ni elitalarni ular tomonidan boshqariladiganlar — fuqarolar va fuqaro bo‘lmaganlar (Latviya misolida) yoxud ko‘plab lisoniy va madaniy ozchiliklarga (Qozog‘iston misolida) qarshi qo‘ygan holda, ularning ichki tarmoqlari va manfaatlari orqali ochiqlab, tahlil qiladi.

Bu ta’rifning “milliylashtiruvchi” qismi yana diksurslarning o‘zgaruvchanligiga hamda tinimsiz qayta talqin qilinib turishiga, shuningdek, ushbu diskurslarga ta’sir qilishga maqsadidagi siyosiy elitalarning raqobatiga ham diqqat qaratadi. Atamaning birinchi yarmidagi “milliylashtiruvchi” so‘zi Rojers Brubeykrning milliylashtiruvchi davlatlar g‘oyasiga o‘xshab ketadi: “milliylashtiruvchi” so‘zi “atamaning dinamik va jarayoniylikni anglatishi”ga ishora qilib, “milliyatchilik loyihalarining tabiati tugallanmagan va davomiy” ekanligini nazarda tutadi.[5] Mazkur kitobdagi tahlil milliylashtiruvchi rejimlarning amalda qanday ishlashi bo‘yicha tafsilotlar taqdim qilish orqali, qolaversa, milliylashtirish diskursining muayyan qismlari chindan ham tugal va belgilangan holda taqdim etilsa ham, boshqa qismlari ozchiliklarning yetakchilari yoxud boshqa toifaviy guruhlarga va ularning ta’sir ko‘rsatish qobiliyatiga putur yetkazish maqsadida ataylab tugallanmagan va mujmal saqlab kelishini ko‘rsatish orqali, “milliylashtiruvchi” atamasini yanada boyitadi. Turlicha misollarni qiyosiy empirik tadqiq etish orqali millat qurilishi tahlili bo‘yicha mavjud yondashuvni kengaytirish va bu jarayonlarning ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga hamda murakkabligiga e’tibor qaratish juda muhim. Diqqat yana elitalarning “qaysi millatni” muhokama qilishayotgani yoxud rivojlantirishga urinishayotgani masalasiga qaytadi. Bu kitobdagi “milliylashtiruvchi” tushunchasining mazmuni millatlarning raqobat qiluvchi, birga mavjud bo‘luvchi va parallel diskurslarining xilma-xilligini, ushbu millatlar kimlarga tegishli ekanini hamda mazkur diskurslarni shakllantirish va nazorat qilishga kimning huquqi-yu qudrati borligini ko‘rsatadi.

Kitobning keyingi boblarida yaxlit — “asosiy” etnik guruh, latishlar yoki qozoqlarni himoya qiluvchi sifatida taqdim qilinsa-da, amalda tarqoq, ko‘ptarkibli va murakkab bo‘lgan milliylashtirishning jonli rang-barangligini muhokama qilaman. Ilgarigi tadqiqotlar ko‘rsatib berganidek, milliylashtirish jarayoni birxillikni yaratishga intiladi hamda bu birxillikni nazorat qilish vositasida hokimiyatga erishishga intiladi. Lekin jarayonning tabiati shundayki, faqatgina aholini bitta asosiy guruhga birxillashtirish orqali muqarrar ravishda tafriqalar, notengliklar va tafovutlar hosil qilib, alaloqibat, ko‘ptarkibli bo‘lib qoladi. Shu sababli, milliylashtirish mutlaq bo‘la olmaydi — bu murakkab ijtimoiy jarayonlar va odamlarning voqelikdagi tasavvurlariga ziddir. Qozogiston hech qachon to‘liq qozoqlardan iborat bo‘lmaydi, xuddi shunday Latviya ham to‘liq latishlardan tarkib topmaydi yoxud uning hokimiyat elitalari tasavvuridagi yo‘sinda milliylashmaydi. Darhaqiqat, ikkala davlatda ham o‘zlarining murakkab ta’riflari, konstruktlari va o‘zliklariga ega bir qator turli “millatlar” yashaydi. Milliylashtiruvchi rejimning hokimiyat tuzilmasi sifatidagi hukmronligi ijtimoiy dinamikaga, aslida, “Kazakh” yoxud “Qozoq” so‘zlari ma’nosining yanada sochilib ketishini hamda shaharlik va qishloqlik qozoqlar, mankurtlar va mambetlar, rusiyzabonlar va qozoqcha so‘zlashuvlar kabi qozoq bo‘lish nimani anglatishi borasidagi boshqa ko‘p o‘ziga xos o‘zliklar va tasavvurlarga bo‘linib ketishini olib keladi.[6] Latviyada ham o‘zliklar latishlashgan, latish, rus, ruscha so‘zlashuvchi, rusiyzabon, etnik latish yoki yevropalik singari turfa xil anglaniladi.

Bu kitobda men post-Sovet millat qurish bo‘yicha zamondosh tahlillarning mavhumligini tanqid qilib, uning eng zaif bog‘lamlari, ya’ni Brubeykrning milliylashtiruvchi davlatlari xususida mufassal mulohaza yuritaman. Rojers Byubeykrning milliylashtiruvchi davlatlar g‘oyasi Sovet Ittifoqining qulashidan buyon post-Sovet millat qurishni tadqiq etish uchun eng hukmron tuzilma bo‘lib kelyapti. Ushbu tuzilma bunday davlatning besh xususiyati va yo‘nalishini qamrab oladi:

(1)   davlatda etno-madaniy nuqtai nazardan tushuniladigan hamda davlatning umumiy fuqarolari yoxud doimiy yashovchi aholisidan farqli bo‘lgan “asosiy millat” yoki milliy kelib chiqish mavjudligi g‘oyasi;

(2)   egalik yoxud birlamchilik da’vosi: davlat asosiy millatning davlati va asosiy millat uchun davlat sifatida anglaniladi;

(3)   asosiy millat zaif yoki nosog‘lom ahvoldaligi da’vosi;

(4)   asosiy millatni mustahkamlash, uning tili, madaniy rivojlanishi, demografik barqarorligi, iqtisodiy farovonligi yoki siyosiy hukmronligini targ‘ib qilish uchun davlatning chora-tadbirlari zarurligi da’vosi;

(5)   bunday chora-tadbirlar tuzatuvchi yoxud kompensatsion ekanligi, asosiy millat aziyat chekkan ilgarigi kamsitilish yoki zulmning o‘rniga tovon sifatida zarurligi da’vosi.[7]

Milliylashtiruvchi davlatlar tizimi, shunday vaziyat mavjud bo‘lsa, post-Sovet milliylashtirish jarayonlaridagi bosh diskurslar va tendensiyalarni aniqlash hamda tadqiq etish uchun foydalidir. Ushbu tizim tegishli Sovet etnik kodifikatsiya merosining ahamiyatini aks ettirib, etno-milliy kodifikatsiyaning shakllantirilgan toifalarida asosiy millat vujudga kelishini ko‘rsatib berdi. Biroq u mazkur merosning zamoniy tuzilmasini chuqurroq tahlil qilishni hamda uni kim boshqarishi borasidagi savollarga javob berishni ham uddalay olmadi. Sovet va post-Sovet davrlari o‘rtasidagi bog‘liqlik soha hamon o‘rganib kelayotgan masala hisoblanadi va ushbu muammoni aniqlashga juda kam asarlar muvaffaq bo‘lgan.[8] Qozog‘istonlik va latviyalik mahalliy olimlar Sovet va Post-Sovet davrlari o‘rtasidagi zamoniy ketma-ketlikni qoralanishga mahkum “o‘tmish” hamda yaqin kelajakda o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lishi kutiladigan “post” o‘rtasidagi muqaddas bo‘linish sifatida qabul qilishdi. Ushbu Post-Sovet “o‘tish” davri degan tafakkur shaklining saqlanib qolishi ushbu post va o‘tmish tarjibalarining o‘zgaruvchanligi va hibridligini tahlil qilishga xalaqit berishdan boshqaga yaramaydi. Boz ustiga, milliylashtiruvchi davlatlar tizimi tuzatish tusidagi choralar da’vosi bilan post-Sovet-turidagi post-koloniallik jarayonlariga ishora qiladi (Brubeykrning 3-, 4- va 5-fikrlari), ammo Sovetlar tuzumi ostidagi davomiy mustamlakachilik zo‘riqishlarini bartaraf etmaydi.[9] U yana post-Sovet tushunchasi oxir-oqibat o‘tib ketgandan keyingi dekolonial urinishlarni to‘liq tushuntirib berolmasdan, yangi zamonaviy va ehtimol, makoniy tushunchalar uchun zamin hozirlab beradi.[10]

            Garchi keng va, umuman olganda, yaxshi boshlang‘ich nuqtasi bilan ta’minlasa ham, milliylashtiruvchi davlatlar tizimi diqqatni faqatgina yirik narrativlarga qaratishni taklif qilib, ortiqcha tafsilotlar va empirik qiyoslarga to‘xtalib o‘tmaydi. Eng muhimi, u voris davlatlarda millat va milliy narrativlarni saqlab keluvchi va qayta ishlovchi aktorlarni aniqlashda aniq yechimga ega emas. Natijada, u millat qurish jarayonlari va ularda millat binokorlari o‘ynagan rollarning to‘liq kontekstual manzarasini ko‘rsata olmaydi. Brubeykr millat qurilish jarayonlari va tadbirlarini o‘zgaruvchan hamda ko‘pqirrali yondashuv bilan tadqiq etishni targ‘ib qilgan bo‘lsa ham, juda ko‘p hollarda bilvosita milliylashtiruvchi davlat, undagi ozchiliklar va ehtimol, qardosh davlat o‘rtasida ikki yoki uch taraflama muloqot bor deb faraz qildi.[11]

Milliylashtiruvchi rejimlar yondashuvi bu jarayonlarga ko‘pqirrali va nisbatan nozikroq nuqtai nazardan qarashga chaqiradi. Ikki yoki hatto uch tomonlama muloqot bilan cheklanib qolish o‘rniga, millat qurilishi ushbu tizim orqali mamlakatdagi hokimiyat elitalari o‘rtasida g‘oyalar, manfaatlar, intilishlar hamda hokimiyat kurashlari uchun jang maydoni sifatida ko‘riladi. Kim milliylashtiruvchi strategiyalarning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi, kim hukmron diskursni nazorat qilishga va unga e’tiroz bildirishga javobgar? Brubeykrning milliylashtiruvchi davlatlar tushunchasi elitaning ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining ahamiyatini tan olgan, ammo boshqa millatchilikka oid tadqiqotlari singari, buni shunchaki tabiiy hol deb bildi. Kimlar milliylashtirish bilan shug‘ullanyapti? Bu qanday va qachon ro‘y beradi? Nega milliylashtirish turli holatlarda turli vaziyatlarni keltirib chiqaradi? Milliylashtiruvchi qismning mexanizmlari, ta’sir ko‘rsatish imkoniyati va jarayonlarini anglash uchun qo‘shimcha izoh yoki konseptual tizim taklif etilmaydi va Brubeykrning o‘zi ham aytganidek, bu tizimning kamchiligi edi. Qolaversa, ushbu murakkab siyosiy o‘zgarishlar nafaqat post-Sovet makonida, balki butun dunyoda bo‘lib o‘tyapti va Brubeykrning milliylashtiruvchi davlatlar haqidagi ilk argumentida ancha mavhum ta’riflangan “davlat” tushunchasini tanqidiy ko‘rib chiqishni talab qiladi.

Ta’kidlaymanki, elita boshchiligidagi millat qurish loyihalari boshqotirmasiga javob bevosita voqelikdan, ushbu davlatlarning ijtimoiy-siyosiy tizimlar ichidan topilishi lozim — u rejimga, hokimiyat maydonidagi o‘yin qoidalariga bog‘liq. Kitob davomida Qozog‘istondagi milliylashtirish dasturi bir kishining boshqaruvidagi hibrid rejim va Prezident Nazarboyevning shaxsiylashtirilgan rejimi bilan aniq bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatib beraman. Milliylashtiruvchi rejim tizimidagi “rejim” tushunchasi Qozog‘istonning mahalliy muhokamalari va siyosiy hisobotlarida hokimiyatdagi siyosiy va iqtisodiy elitalar hamda ular ishlab chiqayotgan va muhofaza qilayotgan siyosiy diskurslarni tilga olish uchun “davlat” (gosudarstvo) yoki “hukumat”dan (pravitel’stvo) ko‘proq qo‘llanilgan. Latviyada esa latishlashgan rejim g‘oyasi aniq undan tashqaridagilar — ruscha so‘zlashuvchi ozchilik faollar deb nomlanuvchi guruh tomonidan aniqroq tasvirlangan. Mazkur tashqaridagilarning — boshqaruvchi elita doirasiga tashqi bo‘lganlarning — qarashlari milliylashtiruvchi rejimning eng muhim xususiyatlaridan biri odamlarni fuqaroligidagi tarixiy-huquqiy maqomiga asoslab, “milliy” va “begona” toifalarga ajratish ekanligini aniqlashimga yordam berdi. Mustaqillikdan keyin aholining deyarli yarmini — ular “istilo” merosining bir bo‘lagi va urushdan avvalgi mustaqil Latish millatiga tegishli bo‘lmaganini da’vo qilish orqali — ajratib qo‘yish qarorini asoslantirish borasidagi murakkab holatda, Boltiqbo‘yi ruslarini Rossiya ruslari yoki latishlardan farqlab olish uchun chuqurroq o‘rganishga to‘g‘ri keldi.

Fuqarolar va fuqaro bo‘lmaganlarni milliylashtiruvchi rejim vositalari va mexanizmlari orqali ta’riflash hamda ajratib olishning huquqiy va diskursiv tuzilmalari ko‘pincha bir umrlik do‘stlar, qo‘shnilar va hatto oilalar o‘rtasida ham jismoniy chegaralar hosil qildi. Turli ranglardagi pasportlar — Latviya fuqarolari uchun qizil va Latviya fuqarosi bo‘lmaganlar uchun ko‘k — Latviyada ishonchsizliklar, qo‘rquvlar, o‘ziga ishonmaslik va hatto adovat keltirib chiqardi. Etnografiyam mobaynida ko‘pincha Kengaraksda, ammo Riganing qolgan qismlarida ham va yana Latviyaning ikkinchi eng yirik shahri hamda latviyalik ruslar markazi bo‘lmish Daugavpislda ham ushbu yaqqol ko‘zga tashlanuvchi chegaralarga — milliylashtiruvchi rejim oqibatlariga — bevosita duch keldim. Latish millatiga mansub bo‘lishni ajratib turuvchi chiziq tashqaridagilar uchun qizil pasport olish nafaqat o‘zlarining maktab o‘qituvchilari, muzey qo‘riqchilari yoki muhandislar sifatidagi ishlarini qo‘lga kiritishlarni, balki yana ishonch, hatto o‘z oilasi ichida ham tegishlilik hissi, past nazar bilan qaralmaslikni, oiladagi to‘rtta pasport qizil va bittasi ko‘k bo‘lsa, aeroportda ajralib qolmaslikni anglatardi. Elita doirasi ichidan suhbatlashganlarimning aksariyati uchun latishlashgan rejimning tabiati shubhali emasdi va vaziyat qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi odatiylashtiruvchi, tabiiy diskursga aylandi. Biroq ruscha so‘zlashuvchi elitalar uchun ham, elita bo‘lmaganlar uchun ham rejimning ularni Boshqa bo‘lganliklari uchun siyosiy va etnik jihatdan latish hukmron diskurs doirasidan surib chiqargani kundek ravshan edi.

Milliylashtiruvchi rejimlarning xususiyatlari qaror qabul qilishda yopiq va cheklangan tizimlarning ishtirokini o‘z ichiga oladi. Ularning eng muhim xos jihati ko‘pincha ziyolilar va intellektuallarni chiqarib tashlab, boshqaruvchi elitalar uchun ham qudratlantiruvchi, ham mafkuraviy cheklangan maydonga aylangani edi.[12] Milliylashtirishning bu jarayonlari davlatlar emas, elitalar bosh aktorlar hisoblanadi. Masalan, topilmalarimning ko‘rsatishicha, saylov demokratiyalarida elitalar saylanadi, ammo keyin milliylashtiruvchi rejimdagi boshqaruvchi siyosiy elitalar tomonidan turli rasmiy va norasmiy mafkuraviy ittifoqlar vositasi qayta tanlanadi. Qozog‘iston singari demokratik o‘lchovi (saylovlar va siyosiy tayinlovlar borasida) quyiroq rejimlarda esa elitalar rasmiy saylovlardan ilgari milliylashtiruvchi rejimning boshqaruvchi siyosiy elitalari va aynan prezidentning o‘zi tomonidan tanlanadi.

Milliylashtiruvchi rejimda elitalar yoki rejim tomonidan belgilangan hukmron nuqtai nazarlar va qadriyatlarga moslashishlari, yoki unga qarshi raqobatlashishlariga to‘g‘ri keladi. Harmony va ZaRYA partiyalariga oid topilmalarim namoyish qilganidek, bu odatda bunday partiyalarning “sun’iy muxolifati”ga yoki hatto demokratik rejimlar ostida ham butunlay inkor etilishi va qudratdan mahrum qilinishiga olib keladi (3-bobga qarang).

  

Milliylashtiruvchi rejimlar va eng turfa tadqiqotlar

Milliylashtiruvchi rejim bu o‘rinda hokimiyat maydoni nuqtai nazaridan, hokimiyat uchun raqobatlashish jarayonidagi, ammo yana davlatdagi elita bo‘lmaganlar bilan munosabatga kirishuvchi elitalar sifatidagi aktorlarning o‘zaro o‘zgaruvchan makoni o‘laroq muhokama qilingan.[13] Institutsionallashtirish, davlat nazorati va kommunistik elitalarning mafkuraviy tayyorlovi singari post-kommunistik meros mustaqillikdan keyingi turli va hibrid siyosiy rivojlanishlar uchun makon hozirladi. Elitaning tanlanishi yoxud saylanishi demokratlashuv jarayonlariga tayanadi va shu sababli, milliylashtiruvchi rejimlar hamda ulardagi siyosatning ochiq-yopiqligini belgilab beradi degan farazni qabul qilishimiz mumkin. Bu jarayon esa, o‘z navbatida, har bir davlatning demokratlashuviga ta’sir qiladi. Buni nazariy yondashuvdan ko‘rib chiqsak.

Ko‘pchilik ishonadiki, demokratik rejim “hukumat nazoratiga ega chiqish huquqi yuzasidan ochiq musobaqalashuv”ga imkon yaratish uchun ochiq va raqobatli saylovlarni talab qiladi, “bu esa, o‘z navbatida, natijasi kim boshqarishini belgilab beruvchi erkin raqobatli saylovlarni taqozo etadi.”[14] Yana ko‘pchilik esa avtoritar rejimlarning xalq irodasini ifoda etmaydigan saylovlar mantig‘i ostida boshqarilishiga ishonadi. Boshqacha aytganda, elitalar ochiq saylov mexanizmlari tomonidan emas, balki hokimiyat elitalari doirasi tomonidan tanlanadi va o‘z tomoniga og‘dirib olinadi. Saylovlar nodemokratik sharoitlarda ham o‘tkazilsa-da, ular ko‘pincha kengroq musobaqalashuvga ochiq emas va erkin kechmaydi. Liza Vedin ta’kidlaydiki, g‘ayridemokratik davlatlardagi saylovlar ko‘rgazmali siyosat sifatida xizmat qiladi: ular “prezidentga uni hurmat qiladiganlar, undan qo‘rqadiganlar va nafratlanadiganlar tomonidan bo‘lgan ‘qo‘llov’ demokratik ochiqlikning ommaviy namoyishlari hamda bu kabi namoyishlar ochiqlab bergan yo‘qotilgan imkoniyatlar hissiga bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.”[15] Boshqa olimlar ham g‘ayridemokratik post-kommunistik davlatlardagi sahnalashtirilgan saylovlar ichki va tashqi auditoriya hamda manfaatdorlar uchun o‘tkazilishini aytishadi.[16] Biroq demokratik rejimlar har qanaqasiga har bir bir fuqaro qonunan ishtirok eta oladigan saylovlarni talab qiladi; bu esa Latviyaning fuqaro bo‘lmaganlardan iborat bir chorak aholisini anchagina g‘ayridemokratik sharoitda qoldiradi. Bunday demokratiyaning tabiatini qanday sinab ko‘rish mumkin? Masalan, Charliz Tillining yozishicha, “davlat va uning fuqarolari o‘rtasidagi siyosiy munosabat qanchalik keng, teng, himoyalangan va o‘zaro majburiy muhokamalardan iborat bo‘lsa, rejim shunchalik demokratik bo‘ladi. Demokratiya yanada kengroq, yanada tengroq, yanada yaxshi himoyalangan va yanada majburiy muhokamalar sari yalpi intilishni anglatadi. De-demokratlashuv esa, aniqki, torroq, notengroq, yomonroq himoyalangan, kamroq majburiy muhokamalar tomon yalpi harakatlanishni bildiradi.[17] Post-Sovet siyosiy sharoitida davlat va millat qurish elitalarning kurashi hamda ularning hukumat, parlament va boshqa turli davlat institutlaridagi hokimiyati tomonidan belgilanishini allaqachon ko‘rib o‘tgandik. Shunday qilib, demokratlashuv davlat va uning fuqarolari o‘rtasidagi “teng” va “keng” munosabat orqali belgilanadigan va baholanadigan bo‘lsa, u holda ikkala davlatda ham elita bo‘lmaganlarning siyosiy jarayonlarda teng va keng siyosiy ishtiroki cheklanganligi bois, Qozog‘iston ham, Latviya ham g‘ayridemokratik hisoblanadi.

Nazariy jihatdan rasman demokratik davlat va Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lsa-da, Latviya “boqiy” latish millatining muqaddasligini nazorat qiluvchi yopiq mafkuraviy rejim bo‘lib qolyapti. Bu esa mazkur hukmron diskursga qarshi chiqadigan yoxud kattagina rusiyzabon ozchiliklarning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida undan og‘adigan har qanday siyosiy partiya yoki guruhning siyosiy raqobatda yengilishini anglatadi. Misol uchun, markazchi “Totuvlik” (Sarkanas) partiyasi 2014-yilgi va 2011-yilgi parlament saylovlarida umumxalq ovozini yutgan, ammo endilikda deyarli to‘laligicha iqtidordagi latishlashgan o‘ng qanotga moyil ittifoqdan iborat bo‘lgan mahkamada hatto bitta vazirlik o‘rnini ham egallay olmagan. Suhbatdoshlarimdan biri vaziyani “Totuvlik” partiyasining “sun’iy muxolifati” sifatida tasvirlab bergan. Partiya faqatgina Riga shahrining xarizmatik rusiyzabon hokimi Nils Ushakovsni shahar miqyosidagi saylovlarda uch muddat g‘alaba qozonishiga erisha oldi. Mazkur saylovlar Riganing turfa qo‘shtilli yashovchilari (xususan, etnik ruslar va etnik latishlar) tomonidan umumiy ovoz berish yo‘li orqali o‘tkazilar, rusiyzabon aholi esa yashovchilarning deyarli yarmini tashkil etardi.

Rossiyadan keyingi ikkinchi katta post-Sovet davlati hisoblanmish Qozog‘iston esa g‘ayridemokratiya sanalib, ko‘pincha avtoritar davlat sifatida tasvirlanadi.[18] Qozog‘isitonda rejim mustahkam tuzilgan bo‘lib, Nazarboyevga moyil hokimiyat elitalarining sadoqatli ittifoqini tamsil etadi. Ushbu mamlakat adabiyotlarda rejimning “rasmiy siyosiy institutlar”ni doimiy manipulyatsiya qilishi hamda nihoyatda qudratli siyosiy elitalar guruhi tomonidan “ijtimoiy institutlar”ning “tobora repressiv tus olayotgan” yakka boshqarilishi bilan tanilgan avtoritar boshqaruv sifatida ajralib turadi.[19] Chuqurlashib borayotgan moliyaviy inqiroz va mahalliy valyutaning (tenge) qadrsizlanishi, Yer Islohoti borasidagi mismishlar, qozoq yerlarini “xitoyliklar”ga ijara berib yuborilishi mamlakat bo‘ylab eng so‘nggi (2016-yil aprel-may oylaridagi) ijtimoiy noroziliklarini keltirib chiqardi. Ularning ortidan esa onalarning norozilik namoyishlari (2019-yil qishda) hamda ochiq va xolis saylovlar uchun saylovlarni talab qiluvchi namoyishlarning (2019-yil aprel-iyul oylarida) oxirgi to‘lqinlari bo‘lib o‘tdi.

2019-yil fevralda Ostonada ro‘y bergan fojia — ota-onalari tirikchilik maqsadida tunda ishlayotgan mahal, bir oilaning besh qiz farzandi yong‘inda halok bo‘lishi onalarning norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Mazkur holat tengiszlik, iqtisodiy va ijtimoiy himoyasizlik hamda umumiy beqarorlikka oid jamiyatdagi notinchlikni ko‘rsatib berdi. “Oyan Qazaqstan” singari harakatlar esa ochiqchasiga parlamentar respublika, ochiq saylovlar, ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazish huquqini talab qilib chiqishdi. Ushbu siyosiy-ijtimoiy harakat siyosiy erkinliklar, shuningdek, xavf ostidagi ijtimoiy tabaqalar va onalarga yordam berish uchun zaruriy bo‘lgan iqtisodiy-siyosiy o‘zgarishlar talab qiladi. Prezident Nazarboyev son-sanoqsiz nutqlarida Qozog‘istonning “barqarorligi”ga ko‘proq tahdidlarni keltirib o‘tadi, radikal Islomiy harakatlarning tarafdorlaridan keluvchi ichki Islomiy terrorizm tahdidlari shular jumlasidan. Nazarboyevning iste’fosidan beri o‘sib borayotgan elita ichidagi raqobat ham rejimning umumiy barqarorligiga xavf soldi — Nazarboyev bir qator siyosiy manfaat guruhlarini bog‘lab turuvchi ko‘prik edi va hamon shunday bo‘lib qolyapti. Nazarboyev rejimining barqarorligi rejimning hududiy va markaziy elitalar ustidan nazoratiga hamda rejim tomonidan keng aholiga targ‘ib qilindigan hukmron diskurs ustidan nazoratiga tayanadi.[20] Mamlakatning birinchi va yagona prezidenti, 1989-yildan beri iqtidorda o‘tirib kelayotgan hamda Qozog‘istonning Sovet Ittifoqidan mustaqilligining deyarli o‘ttiz yilida bir necha marta qayta saylangan Nursulton A. Nazarboyev 2019-yilning martida ixtiyoriy ravishda iste’fo berganida, bu dastlab aholining turli guruhlarini, shu jumladan, “hech qachon boshqa prezident ko‘rmagani”ni bildirganlarni ham hayratga soldi.

Nazarboyevning televizorda efirga uzatilgan prezidentlik murojaatida e’lon qilingan ixtiyoriy iste’fosidan keyin yigirma to‘rt soatdan oshmagan qisqa muddat davomida Qozog‘istonning demokratlashuvi uchun umid bor edi. Ayrim G‘arb sharhlovchilari hatto Qozog‘istonda yangi davrning boshlanishi haqida o‘ylashni boshlashdi. Ammo Nazarboyevning ramziy iste’fosi va Senat spikerining — Nazarboyev rejimining eng sadoqatli elita a’zolaridan biri — muvaqqat prezident lavozimiga ko‘tarilishi uchun ramziy konstitutsiya mexanizmining ishga solinishi ushbu umidlarni bir lahzada chippakka chiqardi. Muvaqqat prezident va endilikda saylangan ikkinchi prezident bo‘lmish Qasim-Jomart Toqayevning dastlabki qarorlaridan biri Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrining nomini Millat Otasi sifatida tarjima qilinmish Elbasi, Nursulton A. Nazarboyevning tarixiy rolini aks ettirish maqsadida Nur-Sulton deb qayta nomlash bo‘ldi. Bu qaror mahalliy norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.

Qozog‘istonning ichki siyosatidagi bu yirik o‘zgarishlar faqatgina kundek ravshan holatni ochiqlab berdi — Qozog‘istondagi hukmron diskurs hatto rasmiy iste’fosidan keyin ham  Nazarboyevning mamlakatda erishilgan rivojlanish mo‘jizalari va millatlararo hamjihatlikning yagona kafolatchisi sifatidagi legitimligi atrofiga qurilgan edi.[21] Mazkur prezidentlik diskursidan og‘uvchi har qanday muqobil diskurslar, masalan, ayni damda ta’siri ortayotgan qozoq milliy-vatanparvarlarining turg‘un dasturi yoki yengilib bo‘lgan muxolifat marginallashuvga va mag‘lublikka mahkumdir.[22] Muvaqqat prezident Qasim-Jomart Toqayev de yure mamlakatning ikkinchi prezidentiga aylanib, allaqachon ochiq va xolis saylovlarni talab qilayotgan yosh shaharlashgan ijodiy hamda fuqarolik jamiyati faollari o‘rtasida borgan sari bahslarga sabab bo‘layotgan saylovlarni e’lon qildi. 2019-yil 9-iyunda Qozog‘iston Nazarboyevning ismi ilk marta nomzodlar qatorida bo‘lmagan hamda saylovdan keyin rejimga moyil nomzod sifatida obro‘sizlangan muxolifatchi nomzod Amirjan Kosanov kiritilgan birinchi prezidentlik saylovini o‘tkazdi. Toqayev mamlakatning ikkinchi prezidenti etib saylangan 2019-yil iyundagi prezidentlik saylovlari yana “Oyan, Qazaqstan” (Uyg‘on, Qozog‘iston) harakatini tashkil etib, saylov uchastkalarida mustaqil saylov kuzatuvchilari sifatida volontyorlik qilgan yosh faollarning ishtiroki ortib borayotganini ham ko‘rsatdi. Shunga qaramay, Prezident Toqayev Millat Otasi, Elbasining soyasida faoliyat yuritishda davom etmoqda.

Hatto Prezident Nazarboyevning rasmiy xayrlashuvidan keyin ham rejim uning shaxsiylashtirilgan boshqaruv sharoitlarida yashab kelyapti. Nazarboyevning umrbod Xavfsizlik Kengashining raisi hamda yaqinda taqdim etilgan Faxriy Senator sifatidagi lavozimlari unga hokimiyatda qolishga va yangi prezident, parlament yoxud mamlakatdagi boshqa har qanday siyosiy institutga o‘z yo‘l-yo‘riqlarini taklif etishga imkon beradi. Nazarboyevning shaxsiy ta’siri qancha davom etishini vaqt ko‘rsatadi, ammo uning iste’fosi faqatgina yuzaki o‘zgarishlarni olib kelgani va rejim o‘z holida qolgani boshidanoq ma’lum: Nazarboyevsiz kechgan ilk prezidentlik saylovlari Qozog‘istondagi haqiqiy siyosiy yoki elita o‘zgarishlarini va’da ham qilmadi, amalga ham oshirmadi.

Nazarboyev o‘zining shaxsiylashtirilgan boshqaruvining o‘nlab yillari mobaynida shakllantira olgan diskurslar yaqin yillar ichida diskursiv va siyosiy raqobatni kamaytirishda milliylashtiruvchi rejim hamda uning taktikalarga o‘z ta’sirini o‘tkazib kelaveradi. Bu holat esa shunchaki shaxsga sig‘inishni tadqiq etgandan ko‘ra, shaxsiylashtirilgan milliylashtiruvchi rejimning rivojlanib borishini batafsilroq va nozikroq o‘rganishga imkon beradi. Shaxsga sig‘inish hamda shaxsiylashtirilgan milliylashtiruvchi rejim o‘rtasidagi farq shundaki, shaxsga sig‘inish holatlari rahbarning o‘limidan keyin kamayib ketadi yoki hatto qoralanadi. Ammo Millat Otasi yoxud Rahbari diskursining mustaqillikning dastlabki o‘n yilliklari davomida millat nimani anglatishi haqidagi har bir tushunchaga institutsional tarzda singdirilishi kelajakdagi millat qurish jarayonlariga uzoq muddatli ta’sir qiladi, hatto rahbarning ketishi yoki o‘limidan keyin ham. Boisi qolgan siyosiy elitalar yangi diskurslar va milliy o‘zlik borasida davlat dasturlarining institutlashtirilgan tizimlarini ishlab chiqqunlarigacha, o‘z legitimliklarini hosil qilish uchun Millat Otasi shaxsiylashtirilgan boshqaruvining institutlashtirilgan diskurslaridan foydalanib kelishadi. Yoxud shaxsiylashtirilgan milliylashtiruvchi rejimlar ularga xos g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamaydigan raqib guruhlarning raqobatiga bardosh bera olmasliklari mumkin. Shunda ular yoki Millat Otasi siymosiga hujum qilib, u amalga oshirgan har bir loyihaga qarshilik qilishadi, yoki butun tizimni tanqid qilishadi. Nazarboyevning ketishidan keyin Qozog‘istondag‘i vaziyat hamon aniq emas, biroq yosh ijodiy shaharlik faollar jamoasi Qozog‘iston bo‘ylab “Xolis va Erkin Saylovlar Uchun”, “Mening tanlovim bor, ” “Men uyg‘ondim, ” “Haqiqatdan qochib qutula olmaysizlar” kabi shiorlar bilan norozilik bildirayotganing alomatlari mavjud. Bu hozirgi kungacha Roman Zaxarovning ijodiy faollik doirasida Konstitutsiyadan iqtibos keltirgan har yerda uchrovchi yangi shiorlar va plakatlar bilan kechayotgan mavqelar kurashi shaklida davom etyapti.

Muayyan hukmron diskurslarning yakkahokimligi Latviyadagi etnik maydon hamda Qozog‘istondagi avtoritar rahbariyatdan tashqaridagi siyosiy jarayonlar va siyosiy ishtirokdagi plyularizmga qiyinchilik tug‘diradi. Mazkur kitobda ko‘rsatib o‘tamanki, Nazarboyevning iste’fosiga va hatto bir kuni jismoniy o‘limiga ham qaramay, u siyosiy elitalar va milliylashtiruvchi rejimlar o‘z legitimligi va siyosiy mujdalarini hosila qila oladigan eng qudratli diskurslardan biri bo‘lib qolaveradi. Negaki milliylashtiruvchi rejimning elita diskursi shunday qurilganki, birinchi prezident siymosi mamlakatdagi har bir ijobiy o‘zgarish asoschisi bo‘ladi, har bir mafkuraviy dastur yoki paradigmaning diskursiv markaziga qo‘yiladi.[23]

Hukmron diskurs nafaqat muqaddas millat tushunchasiga, balki o‘z zamonida millatni yaratgan va saqlab keladigan muqaddas Millat-Quruvchisiga ham asoslangan shaxsiylashtirilgan milliylashtiruvchi rejimni aynan shu omil belgilab beradi. Nazarboyevning shaxsiylashgan diskursi uning so‘zlari, tarixiy roli va ko‘zlovini millat qurish tizimiga deyarli o‘ttiz yil muntazam — Sovetlarning Leninga haddan tashqari diqqat qaratishi va uning “jismoniy” ko‘rinishini har bir Sovet fuqarosining kundalik hayotiga kiritishini eslatib yuboradigan darajada — singdirib kelinganidan so‘ng qancha vaqt saqlanib qolishini tadqiq etish boshqa bir kitob savoli bo‘ladi.

Nursulton Nazarboyevning byustlari jamoat joylarida hali Lenin byustlari singari har yerda uchramaydi, ammo uning suratlari hatto rasmiy iste’fosidan keyin ham Qozog‘iston bo‘ylab juda katta joy egallaydi. Bu hodisa demokratlashgan siyosiy va jamoaviy doiralarning shakllanishini murakkablashtiradi.

Latviyaning g‘oyaviy milliylashtiruvchi rejimi shaxsiylashtirilgan rejimdan yaxshiroq emas, zotan, u ham millatning neligi va qanday shakllanishi kerakligi borasidagi muhokamalarda plyuralistik qarashlarga doimiy to‘sqinlik qilib keladi. Qolaversa, millat haqidagi juda tor nuqtai nazarni, masalan, latviyalik bo‘lish nimani anglatishi haqida juda qat’iy etnik mazmun belgilab, uni muhofaza qilish bilan qotib qolgan g‘oyaviy milliylashtiruvchi rejim umumiy mamlakatning rivojlanishiga xalaqit qiladi. Millat nima ekanligini nazorat qilishga mukkasidan ketish yana aholining katta qismlarini millatdan tashqarida, ammo millat qurilgan davlat ichida qoldiradigan murakkab pretsedentlarni ham hosil qiladi. Latish bo‘lmagan elitalar Latviya milliylashtiruvchi rejimining o‘sha birtarkibli qarashiga parallel jamoalar hosil qilish haqida uzoq vaqtdan beri gapirib kelishayotgan bo‘lsa ham, Latviyada ayni damda migrantlar o‘z fuqarolik davlatidan va muqaddas latish millati hududlaridan uzoqda o‘zlarining diaspora jamoalarini yaratib olishyapti.


[1] Kandil, Power Triangle, 2.

[2] Higley and Pakulski, “Elite Theory versus Marxism, ” 229.

[3] Qarang: Bauman. “Love in Adversity”; Karabel, “Towards a Theory of Intellectuals”; Motyl, “Inventing Invention”; Suny and Kennedy, Intellectuals; Verdery, “Civil Society or Nation?”; Zake, “Inventing Culture and Nation”; and Zaslavsky, “Nationalism and Democratic Transition.” Men yana bu jarayonni batafsil Kudaibergenova, Rewriting the Nation da, milliy tasavvur uchun hukmron narrativlarni ishlab chiqqan, ammo mustaqillikdan avval va keyin pragmatik nomenklatura uchun siyosiy kurashda mag‘lub bo‘lgan Qozog‘istonning madaniy elitalari misolida ham muhokama qilganman.

[4] Badie, Berg-Schlosser, and Morlino, International Encyclopedia of Political Science.

[5] Brubaker, “Nationalizing States Revisited, ” 1786.

[6] Rivers, “Attitudes towards Incipient Mankurtism, ” 159; and Kudaibergenova, “Mankurts, Kazakh ‘Russians’ and ‘Shala’ Kazakhs.”

[7] Brubaker, “Nationalizing States Revisited, ” 1786.

[8] Rossiya haqida qarang: Clowes, Russia on the Edge; O‘zbekiston haqida qarang: Adams, Spectacular State; Tojikiston haqida qarang: Ibañez-Tirado, “‘How Can I Be Post-Soviet?’”; va: Tlostanova, What Does It Mean?

[9] Ayniqsa, Boltiqbo‘yi olimlari Sovet post-kolonial tadqiqotlar sohasini shakllantirishga muvaffaq bo‘lgan. Qarang: Annus, “Ghost of Essentialism”; Annus, “Layers of Colonial Rule”; Annus, “Problem of Soviet Colonialism”; va Kelertas, Baltic Postcolonialism.

[10] Post-Sovet makonida “dekolonial”, “post-kolonial” tushunchalarining tabiatini ta’riflash, tuzilmaviy holga keltiish hamda tahlil qilish haqidagi turli bahslarga bog‘liq bo‘lgan dastlabki muhokamalar hamon mavjud. Butun sobiq Sovet makoni bo‘ylab san’at sohasidagi dekolonial va post-kolonial bahslarga oid hozirgi pastdan boshlangan o‘zgarishlar, shubhasiz, bu masalani chuqurroq tanqidiy tekshirishning ahamiyatini ko‘rsatadi.

[11] Brubaker, “Nationhood and the National Question.”

[12] Ivans, Voin ponevole; and Kudaibergenova and Shin, “Authors and Authoritarianism.”

[13] Tilly, Democracy; yana qarang: Tilly, Stories, Identities, and Political Change.

[14] Linz and Stepan, Problems of Democratic Transition, 3.

[15] Wedeen, Peripheral Visions, 74.

[16] Yana qarang: Jones Luong, Institutional Change; Jones Luong, Transformation of Central Asia; Marat, “Nation Branding in Central Asia”; va Schatz, “Access by Accident.”

[17] Tilly, Democracy, 13–14.

[18] Qarang: Bissenova, “Post-Socialist Dreamworlds; Fauve, “Tale of Two Statues”; Junisbai and Junisbai, “Democratic Choice of Kazakhstan”; Schatz, “Soft Authoritarian Tool Kit”; va Tilly, Democracy.

[19] Adams and Rustemova, “Mass Spectacle, ” 1249; yana qarang: Bissenova, “Post-Socialist Dreamworlds”; Carlson, “Failure of Liberal Democratisation; Cummings, Kazakhstan: Power and the Elite; Dave, Kazakhstan; Matveeva, “Legitimising Central Asian Authoritarianism”; McGlinchey, Chaos, Violence, Dynasty; McGlinchey, “Paying for Patronage”; va Schatz, “Soft Authoritarian Tool Kit.”

[20] Isaacs, Party System Formation; Jones Luong, Institutional Change; Kudaibergenova, “Use and Abuse”; and McGlinchey, “Paying for Patronage.”

[21] Kudaibergenova, “Ideology of development.”; Kudaibergenova, “Compartmentalized Ideology”; va Kudaibergenova, “Compartmentalized Ideology and Nation-Building.”

[22] Kudaibergenova, “Modernizing the Past”; Kudaibergenova, “Use and Abuse of Postcolonial Discourses”; Laruelle, “Which Future for National-Patriots?” 155; Junisbai, “Market Reform Regimes”; va Isaacs, “‘Papa’–Nursultan Nazarbayev.”

[23] Qozog‘istonning siyosiy elitasi 1995-yildan keyin “mafkura” so‘zini yoqtirmay qolgan, ammo Ideinaia konsolidatsia, Qozog‘iston-2030 va eng muhimi, Mangilik El, Abadiy Millat kabi davlat dasturlarining shakli va mazmuni mafkuraviy ildizlar va yo‘nalishga ishora qiladi. Ushbu dasturlar alohida bo‘lsa-ham, yagona mujdani berishadi — Qozog‘istonning rivojlanishi uchun Nazarboyev Yo‘lini mustahkamlashadi — va birinchi prezidentni nafaqat Millat Otasi, Elbasi sifatida, balki mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning bosh kafolatchisi sifatida taqdim etishadi. Nazarboyev rejimining mafkura so‘zidan foydalanishini 1-bobda muhokama qilib, mafkura deganda nimani tushunish bo‘yicha o‘z ta’riflarini (mamlakat rivojlanishiga yo‘nalish beruvchi omil) ilova qilaman.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About