Donate

Ortiqcha aholining yuzaga kelishimi? Yerni dekollektivizatsiya qilish, sinfiy tabaqalanish va Oʻzbekistonda mehnatning nobarqarorlashuvi

Tarjima va Tanqid03/08/26 15:28108

Tarjimon nomidan kirish so’zi

Ittifoq tarqagach, Oʻzbekiston qishlogʻida yer bilan nima boʻldi? Va nega oʻttiz yil ichida qishloq aholisining katta qismi mardikor bozoriga, Toshkent chekkalariga yoki Rossiya qurilishlariga chiqib ketdi?

Bu ikki savol odatda bir-biriga bogʻlanmaydi. Yer davlat mulki boʻlib qolgani, xususiylashtirish esa deyarli oʻtkazilmagani maʼlum. Shuning uchun birinchi savolga javob koʻpincha: "deyarli hech narsa" boʻladi. Ammo ikkinchi savolni inkor etib boʻlmaydi: qishloq jamiyati keskin oʻzgargani yaqqol koʻrinadi. Shu sababli Oʻzbekiston ilmiy adabiyotlarda uzoq vaqt "paradoks" sifatida tasvirlandi: goʻyoki islohotlar boʻlmagan, lekin jamiyat tubdan oʻzgargan.

Franko Galdini esa paradoks Oʻzbekistonda emas, uni oʻlchash usulida, deydi. Agar oʻtish faqat xususiylashtirish va liberallashtirish mezonlari orqali qidirilsa, boshqa yoʻl bilan yuz bergan oʻzgarishlar tabiiy ravishda koʻrinmay qoladi.

Sovet davrida paxta oʻziga xos ayirboshlov vositasi edi. Qishloq paxta yetishtirar, buning evaziga ish oʻrinlari, maktablar, shifoxonalar, sugʻorish tizimlari va jamoa yeridan foydalanish huquqini olardi. 1990-yillarda sovxozlar kolxozlarga, kolxozlar esa shirkatlarga aylantirildi. 1998-yildagi Yer kodeksi esa shirkatlarni ham tugatdi. Yer huquqiy jihatdan davlat mulki boʻlib qolgan boʻlsa-da, undan foydalanish huquqi uzoq muddatli ijara orqali ozchilik qoʻliga oʻtdi. Natijada qishloq xoʻjaligi xonadonlarining qariyb 10 foizi ekin maydonlarining 85 foiziga egalik qila boshladi. Paxtadan olinadigan renta ham oʻz yoʻnalishini oʻzgartirdi: u endi qishloq ijtimoiy infratuzilmasini saqlashga emas, sanoatni subsidiyalashga yoʻnaltirildi.

Galdini nazarida aynan shu jarayon yangi sinfiy tuzilmani vujudga keltirdi. Bir tomonda — mayda kapitalistik fermerlar qatlami shakllandi. Qolganlar uchun esa daromad topishning asosiy yoʻli aynan shu fermerlarga bogʻlanib qoldi: yollanma mehnat qilish, yaylovdan foydalanish yoki hatto paxta poyasini yigʻish ham ular orqali amalga oshadigan boʻldi. Ikkinchi tomonda esa yerdan ajralgan va norasmiy iqtisodiyotga siqib chiqarilgan koʻpchilik paydo boʻldi.

Shu yerda muallif Marksning "nisbiy ortiqcha aholi" tushunchasiga murojaat qiladi. Bu odamlar aholining koʻpligi sababli emas, balki mavjud iqtisodiy tizim ularga ehtiyoj sezmagani uchun "ortiqcha"ga aylangan edi. Muhimi, bu vaqtinchalik holat emasdi. Iqtisodiy oʻsish bilan yoʻqolib ketmadi, aksincha, yil sayin qayta ishlab chiqarilib bordi.

Galdini tasvirlagan jarayonning kengroq nazariy nomi ham bor. Avvalroq biz yozgan Devid Harvi yer va boshqa umumiy resurslarning tortib olinishini kapitalizmning faqat dastlabki bosqichiga xos hodisa emas, balki uning doimiy ishlash mexanizmlaridan biri deb taʼriflaydi. Uning fikricha, kapital inqirozdan chiqish uchun hali bozorga aylantirilmagan resurslarni oʻzlashtirib boradi. Qurilish uchun buzilayotgan mahallalar ham, tugatilgan shirkatlar ham shu jarayonning turli koʻrinishlaridir. Galdini esa aynan shu mexanizmning Oʻzbekistondagi ishlashini yaqin masofadan koʻrsatadi: bitta ekin, bitta mamlakat, aniq raqamlar va aniq institutlar misolida.

Asl farq mamlakatlar oʻrtasida emas, balki voqelikni tasvirlash uchun ishlatiladigan ikki xil tilda namoyon boʻladi. Birinchi til odamlar bilan nima sodir boʻlganini aytadi: ular yerdan ajratildi, mulkdan mahrum boʻldi, "ortiqcha" mehnat kuchiga aylandi. Ikkinchi til esa davlat nima qilganini tasvirlaydi: islohot oʻtkazdi, optimallashtirdi, oʻtish davrini boshqardi. Ikkinchi tilda "buning evaziga kim yutqazdi?" degan savol deyarli tugʻilmaydi. Chunki bu tilda zarar koʻrganlar yoʻq — faqat yangi sharoitga moslasha olmaganlar bor.

Galdini tasvirlagan jarayon bugun ham davom etyaptimi? Agar davom etayotgan boʻlsa, endi u qanday nomlar ostida kechyapti? Va nega Oʻzbekistonda yersizlik koʻpincha adolatsizlik sifatida emas, balki tabiiy holat sifatida qabul qilinadi?

Tarjimon: Odilxon Orifjonov

Tahrirchi: Maxfiratbegim Azizi

Asl manba: Galdini F (2023). Rise of the Surplus Population? Land Decollectivization, Class Stratification, and Labor Precarization in Uzbekistan. International Labor and Working-Class History 103, 147–161.

Содержание
  • Annotatsiya
  • Kirish
  • Sovet Oʻzbekistonida jamoa qishloq xoʻjaligi
  • Yerni dekollektivizatsiya qilish va sinfiy tabaqalanish: xususiy fermerlar va yersiz dehqonlar
  • Nobarqaror ortiqcha aholi: dehqonlar, kunbay ishchilar, mehnat muhojirlari
  • Xulosa
Belkin Alexey/globallookpress.com
Belkin Alexey/globallookpress.com

Franco Galdini

Manchester universiteti, Manchester, Buyuk Britaniya. Muallif bilan aloqa: franco.galdini@manchester.ac.uk

Annotatsiya

Ushbu maqolada dekollektivizatsiya (jamoa xoʻjaliklarining tarqatib yuborilishi — tarj.) "oʻzbek modeli" deb atalmish yoʻlning markaziy siyosatlaridan biri sifatida talqin qilinadi: aynan shu siyosat mustaqil Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga paxta eksportchisi sifatida qoʻshilishiga vositachilik qildi. Shu tariqa maqola hukmron tranzitsiya adabiyoti mamlakatning 1991 yildan keyingi mustaqil tarixini na tranzitsiya, na transformatsiya roʻy bermagan "paradoks" sifatida koʻrsatishini muammoli deb biladi. Oʻsha adabiyot tranzitsiyani xususiylashtirish, liberallashtirish va makroiqtisodiy barqarorlashtirishning joriy etilishi sifatida nazariylashtirgani bois, u bir narsani izohlab bera olmaydi: nega andozaviy islohot paketi qoʻllanilmagani holda ham Oʻzbekiston toʻla bandlik va past migratsiyadan iqtisodiy faoliyatning ommaviy norasmiylashuvi va qishloqdan ommaviy koʻchib ketishiga tomon tubdan transformatsiyani boshdan kechirdi. Men esa boshqacha fikrdaman: dekollektivizatsiya qishloq aholisini yerdan ommaviy tarzda ekspropriatsiya qilish — markscha aytganda, dastlabki jamgʻarish — jarayonini keltirib chiqardi; buning maqsadi yerni kapital jamgʻarish uchun ishlab chiqarishga jalb etish edi. Shu tariqa yerdan foydalanish sovet davridagi qishloq aholisining jamoaviy takror ishlab chiqarilishidan mustaqillikdan keyingi kapital jamgʻarishning renta hisobidan subsidiyalanishiga oʻtkazildi — ayniqsa import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish orqali. Natijada Oʻzbekiston jamiyatining sinfiy tabaqalanishi yuz berdi. Bu eng yaqqol tarzda ulkan nisbiy ortiqcha aholining paydo boʻlishida koʻzga tashlanadi: kunbay ishchi va mehnat muhojiri sifatida norasmiy iqtisodiyotning beqaror sharoitida kun kechirishga urinayotgan yersiz dehqonlar.

Kirish

Oʻttiz yil davomida tranzitsiya (oʻtish) haqidagi adabiyot 1991 yilda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi parchalanishi natijasida vujudga kelgan mustaqil respublikalarning transformatsiyasi haqidagi ilmiy bahsda hukmronlik qildi. Bu adabiyot juda keng va rang-barang boʻlsa-da, eng tub asosida bir fikrga qoʻshiladi: xususiylashtirish, (narx va savdo) liberallashtirish hamda makroiqtisodiy barqarorlashtirishdan iborat andozaviy islohot paketi barbod boʻlgan sovet buyruqbozlik iqtisodiyotidan erkin bozor kapitalizmiga "oʻtish"ning yagona yoʻli edi.¹ Bu adabiyot islohot paketining samaradorligini hech qachon shubha ostiga olmadi. Holbuki, sobiq Sovet Ittifoqi hududlaridagi voqelik uning kutganlariga zid chiqdi: taraqqiyot va turmush darajasining oʻsishi oʻrniga keng koʻlamli desanoatlashuv va ishchilar sinfining qashshoqlashuvi yuz berdi. Oʻsha adabiyot esa bu muvaffaqiyatsizlikni aslida puxta islohotlarning ("tranzitsiya" paketining) qoʻllanmagani yoxud qisman va chala tatbiq etilganiga bogʻladi; buning sababi esa, ayniqsa, korrupsiyaga botgan elita va tanish-bilishchi kapitalistlarning shaxsiy manfaatlari edi, deb hisobladi.² Shu bois adabiyot sobiq Sovet Ittifoqida na tranzitsiya, na tub transformatsiya boʻlgani "paradoksi" iskanjasida qolib ketganday koʻrinadi; ³ u birinchisini shunday nazariylashtirgani sababli ikkinchisini tushuntira olmaydi.

Shu jihatdan Oʻzbekiston istisno emas. Andozaviy islohot paketiga zid ravishda Oʻzbekiston hukumati "oʻzbek modeli" deb atalmish yoʻl orqali narx buzilishlarini va yerga davlat mulkchiligini saqlab qolgani uchun mamlakat "sovet buyruqbozlik iqtisodiyoti hamda boshqaruv tuzilmalarini… bozor islohotlari yoʻnalishida faqat yuzaki, rasmiyatchilik uchun qadamlar tashlagan holda saqlab qolgan" davlat sifatida koʻrsatildi.⁴ Buning natijasi "bozor va buyruqbozlik tizimlari oʻrtasidagi qandaydir gibrid"dan iborat "betakror hodisa" boʻldi.⁵ Oqibatda Oʻzbekiston "bozor iqtisodiyoti va liberallashtirishning biror-bir jiddiy belgilarini joriy etmagan, biroq shunga qaramay qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqarish munosabatlari va agrar tuzilmada muhim oʻzgarishlarni keltirib chiqargan islohot paradoksi"ni namoyon etdi; bu oʻzgarishlar sovet davridagi toʻla bandlik va qishloqdan past koʻchib ketishdan mustaqillikdan keyingi ommaviy norasmiylik va asosan mavsumiy migratsiyaga oʻtishda koʻzga tashlanadi.⁶ Yana bir bor taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston haqidagi tranzitsiya adabiyoti ham na tranzitsiya, na transformatsiya boʻlgan "paradoks" iskanjasida qolib ketganday koʻrinadi.

Ushbu maqolaning boshlangʻich nuqtasi ana shu. Maqolada yerni dekollektivizatsiya qilish oʻzbek modeli mamlakatning jahon iqtisodiyotiga paxta eksportchisi sifatida qoʻshilishiga vositachilik qilgan hal qiluvchi siyosatlardan biri deb belgilanadi. Yer huquqiy jihatdan davlat mulki boʻlib qolgani holda, dekollektivizatsiya davlatga yer va umumiy jamoa resurslariga kirish imkonini xususiylashtirish, ayni paytda paxta rentasining asosiy qismini sovet farovonlik tizimidan kapital jamgʻarishni subsidiyalashga — asosan import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish (ISI) shaklida — yoʻnaltirish imkonini berdi. Boshqacha aytganda, dekollektivizatsiya sovet ijtimoiy shartnomasini agʻdarib tashladi: bu shartnomaga koʻra, paxta yetishtirish evaziga qishloq aholisi toʻla bandlik, farovonlik va infratuzilma bilan taʼminlanar, yer va umumiy jamoa resurslaridan foydalanish orqali jamoaviy tarzda takror ishlab chiqarilar edi. Natijada qishloq aholisining aksariyati yersiz dehqonlardan iborat ulkan ortiqcha aholi safiga uloqtirildi; ularning nobarqaror mehnati mustaqil Oʻzbekistonning belgilaridan biriga aylandi va bu norasmiy iqtisodiyotda — tirikchilik qishloq xoʻjaligida, kunbay ishchi va mehnat muhojiri sifatida — omon qolish uchun kurashda eng yaqqol koʻrinadi. Shu tariqa, Oʻzbekistonda iqtisodiy faoliyatning norasmiylashuvi va nobarqarorlashuvi (ing. precarization — mehnatning kafolatsiz, beqaror holga kelishi) bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlibgina qolmay, balki Oʻzbekiston jamiyatining chuqur transformatsiyasi — sinfiy tabaqalanishi — aynan oʻzbek modeli (uning vositachiligi) tufayli yuz berdi. Demak, hech qanday "paradoks" yoʻq.

Tahlilga oʻtishdan avval bir necha izoh oʻrinli. Maqola Oʻzbekistondagi oʻzgarishga ishonarli tushuntirish yoʻqligini, yaʼni hukmron tranzitsiya adabiyotida uchraydigan va na tranzitsiya, na transformatsiya "paradoksi" koʻrinishida umumlashtirilgan kamchilikni tanqid qiladi.⁷ Bu barcha yoki hatto aksariyat adabiyot masalani "paradoks" sifatida koʻrsatadi degani emas — garchi bu yerda iqtibos keltirilgan yoki havola qilingan mualliflardan baʼzilari, albatta, shunday qiladi. Bu shuni anglatadiki, Oʻzbekistonda nima yuz bergani va nima uchun yuz berganini izohlash oʻrniga, tranzitsiya adabiyoti 1991 yildan keyin nima sodir boʻlishi kerakligini oldindan faraz qildi, soʻng kutganlari nega oqlanmaganini izohlashga tushdi. Oqibatda savol javobsiz qoldi: adabiyotning oʻz baholashiga koʻra islohot oʻtkazmagan mustaqil Oʻzbekiston nega bunchalik chuqur transformatsiyani boshidan kechirdi? Shunday qilib, maqolaning oʻziga xos hissasi aynan mana shu transformatsiyani izohlashdan iborat: nobarqaror sharoitda mehnat qiladigan ulkan nisbiy ortiqcha aholining paydo boʻlishini — mazkur maxsus sonning mavzusini — oʻzbek davlati mamlakatni jahon iqtisodiyotiga paxta eksportchisi sifatida qanday qoʻshganidan boshlab, ham mamlakat ichida, ham chet elda koʻrsatish.

Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, garchi Oʻzbekistonda 2018 va 2019 yillarda oʻtkazilgan vakillik namunasidagi kichik guruh intervyulari va dala kuzatuvlaridan olingan ayrim asl material kiritilgan boʻlsa-da, maqola empirik maʼlumotlar uchun asosan mavjud adabiyotga — ayniqsa Kandiyoti va Trevizanining 1990- va 2000-yillarga oid muhim antropologik tadqiqotlariga — tayanadi. Bu adabiyotni alohida boʻlimda koʻrib chiqish oʻrniga, maqola uning xulosalarini bu yerda ilgari surilgan muqobil ramka nuqtai nazaridan qaytadan talqin qiladi. Boshqacha aytganda, bu yerdagi maqsad — Oʻzbekistondagi oʻttiz yillik qishloq oʻzgarishlarining tavsifiy solnomasini qayta yaratish emas (adabiyotda bu keng hujjatlashtirilgan); balki bu oʻzgarishning hal qiluvchi va uzoq muddatli xususiyatlaridan biriga, yaʼni norasmiy mehnat qiladigan va millionlab kishi boʻlib mavsumiy migratsiyaga chiqadigan ulkan ortiqcha aholining paydo boʻlishiga izchil tushuntirish berishdir. Shu bois yaqinroq davrdagi voqealarga havola ham shu xususiyatning barqarorligini koʻrsatishga qaratilgan, 2000-yillarning oxiridan buyongi aniq oʻzgarishlarning zamonaviy manzarasini taqdim etishga emas.

Maqola quyidagicha tuzilgan. 1-boʻlim Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasidagi (OʻzSSR) jamoa qishloq xoʻjaligining asosiy institutlarini tanishtiradi; bu institutlar qishloq aholisining jamoaviy takror ishlab chiqarilishini paxta yetishtirish evaziga toʻla bandlik, farovonlik va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek yer va umumiy jamoa resurslaridan jamoaviy foydalanish orqali kafolatlagan edi. 2-boʻlim mustaqil Oʻzbekistonda dekollektivizatsiya sovet ijtimoiy shartnomasini qanday agʻdarib tashlagani va bu oʻzbek qishloq jamiyatini ozchilikni tashkil etuvchi xususiy fermerlar bilan aksariyatni tashkil etuvchi yersiz dehqonlar oʻrtasidagi sinfiy tabaqalanishga qanday olib kelganini oʻrganadi. 3-boʻlim bahs qilganidek, bu nisbiy ortiqcha aholi — yersiz dehqonlar — nobarqaror norasmiy iqtisodiyotda kun kechirish uchun kurashadi; bu mustaqillikdan keyin paydo boʻlgan kunbay ishchilar bozorlari (mardikor bozorlari) va ommaviy mehnat migratsiyasi, ayniqsa Rossiya va Qozogʻiston tomon migratsiya hodisalarida koʻzga tashlanadi. Xulosa qismi maqolaning asosiy topilmalarini umumlashtiradi.

Tarjimon izohi. Matnda takror uchraydigan "(nisbiy) ortiqcha aholi" — Marksning relative surplus population atamasi. U demografik "aholi koʻpligi"ni emas, kapital jamgʻarishga nisbatan keraksiz qilib qoʻyilgan mehnat kuchini, yaʼni sanoat zaxira armiyasini bildiradi; maltuscha "haddan ortiq odam" tushunchasiga qarama-qarshi qoʻyiladi.

Sovet Oʻzbekistonida jamoa qishloq xoʻjaligi

OʻzSSRda hayot asosan yer atrofida aylanardi. Aholining yarmidan koʻpi qishloq joylarda istiqomat qilardi; bu koʻrsatkich, garchi baholar turlicha boʻlsa-da, bugun ham koʻp jihatdan oʻz kuchini saqlab qolgan.⁸ Shu sharoitda jamoa qishloq xoʻjaligining institutlari — kolxoz va sovxoz deb ataluvchi jamoa hamda davlat xoʻjaliklari — nafaqat iqtisodiy faoliyatni, xususan Ittifoqning Yevropa respublikalari sanoati uchun yoki qattiq valyuta bozorlariga eksport uchun paxta yetishtirishni tartibga solar, balki qishloq jamoalarini yaxlit tuzilma sifatida uyushtirar edi. Umuman olganda, sovxoz kolxozdan bir qancha jihati bilan farq qilardi: jumladan, u ishchilarga yuqoriroq maosh berardi va yirikroq kapital sarmoyalarining — masalan, resurslar va texnikaning — oluvchisi edi.⁹ Biroq "davlat va jamoa xoʻjaliklari ishlab chiqarish birligidan koʻra ancha koʻproq narsa edi", chunki ular "qishloq jamoasini oʻz ichiga olardi"¹⁰ va "amalda ijtimoiy hamda iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan ijtimoiy institutlar edi".¹¹ Xususan, kolxoz va sovxoz elektr, gaz hamda suv yetkazib berish va infratuzilmani saqlashni — jumladan, paxta yetishtirish uchun ulkan kanal sugʻorish tizimini — hamda bolalar bogʻchalari, maktablar, poliklinikalar va shifoxonalarni taʼminlardi; shuningdek, ishchilar va ularning oilalari uchun oziq-ovqat yetishtirish va chorva boqishga moʻljallangan jamoa yerlaridan foydalanish huquqini ham berardi.¹²

Bu — ishchilar sinfining, xususan OʻzSSRda esa qishloq aholisining jamoaviy takror ishlab chiqarilishini kafolatlagan sovet ijtimoiy shartnomasining oʻzagi edi. Boshqacha aytganda, Ittifoq miqyosidagi ommaviy sanoat ishlab chiqarishi va jamoa qishloq xoʻjaligi sharoitida OʻzSSR paxtani toʻla bandlik, ijtimoiy infratuzilma va farovonlik xizmatlari¹³ hamda yer va umumiy jamoa resurslaridan foydalanish evaziga yetishtirardi. Moskvadan keladigan sof toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita byudjet oʻtkazmalari OʻzSSRda bu "har taraflama vasiy" davlatni ushlab turdi; ¹⁴ bu, jumladan, paxta uchun narx ragʻbatlaridan tizimli foydalanishni ham oʻz ichiga olardi: oʻn yilliklar davomida — miqdori turlicha boʻlsa-da — paxta xalqaro narxlardan yuqori xarid narxlarida toʻlab olinardi.¹⁵ Natijada 1970-yillarga kelib OʻzSSRda "koʻpchilik Osiyo qoʻshnilariga qaraganda ancha yuqori moddiy turmush darajasi" qaror topdi. Sogʻliqni saqlash va taʼlim koʻrsatkichlari ham xuddi shunday eʼtiborga sazovor edi: "[1960-yillarning boshlariga kelib] erkaklar uchun ham, ayollar uchun ham deyarli umumiy savodxonlikka erishildi (Hind yarimqitʼasidagi 20 foizga nisbatan) va bu yerda har bir kishiga toʻgʻri keladigan shifokorlar soni Osiyo oʻrtacha koʻrsatkichidan yetti barobar koʻp edi".¹⁶ Bularga "mamlakatning butun hududini qamrab olgan keng tibbiy va sogʻliqni saqlash tarmogʻini rivojlantirish" ham kirardi.¹⁷

Jamoa xoʻjaliklarida toʻplangan sezilarli ijtimoiy ish haqini hisobga olsak, "[Sovet] Oʻzbekistonidagi qishloq xoʻjaligi yoki xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlgan kishi koʻpincha oʻzining sanoat yoki shahar sohasidagi hamkasbiga qaraganda yuqoriroq daromad olishi va yuqoriroq turmush darajasini ushlab turishi mumkin edi"; ¹⁸ bu OʻzSSRda qishloqdan koʻchib ketish pastligini, shuningdek Sovet Markaziy Osiyosining SSSRdagi eng past migratsiya darajalaridan biriga ega ekanini tushuntiradi.¹⁹ Shu tariqa, paxta sohasi bilan bogʻliq ayrim sanoatlashuvni — masalan, traktor va mexanik kombayn ishlab chiqarish, shuningdek toʻqimachilik va kimyo sanoatidagi kabi — oʻz ichiga olgan jadal rivojlanishga qaramay, oʻzbeklar va tojiklar kabi mahalliy millatlar qishloq xoʻjaligi va xizmat sohasida ishlashni afzal koʻraverdi; rus muhojirlari esa, ayniqsa shaharlarda, yuqoriroq malaka talab qiladigan sanoat va texnika ishlarida yetakchi boʻlib oldi.²⁰

Hatto qayta qurish yillaridagi ishlab chiqarish va ijtimoiy takror ishlab chiqarishdagi shiddatli inqiroz davrida ham OʻzSSRdagi kolxoz va sovxozlar ijtimoiy ish haqini umuman taʼminlashda davom etdi; yer va umumiy jamoa resurslaridan jamoaviy foydalanish esa sanoat, qurilish va transport sohalarida oʻsib borayotgan ishsizlik oqibatlarini yumshatdi. Odamlar "bor ishni oʻzaro boʻlishib" ishlash yoki tirikchilik qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanish uchun qishloqqa qaytar edi.²¹ Bu jarayon qayta agrarlashuvga olib keldi va 1980-yillarda qishloqlarda "yashirin ishsizlik"ni kuchaytirdi.²² Bu hodisalar 1991 yilgi mustaqillikdan keyin tezlashadi, chunki endi mustaqil Oʻzbekistonda eksportga paxta yetishtiruvchi mamlakat sifatida ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarishning moddiy shart-sharoitlari tubdan oʻzgardi. Endi men shu masalaga oʻtaman.

Yerni dekollektivizatsiya qilish va sinfiy tabaqalanish: xususiy fermerlar va yersiz dehqonlar

1990-yillar davomida oʻzbek modeli sovxozlarning kolxozlarga, soʻng asta-sekin shirkat deb ataluvchi aksiyadorlik kooperativlariga aylantirilishiga vositachilik qildi; bu "hukumatning [jamoa xoʻjaliklari uchun] moliyaviy javobgarligini kamaytirish" va "davlat byudjetini xarajatlardan xalos qilish" maqsadida amalga oshirildi.²³ 1994 yilga kelib sovxozlar deyarli butunlay yoʻq qilingan edi.²⁴ Oqibatda ish oʻrinlari bosqichma-bosqich qisqardi: dastlabki qisqartirishlar ishchi kuchining bir qismini "ishsiz va yersiz" qoldirib, "qishloq xoʻjaligi mehnatining tasodifiylashuvi"ni keltirib chiqardi.²⁵ Shirkatlarda ishchilar jamoaning aksiyadorlariga aylanishi bilan bu amalda "respublika byudjetining ish haqi toʻlash majburiyati"ni bekor qildi; ²⁶ endi bu majburiyat rahbariyat zimmasiga tushdi. SSSR parchalanishidan keyingi iqtisodiy inqiroz va toʻlovga qobiliyatsizlik sharoitida ish haqi qarzlari yoki umuman toʻlanmaslik odatiy holga aylandi; ²⁷ bu Oʻzbekiston iqtisodiyoti boʻylab mehnatning umumiy qisqarishi bilan hamohang kechdi, buni real ish haqining keskin qisqarishi (chala bandlik), shuningdek pensiya va farovonlik toʻlovlarining kechiktirilishi, toʻlanmasligi yoki natura shaklida berilishi tasdiqlaydi.²⁸

Natijada qishloq aholisi tobora oʻz holiga tashlab qoʻyila boshladi. Shu sababli, jamoa xoʻjaliklarining bosqichma-bosqich oʻzgarishiga parallel ravishda, mustaqillikning dastlabki yillarida koʻplab qishloq xonadonlariga shaxsiy foydalanish uchun tomorqa uchastkalari ajratildi. Kichik tomorqalarni ajratish amaliyoti Sovet Ittifoqining soʻnggi yillarida joriy etilgan boʻlsa-da, ²⁹ ularning hajmi "mustaqillikdan avvalgi 110 000 gektardan 1994 yilda 630 000 gektarga"³⁰ oshdi va jami haydaladigan yerning 10 foizidagi taxminan uch million uchastkani tashkil etdi.³¹ Yana bir bor taʼkidlash joizki, davlatning maqsadi farovonlik taʼminotini sezilarli darajada kamaytirish, hatto butunlay toʻxtatish edi — toki paxta rentasining asosiy qismini import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirishni subsidiyalashga yoʻnaltirish mumkin boʻlsin. Prezident Karimov ochiqchasiga eʼtirof etganidek, "odamlarni yer bilan taʼminlash chinakam inqilobiy rol oʻynadi, chunki u har bir shaxsning davlatga bogʻliqligini yoʻq qildi" (kursiv maqola muallifi tomonidan qoʻshilgan).³² Biroq bu kichik tomorqalar SSSR parchalangach yuz bergan ishlab chiqarish tanazzuli sharoitida "qishloq aholisi uchun bir xavfsizlik klapani"ga³³ aylangan boʻlsa-da, ular tirikchilik uchun "ishonchli asos boʻlolmaydigan darajada juda kichik va juda beqaror" edi, ayniqsa kattaroq xonadonlar uchun; ³⁴ bunday xonadonlarning aʼzolari oʻzini takror ishlab chiqarishni taʼminlash uchun ham mamlakat ichida, ham chet elda bir necha norasmiy ish bilan shugʻullanishga majbur boʻldi (keyingi boʻlimga qarang).

Hokim jamoa qishloq xoʻjaligini oʻzgartirish jarayonidagi markaziy shaxslardan biri edi. Bir suhbatdoshim aytganidek:

Hamma narsa ishdan chiqqanda, biz faqat paxta bilan qoldik. Qishloq joylarida [hokimlar qoʻlida] hokimiyatning haddan tashqari markazlashtirilishi zarur edi. Hokim, chindan ham, hamma sharoitni yaratib berishi kerak boʻlgan xoʻjayin edi: suv bersin, oʻgʻit bersin, traktor bersin, gaz bersin — toki odamlar ishlay olsin.³⁵

Prezident tomonidan tayinlangan hokimlar eksportga moʻljallangan paxta ishlab chiqarishning uzluksizligini kafolatlash uchun yoqilgʻi va oʻgʻitlar kabi subsidiyalangan resurslar taʼminotini yoʻlga qoʻyardi. Oʻz navbatida, markaziy hukumat butun hosilni bozordan past narxlarda sotib olib, uni jahon bozorida xalqaro narxlarda qayta sotardi va farqni oʻzlashtirardi; yaʼni paxta rentasi ISI shaklida kapital jamgʻarishni subsidiyalashga yoʻnaltirilardi.³⁶

Shuning uchun tranzitsiyaning birinchi kunidanoq transformatsiya paxta rentasini oʻzlashtirish atrofida aylandi. Yuqorida tushuntirilganidek, sovet davrida OʻzSSR Moskvadan keladigan sof toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita byudjet oʻtkazmalarining oluvchisi edi; bu, jumladan, paxta uchun narx ragʻbatlaridan tizimli foydalanish orqali amalga oshirilar va yer hamda umumiy jamoa resurslaridan jamoaviy foydalanish sharoitida paxta yetishtirish evaziga bandlik, farovonlik va infratuzilmani kafolatlardi. Mustaqillikdan keyin bu holat tubdan oʻzgardi: paxta rentasi endi oʻsha oʻtkazmalar oʻrnini qoplashga emas, balki asosan toʻqimachilik va kimyo kabi eski sanoat korxonalarini kengaytirishga hamda, eng muhimi, avtomobilsozlik va elektronika kabi yangi ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirildi.

Oʻzbek modeli bu jarayonga paxta rentasini oʻzlashtiruvchi va uni ISIga yoʻnaltiruvchi aniq siyosatlar orqali vositachilik qildi. Masalan, davlat paxta hosili ustidan monopsoniya hokimiyatini yurgizgani bois, Moliya vazirligi hosilni bozordan past narxlarda sotib olib, uni hukumatga aloqador savdo kompaniyalari orqali jahon bozorida xalqaro narxlarda qayta sotardi. Markaziy bank va Milliy bank esa shu yoʻl bilan toʻplangan paxta rentasini past yoki hatto salbiy foiz stavkalarida kredit berish orqali, jumladan tijorat banklari orqali, ustuvor sanoat loyihalariga ajratardi. Bundan tashqari, bu ishlab chiqarish sohalari qismlar, komponentlar va uskunalarni bojsiz import qilish uchun qattiq valyutani imtiyozli almashuv kurslarida sotib olishi mumkin edi.³⁷ Tovar narxlarining, jumladan paxta narxining, ayniqsa 2000-yillardan boshlab koʻtarilishi ortidan bu renta hisobidan subsidiyalangan imtiyozlar kichik va oʻrta korxonalarga (KOʻK), shuningdek bogʻdorchilik sohasiga kirib kelayotgan mayda kapitalistik fermerlarga ham tizimli ravishda kengaytirildi.³⁸

Shunga qaramay, 1990-yillarning birinchi yarmida oʻzbek modeli "qishloq jamiyatida tengsizlik kuchlarini shubhasiz junbushga keltirgan" boʻlsa-da, ayni paytda "yerdan foydalanishning kafolatlangani… deyarli aniq bu tengsizlantiruvchi kuchlarni cheklab turdi. …Ishni boʻlishish ishchi kuchi orasida keng tarqalgan edi, ularning aksariyati esa kooperativ qishloq xoʻjaligining umumiy doirasida mehnat qilardi" (kursiv maqola muallifi tomonidan qoʻshilgan).³⁹ Paxta va bugʻdoy ishlab chiqarishni davlat buyurtmalariga muvofiq tashkil qilish bilan bir qatorda, ⁴⁰ shirkatlar qishloq aholisining takror ishlab chiqarilishi uchun zarur boʻlgan qishloq infratuzilmasi va xizmatlarining kamida bir qismini taʼminlash va saqlashda davom etdi; shuningdek, jamoa yerlarida yaylov huquqi va yem-xashak, hamda tomorqada xususiy ishlab chiqarish uchun resurslarni (masalan, traktor, oʻgʻit) berdi.⁴¹ Qisqacha aytganda, kooperativlar "qishloq ishchi kuchining salmoqli qismini" hamon oʻziga "bogʻlab" turardi.⁴²

1998 yilgi Yer toʻgʻrisidagi qonun va bir qator boshqa qonun hujjatlarining joriy etilishi bu holatni tubdan oʻzgartirdi.⁴³ Qonunning tub mohiyati kolxoz va shirkatlarni bosqichma-bosqich tarqatib yuborish, ularning oʻrniga paxta, bugʻdoy hamda boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun masʼul boʻlgan xususiy tijorat fermer xoʻjaliklarini yaratishdan iborat edi; bu xoʻjaliklar oʻn yildan ellik yilgacha davom etadigan uzoq muddatli ijara asosida faoliyat yuritardi.⁴⁴ Yana bir bor taʼkidlash joizki, bu jarayonni amalga oshirishda hokimlar hal qiluvchi rol oʻynadi, jumladan yangi tashkil etilgan xoʻjaliklarni maxsus tuzilgan tuman komissiyalari orqali taqsimlashda.⁴⁵ Islohot turli hududlarda turlicha vaqtda va turli koʻlamda oʻtkazilgan boʻlsa-da, ⁴⁶ u jamoa qishloq xoʻjaligining oʻzagini agʻdarib tashladi: qishloq aholisining takror ishlab chiqarilishi tayangan asos — yer va umumiy jamoa resurslaridan jamoaviy foydalanish — barham topib, aholining aksariyati yersiz dehqonga aylandi.⁴⁷ Oʻsha dehqonlardan birining oʻkinchli soʻzlari bilan aytganda: "[yer]siz men nima qilaman? Koʻrmayapsanmi, [xususiy] fermerlar yerlarini panjara bilan oʻrab olishdi. Bu qamoqxonaga oʻxshaydi. Boshqa yer yoʻq. Bu kolxoz boʻlganida, boshqacha edi. Panjaralar yoʻq edi, yer bor edi".⁴⁸

Bu "yer ijarasi bozorining yangi tovarlashgan sharoiti"⁴⁹ "sinf shakllanishining boshlanish jarayoni"ni harakatga keltirdi, chunki "oʻrta hajmdagi fermerlardan iborat kichik elita haydaladigan yerning katta qismini nazorat qilar edi, xoʻjalik ishchisiga aylangan dehqonlar esa kambagʻallarni tashkil etardi".⁵⁰ Dekollektivizatsiyadan keyin birinchisi (fermery) jami qishloq xonadonlarining 5–10 foizini tashkil etdi, ammo ekin maydonining taxminan 85 foizini egallab, aktivlar va daromadning katta qismini oʻzida jamladi. Ikkinchisi esa qishloq aholisining ulkan aksariyatidan iborat boʻlib, ekin maydonining 10–12 foizidagi taxminan toʻrt million mayda dehqon uchastkasiga boʻlingan edi.⁵¹ Bu millionlab yersiz dehqonlar men, Marksga ergashib, "qisman band yoki umuman ishsiz"⁵² deb taʼriflaydigan nisbiy ortiqcha aholini tashkil qiladi; ular ham mamlakat ichida, ham chet elda nobarqarorlik va norasmiylik sharoitida oʻzini takror ishlab chiqarish uchun kurashadi (keyingi boʻlimga qarang).

Yerga davlat egaligi va monopsoniya hokimiyati davlatga paxta hosilining katta qismini va bugʻdoy hosilining salmoqli qismini bozordan past narxlarda sotib olish imkonini bergani bois, xususiy fermerlar bu davlat buyurtmasi ekinlaridan foyda koʻrish uchun kurashardi. Bu "fermer bilan tuman maʼmuriyati oʻrtasidagi… qishloq xoʻjaligining rentabelligini belgilaydigan omillar atrofidagi" doimiy ziddiyatni tushuntiradi.⁵³ Biroq foyda motivi va "yirik miqyosdagi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi ustidan orttirilgan monopoliya" joriy etilishi bilan fermery yersiz dehqonlar uchun "qishloq xoʻjaligida yollanma mehnat, paxta poyalari va yaylov joylari kabi turli daromad imkoniyatlari"ning "yagona darvozaboni"ga aylandi.⁵⁴ Boshqacha aytganda, xususiy fermerlar yerdan "ozod qilingan" bu ulkan nisbiy ortiqcha aholini siqib olishi va resurs xarajatlarini cheklashi mumkin edi, shu tariqa jamgʻarishning bir necha muqobil yoʻlini oʻrnatardi.⁵⁵

Koʻp ekinlilik (multiple cropping) bunga yaqqol misol. Masalan, "fermerlar kuzgi bugʻdoyni afzal koʻrardi, chunki u yozning boshida bugʻdoy hosili yigʻilgach, makkajoʻxori, sholi, sabzavot va kartoshka kabi qimmatbaho ekinlarni qoʻshimcha ekish uchun boʻsh joy ochib berardi"; bunga, jumladan, yerni hosilning bir qismi, pul yoxud ikkalasi evaziga dehqonlarga ijaraga berish orqali erishilardi.⁵⁶ Masalan, 2018 yilda kuzgi bugʻdoy hosili yigʻilgach, Fargʻona vodiysida bir gektar yerning joriy ijara narxi 200 AQSh dollarini tashkil etardi.⁵⁷ Eksportga moʻljallangan meva va sabzavot yetishtirish, 2000-yillardan boshlab uni ragʻbatlantiruvchi bir qancha qonun hujjatlari joriy etilishi ortidan, ayniqsa foydali boʻldi.⁵⁸ Xuddi shuningdek, fermerlar davlat buyurtmasi ekinlariga moʻljallangan moliya va resurslarni bu muqobil naqd pul ekinlariga yoʻnaltirardi.⁵⁹ Nihoyat, umumiy jamoa resurslaridan foydalanish xususiylashtirilishi va yerdan foydalanish oʻzgarishi natijasida chorva yemi uchun ajratilgan maydon "1991–2004 yillarda uchdan ikki qismga qisqarib, 9 foizga tushdi"; ⁶⁰ ilgari bepul va ochiq foydalanishda boʻlgan paxta poyalari hamda don somoni endi qimmatbaho tovarga aylandi va, ayniqsa qishda, yoqilgʻi yoxud chorva yemi sifatida sotila boshlandi.⁶¹

Tranzitsiya adabiyoti "Oʻzbekistonda chinakam yer xususiylashtirilishi hech qachon koʻzda tutilmagan"⁶² deb taʼkidlagani bois, u nima uchun — "chinakam" islohotlar yoʻqligiga qaramay — mamlakat qishloq tabaqalanishining shiddatli jarayonini boshdan kechirganini tushuntira olmaydi; bu tabaqalanish qishloq aholisining aksariyati nobarqarorlashayotgan bir paytda mayda kapitalistik fermerlar sinfining paydo boʻlishida koʻzga tashlanadi, paxta rentasi esa ayni vaqtda ISI shaklida kapital jamgʻarishni subsidiyalashga yoʻnaltirilgan edi. Aslida, adabiyot davlat qoʻlida qolib kelgan yer mulkchiligining huquqiy shakliga eʼtibor qaratib, juda ham real ikki narsani nazardan chetda qoldiradi: birinchisi — dekollektivizatsiya bilan joriy etilgan "xalq ommasini yerdan ekspropriatsiya qilish"⁶³ (dastlabki jamgʻarish); ikkinchisi — uning ortidan kelgan va yer ijaralari orqali kuchga kirgan, yerdan foydalanishning xususiylashtirilishi. Qishloq aholisining aksariyati uchun bu yersizlik va ommaviy nobarqarorlikni anglatardi.

Mavjud empirik maʼlumotlar dekollektivizatsiya, yersizlik va norasmiy iqtisodiyotning oʻsishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni shak-shubhasiz koʻrsatadi. Masalan, 2003 yilda "178 shirkatning qayta tashkil etilishi tufayli ishsiz qolgan ishchilarning atigi 7,2 foizi qishloq xoʻjaligidan tashqari korxona va tashkilotlarda ish topgan".⁶⁴ Umuman olganda, Oʻzbekiston hukumatining oʻz baholariga koʻra, xususiy fermer xoʻjaliklari sobiq shirkat ishchilarining "25 foizidan koʻp boʻlmaganini"⁶⁵ ish bilan taʼminlashi mumkin edi. Hukumat sanoatlashtirishni, jumladan KOʻK kengayishini, ayniqsa 2000-yillardan boshlab yuqori tovar narxlari davrida koʻproq subsidiyalaganiga qaramay, dekollektivizatsiya tufayli boʻshatilgan ishchi kuchining koʻlami shu qadar katta ediki, u mamlakatning yangi ish oʻrni yaratish quvvatini bosib ketdi. Natijada 2001–2005 yillarda, shirkatlarni tarqatib yuborish jadallashuviga parallel ravishda, ⁶⁶ "norasmiy sektordagi bandlik 31 foizga, yaʼni 1 340 000 kishiga oʻsdi", "vaqtincha, tasodifiy va mavsumiy [yaʼni: nobarqaror] ishchilar soni esa 50 foizga koʻtarilib", 2006 yilda hayratlanarli 5 657 600 kishiga yetdi.⁶⁷

Ayni paytda, jamoa qishloq xoʻjaligi institutlarining tarqatib yuborilishi ular oʻnlab yillar davomida barpo etgan va yuritib kelgan sogʻliqni saqlash hamda taʼlim kabi ijtimoiy xizmatlarning tanazzuliga olib keldi va bu ulkan nisbiy ortiqcha aholining nobarqarorlashuvini yanada chuqurlashtirdi. Masalan, statsionar va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam, ayniqsa qishloq joylarida, kamroq erishsa boʻladigan holga keldi. "[1997 va 2003 yillar oraligʻida] umumiy statsionar toʻshak quvvati 50 foizga qisqardi, qishloq joylaridagi shifoxonalar soni esa 50 foizga kamaydi."⁶⁸ Xuddi shuningdek, qishloq joylaridagi bolalar bogʻchalari soni 1991 yildagi 6474 tadan 2013 yilda 2073 taga tushdi, qamrov esa oʻsha yili 1–6 yoshli bolalarning atigi 8 foiziga yetdi.⁶⁹

Dekollektivizatsiyadan keyingi oʻn yilliklarda xoʻjaliklar hajmiga oid ketma-ket oʻzgarishlar qishloq aholisining yerdan umumiy ekspropriatsiya qilinishini hech qachon ortga qaytarmadi. Aksincha, umumiy tendensiya yerning toʻplanishi va qishloq ishchi kuchining ulkan aksariyati nobarqarorligining davom etishi boʻldi. Chunonchi, 2000-yillarning oxiri va 2010-yillarda yerni "optimallashtirish"ning turli bosqichlari oʻtkazildi: paxta va bugʻdoy uchun xoʻjalik maydonini kengaytirish, miqyos tejamiga erishish, shuningdek meva-sabzavot ishlab chiqarishga diversifikatsiya qilish. Buning natijasida qishloq xoʻjaligidagi bandlik asosan norasmiy iqtisodiyotda toʻplangancha qoldi. Jahon bankining 2022 yilgi hisobotida aytilganidek: "2020 yilda bandlikning taxminan 27 foizini tashkil etuvchi qishloq xoʻjaligi ulushi kamida 2010 yildan buyon oʻzgarishsiz qoldi va qishloq xoʻjaligi ishchilarining yarmidan koʻpi tirikchilik uchun mehnat qiladigan [yaʼni: norasmiy va nobarqaror dehqon] fermerlardir".⁷⁰

Keyingi boʻlim bu ulkan ortiqcha aholi norasmiy iqtisodiyotda, jumladan kunbay ishchi va mehnat muhojiri sifatida, qanday shakllarda mehnat qilishiga oid dalillarni taqdim etadi.

Nobarqaror ortiqcha aholi: dehqonlar, kunbay ishchilar, mehnat muhojirlari

Tijorat fermerchiligi toifasi bilan yonma-yon, 1998 yilgi Yer toʻgʻrisidagi qonun bilan tomorqa uchastkalari dehqon xoʻjaligi deb qayta nomlandi.⁷¹ "Kollektivlashtirishdan avvalgi atama" boʻlgan "dehqon" soʻzini qayta ishga solib, hukumat dekollektivizatsiya va uning ortidan farovonlik davlati qisqargan sharoitda qishloq xonadonlarining "oʻzini oʻzi boqish qobiliyati va zarurati"ni taʼkidlardi.⁷² Umuman olganda, dehqon xoʻjaligi uyga tutash bogʻ uchastkasidan (tomorqa) iborat boʻlib, unga xususiy chorva boqiladigan molxona, mablagʻ boʻlganida esa kichik issiqxona, shuningdek qoʻshimcha yer uchastkasi kiradi; ularning umumiy hajmi odatda 0,25 gektardan oshmaydi, garchi yer mavjudligiga qarab turlicha boʻlsa-da, eng kichigi atigi 0,06 gektarni tashkil qiladi.⁷³ Haydaladigan yerning kichik ulushini egallashiga qaramay, bu xoʻjaliklar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida "muhim rol oʻynadi — ham alohida xonadonlar uchun tirikchilik fermerchiligi, ham bozor uchun meva, sabzavot va chorva yetishtirish nuqtai nazaridan"; 2000-yillarning oʻrtalariga kelib bu koʻrsatkich mamlakatdagi jami oziq-ovqat mahsulotining 75 foiziga yetdi, bunda qishloq xoʻjaligi mehnatining salmoqli ulushini ayollar bajardi.⁷⁴ Yaqinroq davrga oid raqamlar dehqon xoʻjaliklari ichki bozor va eksport uchun jami bogʻdorchilik va chorvachilik mahsulotining, mos ravishda, eʼtiborga sazovor 60 va 92 foizini yetkazib berishda davom etayotganini koʻrsatadi.⁷⁵

Shu tariqa, dekollektivizatsiya bilan qishloq xoʻjaligi qishloq aholisining aksariyati uchun tirikchilik strategiyasiga aylangani bois, dehqonlar oʻz oilasini boqish uchun jadal mayda koʻlamli fermerchilik bilan shugʻullandi, jumladan ortiqcha mahsulotni mamlakat shaharcha va shaharlaridagi son-sanoqsiz dehqon bozorlarida sotish orqali. Bu, ayniqsa, ayol dehqonlarga xos: ular "asosan oʻz mahsulotini mahalliy bozorlarda sotadi va odatda chakana savdogarlar hamda eksportchilardan uzilgan holda faoliyat yuritadi. Yuqori daromadli faoliyat — savdo, transport, marketing — esa [aksincha] erkak fermerlar va ixtisoslashgan firmalar qoʻlida".⁷⁶ Biroq qishloq xonadonlari oziq-ovqat isteʼmolining "choragidan koʻprogʻini"⁷⁷ taʼminlaganiga qaramay, dehqon xoʻjaliklari "vaqtining faqat bir qismini" qishloq xoʻjaligida sarflashda davom etadi, chunki "yer uchastkalarining kichik hajmi… [ularni] xoʻjalikdan tashqarida qoʻshimcha ish izlashga majbur qiladi".⁷⁸

Boshqacha aytganda, yerdan foydalanishning xususiylashtirilishi va jamoa hamda kooperativlardan millionlab ishchining ommaviy boʻshatilishi qishloq xonadonlariga kichik uchastkalar berilishi hisobiga juda oz qismigina qoplandi. Aksincha, dekollektivizatsiya keltirib chiqargan, yersiz dehqonlardan iborat bu ulkan nisbiy ortiqcha aholi oʻzini takror ishlab chiqarishni taʼminlash uchun keng norasmiy iqtisodiyotda tasodifiy, kunbay va mavsumiy ishlarni birdek qilib kun kechirishga majbur boʻldi — ham yurtda, ham chet elda, qishloq xoʻjaligi, xizmat yoki sanoat sohasida. Kornia buni 2000-yillarning oʻrtalarida shunday ifodalagan edi: "[dekollektivizatsiya tufayli] ortiqcha boʻlib qolgan odamlarning aksariyati tasodifiy ishga tayanadi, kichik uchastkalardagi xonadon ishlab chiqarishiga qaytadi yoki nochorlikdan Toshkentning kunbay mehnat bozoriga, Rossiya yoki Qozogʻistonga migratsiya qiladi".⁷⁹ Shunday qilib, norasmiy ish — jumladan migrant va kunbay mehnat hamda tirikchilik qishloq xoʻjaligidagi mehnat — mamlakatda mehnat nobarqarorlashuvining oʻzagida yotadi. Nihoyat, soʻnggi yigirma yilda xususiy fermer xoʻjaliklarini tashkil etishga oid salmoqli oʻzgarishlarga qaramay, yuqorida iqtibos keltirilgan oʻsha 2022 yilgi Jahon banki hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonda "ishlarning aksariyati" hamon "norasmiy", ⁸⁰ demak koʻpincha nobarqaror boʻlib qolmoqda.

Ana shu sabab sovet davri oxirida paydo boʻlgan mardikor ("kunbay ishchi") bozorlari nega butun Oʻzbekiston boʻylab — qishloq, shaharcha va shaharlarda — uzluksiz holga aylanganini tushuntiradi.⁸¹ Ilgari bu bozorlar, masalan, qishloq talabalari uchun stipendiyani toʻldirish yoʻli edi. Mardikorlar koʻpincha "mehnat resurslari yerdan foydalanish imkoniyatidan keskin oshib ketadigan va muqobil daromad topish imkoniyatlari qattiq cheklangan xonadonlar"dan chiqadi.⁸² Sovet davrida bu asosan erkaklarga xos soha boʻlgan boʻlsa, nobarqarorlikning koʻlamini hisobga olsak, endi ayol mardikor bozorlari ham butun mamlakat boʻylab keng tarqaldi.⁸³ 2019 yilda ham men boʻlajak ishchilarning yirik yoʻl chorrahalarida, koʻpincha katta bozorlar yonida soatlab tik turib, asosan malakasiz ish uchun kelishilgan narxda norasmiy yollanishni kutayotganini kuzatishim mumkin edi. Koʻpincha mardikor bozorlari jins boʻyicha ajratilgan boʻlib, erkaklar va ayollar turli, garchi bir-biriga yaqin joylarda — masalan, bir yoʻl chorrahasining ikki turli tomonida — kutib turardi.⁸⁴

Ayni paytda, yersizlik va ishsizlik qishloq Oʻzbekistonidan shaharlarga hamda uchinchi mamlakatlarga ulkan migratsiya oqimlarini keltirib chiqardi; buning sababi qishloq va shahar joylari oʻrtasidagi turmush darajasida tobora kengayib borayotgan tafovut edi — bu sovet davridagi vaziyatning tubdan teskarisiga aylanishi edi.⁸⁵ Aniq statistika yoʻqligiga qaramay, mavjud maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, kamida yuz minglab kishi qishloq joylardan mamlakat boʻylab shahar va shaharchalarga, ayniqsa poytaxt Toshkentga koʻchib oʻtgan. Biroq propiska qoidalarining qatʼiyligi tufayli ichki muhojirlar Toshkent chekkasi va uning atrofidagi yoʻldosh shaharlardan joy topishni afzal koʻradi; u yerda turar joy ham arzonroq, va har kuni poytaxtga tushadigan ulkan qatnovchilar oqimi aynan shu yerdan keladi.⁸⁶ Propiska sovet davridan buyon fuqaroning rasmiy yashash joyiga sogʻliqni saqlash xizmatlari va pensiyalar kabi bir qator ijtimoiy xizmatlarni bogʻlab kelgan boʻlsa-da, uni qoʻllash mustaqillikdan keyin ancha qatʼiyroq tus oldi; ⁸⁷ bu "["ozod qilingan"] mehnatni qishloq joylarida maʼmuriy-hududiy jihatdan ushlab turish"⁸⁸ maqsadida boʻlib, qishloqning nobarqarorligini shaharlarda takrorladi. Masalan, 2000-yillar oxiriga oid raqamlar shuni koʻrsatadiki, "ichki muhojirlarning 87 foizi hech qachon roʻyxatga olinmagan, 79 foizi esa hech qachon vaqtinchalik yashash huquqini olmagan", ⁸⁹ bu ularni militsiya tomonidan taʼqib va poraxoʻrlik oldida himoyasiz qilib qoʻyadi. Oʻzbekistonda 2018 va 2019 yillarda oʻtkazilgan intervyular bu tendensiyalar koʻp jihatdan saqlanib qolganini tasdiqladi.⁹⁰

Bundan tashqari, 2000-yillarda neft narxining koʻtarilishi va uning ortidan sobiq Sovet Ittifoqining energiyaga boy shimoliy respublikalarida yuz bergan qurilish gullab-yashnashi ortidan yerdan "ozod qilingan" hamda yer va umumiy jamoa resurslaridan mahrum etilgan bu ulkan nisbiy ortiqcha aholidan millionlab (asosan mavsumiy) mehnat muhojiri chiqdi. Ajablanarli emaski, Oʻzbekistondan chiqadigan xalqaro muhojirlar "koʻpincha" "qishloq joylardan va katta oilalardan" boʻlgan; 2017 yilda ularning 81 foizini erkaklar, 19 foizini ayollar tashkil etgan.⁹¹ Ular Rossiyada va, kamroq boʻlsa-da, hamon salmoqli darajada Qozogʻistonda⁹² qurilish, savdo va qishloq xoʻjaligida norasmiy ish bilan shugʻullanadi; manzilga borish yoʻlidagi chegara oʻtish joylarida militsiyaning taʼqibi va poraxoʻrligiga duch keladi, shuningdek ham vatanda, ham qabul qiluvchi mamlakatlarda ijtimoiy himoyadan mahrum, dahshatli sharoitlarda mehnat qiladi, turar joy bozorida va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda kamsitiladi. Shunisi diqqatga sazovorki, oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari migratsiyaning asosiy sababi sifatida yuqori ishsizlik va past ish haqini keltiradi.⁹³

Oʻzbekistondan Rossiya va Qozogʻistonga migratsiyaning 2000-yillardagi jadal oʻsishi va tezlashuvi, jamoa qishloq xoʻjaligi institutlarining tarqatib yuborilishiga parallel ravishda, dekollektivizatsiya va oʻzbek qishlogʻida ulkan nisbiy ortiqcha aholining paydo boʻlishi oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri va shubhasiz bogʻliqlikni tasdiqlaydi. 1998 va 2006 yillar oraligʻida yuzlab shirkat tarqatib yuborilar ekan, Oʻzbekiston fuqarolariga Rossiyada berilgan rasmiy ish ruxsatnomalari soni 2000 yildagi bir necha mingtadan 2009 yilda 666 000 dan oshiqqa koʻtarildi.⁹⁴ Biroq migrant mehnatda norasmiylikning keng tarqalganini hisobga olsak, haqiqiy raqamlar ancha yuqori edi. Masalan, hisob-kitob qilinishicha, 2000-yillarning boshlaridayoq Rossiyada roʻyxatga olingan 44 000 oʻzbekistonlik mehnat muhojiriga qoʻshimcha ravishda roʻyxatga olinmagan 600 000 gacha nafari ham bor edi.⁹⁵ Bu ommaviy odam koʻchishi oʻshandan buyon davom etmoqda; rasmiy statistikaning baholashicha, 2019 yilda 2,6–3 million oʻzbekistonlik chet elda mehnat muhojiri sifatida edi.⁹⁶ Shu bilan birga, mehnat muhojirlarining teskari yoʻnalishda kelayotgan pul oʻtkazmalari oqimi ham oʻsib borayotgan mavsumiy oʻzbek ishchilari soniga hamohang ravishda koʻpaydi va 2013 yilda ulkan 6,7 milliard AQSh dollariga, yaʼni mamlakat YaIMining 12 foiziga yetdi.⁹⁷ Rossiya va Qozogʻiston iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi eksport tovari boʻlgan neftning xalqaro narxi bu pul oʻtkazmalarining oʻsishi va pasayishida asosiy omil boʻldi; masalan, ular 2009 yildagi moliyaviy inqiroz oqibatida, keyin esa 2014–2016 yillarda Rossiya va Qozogʻistonni qamragan retsessiya tufayli qisqardi.⁹⁸

Bu pul oʻtkazmalari, ayniqsa Oʻzbekistonning qishloq joylarida isteʼmolni ushlab turishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi: ular eng kambagʻal ikki kvintil xonadonlarida umumiy daromadning taxminan 10 foizini tashkil etadi va ayniqsa oziq-ovqat hamda turar joyni, shuningdek uzoq muddat xizmat qiladigan isteʼmol tovarlarini xarid qilishni taʼminlaydi.⁹⁹ Bu shuni hisobga olsak yaqqolroq koʻrinadi: aholining eng kambagʻal qatlamiga baʼzi maqsadli yordam mahalla kabi eski institutning tiklanishi¹⁰⁰ hamda Kam taʼminlanganlik nafaqasi kabi maxsus dasturlar orqali berilgan boʻlsa-da, bu xarajatlar "1990-yillardan buyon sezilarli darajada kamaydi va 2009 yilda YaIMning atigi 0,1 foizini tashkil etdi", ¹⁰¹ bu koʻrsatkich bugun ham deyarli oʻzgarishsiz qolmoqda.¹⁰²

Xulosa

Ushbu maqolada yerni dekollektivizatsiya qilish Oʻzbekistonning mustaqillikdan keyingi transformatsiyasida markaziy oʻrin tutgani asoslandi: u mamlakatning qishloq joylarida qishloq aholisining jamoaviy takror ishlab chiqarilishiga barham berdi va natijada Oʻzbekiston jamiyatining sinfiy tabaqalanishini keltirib chiqardi. Ozchilikni tashkil etgan xususiy fermerlar endigina yersiz qolgan dehqonlar aksariyatining mehnatini ekspluatatsiya qilib, koʻp ekinlilik va boshqa faoliyat turlaridan foyda koʻra oldi. Bu ulkan nisbiy ortiqcha aholi esa norasmiy iqtisodiyotga uloqtirildi; u yerda kunbay, mavsumiy va migrant ish bilan band nobarqaror ishchi kuchi sifatida oʻzini takror ishlab chiqarishni taʼminlash uchun kurashdi. Ayni paytda, yerga davlat egaligining saqlanishi va paxta hosili ustidan monopsoniya hokimiyati davlatga jahon bozorida paxta sotuvidan tushgan rentani import oʻrnini bosuvchi sanoatlashtirish shaklidagi kapital jamgʻarishga yoʻnaltirish imkonini berdi — qishloq aholisining aksariyati esa oʻz holiga tashlab qoʻyildi.

Shu tariqa, maqolada Oʻzbekistonda mustaqillikdan keyingi sinfiy tabaqalanish va mehnatning nobarqarorlashuvi nima uchun bevosita oʻzbek modelining mamlakatni jahon iqtisodiyotiga paxta eksportchisi sifatida qoʻshishga vositachilik qilishi bilan bogʻliq ekani koʻrsatildi va shu tariqa tranzitsiya adabiyotini kemtik qilib qoʻygan na tranzitsiya, na transformatsiya "paradoksi"ga barham berildi. Shu bois umid qilamanki, kelajakda sobiq Sovet Ittifoqi boʻyicha tadqiqotlar ham mintaqadagi oʻzgarishning huquqiy shakllaridan chiqib, mulkchilik va sinf masalalariga yondashadi hamda bir paytlar Ittifoq tarkibida boʻlgan mamlakatlarda ishlab chiqarish va ijtimoiy takror ishlab chiqarish munosabatlarida yuz bergan chinakam transformatsiyaga eʼtibor qaratadi.

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About