Donate

Postapokaliptik davr

Tarjima va Tanqid08/03/26 10:3078


Eronlik antropolog Shahram Xosraviy o‘zining qisqa essida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi allaqachon tarixiy uzilish holatida yashab kelayotgan jamiyatda sodir bo‘layotganini yozadi. Uning fikricha, o‘nlab yillar davom etgan siyosiy repressiya, iqtisodiy inqiroz va xalqaro sanksiyalar ko‘plab eronliklarda kelajak haqidagi tasavvurni va asta-sekin o‘zgarish mumkinligiga bo‘lgan ishonchni yemirib yuborgan. Shu sababli bugungi urush ko‘pchilik tomonidan nafaqat qo‘rquv bilan, balki chuqur charchoq va umidsizlik hissi bilan ham qarshi olinmoqda. Xosraviy bu holatni vaqtni boshqacha his qilish bilan tushuntiradi: bugun bo‘sh va chidab bo‘lmasdek tuyuladi, kelajak yopiqdek ko‘rinadi, o‘tmish esa yoki nostalgiyaga, yoki yagona tayanch nuqtaga aylangan. Shunday sharoitda, deydi u, hatto urush kabi halokatli voqealar ham ba’zan faqat vayronagarchilik sifatida emas, balki jamiyatning yana “tarixga qaytishi” mumkin bo‘lgan keskin va qo‘rqinchli lahza sifatida qabul qilinadi.

Nashr: Verso Books

Muallif: Shahram Xosraviy

Sana: 6-mart, 2026

Havola: https://www.versobooks.com/blogs/news/post-apocalyptic-time

versobooks.com
versobooks.com

«Eronliklar o‘z tarixini tushunarli va mantiqiy jarayon sifatida yashash imkonidan mahrum qilingan». Antropolog Shahram Xosraviy Eron jamiyatining doimiy tarixiy uzilishlar sharoitidagi hayoti haqida.

I

«Qanday qilib biz bu jahannamga kelib qoldik?» — men bilgan deyarli har bir eronlik shu savolni beradi. Bu satrlarni AQSh va Isroilning Eronga hujumining beshinchi kunida yozar ekanman, men ulg‘aygan mamlakatdan nima qolishiga ham endi ishonchim komil emas.

Bundan bir necha hafta oldin Eron ichidagi do‘stlarim va qarindoshlarim bilan gaplashganimda, ayrimlari urushni xohlashini eshitib hayratda qoldim. Ularning fikricha, rejimni o‘zgartirishning qolgan yagona yo‘li shu. Eng hayratlanarlisi, buni mening tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imdagi odamlar aytishdi: kunini zo’rg‘a kechirib yurgan, bolalari sovuq sinfxonalarda o‘tiradiganlar, oddiy hamshiraga ko‘rinish uchun yigirma kilometr yo‘l bosishga majbur bo‘ladiganlar. Bolalikdagi do‘stim Hamid — Eron-Iroq urushi paytida askarlik qilib, oyog‘idan ayrilgan odam — Islom Respublikasidan qanday bo‘lmasin qutulishni xohlashini, hatto buning uchun yana urush bo‘lishiga ham tayyorligini aytganda, men yanada chuqurroq qo‘rquvni his qildim.

Meni qo‘rqitgan narsa urushning o‘zi emas edi. Meni qo‘rqitgan narsa ichimdagi bo‘shliq edi. Uzoq yillar davom etgan qashshoqlik va odamlarning ataylab e’tiborsiz qoldirilishi jamiyatni shunday nuqtaga olib kelgan ediki, hatto urush ham ba’zilarga najotdek ko‘rina boshlagandek.

Hamid urush nima ekanini juda yaxshi biladi. U buni boshidan o‘tkazgan. Shunga qaramay, yana urush boshlanishi mumkinligi unga baribir bo‘lib qolgani odamlar qanchalik darajada postapokaliptik holatga tushib qolganini ko‘rsatadi — hatto bombalar ham endi zo‘ravonlikdek sezilmaydigan darajaga.

Eronliklar bu holatni tasvirlash uchun ko‘pincha “estisāl” degan so‘zni ishlatadi — bu umidsizlik, ojizlik, va chiqish yo‘li tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan muammoga qamalib qolganlik hissini anglatadi.

Islom Respublikasi Eronni qirq yetti yildan beri boshqarib kelmoqda. Deyarli yarim asr davom etgan siyosiy repressiyalar nafaqat jamiyat hayotini izdan chiqardi, balki kelajak tasavvuriga asoslangan siyosiy harakat qilish qobiliyatining o‘zini ham yemirdi. Bu yillar davomida islohot yoki ochilish yo‘lidagi har bir urinish muvaffaqiyatsiz tugadi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar siyosiy xatti-harakatning zaifroq shaklini paydo qildi: u endi yaratishga emas, faqat javob qaytarishga yo‘naltirilgan; jamoaviy emas, parchalanib ketgan; strategiyadan ko‘ra charchoq bilan harakat qiladigan holga kelgan.

Siyosiy o‘zgarishlarga bo‘lgan umid so‘na boshlaganda, hosil bo‘lgan bo‘shliqni boshqa kuchlar to‘ldiradi. Siyosiy fikr va amaliyot o‘rnini turli ideologiyalar, diniy tasavvurlar va “najot” haqidagi xayollar egallay boshlaydi.

Hozirgi zamon go‘yo yo‘qolgandek, kelajak esa tortib olingandek tuyulganda, siyosiy faollik jamoat maydonidan chekinib, ichkariga buriladi. U shaxsiy g‘azab, norozilik portlashlari yoki nafrat ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday his-tuyg‘ular vaqtinchalik yengillik berishi mumkin, lekin ular umumiy siyosiy makon yoki umumiy kelajakni qurmaydi.

Parchalanish va ziddiyatlar diasporadagi aloqalar va siyosiy faoliyatni ham o‘zgartirib yubordi. Do‘stliklar uzilib ketmoqda. Oilalar avlodlar va siyosiy qarashlar o‘rtasidagi keskinlik sabab bosim ostida qolmoqda. Mustahkam ittifoqlar tuzilishi o‘rniga, muxolif kuchlar bir-biri bilan raqobat qiluvchi kichik guruhlarga bo‘linib ketgan; har biri o‘zini axloqan yoki strategik jihatdan to‘g‘ri deb hisoblaydi.

Markazlashgan va muvofiqlashtirilgan siyosiy tashkilotlarning yo‘qligi monarxiya yana mumkin bo‘lgan siyosiy alternativa sifatida ko‘rina boshlashiga sharoit yaratdi.

Karl Marks o‘zining Lui Bonapartning o’n sakkizinchi Brumeirasi asarida shuni ta’kidlaydiki, Lui Bonapartning 1851-yildagi davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatni egallashi uning kuchi tufayli emas, balki respublikachi kuchlarning parchalanishi, o‘zaro raqobati va siyosiy yetilmaganligi sababli ro’y bergan. Ularning bo‘linib ketgani o‘zini yagona najotkor va yagona muqobil kuch sifatida ko‘rsata oladigan shaxs uchun yo‘l ochib bergan.

Bu tarixiy o‘xshashlik xavotirli. Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan o‘zini “shox” deb atayotgan shaxs ham, xuddi Lui Bonapart kabi, o‘zining favqulodda qobiliyati tufayli emas, balki vaziyat sabab ko‘tarilmoqda. Marks Bonapartni aslida o‘rtamiyona va deyarli karikatura darajasidagi shaxs deb tasvirlagan, hokimiyatga esa u raqiblarining xatolari va zaifligi tufayli kelgan.

Bugungi xavf monarxiyaning qayta tiklanishidan ham ko‘ra ko‘proq siyosiy parchalanish natijasida paydo bo‘layotgan bo‘shliqdadir. Ana shunday bo‘shliqda hatto ikkinchi darajali shaxslar ham, masalan “shoxning o‘g‘li” (Marksning Napoleon Bonapartga nisbatan “shunchaki jiyani” degan ta’rifini eslatadi), o‘zlarini taqdir sifatida ko‘rsatishga urinishi mumkin.

II

Taxminan o‘n yil oldin Eronda olib borgan dala tadqiqotlarim davomida men tez-tez bir hazilni eshitardim:
«Inqilobdan keyin fors tilida to‘rtta zamon paydo bo‘ldi: o‘tgan zamon, hozirgi zamon, kelajak zamoni va “shox davri”.»

“Shox davri” deganda Inqilobdan oldingi, nostalgik tarzda tasavvur qilinadigan davr nazarda tutiladi — ayniqsa 1960-yillarning oxiri va 1970-yillar. Bu davr ko‘pincha moliyaviy barqarorlik, dunyoga ochiqlik va istiqbolli kelajak bilan bog‘lanadi. Ko‘plab yoshlar uchun u quvonchli davr sifatida tasavvur qilinadi — hayot haqiqatan ham “yashalgan” davr sifatida.

Ba’zi eronliklar orasida monarxiyaga nisbatan kayfiyatning qayta paydo bo‘lishi aynan shu vaqt hissining buzilishi bilan bog‘liq — odamlar o‘zlarini tarixdan uzilib qolgandek his qilishi bilan. Bugun voqeylik — bo‘sh, kelajak esa — yopiqdek tuyulsa, o‘tmish yangi siyosiy ma’no kasb eta boshlaydi. Monarxiya shunchaki siyosiy muqobil emas, balki vaqt ichidagi boshpana kabi ko‘rina boshlaydi: uzilib qolgan tarixiy davomiylikni tiklash va yana tarixiy jarayonga qaytish va’dasi sifatida.

Shunday sharoitda tasavvur qilinadigan yagona hayot go‘yo oddiy vaqt oqimidan tashqarida joylashgandek: yoki keskin burilish orqali keladigan qutqaruvchi kelajakda, yoki tiklanishi mumkin deb tasavvur qilinayotgan ideal o‘tmishda. Uzoq kelajakdagi qutqarilish umidi bilan qayta tasavvur qilingan o‘tmishdan olinadigan hissiy tasalli o‘rtasida ko‘plab yoshlar hozirgi zamonni harakat qilish mumkin bo‘lgan makon sifatida his etishni yo‘qotib qo‘yayotganday.

Bu postapokaliptik holatni faqat siyosiy repressiya bilan tushuntirib bo‘lmaydi. AQSh boshchiligida joriy etilgan qattiq va keng ko‘lamli sanksiyalar ham bunda hal qiluvchi rol o‘ynagan. Sanksiyalar nafaqat moddiy hayotni vayron qildi, balki odamlarning vaqtni qanday his qilishini ham o‘zgartirdi. Sanksiyalar ostidagi hayot — go‘yo to‘xtab qolgan va asta-sekin o‘chirib tashlanayotgan holatdek: o‘tmishdagi yutuqlar dunyo tomonidan tan olinmay qo‘yilgan, kelajak imkoniyatlari esa tizimli ravishda to‘sib qo‘yilgan.

2024-yil dekabr o‘rtalarida Tehron universiteti xalqaro munosabatlar professori Abbas Axundi shunday degan edi: «Eron tarixdan chiqib ketdi». U bu bilan sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan o‘nlab yillik xalqaro izolyatsiyani nazarda tutgan — bu izolyatsiya mamlakatni global geosiyosiy jarayonlardan, iqtisodiy tashabbuslardan, madaniy almashinuvlardan va akademik tarmoqlardan uzib qo‘ydi. Bu uzilish jamiyatning barcha qatlamlarida seziladi va kundalik hayotning o‘zida ko‘rinadi: sayyohiy cheklovlarida, bloklangan moliyaviy operatsiyalarda, ilmiy hamkorlik imkoniyatlarining yo‘qligida, yetib kelmayotgan dori-darmonlarda va to‘xtab qolgan rivojlanishda.

Tarixdan chiqib ketish faqat voqealardan chetda qolish degani emas. Bu inson o‘z harakatlari umumiy kelajakni shakllantira oladi degan tuyg‘uni yo‘qotishini anglatadi. Bunday sharoitda siyosat qisqaradi, nostalgiyaga bo‘lgan intilish kuchayadi, hatto urush ham tarixiy jarayonga qaytishning zo‘ravon shaklidek ko‘rina boshlaydi.

III

Hamidning umidsizligi yangi emas — u o‘nlab yillarga borib taqaladi. Ammo u ayniqsa 2026-yil yanvar–fevral oylaridagi namoyishlarning shafqatsiz bostirilishidan keyin yanada chuqurlashdi. Namoyishlar Tehron bozorida boshlandi: dastlab ularga moliyaviy inqiroz, milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va narxlarning keskin oshishi sabab bo‘ldi. Iqtisodiy talablar bilan boshlangan bu norozilik tez orada butun mamlakat bo‘ylab Islom Respublikasi tugatilishini talab qiladigan harakatga aylandi.

Hamid ham namoyishlarga qo‘shildi. Uni politsiya kaltakladi. Qo‘lida o‘zining sun’iy oyog‘ini ushlab turgan holida uni politsiya mikroavtobusiga tiqib soldi, hibsxonaga olib ketdi va bir necha kun tergov markazida saqladi. U protezini ko‘tarib: «Men bu inqilob uchun qurbonlik qilganman», deganida, yosh, 1979-yildan keyin tug‘ilgan ofitser unga yuzlanib  «bizga farqi yo‘q», dedi.

Bir vaqtlar Hamid tegishli bo‘lgan avlod “millatning axloqiy tayanchi va kelajagi” sifatida ulug‘langan edi. Bugun esa u o‘zini bag‘ishlagan davlat tomonidan tashlab qo‘yilgan; tan olinmagan va kelajaksiz qolgan fuqaro o‘laroq.

1979-yilgi Inqilobning asosiy va’dalaridan biri kambag‘allar uchun ijtimoiy adolat edi. Rasmiy siyosiy nutqda mahrumlar va mostaz’aflar — ya’ni jamiyatdan chetda qolgan, mulksiz va ezilgan qatlamlar ulug‘langan edi. Ular shohning asosan yirik shaharlarga qaratilgan modernizatsiya siyosati tufayli chetda qolgan guruhlar sifatida tasvirlanar edi. Bu guruhlarga malakasiz ishchilar, mayda dehqonlar, ko‘chmanchilar kiradi. Ular yangi adolatli islomiy tartibning ijtimoiy tayanchi bo‘lishi kerak deb tasavvur qilingan.

Ammo Oyatulla Xomeyni vafotidan va Eron-Iroq urushi tugaganidan keyin bu “axloqiy iqtisodiyot” asta-sekin o‘zgara boshladi. Akbar Hashemi Rafsanjani prezidentligi davrida ideologik safarbarlik o‘rnini iqtisodiy pragmatizm egalladi. “Qayta qurish davri” shiori ostida davlatni xususiylashtirish, bozorni erkinlashtirish va subsidiyalarni qisqartirish siyosati boshlandi. Mehnatni himoya qiluvchi kollektiv kafolatlar zaiflashdi. Ish o‘rinlarining barqarorligi kamaydi. Inflyatsiya va ishsizlik keskin oshdi.

Natijada 1980-yillardagi inqilobiy ijtimoiy davlat asta-sekin bozor tamoyillariga ko‘proq tayangan postsotsial davlatga aylana boshladi. Doimiy ishsizlik va yarim bandlik, ijtimoiy yordamlarning qisqarishi bilan birga, yangi turdagi ijtimoiy chetlatilish shakllarini yuzaga keltirdi. Xalqaro sanksiyalar esa ichki iqtisodiyotga yana ham og‘ir zarba berdi va jamiyatning turli qatlamlari uchun beqarorlikni kuchaytirdi.

Boshqa mamlakatlarda kuzatilgan neoliberal o‘zgarishlar kabi, Eronda ham qashshoqlik tobora individual masala sifatida talqin qilina boshladi. Tizimli tengsizliklar shaxsiy muvaffaqiyatsizlik sifatida ko‘rsatila boshladi. Fuqarolardan tizimdagi to‘siqlarni chidamlilik, tavakkal qilish, o‘zini intizomga solish va tadbirkorlik tashabbusi orqali yengib o‘tish kutilardi. Shu jarayonda yangi erkaklik ideali paydo bo‘ldi.

Kambag‘al, ammo “qahramon” sifatida tasvirlangan obraz asta-sekin yo‘qolib, uning o‘rnini muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor egalladi. 1980-yillarda ulug‘langan mostaz’af o‘rnini moafaq — ya’ni “muvaffaqiyatli inson” egalladi. Ilgari fuqarolardan Inqilob uchun jonini fido qilish kutilgan bo‘lsa, endi ulardan moliyaviy muvaffaqiyat ko‘rsatish talab qilinardi. Rasmiy diskursda o‘z kuchi bilan yuksalgan, samarali va ijtimoiy jihatdan yuqoriga ko‘tarilayotgan fuqaro ideal sifatida targ‘ib qilindi.

So‘nggi yigirma yil ichida Eron shaharlarida hashamatli savdo markazlari tez ko‘paydi va shahar manzarasini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Iste’mol madaniyati kundalik hayotni tengsizlikning ko‘zga tashlanadigan sahnasiga aylantirdi. Boylik namoyishi keng tarqalgan iqtisodiy qiyinchiliklar bilan keskin kontrast hosil qilardi.

Sanksiyalar va siyosiy repressiyalar nafaqat iqtisodiyotni zaiflashtirdi, balki tizimli korrupsiyani kuchaytirdi va sinfiy tafovutlarni yanada keskinlashtirdi. Bir vaqtlar inqilobni asoslab turgan adolat va’dasi o‘rnini endi chetlatish odatiy holga aylangan, tengsizlik esa ochiq namoyish etiladigan tizim egalladi.

IV

Eronga qarshi urushning beshinchi kunining oxiriga kelib yangiliklar keng ko‘lamli vayronagarchilikni ko‘rsatmoqda: ko‘plab qurbonlar, vayron bo‘lgan mahallalar va mamlakatning sanoat infratuzilmasining buzilishi.

Ammo postapokaliptik holat faqat moddiy vayronagarchilik bilan belgilanmaydi. Uning markazida ekzistensial uzilish yotibdi. Hamid va unga o‘xshagan ko‘plab odamlar uchun bir vaqtlar hayotga ma’no bergan dunyo parchalanib ketgan. Qurbonlik, chidamlilik va jamiyatga tegishlilik hissiga ma’no berib turgan asoslar yo‘qolgan. Bugungi kun chidab bo‘lmas darajada og‘ir, kelajak esa tasavvur qilib bo’lmaydigan holatda, vaqt endi imkoniyat sifatida ko‘rinmaydi. U takrorlanuvchi yoki yaqinlashayotgan falokat sifatida namoyon bo‘la boshlaydi. Shu ma’noda tarixdan tashqariga chiqarib qo‘yilish postapokaliptik vaqt ichida yashashni anglatadi.

Eronliklar — bir tomondan Islom Respublikasi siyosati, boshqa tomondan AQSh sanksiyalari tufayli — o‘z tarixini o‘zlari anglab, kelajagini o‘z istaklariga ko‘ra tasavvur qilish imkonidan mahrum qilingan. Siyosiy repressiya ichki o‘zgarish imkonini cheklagan bo‘lsa, sanksiyalar  tashqi integratsiya yo‘lini yopgan. Ikkalasi birgalikda tarixiy subyektlik imkoniyatini toraytirib tashlagan.

Shunga qaramay, postapokaliptik holat faqat yakun emas. U boshqa ma’noda uzilish nuqtasi ham bo‘lishi mumkin — hukmronlikning uzluksizligi darz ketadigan lahza o‘laroq. Muhim tarixiy lahzalar ko‘pincha aynan falokat davrida yuzaga chiqadi — yangi ochilishlar va o‘zgarishlar uchun imkoniyat sifatida. Buni Ayol, Hayot va Ozodlik harakati va 2026-yilda jamiyatning chetga surilgan qatlamlari boshlagan noroziliklar ko‘rsatdi. Hatto postapokaliptik sharoitda ham tarix yakunga yetmagan. Hali yakunga yetmagan.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About