Donate

TANQIDIY FIKRLASH O‘ZI NIMA VA NEGA U BUNCHALIK MUHIM?

Skeptic18/08/26 17:3196
Critical Thinking: Your Guide to Effective Argument, Successful Analysis and Independent Study  Tom Chatfield
Critical Thinking: Your Guide to Effective Argument, Successful Analysis and Independent Study
Tom Chatfield

Bu bobda o‘rganadigan 5 ta asosiy narsangiz:

  1. Tanqidiy va ko‘r-ko‘rona (yuzaki) fikrlashning farqi.
  2. Ishingizda skeptitsizmni (sog‘lom shubhani) qo‘llash bo‘yicha amaliy maslahatlar.
  3. Vaqt va diqqatni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha tavsiyalar.
  4. Nima uchun "tasdiqlash xatosi"dan (confirmation bias) ehtiyot bo‘lishingiz kerakligi.
  5. Tanqidiy fikrlash "qutingiz" uchun 5 ta muhim usul.

Ko‘r-ko‘rona fikrlashning aksi
"Tanqidiy" so‘zi biroz qo‘pol eshitilishi mumkin. Odatda kimgadir "Meni nega tanqid qilyapsan?" desangiz, u buni negativ qabul qiladi. Hech kim tanqid qilinishni yoqtirmaydi.
Ammo tanqidiy fikrlash mutlaqo boshqa narsa. Bu doim negativ bo‘lish yoki kimnidir ayblash degani emas. Aslida, bu ancha qiziqarli va ijobiy jarayon. Keling, buni tushunish uchun avval uning ziddi bo‘lgan — hammamiz ba’zida yo‘l qo‘yadigan ko‘r-ko‘rona fikrlash haqida gaplashaylik. Bu o‘ylab ko‘rmasdan turib, narsalarni boricha qabul qilishdir.

Ko‘r-ko‘rona (uncritical) fikrlash: O‘qigan yoki eshitgan narsangiz qanchalik to‘g‘ri, aniq yoki mantiqli ekanligini o‘ylab ko‘rmasdan, unga darhol ishonish.

2013-yil 9-iyulda pochtamga kelgan mana bu xatga e’tibor bering:
Salom. Buni ko‘zimda yosh bilan yozyapman. Oilam bilan Filippinning Manila shahriga qisqa ta’tilga kelgandik, afsuski, mehmonxona parkida bizni tunab ketishdi. Hamma pul, hamyon, kredit karta va telefonlarimizni olib ketishdi, xayriyatki, pasportlarimiz xonada qolgan ekan. Konsullik va politsiyaga bordik, lekin yordam berishmadi. Parvozimizga bir necha soat qoldi, lekin mehmonxona to‘lovini qilolmayapmiz.
Bezovta qilayotganim uchun uzr, yordam so‘raydigan odamlarim ko‘p emas. Bizga tezda £2,450 qarz berib tursangiz, juda minnatdor bo‘lardik. Bu pullar to‘lovlarni qilib, uyga qaytishimizga yordam beradi. Western union orqali qancha jo‘nata olsangiz ham xursand bo‘lamiz. Qaytamiz deguncha hammasini qaytaraman. Iltimos, tezroq javob bering. Rahmat, Devid.
Agar men bu xatni ko‘r-ko‘rona o‘qiganimda, undagi hamma gapni rost deb qabul qilardim. Axir xat chinakam do‘stim Devidning shaxsiy pochtasidan kelgan! Iyul oyi edi — u chindan ham ta’tilda bo‘lishi yoki yordamimga muhtoj bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Darhol pul jo‘natishim kerak!
Lekin bunday shoshma-shosharlik bilan qilingan harakat meni muammoga botirishi aniq edi. Shuning uchun biroz to‘xtab, holatga tanqidiy yondashishim kerak bo‘ldi.
Birinchidan, xatni diqqat bilan qayta o‘qib chiqdim. Bu chindan ham yozuvchi, muharrir, ko‘p sayohat qilgan va osonlikcha vahimaga tushmaydigan do‘stimning gaplariga o‘xshaydimi? Yo‘q. Xat umuman uning uslubida yozilmagandi. Unda g‘alati iboralar, tinish belgilari va grammatikada qo‘pol xatolar bor edi — Devid hatto juda xafa holatda bo‘lsa ham bunday xatolar qilmasdi.
Qolaversa, u favqulodda vaziyatda rostdan ham pul so‘rab menga yozarmidi? Unchalik ham mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. U vaziyatni boshqacharoq tushuntirgan yoki mendan ko‘ra o‘ziga yaqinroq qarindoshlariga aloqaga chiqqan bo‘lardi.
Buni qanday tekshirsam bo‘ladi? Agar xat soxta bo‘lsa, demak, uning pochtasi buzilgan. Men darhol Google’ga kirib, xatning birinchi qatorini ("Buni ko‘zimda yosh bilan yozyapman") qidiruvga berdim.
Kutilgandek, juda ko‘p natijalar chiqdi. O‘zingiz ham sinab ko‘rishingiz mumkin: bu juda mashhur firibgarlik ekan. Forbes nashrining yozishicha, bu qariyalar va kompyuterni yaxshi tushunmaydiganlarni laqillatish uchun o‘ylab topilgan maxsus tuzoq.
Moliyaviy ekspert Jon Vasikning aytishicha: "Bu firibgarlik o‘zining shoshilinchligi bilan ishlaydi. Bu — odamning o‘zini ojiz his qilgan paytlariga qaratilgan hissiy hujumdir." Boshqacha aytganda, bu hiyla odamlarni ataylab o‘ylamasdan, kuchli hissiyot ta’sirida tezkor qaror qabul qilishga (ko‘r-ko‘rona fikrlashga) undaydi.
Buni bilib olgach, Devidga SMS yozib, pochtasi buzilganini aytdim va ahvolini so‘radim. U charchagan ohangda: "Hammasi joyida, sen so‘nggi bir soat ichida ahvolimni so‘rab yozgan o‘ninchi odamsan," — deb javob berdi. Aslida u o‘z uyida, Angliyada edi.
Internet va elektron pochta bilan ishlashni biladigan ko‘pchilik odamlar bunday vaziyatlarda o‘z-o‘zidan tanqidiy fikrlaydi. Bu zamonaviy dunyomizda omon qolishning muhim qoidasidir, chunki internetda hamma narsa ham ko‘ringanidek bo‘lavermaydi. Biz o‘zimiz bilmagan holda g‘alati xatlarga nisbatan quyidagi tanqidiy filtrlarni ishga solamiz:

  • Bu holat odatdagidan g‘alati yoki kutilmaganmi?
  • Agar shunday bo‘lsa, to‘xtab, e’tibor berish va o‘zimizga savollar berish vaqti keldi.
  • Bu xabar kimdan va qayerdan keldi?
  • Nima maqsadda jo‘natilgan?
  • Xatni jo‘natgan odam rostdan ham o‘zini tanishtirgan odammi?
  • Xatdagi gaplarga ishonamanmi?
  • Agar ishonmasam, uning ortida qanday yashirin maqsad bo‘lishi mumkin?
  • Aslida nima bo‘layotganini tekshirish uchun qaysi ishonchli manbalardan foydalansam bo‘ladi?
  • Va nihoyat — bularning barchasini tahlil qilgach, qanday chora ko‘rishim kerak?

Albatta, tajribali foydalanuvchilar har bir shubhali xatni ko‘rganda bu qadamlarni bittalab bosib o‘tishmaydi. Shunchaki: "Bu haqiqiy xatmi yoki spammi?" — deb qo‘ya qolishadi. Chunki biz ilgari yuzlab, minglab bunday xatlarni ko‘rganmiz. Avtomat ravishda tanqidiy tahlil qilishga odatlanganmiz va ko‘rinmas "spam tanqidchilari"miz. Agar biror vaziyatga ko‘p marta duch kelgan bo‘lsangiz, sizda kuchli intuitsiya va tajriba shakllanadi. Lekin vaziyat siz uchun mutlaqo yangi va notanish bo‘lsa, shoshilinch qabul qilgan qarorlaringiz ko‘pincha xato bo‘lib chiqadi.
Biz o‘zimiz bilmagan holda har kuni tanqidiy fikrlaymiz. Agar hamma narsani boricha qabul qilaversak, hayotda uzoqqa bora olmasdik — bizni osonlikcha aldashgan va chalg‘itishgan bo‘lardi. Tasavvur qiling, har bir reklamaga yoki har bir siyosatchining va’dasiga ishonaversangiz nima bo‘ladi?
Tanqidiy fikrlash inson tabiatini o‘zgartirish yoki doim 100% ratsional bo‘lish haqida emas. Bu o‘zimizning va boshqalarning ojiz tomonlarini tushunish, qachon to‘xtab o‘ylab ko‘rishni bilish va vaziyatni to‘g‘ri baholash san’atidir.

Tanqidiy fikrlash: mantiq va dalillarga tayangan holda nima bo‘layotganini tushunishga intilish, hamda o‘zimizning fikrlash jarayonimizga e’tiborli bo‘lish.

Skeptitsizm (Sog‘lom shubha) va Obyektivlik (Xolislik)
Keling, tanqidiy fikrlash bo‘yicha quyidagi 8 ta vaziyatni tahlil qilib ko‘ramiz. Ular qanchalik mantiqli? Ularga darhol ishonasizmi yoki biroz o‘ylab ko‘rasizmi? Nima uchun?

  1. Ular buning "dunyodagi eng zo‘r pivo" ekanini aytishmoqda. Demak zo‘r bo‘lsa kerak, sotib olaman.
  2. U psixologiya bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi darslikni yozgan: psixologiya haqidagi fikrlarini jiddiy qabul qilish kerak.
  3. U psixologiya bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi darslikni yozgan: PlayStation 4 o‘yin konsoli haqidagi fikrlarini ham jiddiy qabul qilish kerak.
  4. Kartoshka fri juda mazzali. Uni endi har doim yeyman.
  5. Do‘stim oyog‘ini jarohatlab oldi va yonimda og‘riqdan qichqiryapti: darhol unga yordam berishim kerak.
  6. Do‘stim oyog‘ini jarohatlab oldi va tirband ko‘chaning narigi tomonida yotibdi: darhol unga yordam berish uchun yugurishim kerak.
  7. Do‘stim Facebook’ga qo‘ygan video juda kulgili ekan. "Like" bosaman.
  8. Do‘stim Facebook’ga qo‘ygan video juda asabni buzarkan. Hozir kirib haqoratli izoh yozaman.

1-vaziyat (eng zo‘r pivo) — bu ko‘r-ko‘rona fikrlash, bunga skeptitsizm bilan qarash kerak. Skeptitsizm ma’lumotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilmaslikni va uning qanchalik ishonchli ekanini shubha ostiga olishni anglatadi. Bu shunchaki reklama iborasi ekanini va bu pivoni mutaxassislar tekshirib chiqmaganini tushunishimiz kerak.
2-vaziyat (psixolog haqida) — unchalik shubhali emas. O‘z sohasining ustasi bo‘lgan psixologning fikrlarini qabul qilish mantiqan to‘g‘ri. Ammo 3-vaziyatda, uning psixologiya mutaxassisi ekani uning PlayStation 4 ni ham zo‘r tushunishini anglatmaydi. Buni darhol qabul qilishdan oldin o‘ylab ko‘rishimiz kerak.
Qolgan 4 ta vaziyatga (5 dan 8 gacha) kelsak, ularning barchasi men qilmoqchi bo‘lgan harakatlar haqidagi tezkor qarorlardir (doimo fri yeyish, yordamga yugurish, like bosish yoki so‘kinish). Ba’zida tezkor qarorlar zarur. Lekin ular ko‘pincha yaxshilab o‘ylab ko‘rilganda xato bo‘lib chiqadigan hissiy reaksiyalar bo‘lishi mumkin. Masalan, do‘stimizni qutqarish uchun o‘ylamasdan tirband yo‘lga yugurib chiqish ikkalamizga ham zarar yetkazishi mumkin; internetda kimgadir yomon izoh yozish esa qattiq xafagarchilikka olib kelishi yoki obro‘yimizni to‘kishi mumkin.
Tanqidiy fikrlash vaziyatni iloji boricha obyektiv (xolis) baholashni talab qiladi: shaxsiy hissiyotlarni bir chetga surib, aniq faktlarni ko‘ra bilish. Obyektivlik va skeptitsizm bir-biriga chambarchas bog‘liq. Ikkalasi ham birinchi eshitgan narsaga avtomatik ishonib qolmasdan, vaziyatning asl mohiyatini tushunishga harakat qilishdir.
Biroq, mukammal obyektivlik yoki mutlaq skeptitsizm degan narsa yo‘q. Biz hech qachon 100% obyektiv bo‘la olmaymiz yoki bilgan hamma narsamizga shubha qila olmaymiz. Fikrlash doimo bizning kimligimiz, hayotiy tajribamiz va hissiyotlarimiz bilan bog‘liq. Asosiysi — tilla o‘rtalikni topish: o‘zingizni yaxshiroq anglash va dunyoni iloji boricha aniq, reallikka yaqinroq ko‘rishga yordam beradigan texnikalarni mashq qilish.
Yuqoridagi 8 ta vaziyatni shunchaki "ha, bu mutlaqo to‘g‘ri" yoki "yo‘q, bu mutlaqo xato" deb ikkiga ajratib bo‘lmaydi. Ular ma’lum bir spektrda, turli ishonchlilik darajasida joylashgan. Hayotda duch keladigan aksariyat ma’lumotlar shunday. Ularni shunchaki qabul qilish yoki rad etish kerak emas — gap ularga to‘g‘ri baho bera olishimizda.

Noobyektivlik, shoshma-shosharlik va e’tiborimizni qanday boshqarishimiz haqida
Ishda yoki o’qishda biror ma’lumotning qanchalik foydali ekanini aniqlash juda muhim jarayon. Buni xuddi izquvarlarning ishi bilan solishtirish mumkin: vaziyatni to’liq tushunish uchun faqat birinchi taassurotga yoki ko’z oldimizdagi dalillarga ishonib qolmasdan, turli manbalarni va turli ehtimollarni solishtirib ko’rishimiz kerak. Bu maslahat o’ta jo’n eshitilishi mumkin, to’g'rimi? Lekin ishonasizmi, hammamiz — hatto men ham — ko’pincha chuqurroq o’rganish o’rniga, qo’limizdagi bor ma’lumotga yoki his-tuyg’ularimizga qarab shartta xulosa chiqarib qo’yaqolamiz.
AQL BILAN O’QISH: Yaxshiroq skeptik bo’lish uchun 4 ta savolSkeptitsizm (sog’lom shubha) degani hamma narsani boricha qabul qilmaslikni anglatadi. Hayotda yoki o’qishda biror qarorga kelishdan oldin o’zingizga doim shu 4 ta oddiy savolni bering:

  • Bu da’voga nega ishonishim kerak?
  • Buni gapirayotgan odam nega bunga ishonadi yoki mening ishonishimni xohlaydi?
  • Bu mavzu haqida yana qanday ma’lumotlar bor?
  • Shu savollarga ishonch bilan javob berish uchun yetarlicha narsa bilamanmi?

Agar oxirgi savolga javobingiz "yo’q" bo’lsa, tan olingki, to’g'ri qaror qabul qilish uchun bilimingiz kamlik qilyapti. Demak, qo’shimcha ma’lumot qidirish vaqti keldi.
Bias (Tarafkashlik / Noto’g'ri qarash) bilan kurash

Bias: Vaziyatga bir tomonlama yondashib, uning asl mohiyatini buzib qabul qilish.

Obyektivlik va sog’lom shubha hamma narsani boricha tushunishga yordam bersa, "bias" ularning mutlaqo ziddidir. Yuzlab bias turlari mavjud, ular haqida kitob davomida batafsil gaplashamiz. Biroq ularning hammasini bitta umumiy qoida birlashtiradi: shaxsiy qarashlar va qoliplar ta’sirida voqelikni bir tomonlama qabul qilish.
Masalan, men sizni qattiq sevib qolgan bo’lsam, sizning suhbat qurish qobiliyatingiz yoki hazillaringizga noxolis yuqori baho berishim aniq. Yoki tashqi ko’rinishingiz chiroyli bo’lgani uchungina sizni ishga olishim, hatto havaskor truppadagi ijroingizni "ajoyib" deb ta’riflashim ham mumkin. Xuddi shunday, agar men sizga mashina sotmoqchi bo’lsam, faqat uning zo’r joylarini aytib, kamchiliklarini yashirishga harakat qilaman.
Shu o’rinda biasning ikkita asosiy turini farqlab olishimiz kerak:

  • Ongli bias: Inson qasddan biron narsani bir tomonlama ko’rsatishi yoki ataylab noxolis fikr bildirishi.
  • Ongsiz bias: Inson o’zi umuman sezmagan holatda boshqa omillar ta’sirida noto’g'ri xulosa chiqarishi.

Keling, buni ikkita misolda ko’ramiz:

  1. Bosh vazirning matbuot kotibi xalqqa yuzlanib, "Bosh vazirimiz juda oqko’ngil inson, uning tanqidchilari esa qo’rqoq," deb aytdi. Bu — ongli bias. Kotib maqsadli ravishda vazirni oqlab, raqiblarni qoralayapti.
  2. Saylovchilar ikkita nomzodning rasmini ko’rib, baland bo’yli va kelishganrog’ini afzal ko’rishdi. Bu — ongsiz bias. Saylovchilar o’z tanlovlariga nomzodning tashqi ko’rinishi ta’sir qilganini ko’pincha hatto bilishmaydi ham.

Ongsiz biaslar bilan kurashish ancha qiyin. Agar kimdir ochiqchasiga "Men ayollarga ovoz bermayman" desa, uning biasini aniqlash va unga qarshi bahslashish oson. Biroq odam o’zini umuman seksist (jins bo’yicha ajratuvchi) deb hisoblasa-yu, amalda o’zi sezmagan holda ayollarni chetga suradigan qarorlar qabul qilsa, bu muammoni topish ham, tuzatish ham mushkul bo’ladi.
Hech birimiz barcha biaslardan yuz foiz xoli bo’la olmaymiz. Maqsad ham ularni butunlay yo’qotish emas. Asosiy vazifamiz — o’zimizdagi ongsiz xatolarni anglash va ularning ta’sirini kamaytirish yo’llarini topishdir.

O’YLAB KO’RING: Atrofingizdagi odamlarda eng ko’p qanday ongsiz biaslarni uchratasiz? Ular sizning qarorlaringizga ham ta’sir qilyaptimi?

Tez va sekin fikrlashBiz hayotimizning katta qismida intuitsiyamizga suyanamiz, chunki har bitta mayda qadamni chuqur o’ylab o’tirishga vaqtimiz yetmaydi. Ammo muhim masalalarda to’xtab, ongli va tahliliy "sekin" fikrlashni ishga solish imkonimiz bor. Tanqidiy fikrlash aynan shu ko’nikmaga asoslanadi. Shuning uchun uning eng muhim qoidasi: Shoshilmang! Tezkor instinktlarga berilishdan oldin, "sekin" va mushohadali aqlni ishga solish uchun o’zingizga vaqt bering.
Mashhur psixolog Daniel Kaneman bu tezkor qaror qabul qilish xatoligini WYSIATI (What You See Is All There Is) degan atama bilan tushuntiradi. Bu — "Nimani ko’rsangiz, bor haqiqat shu deb o’ylash" degani.Hammaga xos bu xatolik tufayli biz qo’limizdagi qisqa va chala ma’lumotning o’zigagina qarab, chuqur tahlilsiz yakuniy xulosa yasab qo’yamiz. Masalan, hamkasbingiz doim burnini kavlab yurgani uchungina uni umumiy yomon odam deb o’ylashingiz; yoki Vikipediyada Daniel Kaneman haqidagi bitta kichik maqolani o’qib, men bu olimning falsafasini tushundim deb hisoblashingiz aynan mana shu biasdir.
Bu xatolar oddiy eshitiladimi? Unda mana bu misolni o’ylab ko’ring:"Muvaffaqiyatga erishish sirlarini bilish uchun Apple va Google kabi gigant texnologiya kompaniyalarini o’rganish qanchalik to’g'ri?"
Javob: Unchalik to’g'ri emas. Odamlarning ko’pchiligi dunyodagi eng omadli kompaniyalarni tahlil qilish eng zo’r strategiya deb o’ylaydi. Lekin bu yerda yashirin mantiqiy xato bor. Siz faqat muvaffaqiyatga erishgan o’ta kichik bir guruhnigina ko’ryapsiz. Har bir Apple uchun minglab sinib ketgan kompaniyalar bor. Yoki ish boshlashga ham ulgurmagan yuzlab loyihalar bor. Muvaffaqiyat haqida qanday "oltin qoida" o’ylab topmang, xuddi shu qoidaga amal qilgan, lekin qashshoqlashib yopilib ketgan kompaniyalar minglab topiladi. Shunchaki siz ularni ko’rmaysiz.
Bu "Omon qolganlar biasi" (Survivorship bias) deyiladi. Odamlar faqat yutuqlarga e’tibor qaratib, mag’lubiyatlarni butunlay ko’zdan qochirishadi. Muvaffaqiyat kam, lekin juda yorqin bo’ladi; muvaffaqiyatsizlik esa son-sanoqsiz, lekin hech kimning ko’ziga tashlanmaydi.
Tanqidiy fikrlashdagi eng katta to’siqlardan yana biri — bu "Tasdiqlash biasi" (Confirmation bias). Bu shunday holatki, biz yangi dalillarga duch kelganda ulardan faqat o’zimizning eski qarashlarimizni tasdiqlash uchun foydalanamiz. Qarama-qarshi faktlarni esa shunchaki rad etamiz. Masalan, dinozavr suyaklarini ko’rgan odamning "Men dunyo 6 ming yil oldin yaratilganiga ishonaman, Xudo bu suyaklarni iymonimizni sinash uchun qo’ygan ekan" deyishi, tasdiqlash biasiga yorqin misoldir. Obyektiv odam esa "Agar dunyo 6 ming yil avval yaratilgan bo’lsa, bu milyon yillik suyaklarni qanday izohlash mumkin?" deb so’rashi kerak.Tanqidiy fikrlash udum yoki e’tiqodlarga qarshi emas, balki dogmatizmga (har qanday g’oyani mutlaq haqiqat deb bilib, unga umuman shubha qilmaslikka) qarshidir.
Diqqatni to’g'ri taqsimlashDiqqat — bu cheklangan resurs. Biror narsaga chindan diqqat qaratish juda ko’p aqliy energiya talab qiladi va insonni toliqtiradi. O’zingizni to’g'ri tushunish va qachon chalg’iyotganingizni anglash juda muhim ko’nikmadir. Diqqatni jamlash uchun qulay muhit yaratish kerak. Masalan, talaba paytimda uyda ishlardim, lekin magistraturada kutubxonalarda ko’proq o’tira boshladim. Kitoblar uchun emas, u yerdagi muhit chalg’ituvchi narsalardan uzoqlashishga yordam bergani uchun.
Diqqatning eng katta dushmani — bu chalg’ish (distraction). Shu matnni o’qiyotganingizda qancha marta ijtimoiy tarmoqqa yoki pochtaga kirdingiz? Axborot nihoyatda ko’p, vaqtimiz esa oz. Nimani o’qish va nimaga vaqt ajratishni qanday hal qilamiz? Buning siri mo’jizaviy iroda emas, balki to’g'ri strategiya va odatlardir. Asosiy g’oyani tushunish uchun qaysi materiallarni ipidan-ignasigacha o’qish kerakligini va qaysilariga shunchaki ko’z yugurtirib chiqish yetarli ekanligini oldindan rejalashtirishingiz shart. E’tiboringizni va energiyangizni shunga qarab boshqarish muvaffaqiyatning asosiy kalitidir.

AQL BILAN O‘QISH: Vaqt va diqqatni boshqarish uchun 10 ta maslahat
Har doim internetga ulangan texnologiyalar va cheksiz ma’lumotlar davrida vaqt va diqqatni boshqarish har qachongidan ham muhimroq. O‘qish yoki ish paytida chalg‘ishlarni kamaytirish uchun quyidagi 10 ta ajoyib usulni sinab ko‘ring:

  1. Sokin, toza va tartibli ish joyi tayyorlang — va ijtimoiy tarmoqlardan chiqing.
  2. Diqqatni jamlash uchun telefoningizni bir soatga "bezovta qilinmasin" (do not disturb) rejimiga qo‘ying yoki umuman o‘chirib qo‘ying.
  3. Asosiy fikrlar va atamalar yozilgan kichik eslatma kartochkalari (memory cards) tayyorlang.
  4. Qog‘ozda aql xaritalari (mind maps) chizing — g‘oyalarni kengaytirish uchun qo‘lda yozib, chizib tashlang.
  5. Fikrlaringizni xaritaga tushirish uchun MindView kabi raqamli dasturlardan ham foydalaning.
  6. Chalg‘ituvchi veb-sahifalarni to‘sib qo‘yish uchun Concentrate kabi brauzer kengaytmalarini ishlating.
  7. Turli xil qarashlarni jamlash uchun do‘stlaringiz bilan birga o‘qish guruhlarini tashkil qiling.
  8. Boshqa talabalarga ustozlik qilish (mentorlik) yoki ulardan ustozlik olish imkoniyatlarini izlang.
  9. O‘qish davomida ichiga qaydlar yozib borish uchun kamida bitta asosiy darslikni sotib oling.
  10. Tajriba qilib ko‘ring: qanday muhit va ish uslubi sizga ko‘proq mos kelishini toping.

Tanqidiy fikrlash "qutingiz" (Toolkit)
Endi bu mavzuga biroz kirishganimizdan so‘ng, o‘zingizning tanqidiy fikrlash qobiliyatingizga qanchalik ishonasiz? Keling, quyidagi 5 ta savolga 10 ballik tizimda baho berib ko‘ramiz (bu yerda 10 — o‘zimga to‘liq ishonaman, 0 — umuman ishonmayman).

  1. Ma’lumot va g‘oyalarga chuqur, mayda-chuydasigacha e’tibor bera olaman (/10)
  2. O‘qigan yoki ko‘rgan ma’lumotlarimni qisqacha xulosa qilib, tushuntirib bera olaman (/10)
  3. Boshqalarning fikrini va nega aynan shunday o‘ylayotganini osongina tushunaman (/10)
  4. O‘z fikrimni aniq va tiniq yetkazib bera olaman (/10)
  5. Yangi narsa o‘rganganimda, fikrimni yoki qarashlarimni o‘zgartirishga doim tayyorman (/10)

Umumiy ball: /50
Agar balingiz 40 dan yuqori bo‘lsa, qoyil! Siz yo o‘zingizga juda ishonasiz, yo allaqachon ajoyib tanqidiy mutafakkirsiz (yoki ikkalasi ham). Agar 20 dan past bo‘lsa, xavotirlanmang. Hozircha o‘zingizga ishonch yetishmasligi mumkin, lekin mashq qilish va diqqatni jamlash orqali buni butunlay o‘zgartirsa bo‘ladi.Endi xuddi shu tarzda, o‘qish va izlanish jarayoniga oid yana 5 ta savolga javob berib ko‘ring:

  1. Bir nechta turli manbalarni bir-biriga solishtirib, ularni baholay olaman (/10)
  2. Kerakli ma’lumot manbalarini mustaqil ravishda topa olaman (/10)
  3. Boshqalarning ishlarini, ularning kamchiliklarini ham qo‘shib, tushuntirib va xulosa qilib bera olaman (/10)
  4. O‘z xulosalarimni asoslab, ortidagi dalillarni ko‘rsatib bera olaman (/10)
  5. O‘z bilimimning chegaralarini bilaman va buni boshqalarga tushuntira olaman (/10)

Umumiy ball: /50
Yana 50 ballik tizim. Ko‘pchilik uchun bu ikkinchi testning natijasi birinchisidan pastroq chiqadi. Sababi, birinchi savollar umumiy fikrlash haqida edi, ikkinchisi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qish, izlanish va ishlashga qaratilgan qattiqroq ko‘nikmalardir.
Agar ikkinchisida ham 40 dan oshirgan bo‘lsangiz, qoyil qoldim. Agar 10 dan kam olgan bo‘lsangiz — xavotir olmang, bu kitob aynan siz uchun yozilgan o‘zi. Kitob davomida bu testlarni yana qayta ishlaymiz. Agar qunt bilan o‘qisangiz, natijangiz yirik sakrash qilganini ko‘rasiz.
O‘z fikrlash jarayoningiz haqida o‘ylab ko‘rish — samaraliroq fikrlaydigan inson bo‘lishning eng muhim qismlaridan biridir. Va bu juda qiyin bo‘lishi ham mumkin. Hatto eng daho mutafakkirlar ham har doim ham tanqidiy fikrlayvermaydi; hammamizga ta’sir qiladigan zaifliklar va xatolar ularda ham bor. Rivojlanish ko‘pincha qandaydir ilohiy ilhom bilan emas, balki vaziyatni to‘g‘ri anglash, o‘z-o‘ziga halollik va yaxshi odatlar orqali keladi.
Shuning uchun ham tanqidiy fikrlashni "yoki eplaysan, yoki yo‘q" deydigan qobiliyat emas, balki ma’lum bir texnikalar to‘plami deb qarash to‘g‘riroq. Biz shunchaki maxsus ko‘nikmalarni shakllantirishimiz va doim mashq qilishimiz kerak: bu bizning tanqidiy yondashuv "qutimiz"dir. Bu kitob davomida biz 5 ta asosiy usulni o‘rganamiz. Ularning barchasi mantiqiy fikrlash (reasoning) san’ati bilan bog‘liq — ya’ni narsalar haqida mantiqan va oqilona o‘ylash hamda bu fikrlarni boshqalarga sog‘lom bahs, tushunmovchiliklarni hal qilish va hamkorlikka imkon beradigan tarzda yetkazib berish.

Mantiqiy fikrlash (Reasoning): narsalar haqida oqilona va mantiqan o‘ylash, keyin bu fikrlarni boshqalarga sog‘lom bahs, taqqoslash va hamkorlik qilishga imkon beradigan tarzda tushuntirib berish.

AQL BILAN O‘QISH: Tanqidiy fikrlash uchun 5 ta asosiy usul

  • Mantiqiy fikrlashni tushunish va baholash (1–4 boblar): Fikrlash biron-bir da’voni yoqlab ishonchli dalillar keltirishni yoki nimadir haqida tushunarli izoh berishni talab qiladi. Dalillar zanjirini tuzish, taqqoslash va tanqid qilish orqali biz har qanday fikr va g‘oyani shunchaki hissiyot bilan qabul qilmasdan yoki rad etmasdan, uni obyektiv sinovdan o‘tkaza olamiz. O‘zgalarning gapini mantiqan baholay olish — o‘qishdagi o‘ta muhim ko‘nikmadir, u boshqalarning nima deyotganini va eng asosiysi nega shunday deyotganini aniq tushunishga yordam beradi. Shu sabab, fikrlash jarayonida doim o‘zingizga bitta sodda savolni berib turing: "Shu gapni aytish yoki unga ishonish mantiqan to‘g‘rimi?"
  • Dalillarni tushunish va baholash (5–6 boblar): Dalil (evidence) — bu qaysidir fikrni yoqlash yoki voqeaning aslida qanday bo‘lganini ko‘rsatish uchun to‘plangan ma’lumotlar. Dalillar har xil ko‘rinishda bo‘ladi va ularning orasidan keraklisini ajratib olish (elakdan o‘tkazish) talabalar uchun eng qiyin ishlardan biridir. Dalillar bilan ishlash deganda: kerakli va foydali materiallarni topish; turli manbalarning qanday ishlashini bilish; va ularning ichidan sizga kerakli ma’lumotni sug‘urib olish tushuniladi. Shuningdek, manbaning qanchalik ishonchli va sizning mavzuingizga aloqador ekanini baholashni ham o‘rganamiz.
  • Noxolislikni (Bias) tushunish va hisobga olish (7–10 boblar): Odamlar va manbalarning o‘ziga xos tarafkashligi (bias) bo‘ladi — xuddi siz kabi. Mukammal obyektiv (xolis) qarashning o‘zi yo‘q. Lekin o‘z ishingizga qanday qoliplar va noxolisliklar olib kirayotganingizni tushunish, boshqalarnikini ilg‘ashdek muhimdir. Siz ushbu biaslarni qanday qilib darhol payqashni, ularni qanday hisobga olishni hamda mavzu va savollaringizni chalg‘ishlardan himoyalangan tarzda qanday tuzishni o‘rganib olasiz.
  • Texnologiyadan ongli foydalanuvchiga aylanish (11-bob): O‘qish va yozishdan tortib, izlanish, bahslashish va hamkorlik qilishgacha bo‘lgan raqamli axborot tizimlari shaxsiy va kasbiy hayotimizning deyarli barcha qismini qamrab olgan. 11-bob texnologiyadan qanday qilib o‘ziga ishongan va unga tanqidiy yondashadigan foydalanuvchiga aylanish haqida. Boshqa boblarda ham g‘oyalarni internetda qidirib ko‘rish va raqamli asrda ushbu ko‘nikmalarning nega muhimligini mulohaza qilish imkoniyatlari berib boriladi.
  • O‘qish va yozishga aniq, dadil yondashish (6 va 12 boblar): Boshqalarning yozganlarini diqqat bilan va tanqidiy o‘qish — sizning ham o‘z ishlarizda aniq va dadil yoza olishingiz bilan chambarchas bog‘liq. Kitobning har bir qismining oxirgi boblarida yaxshi o‘qish va yozish nima ekanligi, hamda buni qanday qilib foydali odatga aylantirish sirlari ochiladi. Ushbu kitobni tugatganingizda, o‘z g‘oyalaringizni aniq va kuchli ifodalash, boshqalarning ishini samarali va yordam beradigan tarzda tahlil qilish, hamda o‘z fikrlashingizni to‘xtovsiz yaxshilab borish ko‘nikmalariga ega bo‘lasiz.

Tanqidiy fikrlash o‘zi nimaga kerak?
Tasavvur qiling, oldingizda Koinotda Yerning qanday joylashgani haqidagi quyidagi turli xil qarashlar turibdi. O‘zingiz eng yaxshi deb bilganingizni belgilang va sababini yozing.

  • Yer ulkan toshbaqa ustida turgan yassi diskdir…
  • Yer qadim zamonlarda ulkan qush tomonidan qo‘yilgan ulkan tuxumdir…
  • Yer koinot markazida joylashgan shardir…
  • Yer Quyosh tizimida, Somon yo‘li galaktikasida (o‘z yulduzimiz atrofida) aylanuvchi toshli sayyoradir…

Shubhasiz, oxirgi ta’rif eng yaxshisi. Ammo nega? Chunki birinchi uchta ta’rif Yer haqidagi biz bilgan ko‘plab faktlarni mantiqan tushuntirib bera olmaydi. Bizda samolyot va sun’iy yo‘ldoshlardan olingan, Yerning pufak shaklida ekanini yaqqol ko‘rsatadigan juda ko‘p suratlar bor; atrofimizdagi koinotda yulduz va sayyoralar qanday harakatlanishi haqida behisob ma’lumot to‘plaganmiz. Yassi disklar, toshbaqalar yoki ulkan tuxumlar haqidagi ertaklar qachonlardir insoniyat bilgan ozgina narsani tushuntirish uchun yetarli bo‘lgandir, lekin bugungi kunda jamlagan barcha bilimlarimizni izohlash uchun ular umuman yaramaydi.
Ammo oxirgi ta’rif — Yerning Quyosh atrofida aylanuvchi toshli sayyora ekanligi — bizdagi eng so‘nggi ma’lumotlarga to‘liq mos tushadi. Bu ta’rif bizdan o‘z bilganlarimizni inkor etishni yoki maxsus bahonalar o‘ylab topishni talab qilmaydi. Qolaversa, u shunchalik aniqki, uni eng qattiq ilmiy sinovlardan o‘tkaza olamiz.
Albatta, bu biz endi hamma narsani bilamiz yoki tarixdagi odamlardan butunlay ustunmiz degani emas. Aksincha. Yangi narsalarni kashf qilganimiz sari tushunchalarimiz ham muttasil o‘zgarib boraveradi. Tanqidiy fikrlashning eng katta vazifasi ham aynan shu — har doim oldimizga hozirgisidan ham yaxshiroq, kuchliroq tushuntirishlar topish talabini qo‘yishdir.
Bu yerda muhim bir narsaga e’tibor bering: kuchli tanqidiy fikrlash bu shunchaki "nimaga ishonayotganingizni tushuntira olish" degani emas. Bu shuningdek, dunyo haqidagi faktlar va bilimlar o‘zgarganda, o‘z fikringizni ham o‘zgartirishga doim tayyor bo‘lishingizni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, u barcha ilmiy va falsafiy izlanishlarning oliy maqsadi bilan bir xil ishni bajaradi: ya’ni, atrofimizdagi voqelikning biz uchun hozirda ma’lum bo‘lgan eng yaxshi, eng to‘g‘ri tasvirini topish.

Tanqidiy fikrlashning maqsadi: u bizga voqelikning asl holati haqidagi, ayni paytdagi eng yaxshi ta’rifni topishga yordam beradi.

Insoniyat aynan shunday rivojlanadi (agar chindan rivojlanayotgan bo‘lsa): biz voqelikning aniq va tiniq ta’rifini topishga harakat qilamiz, so‘ngra bu fikrimizni, shunchaki uni tasdiqlaydigan narsalarni topish bilan emas, balki biz hali ham tushuntirib bera olmayotgan narsalarni qidirish orqali qattiq sinovdan o‘tkazamiz. Va biz hali izohlab bera olmagan ana shu tilsimlar bizga oldinga yo‘l ko‘rsatadi; ular qachondir insoniyatning bilimsizlik chegaralarini yana biroz orqaga surib beradigan yangi nazariya va g‘oyalarning ilk chizgilaridir.
Xulosa
Ko‘r-ko‘rona (Uncritical) fikrlash: o‘qigan yoki eshitgan narsangizning qanchalik to‘g‘ri, aniq yoki mantiqli ekanligini o‘ylab ham o‘tirmasdan, unga darhol avtomatik tarzda ishonishdir.
Tanqidiy fikrlash: ma’lumotlar, g‘oyalar va dalillarni diqqat bilan baholab, voqelikda aslida nima bo‘layotganini ongli ravishda tushunishga intilish — va shuningdek, o‘z fikrlash jarayonining o‘ziga ham e’tiborli bo‘lish.
Tanqidiy fikrlash negizida bir-biriga chambarchas bog‘liq ikkita tamoyil yotadi:

  • Skeptitsizm (sog‘lom shubha): eshitgan, o‘qigan yoki ko‘rgan narsangizga darhol, boricha ishonib ketavermaslik.
  • Obyektivlik (xolislik): vaziyatni faqat o‘z his-tuyg‘ularingiz yoki bitta qarash bilan cheklanib emas, balki tashqaridan turib, aniq faktlarga tayangan holda baholash.

Mukammal obyektivlik degan narsa yo‘q — siz voqelikka xohlasangiz-xohlamasangiz o‘z hayotiy tajribangiz va dunyoqarashingiz orqali qaraysiz. Lekin, o‘zingizni yaxshiroq bilib olishingiz va narsalarni aniqroq ko‘rishga yordam beradigan vosita hamda texnikalardan foydalanishni o‘rganishingiz mumkin. Bunga sizni chalg‘ituvchi bias (tarafkashlik / noxolislik) bilan kurashish ham kiradi. Biasning ikkita asosiy turi mavjud:

  • Ongli bias: kishi qasddan biron narsani bir tomonlama ko‘rsatishi yoki ataylab noxolis fikrni ilgari surishi.
  • Ongsiz bias: inson o‘zi ham umuman sezmagan holatda boshqa omillar ta’sirida xato yoki noxolis qaror qabul qilishi.

Bular ichida eng muhimi, "tasdiqlash biasi" (confirmation bias) deb ataladigan muammoga nisbatan o‘ta sergak bo‘lishingiz shart: bu insonlarning o‘z bilim va tushunchalarini sinash va yangilash o‘rniga, yangi ma’lumotlardan faqat va faqat o‘zlari oldindan ishonib kelgan narsalarni tasdiqlash uchungina foydalanishlaridir.
Tanqidiy o‘ylay olish uchun diqqatingizni to‘g‘ri va maqsadli taqsimlashingiz zarur. Esdan chiqarmang: yaxshi fikrlashning birinchi qoidasi — shoshilmaslik (sekinlashish) hamda ichingizdagi birinchi hissiyotlar va tarafkashliklarni vaqtincha bir chetga surib turishdir.
Tanqidiy fikrlashni yo qila olasiz yoki yo‘q deydigan tug‘ma qobiliyat emas, balki o‘rganish mumkin bo‘lgan vositalar va usullar yig‘indisi deb biling. Fikrlashingizni rivojlantirish — ana shu usullarni doimiy amaliyotga aylantirish demakdir. Bu sizning ishlash "qutingiz" bo‘lib, quyidagilarda yordam beradi:

  • Mantiqni tushunish va unga baho berish.
  • Dalillarni tushunish va saralay olish.
  • Bias (noxolislik) ni anglash va uni jarayonda hisobga olish.
  • Aniq, ishonchli, tanqidiy yozish uslubini shakllantirish.
  • Texnologiyaning ongli va teran foydalanuvchisiga aylanish.

Biz tanqidiy yondashganimizda, narsalarning asl holatini tushuntirib beradigan hozirgi kundagi eng yaxshi ta’rifni qidirayotgan bo‘lamiz. Bu esa bizdan shunday mas’uliyat talab qiladiki: qachonki yangi faktlar va sog‘lom mantiq shuni ko‘rsatsa, o‘z fikrimizni o‘zgartirishga doim tayyor turishimiz shart.

Bu bobda o‘rganadigan 5 ta asosiy narsangiz:

  1. Ish va izlanishda mantiqiy asoslashning (reasoning) ahamiyati.
  2. Argumentlarni va ularning xulosalarini qanday aniqlash mumkinligi.
  3. Aniq ta’riflar, qisqacha mazmunlar (summary) va misollar keltirish qobiliyatini qanday rivojlantirish kerakligi.
  4. Argumentlar va izohlar (explanations) o’rtasidagi farq.
  5. Yaxshi va yomon izohlarni bir-biridan qanday ajratish.

Biz tanqidiy fikrlashni "ko’r-ko’rona ishonishning teskarisi" deb ta’rifladik. Bu — o’qigan yoki eshitgan hamma narsaga darhol avtomat tarzda ishonib ketavermasdan, biroz to’xtab, aslida nima bo’layotganini diqqat bilan baholashdir. Tanqidiy fikrlaganimizda, voqelikning bizga ma’lum bo’lgan eng yaxshi, eng to’g'ri ta’rifini topishga harakat qilamiz. Buning uchun o’zimizga ikkita savol berishimiz kerak: • Nega biz bu narsani haqiqat deb qabul qilishimiz kerak? • Bu narsalar qanday qilib bunday holatga kelib qoldi? Boshqacha aytganda, biz yaxshi argumentlarni topish hamda tuzishni, aqlga sig’adigan izohlar berishni, shuningdek, ularning ikkalasining ham yomon misollarini rad etishni o’rganmoqchimiz.
Tanqidiy fikrlashga oid kitoblar ko’pincha argumentlarga katta e’tibor qaratadi (nega bunday ekanligini biz shu bobning o’zida ko’rib chiqamiz). Lekin gap faqat argumentlarda emas. Biz muloqot va ifodaning boshqa turlariga ham tanqidiy qaray olishimiz, ayniqsa turli nazariyalar, izohlar va ilmiy izlanish metodlarining ortida yotgan mantiqiy fikrlash jarayoniga juda sergak bo’lishimiz kerak.

Quruq tasdiq (Assertion): Hech qanday dalil yoki isbotlarsiz berilgan fakt yoki shaxsiy ishonch.

Argument o’zi nima? Mantiq orqali ishontirish

Xo’sh, nega mantiqiy asoslash bunchalik muhim? Bunga javob berish uchun keling, avval mutlaqo boshqa narsani — quruq tasdiqlarni ko’rib chiqamiz. Masalan, uyda hayvon boqish haqidagi mana bu tasdiqqa qarang:Uyda hayvon boqish — noto’g'ri.
Bu quruq tasdiq bo’lib, hech qanday dalilsiz aytilgan shunchaki fakt yoki ishonchdir. U o’z holicha bizga qandaydir ma’lumot berishdan nariga o’tmaydi.
Endi qarang, argument birmuncha foydaliroq ish qiladi. Xuddi shu mavzudagi mana bu argumentni o’qib ko’ring:Uyda hayvon boqish noto’g'ri, chunki bu orqali ularning erkinligi tortib olinadi va ular munosib hayot kechira olmaydi. Barcha tirik mavjudotlar erkin yashashga haqli.
Ko’ryapsizmi, bu yerda voqelik haqidagi quruq da’voning o’zigagina emas, balki uni isbotlashga qaratilgan mantiqiy zanjirga ham guvoh bo’lyapmiz. Biror xulosani mantiqan asoslab berishga urinish — bu juda muhim narsa. Agar kimdir shunchaki "Uyda hayvon boqish noto’g'ri" desa, biz uning nima uchun bunday o’ylayotganini bila olmaymiz. Balki uning shunday zo’r dalili bordirki, eshitsak hayotimiz o’zgarib ketar. Yoki u buni shunchaki onasi yoshligida uqtirgani uchungina aytayotgandir. Buni bilmaymiz. Ammo u o’z fikrini argument bilan bergach, biz quyidagi qiziqarli ishlarni qila olamiz: • Uning vaziyatga bo’lgan qarashini chuqurroq tushunamiz.• Uning mantiqiy asosiga (daliliga) qo’shilish-qo’shilmasligimizni hal qilamiz.• Boshqa argumentlar bilan solishtirib, qaysi biri ishonchliroq ekanini aniqlaymiz.• U biron bir muhim ma’lumotni yoki g’oyani e’tibordan chetda qoldirmaganligini tekshiramiz.• U bilan bahslashib, fikrini o’zgartirishga urinamiz — yoki o’zimiznikini o’zgartiramiz.
Agar kimdir argument keltirayotgan bo’lsa, demak, u boshqa ma’lumotlarni (dalillarni) taqdim etish orqali sizni o’zining xulosasi to’g'riligiga ishontirmoqchi bo’lyapti. Shunday qilib, tanqidiy fikrlashda argument uchun quyidagicha sodda ta’rif berishimiz mumkin: argument — bu mantiqiy asoslar (dalillar) yordamida sizni qandaydir xulosaning to’g'riligiga ishontirishga urinishdir.

Argument: Mantiqiy asoslash orqali kimnidir ma’lum bir xulosaga qo’shilishga ko’ndirishga urinish.

Buni ikkita asosiy qismga ajratishimiz mumkin: • Sizga mantiqiy asoslar zanjiri taqdim etiladi…• …va u sizni ma’lum bir xulosani qabul qilishga ishontirishga qaratilgan bo’ladi.
Argumentning xulosasi — bu uning yakuniy nuqtasi; ya’ni qolgan hamma narsa olib keladigan yakuniy manzil. Bitta argumentning xulosasi boshqa bir argumentning boshlanish asosi bo’lishi ham mumkin; lekin har bir argument doim faqat bitta yakuniy xulosaga ega bo’ladi.

Xulosa (Conclusion): Argument keltirayotgan odam sizni ishontirmoqchi bo’lgan yakuniy fikr.

Endi tasavvur qiling, siz ishga odam qidiryapsiz. Quyida men o’zim haqimda sizga uch xil usulda gapirib beraman. Ulardan faqat bittasigina biz hozirgina ta’riflagan ma’nodagi argument hisoblanadi (ya’ni ham mantiq, ham xulosa bor). Qaysi biri ekanini topishga harakat qiling:

  1. Salom! Ismim Tom va bu ish uchun ayni muddaoman!
  2. Bu ish uchun eng mos odam menman. Men eng zo’r mutaxassisman va hoziroq ish boshlashga tayyorman.
  3. Men butun dunyo bo’ylab juda ko’p ish tajribasiga egaman; Men ajoyib xodimman.

Keling, har birida mantiq va xulosa bor-yo’qligini birma-bir ko’rib chiqamiz:(1) Bu yerda aniq xulosa bor — "bu ish uchun ayni muddaoman!" — lekin uni qo’llab-quvvatlaydigan hech qanday dalil yo’q. Men o’zimni quvnoq tanishtirgandirman, lekin nega aynan meni ishga olishingiz kerakligi uchun sabab ko’rsatmadim: shunchaki quruq tasdiq bilan cheklandim.(2) Bu yerda ham mantiq, ham xulosa bor: biroz norasmiy eshitilsa-da, bu to’liq argument hisoblanadi. Birinchi gap xulosani beryapti — "Bu ish uchun eng mos odam menman"; ikkinchi gap esa bu xulosani quvvatlovchi ikkita dalilni ko’rsatmoqda — "eng zo’r mutaxassisman" va "hoziroq ish boshlashga tayyorman".(3) Bu yerda xuddi dalillar ro’yxatiga o’xshash narsa bor — "juda ko’p ish tajribasiga egaman" — lekin uni qandaydir yakuniy xulosaga bog’lashga, ya’ni sizni ochiqchasiga ishontirishga urinish yo’q. Men o’z tajribam va qobiliyatlarim haqida shunchaki faktlarni aytyapman, xolos.
Lekin shuni unutmangki, agar uchinchi misol ishlarga oid umumiy suhbat davomida aytilganda, mening maqsadim shu qadar yaqqol ma’lum bo’lardiki, u holda bu gapimni ham bemalol argument deb qabul qilish mumkin edi. Masalan, agar siz darrovgina: "Menga haqiqatan ham xalqaro tajribaga ega yangi xodim kerak", deganingizda, men darhol: "Menda butun dunyo bo’ylab katta ish tajribasi bor", deb javob qilsam, u holda "meni ishga oling" degan xulosa shundoq ham hammaga tushunarli bo’lardi. Boshqacha aytganda, agar vaziyat kontekstidan xulosa o’z-o’zidan ma’lum bo’lsa, shunchaki dalillarni keltirishning o’zi ham argument qatoriga kirishi mumkin.
Hayotda nima argument ekani-yu, nima argument emasligini ajrata olish alohida san’atdir. Quyidagi misollarning har birida argument bormi yoki yo’qmi, shuni aniqlashga harakat qiling. Agar bor bo’lsa, qaysi biri dalil va qaysi biri xulosa ekanligini toping:

  1. Kelaqoling, suv shunchaki ajoyib!
  2. Itdan ehtiyot bo’ling: u jahlga chiqqan, qo’lingizni tishlab olishi mumkin.
  3. Akamning boshi og’rib (pohmel) turganda u bilan uchrashishni umuman xohlamagan bo’lardingiz.

Garchi (1) biroz norasmiy eshitilsa-da ("kelaqoling, suv ajoyib!"), biroz tahlil qilsak, bu qip-qizil argument ekanini ko’ramiz. U sizni suvga tushish kerak degan xulosaga (suvning ajoyib ekanligini pesh qilib) ko’ndirishga urinyapti. Bunga ishonasizmi-yo’qmi — o’zingizga havola, kalla tashlashdan oldin suvning haroratini barmog’ingiz bilan tekshirib ko’rishingiz mumkin.(2)-misolda ham argument bor. Bu sizni itdan ehtiyot bo’lish kerak degan xulosaga (uning jahlga chiqqani va tishlab olishi mumkinligini aytib) ishontirishga urinishdir. Yana takrorlayman, ohangning norasmiyligi bizdan matn mohiyatini tushunish uchun uni o’zimiz uchun biroz aniqlashtirib olishimizni talab qiladi.Nihoyat, (3)-misol argumentga o’xshab ketsa-da, aslida argument emas: "Akamning boshi og’rib turganda u bilan uchrashishni umuman xohlamagan bo’lardingiz". Bu yerda sizni qandaydir xulosaga ishontirish harakati yo’q: sizga shunchaki akam haqidagi fakt ma’lum qilinyapti, unga ishonasizmi-yo’qmi, bu o’z ixtiyoringiz.
Agar men buni: "Akamning hozir pohmeli bor: unga shunchaki e’tibor bermay qo’yaqoling, chunki kayfiyati yomon bo’lishi aniq", deb aytganimda edi, u holda bu argument bo’lardi, sababi men sizni xulosaga (akamga e’tibor bermasligingiz kerakligiga) aniq sabablar (uning pohmeli borligi va kayfiyati yomonligi) orqali ishontirishga urinayotgan bo’lardim.

Xulosani qidirish orqali argumentlarni topish

Yuqoridagi misollarning har birini tahlil qilishni avvalo xulosani qidirishdan boshlaganimni sezgandirsiz. Bu biroz teskari usul bo’lib ko’rinishi mumkin, lekin (keyingi bobda batafsil ko’rib chiqadiganimizdek) argument bilan ishlayotganingizni aniqlashning eng zo’r usuli aynan shudir.

Xulosani qidirish: Kimdir argument keltiryaptimi yoki yo’qmi, shuni aniqlamoqchi bo’lsangiz, ishni birinchi navbatda u sizni qaysi xulosaga ishontirmoqchi ekanini qidirishdan boshlang.

Quyidagi uchta matnga qarang va "xulosani qidirish" usulidan foydalanib, ular argumentmi yoki yo’qmi shuni aniqlang:

  1. Ta’tilga ketayotganingizda mushugingizni albatta menga tashlab keting. Men mushuklarni yaxshi ko’raman. Ular ham meni yaxshi ko’radi. Uyda mushuklarim ko’p va ularga qanday qarashni bilaman. Menda 12 ta mushuk bor, ular bilan doim gaplashaman. Men haqiqiy mushukshunosman…
  2. Tadqiqotlar shuni ko’rsatmoqdaki, juda ko’p klinik sinovlarni qayta o’tkazganda olimlar dastlabki natijalarni takrorlay olishmayapti. Bu klinik sinovlar atrofidagi tahririyat va nashr qilish tizimida jiddiy muammo borligidan dalolat beradi…
  3. Moliya sohasida ishlaydigan juda ko’p do’stlarim bor: yoqimsiz odamlar, beqaror soha. Lekin ba’zida zo’r kechki ovqatlarga birga chiqib turamiz…

(1)-misol — bu argument. Bu yerda xulosa birinchi gapning o’zida kelgan: "Ta’tilga ketayotganingizda mushugingizni albatta menga tashlab keting." Matnning qolgan qismi esa nega siz bu xulosaga qo’shilishingiz kerakligi bo’yicha sabablarni (men mushuklarni yaxshi ko’raman, ko’p mushugim bor va h.k.) hamda mushuklarga bo’lgan g’alati odatlarim haqidagi biroz ortiqcha va xavotirli ma’lumotlarni taqdim etadi.
(2)-misol ham argument. Birinchi gap olimlarning ba’zi klinik sinov natijalarini takrorlay olmayotgani haqidagi mantiqiy asosni (dalilni) beryapti. Ikkinchi gap esa mana shu mantiqqa suyanuvchi xulosani — "demak tizimda muammo bor" degan fikrni beryapti. Xulosani topib olish bizga matnni orqaga qarab o’qib, undan oldin kelgan gaplarni asos sifatida ko’rishga va bu yerda mantiqan argument yasalganini bilishga yordam beradi.
(3)-misol esa argument emas. Fikrlar ketma-ketligi aniq bir tartibga tushmagan va bitta gap ikkinchisidan mantiqiy xulosa sifatida kelib chiqmayapti. Ehtimol, men haqiqatan ham moliya sohasi "beqaror soha" degan yakuniy xulosaga kelgandirman — lekin bu yerda mantiqiy asoslarsiz shunchaki quruq tasdiq sifatida o’tib ketilgan.
Hayotda siz bu misollardagidan ko’ra ancha uzun va murakkabroq matnlarga duch kelasiz. Shuning uchun mantiqiy xulosaga ishora qiluvchi ba’zi so’zlarni yodda saqlash juda foydali. Garchi bunga qat’iy qoida bo’lmasa-da (ba’zida bunday so’zlar umuman qatnashmasligi ham mumkin), ko’pincha yakuniy xulosa "chunki", "sababi", "shu bois" kabi so’zlar orqali ko’zga tashlanadi, hamda ko’pincha matnning boshida yoki oxirida keladi.
Endi mana bu matnni o’qib ko’ring. Unda dalillar va xulosa bormi? (ya’ni u argumentmi?) Agar shunday bo’lsa, xulosa va mantiq qayerda ekanini ko’rsatuvchi ishora so’zlarini topa olasizmi?
Ilk bolalik davridagi ta’limga sarflanadigan xarajatlar turli mamlakatlarda turlicha. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Buyuk Britaniya ushbu birinchi ta’lim bosqichiga boshqa davlatlardan ko’proq mablag' sarflaydi — lekin boshlang’ich va o’rta ta’limga kelganda orqada qoladi. Xarajatlarning ta’lim natijalariga ta’siri haqida to’g'ridan-to’g'ri dalillar yo’qligini, va ta’lim sohasida dalillarga asoslangan siyosat yuritish ayniqsa muhimligini hisobga olsak, turli mamlakatlarda xarajatlarning har bir bosqichdagi o’zlashtirishga ta’sirini batafsil qiyosiy o’rganish — jiddiy tadqiqot uchun juda qimmatli mavzu bo’lar edi.
Bu yerdagi asosiy fikrlarni ajratib olish uchun matnni diqqat bilan o’qish kerak. "Hisobga olsak" iborasi ko’rsatib turganidek, bu argumentning asosiy dalili shuki, "xarajatlarning ta’lim natijalariga ta’siri haqida to’g'ridan-to’g'ri dalillar yo’q" va "ta’lim sohasida dalillarga asoslangan siyosat yuritish muhim". Oxiridagi "bo’lar edi" so’zi esa bu yerda shunday xulosa yasalayotganini bildiradi: "shuning uchun buni qiyosiy o’rganish qimmatli mavzu bo’ladi".
Siz ham xuddi shunday tahlil qildingizmi? Agar topa olmagan bo’lsangiz, xavotir olmang. Argumentlarni ilg’ab olish har doim ham oson emas. Buni o’rganish uchun nima argument ekanini bilish qanchalik muhim bo’lsa, nima argument emasligini bilish ham shunchalik muhim. Keyingi bo’limlarda biz aynan argument hisoblanmaydigan (chunki ular sizni biror xulosaga ishontirishga urinmaydigan) matn turlarini ko’rib chiqamiz.

Argument bo’lmagan matn (Non-argument): Sizni biron bir xulosaga dalillar orqali ishontirishga urinmaydigan, shuning uchun ham argument deb hisoblanmaydigan yozuv yoki ifoda.

AQL BILAN O’QISH: Xulosa va mantiqni bildiruvchi so’zlarni topishBa’zi so’z va iboralar argumentning xulosasi va asosi qayerda ekanligini topishga yordam beradi.Dalillar zanjirini (mantiqni) aniqlayotganda, shunchaki faktni taqdim etmay, balki uni isbotlovchi g’oya sifatida bog’laydigan "hisobga olib", "shunga asoslanib", "inobatga olsak", "modomiki", "chunki" kabi iboralarni qidiring. Xulosani topish uchun esa "shunday qilib", "shu sababli", "demak", "xulosa qilib aytganda", "bu shuni ko’rsatadiki" kabi so’zlarga e’tibor qarating.

Nima argument emas? Dalilsiz ma’lumotlar
Biz yuqorida argument — bu qandaydir xulosani tasdiqlash uchun dalillar va mantiq ishlatish ekanligini aytib o’tdik. Agar matnda dalil bo’lmasa, demak sizga argument emas, balki boshqa narsa taqdim etilmoqda.
Bizga shunchaki quruq ma’lumot berilganda, eng muhim masala — bu ma’lumotning qanchalik to’g'ri va bizning mavzumizga aloqadorligini aniqlashdir. Keling, matnlarda va nutqimizda eng ko’p uchraydigan 4 xil axborot turini ko’rib chiqamiz:

  • Ta’riflar (Descriptions)
  • Qisqacha mazmunlar (Summaries)
  • Fikr va e’tiqodlar (Opinions and beliefs)
  • Tushuntirish va misollar (Clarifications and illustrations)

Ta’riflar

Quyidagi gaplarga e’tibor bering. Bularning orasida argument bormi?

  1. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, dunyoda o’limga olib keluvchi eng asosiy sabab bu — yurakning ishemik kasalligidir.
  2. Mening bobom yurak ishemik kasalligidan 90 yoshlarida vafot etganlar.
  3. Yurak ishemik kasalligi ayollarga qaraganda ko’proq erkaklarda uchraydi.

Topganingizdek, bu gaplarning hech biri argument emas. Ular shunchaki ta’riflar: qandaydir holat haqida axborot beryapti, lekin uni isbotlashga urinmayapti, tahlil qilmayapti yoki unga shaxsiy baho bermayapti.

Ta’rif: Ma’lumotni hech qanday baholashsiz, izohsiz yoki kimgadir o’z fikrini o’tkazishga urinmasdan, o’z holicha yetkazish.

Balki siz uchinchi gapda qandaydir tahlil bordek tuyulgandir. Lekin u ham shunchaki informatsion xarakterga ega fakt. Men sizga o’z fikrimni uqtirmayapman, bor ma’lumotni ulashyapman xolos.
Yaxshi ta’rifning maqsadi voqeani iloji boricha xolis, aniq va ortiqcha his-tuyg’ularsiz tushuntirishdir. Quyidagi ikki ta’rifni solishtiring, qaysi biri yaxshiroq?

  • 1-gap: Tajribamizda qatnashgan ko’pchilik odamlar nima bo’layotganini tushunishga qiynalishdi.
  • 2-gap: Tajribamizda qatnashgan 10 kishidan 8 tasiga berilgan ko’rsatmalar yetarli darajada tushunarli bo’lmagani uchun, ular topshiriqni to’g'ri bajara olishmadi.

Ikkala gap ham bitta narsa haqida, lekin ikkinchisi ancha yaxshi yozilgan. U aniq, batafsil va nima bo’lganini yaqqolroq tasvirlaydi. Yaxshi ta’rif yozish ham o’ziga xos san’at — chunki minglab tafsilotlar orasidan eng muhimlarini tanlay bilish kerak. Masalan, ishtirokchilarning kiyimi qanday rangda bo’lgani yoki ularning bo’yi necha santimetr ekani bu vaziyatda umuman muhim emas.
O’zingiz biron ta’rif o’qiyotganda yoki yozayotganda doim shu savollarni yodda tuting:

  • Buni yozayotgan odam nimani qanday darajada bilishi mumkin edi?
  • Bu matndagi ma’lumotlarning qay biri men uchun foydali va muhim?
  • Asqatishi mumkin bo’lgan yana qanday muhim tafsilotlar tushirib qoldirilgan bo’lishi mumkin?
  • Bu ta’rif aniq va lo’ndami, yoki mavhum va bo’rttirilganmi?

Qisqacha mazmun (Summaries)

Ilmiy izlanishlar va maqolalarda ma’lumotni yetkazishning yana bir keng tarqalgan usuli bu — xulosa (qisqacha mazmun) qilishdir.
Tasavvur qiling, tajribada 100 ta ko’ngilli 50 kishidan iborat ikki guruhga bo’lindi. Birinchi guruhga test ishlashdan oldin xohlagancha pechenye yeyishga ruxsat berildi, ikkinchi guruhga esa test tugamaguncha pechenye yeyish mumkin emasligi aytildi. Natijada, darhol shirinlik yeganlar testlarni 75% ga, och qolganlar esa 55% ga to’g'ri ishlashdi.

Qisqacha mazmun: Uzunroq matn yoki jarayondagi eng asosiy g’oya va dalillarni lo’nda qilib yoritib berish.

Xuddi ta’rif kabi, qisqacha mazmun ham o’z shaxsiy fikringizni qo’shmasdan, asosiysini ajratib ko’rsatishni talab qiladi. Buni o’qiy olish va yoza bilish judayam muhim ko’nikma. Obyektiv tarzda, shaxsiy baho bermasdan xulosa yozish qiyinroq.
Keling, yuqoridagi tajribaning yomonroq xulosasini ko’rib chiqamiz:Menimcha, "ochko’z" va "och qolgan" ikkita guruh tuzdik. Ular o’ta zerikarli test ishlashdi. Ko’pi tushunmadi shekilli, menimcha natijalar xato chiqadi. Xullas, birinchi guruh ko’p pechenye yedi, natijalar zo’r bo’ldi. Och bo’lish miya uchun yomon ekan-da. Lekin, menimcha ba’zilar bildirmay pechenye o’g'irlab yegan.
Bu xulosa o’qishga qiziqarliroq bo’lishi mumkin, ammo u judayam tartibsiz. Faktlar o’rniga muallifning taxminlari ("menimcha", "zerikarli", "o’g'irlab yegan") va shaxsiy xulosalari aralashib ketgan. Eng yomoni — test natijasi necha foiz chiqqani (eng asosiy fakt) aytilmagan.
Yaxshi qisqacha mazmun o’qiyotganda yoki yozayotganda quyidagilarni o’ylab ko’ring:

  • Bu xulosaning asosiy maqsadi nima?
  • Matnni tushunish uchun qaysi faktlar eng muhim?
  • Matnni yana-da qisqa va lo’nda qilish uchun qaysi qismlarni olib tashlasa bo’ladi? Yoki tushunib bo’lmaydigan qilib qo’ymaslik uchun qaysi ma’lumotlarni albatta qo’shish kerak?

Fikr va e’tiqodlar (Opinions and beliefs)

Agar men sizga boshqa birov nima deb o’ylayotganini aytsam, bu oddiy ma’lumot yetkazish bo’ladi (masalan, "Vazir bu muammoni jiddiy deb hisoblaydi"). Lekin agar o’z fikrimni aytsam, men faqatgina o’zimning miyamda nima o’tayotganini siz bilan bo’lishayotgan bo’laman. Bunga dalil kerak bo’lmaydi.

Fikr yoki e’tiqod: Insonning qandaydir masalaga nisbatan nuqtai nazarini dalillarsiz ifodalashi. Fikr — odatda faktlarga tayangan shaxsiy baho; e’tiqod esa axloqiy, diniy yoki madaniy negizga ega kuchli ishonch.
  1. Hukumat yurak kasalliklariga qarshi kurashni o’z zimmasiga olishi shart. (Bu yerda "menimcha" deyilmagan bo’lsa ham, gap insonning qanday bo’lishi "kerakligi" haqidagi fikri ekanligi aniq).
  2. Yurak kasalligi — juda daxshatli narsa. (Bunga qandaydir mantiqiy isbot yo’q, bu o’z-o’zidan ma’lum insoniy e’tiqod va ishonchdir).
  3. Sizning ovqatlanish tarzingiz juda yomon: yog’li narsalarni yeyishni to’xtatishingiz kerak! (Bu biroz boshqacharoq fikr bo’lib, birovga qaratilgan maslahat yoki ogohlantirishdir).
Maslahat va ogohlantirishlar: Kimdir nima qilishi kerak yoki kerak emasligi haqidagi shaxsiy fikrlar.

Kundalik hayotimiz asosan xuddi shunday fikr va e’tiqodlardan iborat bo’ladi. Har qadamda o’z nuqtai nazarimizni dalilsiz, shunchaki o’zimiz shunday deb o’ylaganimiz uchun ham aytaveramiz. Shunday holatlarga duch kelganda o’zingizga shu savollarni bering:

  • Bu insonning bunday fikrda bo’lishi mantiqan to’g'rimi?
  • Bunday e’tiqodda bo’lish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
  • Bu masala bo’yicha boshqalar qanday fikrda bo’lishi mumkin?

Tushuntirish va misollar (Clarifications and illustrations)

Ba’zida g’oya yoki dalillarimizni yaxshiroq anglatish uchun tushuntirish yoki misollardan foydalanamiz.

Tushuntirish (Clarification): Biron bir ibora, tushuncha yoki qiyin g’oyaning aslida nimani anglatishini aniqlashtirib berish.Misol (Illustration): Qandaydir umumiy g’oyani isbotlash uchun emas, uni aniq tasavvur qilish uchun bitta alohida holatni ko’rsatib o’tish.

Masalan:

  1. Yurak ishemik kasalligi deganimda, yurak toj tomirlarining torayishi oqibatida yurak mushaklariga qon oqimining kamayishini nazarda tutyapman. (Bu yerda termin tushuntirib berilyapti).
  2. Dunyodagi ko’plab xalqlar ko’chada raqsga tushishni yaxshi ko’radi. Masalan, Xitoyda ko’pchilik parklarda baland ovozli musiqa ostida vals tushishadi. (Bu yerda asosiy fikr uchun ko’rgazmali misol keltirilyapti).

Tushuntirish shunchaki lug’atdagi ma’noni berish emas, balki muallif qaysi jihatni nazarda tutayotganini aniqlash hamdir. Masalan, ilmiy ish yozayotib, "Men bu tadqiqotda faqat sotsiologiyadagi etikani nazarda tutmoqdaman" deb chegarani aniqlashtirib olishingiz mumkin.
Misol keltirishni esa "tushuntirishning alohida usuli" deb qabul qilsa bo’ladi. Yaxshi misol — o’quvchiga umumiy fikrni tez va oson tushunishiga yordam beradigan eng qulay holat bo’lishi kerak. Har qanday duch kelgan fakt yaxshi misol bo’lavermaydi.

Izohlar: Orqaga qarab mantiq yuritish san’ati
Izoh (tushuntirish)ni argumentdan ajratib olish ba’zan qiyin bo’lishi mumkin, chunki ikkalasi ham nimanidir tasdiqlash uchun sabablar keltiradi. Lekin farqi shundaki: argument sizni mantiq orqali qandaydir xulosaning to’g'riligiga ishontirishga urinsa, izoh esa biror narsani allaqachon sodir bo’lgan fakt (yoki to’g'ri narsa) deb qabul qiladi va uning qanday yoki nima uchun shunday bo’lganini tushuntirib berishga harakat qiladi.

Izoh (Explanation): biror holat yoki voqeaning nima sababdan aynan shunday yuzaga kelganini ko’rsatib beradi.

Qaysidir ma’noda, izohlar argumentning teskarisidir: ular avvaldan to’g'ri deb qabul qilingan xulosadan orqaga qarab mantiq yuritadi va sizni "bu narsa nega yuz berdi?" degan savolga eng to’g'ri javobni berayotganiga ishontirishga urinadi.
Garchi ular odatiy argumentdek ko’rinmasa ham, mantiqiy va to’g'ri berilgan izohlar ilm-fan va falsafiy izlanishlarning eng asosiy qismlaridan biridir. Har qanday jiddiy izlanish ertami-kechmi "Nega?" degan savolga duch keladi: nega dunyo aynan shunday tuzilgan, nega o’rniga boshqasi emas, aynan shu narsa sodir bo’ldi, nega odamlar aynan shu ishni qilishdi? Keling, oddiy bitta izohga misol keltiraman:
Yuragimdan xavotir olganim uchun ko’p bekon (cho’chqa go’shti) yeyishni tashladim.
Garchi bu yerda "uchun" (yoki chunki) so’zi bo’lsa-da, men sizni bekon yeyishni tashlaganimning to’g'ri ish bo’lganligiga ishontirmoqchi emasman. Aksincha, buni shunchaki fakt sifatida aytyapman (va bunga ishonishingizni kutyapman) va nega bunday qarorga kelganimning sababini tushuntiryapman: "yuragimdan xavotir olganim uchun".
Mening bu izohim yuz foiz to’liq haqiqatmi? Katta ehtimol bilan yo’q. Hatto eng oddiy qaror ortida ham bitta gap bilan tushuntirib bo’lmaydigan, ancha murakkab sabablar yotadi. Nega men yuragimdan xavotir ola boshladim? Nega bu narsa aynan bekon yeyishni tashlashimga sabab bo’ldi? Bunga yana qanday omillar ta’sir qildi? Ko’ryapsizmi, har bitta "Nega?" o’z-o’zidan keyingi "Nega?"larni chaqirib kelaveradi.
Boshqacha qilib aytganda, izohlar xuddi hikoyaga o’xshaydi — aytilishi kerak bo’lgan hikoyalar esa doim topiladi.Shuning uchun ham ular mantiqimizning eng ko’p bahs-munozara uyg’otadigan tomonlaridan biridir. Chunki, izoh berayotgan odam uchun uning aytayotgan gapi shunchalik ochiq-oydin ta’rifdek ko’rinadiki, ammo xuddi shu holatda boshqa birov u bilan mutlaqo rozi bo’lmasligi mumkin. Quyidagi uchta misolni ko’rib chiqing: bular izohmi yoki argumentmi?

  1. Tom Britaniya Yurak Fondi saytida to’g'ri ovqatlanish va faol hayot tarzi yurakni sog’lom saqlashini o’qidi. Natijada, u parhezini o’zgartirishga va haftada ikki marta yugurishga qaror qildi.
  2. Uning eri endi sariyog' yemaydi va yog’li sut ichmaydi. Xotini unga qon tomirlarining tiqilib qolgani aks etgan rasmni ko’rsatgandi, bu uni qattiq qo’rqitib, ovqatlanish odatini o’zgartirishga majbur qildi.
  3. Men haftada ikki marta yugurishga chiqaman, chunki bu menga hayotimni muvozanatda ushlashga yordam beradi.

Birinchi misolda men argument emas, izoh beryapman. Chunki men sizni nimanidir to’g'riligiga ko’ndirishga urinmayapman. Men shunchaki Tomning endi haftada ikki marta yugurayotganini barchaga ma’lum fakt sifatida aytyapman va buning sababi sifatida uning saytdagi ma’lumotni o’qiganini (izohni) keltiryapman.
Ikkinchi misolda ham xuddi shunday. Erining sariyog' va yog’li sut ichmay qo’ygani fakt sifatida kelyapti va bu xotini unga qon tomirlari rasmini ko’rsatib qo’rqitgani bilan tushuntirilyapti.
Va nihoyat, uchinchi misolda men bitta gapda nega yugurishga chiqishimni tushuntiryapman: hayotimni muvozanatda ushlash uchun. Siz mening gapimga ishonishingiz yoki ishonmasligingiz mumkin; lekin agar siz bunga boshqacha izoh (masalan, yugurishimning asl sababi boshqa ekanini) o’rtaga tashlamoqchi bo’lsangiz, ishonchli dalillar keltirishingizga to’g'ri keladi.
Izoh va argumentni adashtirib yuborishning asosiy sababi shuki, ular tuzilishi jihatidan judayam o’xshash bo’ladi va ikkalasida ham "chunki", "sababi", "shu bois" kabi so’zlar ishlatiladi. Ularni farqlash uchun o’zingizga doim shu savollarni bering:

  • Kimdir meni qandaydir fikrning to’g'riligiga ishontirmoqchimi (argument) yoki shunchaki biror narsa nima uchun shunday ekanini ma’lum qilyaptimi (izoh)?
  • Sabab qilib ko’rsatilayotgan narsa — o’tmishda sodir bo’lib o’tgan aniq faktmi (izoh) yoki hali aniq bo’lmagan, u mendan qo’shilishimni so’rayotgan ehtimoliy xulosami (argument)?

Tanqidiy fikrlashda izohlar juda muhim. Ularga argumentlarga qaraganda oddiyroq narsa deb qarash katta xato. Turli xil izohlar o’rtasida to’g'ri tanlov qilish — biz har kuni duch keladigan eng qiyin vazifalardan biridir. Bu ko’pincha chuqur tekshiruv va dalillarni talab qiladi (buni 5-bobda batafsil ko’rib chiqamiz). Hozircha esa, izohlarning sifatini solishtirish uchun mana bu 2 ta oltin qoidani yodda tuting:

  • Yaxshi izoh — muayyan holatdagi barcha dalillarni qamrab ola biladi va shunchaki o’ziga noqulay bo’lgan faktlarga ko’z yumib ketmaydi.
  • Yaxshi izoh — tejamkor bo’ladi: ya’ni unda ortiqcha qadamlar yoki asossiz taxminlar bo’lmaydi. Odatda, barcha faktlarni o’z ichiga oladigan soddaroq izoh, xuddi shu ishni qiladigan murakkab izohdan ko’ra ming chandon afzalroqdir.

Tasavvur qiling, mashinani qattiq tezlikda haydaganim uchun politsiyaga tushib qoldim. Siz esa quyidagi 4 ta izohdan eng mantiqiysini (eng yaxshisini) tanlashingiz kerak:

  1. Tez haydadim, chunki tezligim oshib ketganini o’zim ham sezmay qoldim.
  2. Tez haydadim, chunki mashinam tezurar va men tez haydashni yaxshi ko’raman.
  3. Tez haydadim, chunki kasal onamni ko’rishga shoshilayotgan edim.
  4. Tez haydadim, chunki mashinamning tezlik o’lchagichi (spidometri) buzilib qolgan.

Bulardan qaysi biri haqiqatga eng yaqin ekanini aniqlash uchun qo’shimcha tekshiruv kerak. Va mana, politsiya hisobotidan ayrim faktlar:Tekshiruv davomida avtomobilning spidometri mutlaqo yaxshi ishlashi aniqlandi; qilingan qo’ng’iroq natijasida haydovchining onasi butunlay sog’lom ekanligi ma’lum bo’ldi; politsiya bazasidan qidiruv esa, bu uning birinchi marta tezlikni oshirib qo’lga tushishi emasligini ko’rsatdi.
Shu nuqtaga kelib, siz bemalol ikkinchi izoh ("mashinam tezurar va men tezlikni yaxshi ko’raman") reallikka eng mos tushadi, deb xulosa qilishingiz mumkin. Bu 100% mutlaq haqiqat degani emas, albatta. Lekin, agar men sizning (yoki politsiyaning) fikrini o’zgartirmoqchi bo’lsam, yuqoridagi barcha faktlarni yanada ishonchliroq va mantiqiyroq qilib tushuntirib beradigan boshqa kuchliroq izoh topishimga to’g'ri keladi.
AQL BILAN O’QISH: Matnning 6 ta asosiy turi
Quyida biz ushbu bobda ko’rib chiqqan 6 xil turdagi matn va axborotlarning ro’yxati hamda qisqacha ta’rifi keltirilgan. Biz mantiqiy dalillar (sabablar)larsiz beriladigan axborotning 4 ta turini ko’rib chiqdik:

  • Ta’rif (Description): ma’lumotni to’g'ridan-to’g'ri va boricha yetkazish.
  • Fikr (Opinion) va E’tiqod (Belief): mantiqiy asoslarsiz shaxsiy xulosa yoki ichki ishonchni bildirish.
  • Qisqacha mazmun (Summary): asosiy ma’lumotlarning lo’nda ko’rinishi.
  • Tushuntirish (Clarification) va Misol (Illustration): ma’lum bir tushunchani aniqlashtirish yoki u amalda qanday ishlashini ko’rsatib berish.

Shuningdek, dalillar va mantiqiy asoslar orqali beriladigan axborotning 2 ta turini ham ko’rib chiqdik:

  • Argument: mantiq va dalillar orqali kimnidir o’z xulosasiga ishontirishga urinish.
  • Izoh (Explanation): oldindan to’g'ri deb qabul qilingan narsaning (faktning) nega yuz berganligini orqaga qaytgan holda mantiqan tushuntirib berish.

Siz o’qiyotgan yoki o’zingiz yozayotgan har qanday akademik matndagi asosiy g’oyalar deyarli doim shu 6 turdan biriga tushadi. Ularni keraksiz va ortiqcha gap-so’zlardan (shumdan) to’g'ri ajrata olishingiz juda ham muhim.
Endi o’zingizni sinab ko’ring. Quyidagi har bir misol qaysi turga tegishli ekanini aniqlang (ta’rif, qisqacha mazmun, fikr/e’tiqod, tushuntirish/misol, argument yoki izoh). Yordam: bu yerda bor-yo’g'i ikkita argument bor va biz o’rgangan qolgan barcha turlardan kamida bittadan misol bor:

  1. Toq sonli o’yinchilar bor bo’lsa, ikkita teng jamoaga bo’linayotganda bitta odam doim chetda qolib ketadi: masalan, 5 kishi bo’lsa 2 tadan 2 ta jamoa chiqadi va 1 kishi ortadi; 7 kishi bo’lsa 3 tadan 2 ta jamoa va 1 kishi ortadi; va hokazo.
  2. Pishirig’im ko’mirdek qorayib kuyib ketdi, chunki men uni bexosdan 13 soatga duxovkada qoldiribman.
  3. O’z qo’l ishimdan zavqlanib bir qadam orqaga tisarilishim bilan, yig’ib bo’lgan IKEA shkafim ohista qulab tushdi; uning tortishish kuchi ta’sirida o’z-o’zidan qismlarga ajralib ketishini tomosha qilish naqadar hayratlanarli manzara edi.
  4. Shkafni qanday yig’ganimni aytib beraman: birinchi, qo’llanmani uloqtirib yubordim; ikkinchi, hamma yumaloq qismlarini kichkina teshiklarga tiqdim; uchinchi, burash kerakdek tuyulgan hammanarsani burab tashladim; to’rtinchi, qolgan hamma detallarni bolg’a bilan urdim.
  5. Bozorlardan o’ta arzon kiyimlarni sotib olish — axloqqa zid narsa.
  6. O’ta arzon kiyimlarni sotib olish axloqqa zid: bu kiyimlarni ishlab chiqarish uchun odamlar tiqilinch fabrikalarda arzimagan chaqa evaziga soatlab mehnat qilishadi.
  7. Biz sotib oladigan kiyimlar o’ta arzon, chunki uni tikuvchi ishchilarga juda oz maosh to’lanadi.
  8. U suvdan juda tez va nafis tarzda yugurib chiqdi, chunki uning yuziga qisqichbaqa yopishib olgan edi.
  9. Siz bu kitobni barcha do’stlaringizga sovg’a qilishingiz kerak: u juda qimmatli va do’stlaringizning barchasini aqlliroq qilishiga shubha yo’q.
  10. Men o’ninchi misolni shunchaki boshqa g’oyam qolmagani uchun yozdim.

Javoblar: Bu yerdagi ikkita argument (6) va (9) edi.Oltinchi misolda ishchilarning og’ir sharoitda ishlashini asos qilib keltirib, sizni arzon kiyim olish axloqsizlik ekaniga ishontirmoqchi bo’lyapti. To’qqizinchi misol esa, kitob foydali degan vaj bilan uni barcha do’stlaringizga olib berishingiz kerakligiga ko’ndirishga urinyapti. (Ular qanchalik mantiqli argument ekani esa butunlay boshqa masala, buning ustida o’ylab ko’ring).
Qolganlarga kelsak:

  • (1) bu ko’rgazmali misol (illustration): toq sonli odamlarni jamoaga bo’lish haqidagi qoida qanday ishlashiga misollar keltirildi.
  • (2) bu izoh (explanation): nima uchun tortim kuyib ketganiga faktik izoh beryapman.
  • (3) bu oddiy ta’rif (description): shkafning qanday qulaganini boricha tasvirladim.
  • (4) bu qisqacha mazmun (summary): shkafni qanday yig’ganim (yoki rasvo qilganim) haqidagi jarayonning qisqacha tarixi.
  • (5) bu fikr/e’tiqod (opinion/belief): arzon kiyim haqida hech qanday dalillarsiz aytilgan shaxsiy qarash. E’tibor bergan bo’lsangiz, (6) xuddi shu 5-banddagi fikrni oldi-da, endi unga dalillar qo’shib, uni argumentga aylantirdi!
  • (7) esa xuddi shu mavzudagi izoh: u argument bermayapti, balki kiyimlarimiz nimaning hisobiga shunchalik arzon ekanligining sababini fakt sifatida aytyapti.
  • (8) bu ham izoh, chunki "nega u suvdan bunday yugurib chiqdi?" degan holatning asl sababi ko’rsatilyapti.
  • (10) ham izoh, chunki men sizga bu qatorni nega yozganimni tushuntiryapman.

Xo’sh, 10 tadan nechtasini to’g'ri topdingiz? Agar 7 tadan kam chiqqan bo’lsa, siz adashgan misollarga yana bir marta tezkor ko’z yugurtirib chiqishingizni maslahat beraman.

O’YLAB KO’RING: Shu bobda aytib o’tilganlardan tashqari, odamlarni ishontirishga urinmaydigan yana qanday ma’lumot turlarini bilasiz? Ularni qanday tasniflagan bo’lardingiz?

Nima argument emas? Dalilsiz ishontirish
Argumentlar bizni mantiq va dalillar orqali ishontirishga urinsa, ritorika (notiqlik san’ati) buning uchun boshqa usullardan foydalanadi. Ritorika — qadimgi Yunoniston va Rim davriga borib taqaladigan, ta’sirchan gapirish yoki yozish san’atining umumiy nomi. Mualliflar va notiqlar tinglovchilarni o’z fikriga og’dirish uchun turli xil ritorik usullarni ishlatishadi. Biz ritorikani 7-bobda batafsil ko’rib chiqamiz, hozircha esa uning asosiy xususiyatlari haqida qisqacha gaplashamiz.

Ritorika: aqlga va mantiqqa emas, ko’proq his-tuyg’ularga ta’sir qilish orqali ishontirishga urinish.

Hayotda duch keladigan aksariyat argumentlarda (va argument bo’lmagan matnlarda ham) qandaydir ritorik elementlar bo’ladi. Aslida ritorika yomon narsa emas. Lekin matnning yozilish uslubi va taqdim etilishi mantiqqa umuman aloqasi bo’lmagan holda fikrlashimizga qanday ta’sir qilishiga juda e’tiborli bo’lishimiz kerak.

Uslub: matnning qanday yozilganini, ya’ni undagi so’zlar, iboralar va til qurilishini bildiradi. Turli mavzular va turli auditoriyalar har xil uslubni talab qiladi.

Hamma har xil uslubda yozadi va har bir mavzuning o’ziga mos uslubi bor. Masalan, do’stlarimizga xabar yozganda ota-onamizga yozgandagidan boshqacharoq so’z va iboralarni ishlatamiz. Hikoya yoki she’r yozsangiz, ilmiy maqola yozishdan yoki ilmiy tajribani tasvirlashdan ko’ra tildan butunlay boshqacha foydalanasiz.
Odatda, akademik yozishmalar imkon qadar tushunarli bo’lishi, aytmoqchi bo’lgan fikringizni chalkashliklarsiz, aniq yetkazishi kerak. Albatta, murakkab sohalarda maxsus terminlar va chuqur bilim talab qilinishi tabiiy. Lekin, afsuski, ba’zi ilmiy matnlar tuzilishi, so’z boyligi yoki gaplarning uzunligi tufayli keragidan ortiq murakkablashtirib yuboriladi.
Tushunarsiz va murakkab yozishning o’zi ham aslida ritorik manipulyatsiya bo’lishi mumkin: bu orqali muallif o’zini o’ta kuchli mutaxassis qilib ko’rsatmoqchi bo’ladi. Umuman olganda, o’qish qiyin bo’lgan matnlardan ehtiyot bo’lish kerak. Ularning murakkabligi ortida aniqlik, isbot yoki tushuncha yetishmasligi yashiringan bo’lishi mumkin. Yoki muallif fikrini sodda qilib tushuntirsa, o’zining "obro’si" tushib ketishidan qo’rqqandir. Boshqa tomondan, juda sipo va ilmiy tilda gapirishning o’zi ham ishontirish usuli bo’lishi mumkin ("Men jiddiy olimman: menga ishonishingiz mumkin"). Shuning uchun, har qanday matnni o’qiyotganda birinchi navbatda o’zingizga shu savollarni bering:

  • Bu qanday yozish uslubi?
  • Bu uslub ortida qanday maqsad yashiringan: muallif menda qanday his-tuyg’u uyg’otmoqchi?
  • Bu yerda haqiqiy mantiqiy dalillar bormi yoki mendan shunchaki boshqa sabablarga ko’ra bunga ishonish talab qilinyaptimi?

Quyida ba’zi ritorik usullarga misollar keltirilgan. Ularning har birida maqsadimga erishish uchun qanday ayyorlik ishlatayotganimni topa olasizmi?

  1. Bugun ajoyib ko’rinyapsiz! Shunday professionallik, shunday kuch-g’ayrat. Sizdek ajoyib lider va tadbirkor albatta meni ishga olishi kerak.
  2. O’zgarishlar vaqti keldi: ish joyingizga yangi, g’ayratli va yosh mutaxassis kerak — bu menman.
  3. Hozir o’nlab ish beruvchilardan kelgan takliflarni rad etyapman — chunki aynan siz bilan ishlashni xohlayman. Nima deysiz?
  4. Agar meni ishga olmasangiz, nima qilishni ham bilmayman — menda hech vaqo yo’q. Yagona umidim sizdan. Iltimos.
  5. Hozirgi biznes sharoitida menday odamni ishga olmasangiz, kompaniyangiz kasodga uchraydi; mana ko’rasiz. Ahvolingiz chatoq va sizga mening yordamim kerak.
  6. Men kross-funksional disintermediatsiya sohasidagi yirik disruptorlar bilan ishlaganman. Vertikal va gorizontal strukturalarni qanday optimizatsiya qilishni bilaman. Sizga ajoyib valueni taqdim eta olaman.

Ketma-ketlik bo’yicha bu misollar o’zida nimalarni yashirgan:

  1. Xushomad: o’z xohlaganiga erishish uchun birovni maqtagaga ko’mish.
  2. Yangilikka undash: biror narsa yangi bo’lgani uchungina uni yaxshi deb hisoblashga undash.
  3. Ommaboplikka undash: ko’pchilik xohlayotgani yoki qiziqayotgani uchun uni to’g'ri deb ko’rsatish.
  4. Rahmdillikka undash: insonning rahm-shafqat tuyg’ulari bilan o’ynashish.
  5. Qo’rquvga undash: kishini qo’rqitish orqali ko’ndirishga urinish.
  6. Jargon (murakkab atamalar): o’zini aqlli qilib ko’rsatish uchun jimjimador, aslida esa ko’p manoga ega bo’lmagan so’zlardan foydalanish.

Bunday usullar juda ko’p. Tanqidiy fikrlash haqida gap ketganda, har qanday matndagi ritorik (hissiy) elementlarni iloji boricha tez payqab olishni va ularni matn tagida yotgan haqiqiy mantiq va dalillardan ajrata olishni o’rganishingiz kerak.
Keling, his-tuyg’ularga boy bitta matnni gapma-gap ko’rib chiqamiz. Muallif mantiq o’rniga qayerlarda hissiyot va ritorik usullardan foydalanib sizni ishontirishga urinyapti, topa olasizmi?
(1) Biznes olami aqldan ozgan! (2) Hamma doim faqat innovatsiyalar, yangi g’oyalar va texnologiyalar haqida gapiradi. (3) Aytishlaricha, sun’iy intellekt dunyodagi ishchilarning yarmini ishsiz qoldirarkan. (4) Lekin men bunga ishonmayman. (5) Menimcha, kelajakda har bir ishimizda aqlli mashinalar qatnashadi, ammo ular bizga yanada qiziqarliroq yangi ishlar topishga yordam beradi. (6) Axir, odamlar doim yangi texnologiyalardan qo’rqishgan. (7) 19-asr boshidagi Sanoat inqilobi davrida paxta zavodlarini pachoqlab tashlagan Ludditlarni eslang. (8) Ammo shunda ham hamma ishsiz qolib ketmadi-ku. (9) Ular shunchaki texnologiyalar kelajakda qanday yangi kasblarni yaratishini tasavvur qila olishmagandi, xolos.
(1)-gap to’lig’icha ritorika: "Biznes olami aqldan ozgan!" Bu hissiy til, ta’sirni oshirish uchun undov belgisi ham qo’yilgan. Bu orqali muallif sizni o’z tomoniga og’dirmoqchi, texnologiyalar olami haqida qandaydir g’alati narsalar eshitishga tayyorlamoqchi va siz bilan norasmiy aloqa o’rnatmoqchi.
(2)-gap ham mantiq yoki argument emas, balki ritorika. "Hamma doim… gapiradi" deyilyapti, bu aynan haqiqat bo’lishi qiyin. Muallif zamin yaratish uchun bo’rttirishdan foydalanyapti: ya’ni, "hamma" doim bir xil narsani aytadi, lekin u hozir sizga butunlay boshqacha, qiziqarliroq fikrni taqdim etmoqchi.

Bo’rttirish: vaziyatni haddan tashqari oshirib ko’rsatish, odatda bu ritorik usul; ortiqcha umumlashtirish kabi, bu ham aslida boridan ko’ra kattaroq da’vo qilishdir.

(3) va (4)-gaplar "ular shunday deyishadi" va "lekin men bunga ishonmayman" degan fikrlarni ataylab bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’ygan. Bu suhbatdoshni jalb qilish va dramatik muhit yaratish uchun ishlatilgan usul — natijada, (5)-gapga, ya’ni "menimcha" degan fikrga kelganimizda, hech qanday dalil ko’rmagan bo’lsak ham, o’z-o’zidan muallifga qo’shilib boshimizni irg’ay boshlaymiz. Muallifning sizni ishontirmoqchi bo’lgan asosiy xulosasi mana shu (5)-gapda yashiringan (garchi buni matnni oxirigacha o’qib chiqqaningizdan keyingina tushunishingiz mumkin bo’lsa ham).
Kundalik yozishmalarda ko’p uchraydigan holatdek, bu xulosani isbotlovchi dalillar undan oldin emas, balki keyinroq keltirilgan (avval xulosani aytib, keyin uni isbotlash ritorik jihatdan ta’sirchanroq bo’lishi mumkin). (6)-gap "Axir" deb boshlanib, "odamlar doim yangi texnologiyalardan qo’rqishgan" deydi. Bu — ortiqcha umumlashtirish orqali yasalgan dalil.

Ortiqcha umumlashtirish: biror narsani haqiqatdan ko’ra umumiyroq qilib ko’rsatish, ko’pincha ritorik taktika sifatida ishlatiladi; haqiqiy holatdan ko’ra ancha kengroq fikr bildirish.

(7) va (8)-gaplar 19-asrdagi "Ludditlarga qarang" deb, xulosani yanada quvvatlaydi — ya’ni 200 yil oldingi voqealar hozirgi vaziyatga ham to’liq mos tushadi, degan taxminga tayanadi. Bu unchalik kuchli argument emas: misol o’rinli yoki o’rinsiz bo’lishi mumkin, lekin to’liq ishonishimiz uchun yana qo’shimcha faktlar kerak. Ammo u o’qishga qiziqarli va ta’sirchan chiqgan. Nihoyat, (9)-gap 19-asrdagi odamlar yangi ish o’rinlari qanday bo’lishini "tasavvur qila olishmaganini" aytadi — bu esa unchalik ham ajablanarli fakt emas.
Umuman olganda, agar barcha his-tuyg’u va ritorikani olib tashlasak, matnning asosiy ma’nosi bunday bo’ladi: "Odamlar doim yangi texnologiyadan qo’rqishgan. Masalan, 19-asrdagi Ludditlar yangi texnologiya qanday imkoniyatlar yaratishini tushuna olishmagan. Lekin ularning qo’rquvlari asossiz edi. Bugungi kunda texnologiya va ish o’rinlari bo’yicha xavotirlar ham xuddi shunday." Bunday o’qish balki zerikarliroqdir, ammo uning argument sifatidagi kuchli va zaif tomonlarini tahlil qilish ancha osonlashadi. Ritorikani olib tashlash va matnni tozalash jarayoni — boshqalarning fikriga tanqidiy yondashishning asosidir (keyingi bobda bunga ko’proq to’xtalamiz).

O’YLAB KO’RING: Kundalik yozishmalaringiz (SMS, email, postlar) va rasmiy/ilmiy matnlar orasidagi eng asosiy farqlar nimada? Nima uchun bu farqlar mavjud? …

Xulosa

  • Quruq tasdiq (Assertion) — bu hech qanday dalil yoki asoslarsiz aytilgan fakt yoki shaxsiy ishonch.
  • Argument — bu mantiq va dalillar orqali birovni ma’lum bir xulosaga ishontirishga urinish. Argumentni aniqlayotganda uni ikki asosiy qismga bo’lishingiz mumkin:
    • Mantiqiy dalillar qo’llanilmoqda…
    • …qandaydir aniq bir xulosani isbotlash uchun.
  • Argumentlar tanqidiy fikrlash uchun juda muhim. Ular biron-bir fikrni dalillar bilan asoslab bergani uchun, biz bu dalillarga qo’shilish-qo’shilmasligimizni o’ylab ko’ra olamiz va eng ishonchlilarini tanlash uchun turli argumentlarni o’zaro solishtira olamiz.
  • Birovning argument keltirayotganini tushunish uchun, eng yaxshi usul — avvalo ular qanday xulosani isbotlamoqchi ekanini topishdan boshlashdir.
  • Argumentni dalilsiz, shunchaki ishontirishga urinishlardan (ritorikadan) ajrata bilish juda muhim.
  • Ritorika — mantiqqa emas, ko’proq hissiyotlarga tayanib ishontirishga urinishdir. Tanqidiy o’qiyotganda yozish uslubiga qattiq e’tibor bering: mavhum gaplar, ortiqcha bo’rttirish yoki keraksiz murakkablik sizni chalg’itib qo’ymasligiga ishonch hosil qiling.
  • Hayotda ko’pincha birovni ishontirishga urinmaydigan, shunchaki axborot beruvchi matnlarga ham duch kelasiz. Ularni argumentlardan ajratish va alohida baholashni bilish muhim. Bunday axborotning 4 ta turi bor:
    1. Ta’rif (Description): ma’lumotni hech qanday baho va izohsiz, boricha yetkazadi.
    2. Qisqacha mazmun (Summary): uzunroq matn yoki jarayonning asosiy qismlarini lo’nda qilib ko’rsatib beradi.
    3. Fikr yoki e’tiqod (Opinion/Belief): hech qanday mantiqsiz kishining shaxsiy nuqtai nazarini bildiradi. Fikr — faktlarga asoslangan shaxsiy qarash bo’lsa; e’tiqod — axloq, ishonch yoki madaniyatga asoslangan kuchli ishonchdir.
    4. Tushuntirish (Clarification): biror ibora yoki g’oyaning aslida nimani anglatishini aniqlashtirib bersa; Misol (Illustration) esa umumiy fikrni yoritish uchun bitta aniq holatni ko’rsatadi.
  • Va nihoyat, Izoh (Explanation) — bu dunyodagi qandaydir ma’lum faktning nega aynan shunday sodir bo’lganligini orqaga qaytgan holda tushuntirib beruvchi maxsus mantiq turidir.
  • Izoh — biror narsaning sababini ko’rsatib beradi. Eng zo’r izohlar — bu (1) mavjud barcha dalillarni (2) iloji boricha eng sodda yo’l bilan tushuntirib bera oladigan izohlardir.

Author

Skeptic
Skeptic
Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About