Donate
Society and Politics

O‘zbekistonda milliy davlat qurilishi

Tarjima va Tanqid18/09/25 11:22439

Tarjimon: Manzura Xusnidinova
Tahrirchi: Shoiraxon Nurdinova
Asl manba: Shahram Akbarzadeh (1996) Nation‐building in Uzbekistan, Central Asian Survey, 15:1, 23-32.

Содержание
  • Kirish
  • Mustaqillik sinovi
  • Yetakchilik
  • Milliy o‘zlik va islom
  • Afsonalarni mustahkamlab
  • Vatanparvarlik
  • Xulosa
islomkarimov.uz
islomkarimov.uz

Kirish

Boltiqbo‘yi tajribasidan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyo respublikalarining birortasida ham Sovet Ittifoqi parchalanishidan avval mustaqillik uchun ommaviy harakatlar kuzatilmagan. Suverenitetga oid ayrim chiqishlar va respublikalarning iqtisodiy hamda siyosiy masalalari ustidan ko‘proq nazorat talab qilish holatlari Sovet tizimini butunlay tugatishga emas, balki markaz-chekka (periferiya) o‘rtasidagi mavjud tengsizlikni bartaraf etishga qaratilgan edi. Markaziy Osiyo elitalari va mahalliy ziyolilar Sovet Ittifoqida qolishga tayyor edilar. Buni O‘zbekistondagi eng yirik xalq harakati "Birlik" misolida yaqqol ko‘rish mumkin. “Birlik”ni tashvishga solgan masalalar madaniy va ekologik xarakterga ega bo‘lib, ular orasida o‘zbek tilining davlat tili sifatida e’lon qilinishi, paxta yakkahokimligi va Orol dengizining ayanchli ahvoli kirardi. Sovet tizimini tark etish masalasi kun tartibida bo‘lmagan.

Sovet Ittifoqining parchalanishi Markaziy Osiyoga mustaqillikni majburan olib keldi. Markaziy Osiyo elitalarining Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqishni istamasligiga qaramay, Sovet parchalanishi muqarrar haqiqat (fait accompli) sifatida qabul qilingach, ular milliy mustaqillikning fidoyi kurashchilariga aylandilar. Markaziy Osiyo elitalari (Tojikiston elitasining fojiasi bundan mustasno) mavjud byurokratik institutlardan foydalanib, mustaqillikka silliq o‘tishni ta’minlay oldilar. Bu esa hokimiyatning vertikal tuzilmalari o‘z holicha saqlanib qolganini anglatardi. Nomenklatura tizimi va senzura o‘zining asosiy ahamiyatini saqlab qoldi.

O‘zbek elitasining yangi sharoitga moslashishi ancha muvaffaqiyatli kechdi. Sovet parchalanishini qaytarib bo‘lmas hol deb baholagan zahoti ular o‘z hayotini saqlab qolish uchun evrilishni boshdan kechirdi. Bir kechada Sovet maktabida tarbiyalangan o‘zbek elitasi milliy mustaqillikning ashaddiy himoyachisiga aylandi. Endilikda millatchilik pardasi ostiga yashirilgan hukmronligini legitimlashtirish uchun sovet davridagi barcha ko‘nikmalaridan foydalanib, jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatdilar.

Millatchilik va uning falsafiy asoslari oʻzbek elitasi uchun kuchli ta’sir qildi. Elita postsovet davridagi mavjudligini milliy suverenitet diskursida oqlashga intildi. Bu oʻzbek ziyolilarining milliy o‘zlik tushunchasini aniqlash va ommalashtirishga boʻlgan urinishlariga juda mos keldi. Millatchilik davri da mustaqil oʻzbek “milliy davlati”ning mavjudligi oʻzbeklar yurti (Oʻzbekiston) yoki vatanga bo’lgan milliy vatanparvarlikni tarbiyalash orqali taʼminlandi. Vatan o‘zbek davlatchiligi siyosiy diskursida aniq va doimiy ishlatiladigan atamaga aylandi. Oʻzlikni milliy hududiylik bilan bogʻlashga qaratilgan sovet loyihasi Markaziy Osiyoliklarda chuqur iz qoldirdi. Oʻzbekiston kelajagi ushbu hududiy milliy o‘zlikning siyosiy oqibatlari bilan chegaralangandek koʻrinadi.

Ushbu maqolaning asosiy g‘oyasi shundaki: (a) mustaqillik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan institutsional infratuzilmalarning mavjudligi; va (b) yetarli darajada tayyorlangan mahalliy elita mustaqillikka muvaffaqiyatli o‘tishni ta’minladi. Muallif bu yerda mahalliy elita o‘z hokimiyatini legitimlashtirish uchun shakllanayotgan o‘zbek milliy o‘zligidan qanday foydalanganiga e’tibor qaratadi. O‘zbek milliyatchiligini himoya qilish uchun elita ushbu guruh o‘zligini anglash tuyg‘usini shakllantirish va mustahkamlashga tizimli ravishda hissa qo‘shdi. 20-asr hodisasi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sovet millatlar siyosatining bevosita mahsuli bo‘lgan o‘zbek milliy o‘zligi mahalliy elitaga afsona va rivoyatlarning bitmas-tuganmas manbasini taqdim etdi. O‘zbek elitasi hokimiyatga bo‘lgan da’vogarligi va bu yosh davlat tepasidagi mavqeini asoslash uchun o‘zbek millatinining abadiy mavjudligini, o‘zining esa shu abadiy jamiyatning yagona himoyachisi sifatida ko‘rsatishga intildi.

Bu, aslida, Sovet davrida boshlangan milliy qurilish jarayonining davomidir. Milliy qurilish bilan bir qatorda, O‘zbekistonda davlat qurilishi bo‘yicha ham urinishlar muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbek millatchiligi bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot hozirgi davlat tuzilmalari va ularga ta’sir qiluvchi ehtimoliy islohotlarni ham hisobga olishi kerak. Vazirliklar, KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi), armiya, saylov tizimi va iqtisodiy faoliyat xususiyatlarining shakli — o‘rganilishi lozim bo‘lgan muhim parametrlar hisoblanadi. Ammo vaqt cheklovlari va birlamchi manbalardan foydalanish imkoniyati cheklanganligi sababli, ushbu maqola davlat qurilishi masalalarini qamrab olmaydi. Mazkur maqola mustaqillik haqida bo‘lib, unda o‘zbek milliy hamjamiyatini yuqoridan pastga qarab shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Mustaqillik sinovi

Mustaqillik atrofidagi shov-shuvlarga qaramay, O‘zbekiston hukumati o‘tish davrida yuzaga kelgan siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishda dastlabki qiyinchiliklarga duch keldi. Tuzumga foydasi tekkan omil o‘zbeklarda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi bo‘ldi. Mustaqillikka bo‘lgan qiziqish, garchi aniq shaklda ifodalanmagan bo‘lsa-da, aynan shu shakllanayotgan o‘zlikdan kelib chiqqan. Muxolifat tashkilotlari ham mahalliy elitaning o‘zbek suverenitetiga sadoqatini shubha ostiga qo‘yish uchun ana shu o‘zbeklik tuyg‘usidan foydalandilar.

O‘zbekistondagi siyosiy rivojlanishning yo‘nalishi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan deyarli bir xil bo‘lgan. Muxolifatdagi ikki partiya — "Erk" demokratik partiyasi va "Birlik" xalq harakati — mohiyatan o‘zbek adabiy doiralari bilan mustahkam aloqaga ega bo‘lgan ijtimoiy-madaniy uyushmalar edi. Ular o‘zbek madaniy merosiga ko‘proq e’tibor qaratish tarafdori edilar. Ularning kun tartibidagi eng muhim masala o‘zbek tili edi. “Birlik” 1988-yilning noyabr oyida tashkil topgan. 1990-yilning fevral idagi bo‘linishdan so‘ng “Erk” o‘z faoliyatini yo’lga qo’ydi. “Erk”ga 1991-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashgan o‘zbek shoiri va Yozuvchilar uyushmasi kotibi Muhammad Solih boshchilik qilgan. Muhammad Solih birinchi marta 1988-yilda o‘zbek adabiy jurnali "Sharq yulduzi"da Markaziy Osiyoning qadimgi "runik" yozuvini tiklash haqida bahsli maqola yozganida jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Solih o‘zbek tiliga rasmiy maqom berish bo‘yicha kampaniyaning boshida turgan. Solih va uning milliyatchi hamkasblari uchun o‘zbek tilining rasmiy maqomi o‘zbeklik g’ururi bilan chambarchas bog‘liq edi. 1989-yilning martida Solih “Ona tilidan yuz o‘girgan xalqidan ham yuz o‘giradi” shiori ostidagi mitingda ishtirok etdi. 1993-yilda “Erk” ham, “Birlik” ham saylangan hukumatni ag‘darish uchun fitna uyushtirganlikda ayblanib, taqiqlandi. Ko‘plab muxolifat faollari “Prezident Karimov sha’nini haqorat qilish” ayblovi bilan qamoqqa tashlandi.

O‘zbek tilini davlat tili sifatida konstitutsiyaviy e’tirof etish talablari davlatni derussifikatsiya qilishga qaratilgan edi. Sovet davrida rus tili qaror qabul qilish organlarida hukmron tilga aylangan edi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida, Vazirlar Mahkamasida va respublika Oliy Sovetida (shu jumladan, uning doimiy qo‘mitalarida) muhokamalar rus tilida olib borilgan, keyin esa ommaga yetkazish va amalga oshirish uchun ma’lum bosqichda o‘zbek tiliga tarjima qilingan, deb taxmin qilish mumkin. Sovet Ittifoqi mahalliy xalqlarning ona tillarini saqlash haqidagi va’dalariga qaramay, O‘zbekistonda o‘zbek tili amalda partiya va davlat iyerarxiyasining yuqori pog‘onalaridan deyarli siqib chiqarilgan edi. O‘zbek tilining ikkinchi darajali maqomi rus hukmronligining ramziga aylangan, bu esa o‘zbeklarning milliy g‘ururini tiklashga bo‘lgan intilishini kuchaytirdi. O‘zbek ziyolilari o‘zbek tilining rasmiylashtirilishini davlatni “o‘zbeklashtirish”ning muhim elementi, shu sababli o‘zbek milliy o‘zligini mustahkamlashning tayanch nuqtasi sifatida ko‘rdi.

O‘zbekiston Kompartiyasi 1990-yil fevralda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ishtirok etgan yagona siyosiy partiya bo‘ldi. O‘sib borayotgan milliyatchilik harakatining ichki bosimi ostida va boshqa ittifoqdosh respublikalarga ergashgan holda, O‘zbekiston Oliy Soveti 1990-yil 20-iyunda “O‘zbekiston suvereniteti to‘g‘risida”gi deklaratsiyani qabul qildi. Bu Moskvani Toshkent bilan bog‘lab turgan siyosiy aloqalarning allaqachon sustlashib borayotganini ko‘rsatib beruvchi ramziy qaror edi. Markaz ham bu yangi voqelikni tan oldi. Mixail Gorbachyov yangilangan Ittifoq shartnomasi konsepsiyasida bu masala hal etilishiga umid qilgan edi. Gorbachyovning Ittifoq Shartnomasi milliy elitalarning siyosiy avtonomiyasini qonuniylashtirishi, markazning iqtisodiy va harbiy sohalardagi yetakchi rolini saqlab qolishi kerak edi. Shu sababli 1990-yil iyundagi O‘zbekistonning suvereniteti to’g’risidagi deklaratsiyasi, qabul qilinishi kutilgan qadam edi; umumiy markazdan uzoqlashish muhiti barcha ittifoq respublikalari, hatto avtonom respublikalar va hududlarni o‘z suverenitetlarini e’lon qilishga undadi.

1991-yil 19-avgustdagi davlat to‘ntarishi — Ittifoq Shartnomasining imzolanishidan bir kun oldin — ana shu jarayonni to‘xtatish uchun rejalashtirilgan edi. Lekin bu urinish aks ta’sir ko‘rsatib, O‘zbekiston va boshqa ittifoq respublikalari uchun orqaga yo‘l yo‘qligini anglatdi. Boltiqbo‘yi va Kavkazorti respublikalari Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqach, ittifoqni saqlab qolishga bo‘lgan har qanday umid yo‘qqa chiqdi. 1991-yil 31-avgustda O‘zbekiston Oliy Soveti respublikani mustaqil deb e’lon qildi. O‘zbekiston 1991-yil dekabrda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tuzilganidan so‘ng darhol Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari qatori unga a’zo bo‘ldi. O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilindi. Ushbu konstitutsiyaning to‘rtinchi moddasi respublika parlamentining o‘zbek tilini davlatning rasmiy tili sifatida belgilash to‘g‘risidagi avvalgi qarorini (1989-yil oktyabr) mustahkamladi.

Yetakchilik

O‘zbekistonning postsovet siyosatini Prezident Islom Karimovning siyosiy ehtiyotkorligidan ajratib bo‘lmaydi. Prezident Karimov Turkmanistondagi hamkasbi kabi ochiqdan-ochiq xudbin ambitsiyalarga ega bo‘lmasligi mumkin, ammo bu uni diktatorlikdan mosuvo ekanligini ko’rsatmaydi. Hukumat ommaviy axborot vositalarining barcha shakllarini nazorat qiladi va mustaqil siyosiy harakatlarga mutlaqo toqat qilmaydi. Hatto O‘zbekiston vitse-prezidenti Shukrullo Mirsaidov ham ta’qibdan chetda qolmadi. 1993-yil yanvar oyida u Prezident Karimov tomonidan potensial qudratli raqibni chetlatish uchun o‘ylab topilgan deb hisoblangan jinoiy javobgarlikka tortildi. Xalqaro miqyosda O‘zbekiston inson huquqlarini buzgani uchun tanqid qilindi, biroq Islom Karimov hukumati bunday qoralashlarga deyarli e’tibor bermaydi.

Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Uning faoliyati, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasidan va keyinchalik Gorbachyovning Islom Karimovning hokimiyatga kelishiga yordam bergan “toza qo‘llar”ni izlashidan foyda ko‘rgan. Iqtisodiyot va mashinasozlik muhandisligi bo‘yicha diplom olganidan bir necha yil o‘tib, Islom Karimov 1966-yilda respublika Davlat reja qo‘mitasi (Gosplan)da ishlay boshladi. Uning ko‘tarilishi 1983-yilda, u to‘satdan moliya vaziri lavozimiga tayinlanganida boshlandi. 1986-yil oxiriga kelib u Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari va Gosplan raisi bo‘ldi. 1986-yil dekabrda Qashqadaryo obkomining birinchi kotibi etib saylandi. 1989-yil iyun oyida Islom Karimov O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi bo‘ldi. 1990-yil mart oyida butun Sovet Ittifoqi bo‘ylab prezidentlik tizimi joriy etilgach, u respublika parlamenti tomonidan prezident etib saylandi.

1991-yil 30-dekabrda bo‘lib o‘tgan birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentlik saylovlarida Islom Karimov o‘z raqibi Muhammad Solihga qarshi 86% ovoz oldi. O‘sha kuni saylovchilarning 98% parlamentning mustaqillik deklaratsiyasini yoqlab ovoz berdi. Oradan uch yil o‘tib, Prezident Karimov Turkmanboshiga o‘rnak olib, o‘z vakolatlari muddatini 2000-yilgacha uzaytirish to‘g‘risida parlament qarorini qabul qildi. 1995-yil 26-martdagi referendum ham kutilganidek bu qarorni tasdiqladi.

Prezident Karimov avgustdagi davlat to‘ntarishi paytida sukut saqlagan bo‘lsa-da, to‘ntarish muvaffaqiyatsiz tugagach, O‘zbekiston Kommunistik partiyasini to‘xtatib turish orqali milliyatchi sifatida obro‘yini oshirishga intildi. 1991-yil 17-sentabrda Prezident Karimov davlat idoralarida partiya faoliyatini taqiqlovchi farmon chiqardi (Rossiya Prezidenti Yelsin xuddi shunday farmon chiqarganidan ikki oy o‘tgach). Keyin Kompartiya 1991-yil 1-noyabrda “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi”(XDP) deb o‘zgartirildi, uning tuzilmasi va kadrlar tarkibida deyarli hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Uch yil o‘tgach, 1994-yil noyabr oyida XDP 374 000 dan ortiq a’zoga ega ekanini e’lon qildi. Ushbu hisob-kitobga ko‘ra, XDP 1994-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari arafasida 35 000 a’zolikka da’vo qilgan o‘zining yashirin raqibi “Vatan taraqqiyoti”dan ancha katta edi.

1994-yil 25-dekabrda O‘zbekiston o‘zining 500 o‘rinli yirik sovet uslubidagi parlamentini 250 o‘rinli yangi kichikroq professional assambleyaga almashtirdi. Yangi assambleya — Oliy Majlis — asosan O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi (sobiq Kompartiya) va o‘z lavozimlari uchun prezidentga qarzdor bo‘lgan mahalliy davlat amaldorlari bilan to‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentdagi o‘rinlarning qariyb uchdan bir qismi XDP nomzodlariga, yarmidan ortig‘i mahalliy hokimiyat vakillariga tegdi. Nominal muxolifatdagi “Vatan taraqqiyoti” partiyasi 14 ta o‘ringa ega bo‘ldi.

Milliy o‘zlik va islom

Prezident Karimov muxoliflarning uni sovet nomenklaturasi mahsuli ekanligi haqidagi ayblovlariga milliyatchi pozitsiyasini kuchaytirish orqali javob berdi. Prezident Islom Karimov o‘zbek millatining himoyachisi sifatidagi jamoatchilik imijini yaxshilash maqsadida o‘zbek madaniy qadriyatlarini qayta tiklashga homiylik qildi. Ana shunday qadriyatlardan biri islom edi. Sovet hokimiyatining zaiflashuvi va keyinchalik Sovet Ittifoqining parchalanishi xalqning islomga bo‘lgan qiziqishini ortishiga imkon berdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida masjidlar soni va ularga keluvchilar soni ortib borayotgani hukumat tomonidan olqishlandi. Prezident Karimov islomning o‘zbek madaniyatidagi ahamiyatini yaxshi bilgani holda va o‘zini sof o‘zbek milliyatchisi sifatida ko‘rsatish istagi tufayli islom ramzlariga alohida e’tibor qaratdi.

1991-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentlik saylovlari arafasida Prezident Karimov islomning o‘zbek turmush tarzi uchun ahamiyati haqida hurmat bilan gapirdi. U sovetlarning dinga qarshi olib borgan siyosatining muvaffaqiyatsizligini islom dinining o‘zbeklarning oilaviy va ijtimoiy hayotini tartibga solishda markaziy o‘rin tutishi bilan izohladi. U o‘zbek tilidagi kundalik gazeta “Xalq so‘zi”ga (1991-yil 18-dekabr) bergan intervyusida shunday dedi: islom “ko‘plab vatandoshlarimizning vijdoni, hayotining mazmuni, hayotining o‘zi bo‘lgani uchun” omon qoldi. Prezident Karimov hukumati diniy bayramlarga homiylik qilish va o‘tkazishda juda faol bo‘ldi. Saylovlardan ko‘p o‘tmay, Prezident Karimov Qurbon hayiti (“iyd al-Qurbon”) va Ramazon hayitini (“iyd al-Fitr”) O‘zbekiston Mehnat kodeksining 77-moddasiga milliy bayramlar sifatida kiritdi. Shundan beri har yili Prezident Karimov hokimlar (prezident tomonidan tayinlanadigan mahalliy ma’murlar) va mahalliy hokimiyat organlarini ushbu islomiy bayramlarni tashkil etish va ularda faol ishtirok etishga undaydi.

Hukumat ruxsati bilan islom allomalarini e’tirof etish jarayoni ham olib borilmoqda. 1994-yil sentabr oyida parlamentda so‘zlagan nutqida Prezident Karimov shaxsan Imom Buxoriy, At-Termiziy va Xoja Bahouddin Naqshband kabi buyuk islom mutafakkirlarini o‘zbeklarning buyuk ajdodlari sifatida tilga oldi. O‘sha oyning o‘zida O‘zbekiston hukumati Bahouddin Naqshband tavalludining 675-yilligini nishonladi. Rasmiy matbuot shu paytgacha kamsitilgan naqshbandiya tariqatining sufiy asoschisini “ hamyurtimiz, buyuk ajdodimiz va ilohiyot ilmining mash’ali…”, deb atagan. Toshkentda Imom Muhammad al-Buxoriyning ilohiyotga oid asarlari bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. (Imom Muhammad al-Buxoriy milodiy 810-870-yillarda yashagan. Uning “as-Sahih” nomi bilan mashhur bo‘lgan hadislar to‘plami hanafiy sunniy musulmonlari orasida Qur’ondan keyingi eng mo‘tabar kitob bo‘lib qolmoqda).

Zamonaviy O‘zbekiston tarixida birinchi marta hukumat tarkibiga islom ruhoniylaridan biri kiritildi. Mulla Gandijon Abdullayev 1992-yil aprel oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga rahbar etib tayinlandi. Ikki yil o‘tib, Prezident Karimov Toshkentda Xalqaro islom tadqiqotlari markazini tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqardi. Ushbu markaz O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga biriktirilib, rasmiy islom ulamolari (Movarounnahr musulmonlari diniy idorasi) bilan yaqindan ishlashi belgilandi. Prezident farmoniga ko‘ra, markaz “Islom ta’limoti va falsafasini o‘rganish, O‘zbekiston xalqining diniy, tarixiy va madaniy merosini tadqiq etish” bilan shug‘ullanadi.

Prezident Karimovning murosali taktikasi o‘z samarasini berganga o‘xshaydi. U 1991-yilda prezidentlik lavozimiga da’vogarlik qilishda diniy ulamolarning yashirin qo‘llab-quvvatlashiga erishdi va umuman olganda, ulamolar bilan o‘zaro hurmatni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, qo‘shni Tojikistondagi voqealar, ya’ni 1992-yildan beri o‘zini islomiy deb atagan harakat hukumat bilan uzoq davom etgan fuqarolar urushiga aylangani hamda O‘zbekistonda yangi masjidlar va madrasalar qurilishiga Saudiya Arabistoni, Eron va Pokiston sarmoyalarining ko‘payishi Prezident Karimovni o‘z yondashuvini qayta ko‘rib chiqishga undagandek ko‘rinadi. U islomiy tuzilmalarni qo‘llab-quvvatlashda yanada ehtiyotkor bo‘lib qoldi. O‘zbekiston hukumatining dunyoviy boshqaruvga qaratilgan potensial tahdid xavotirga solmoqda. Rossiya manbalariga ko‘ra, 1993-yil dekabr oyida qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hokimlar va ularning mahalliy idoralariga islomiy muassasalar faoliyatini, hatto juma namozlarida va’zlarning mazmunini ham nazorat qilish vakolatini berish orqali diniy faoliyatni jiddiy cheklab qo‘ydi.

Afsonalarni mustahkamlab

O‘zbekiston tuzumi Movarounnahrning afsonaviy shaxslarini o‘zbek milliy o‘zligining ajdodlari sifatida e’tirof etadi. Tuzumga ko‘ra, o‘zbek milliy g‘ururi Amir Temur, uning nabirasi Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi insonlarning buyuk harbiy, ilmiy va madaniy jasoratlariga tayanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi ilk xalqaro nutqida Prezident Karimov “ xalqimiz”ning (o‘zbeklar?) jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini eslatib, uni asoslash uchun Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband va Ibn Sino bilan birga “Buyuk Temur” va Ulug‘bekni tilga oldi. 1994-yil dekabr oyida Prezident Karimov Amir Temur tavalludining 660-yilligini katta tantana bilan nishonlash to‘g‘risida ancha avvaldan farmon chiqardi. Davlat kino sanoatiga Temur haqida film suratga olish topshirildi. Toshkent, Shahrisabz (Temurning tug‘ilgan joyi) va Samarqandda (uning hokimiyat markazi) bir qator yodgorliklar o‘rnatilishi rejalashtirildi. Madaniyat vazirligiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Amir Temur muzeyini ochish topshirildi. Tantanalar 1996-yilning oktyabrida, ya’ni Amir Temur tavalludining 660-yilligida avj nuqtasiga chiqdi. Mazkur chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita raisi etib Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov tayinlandi.

Tuzum xalqning “o‘zbek” tarixiga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirmoqchiga o‘xshaydi. Temurning nabirasi Muhammad Ulug‘bekning (1394-1449) astronomiya sohasidagi yutuqlari davlatga shonli o‘zbek o‘tmishini aks ettirish uchun boy material beradi. Ulug‘bek tavalludining 600-yillik yubileyi 1994-yil oktyabr oyida Toshkent, Buxoro, Shahrisabz va Nukus shaharlarida nishonlandi. Shu munosabat bilan respublika gazetasida Ulug‘bek asarlaridan parchalar va uning hayotiga bag‘ishlangan tanishtiruv maqolalar chop etildi. Ulug‘bek haqidagi afsonani ommalashtirishga “Pravda Vostoka” gazetasining bosh muharriri R. Safarov mas’ul edi. 1994-yil oktyabr oyida Toshkentda Ulug‘bekning ilmiy yutuqlari haqida konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida “Vatanimizning buyuk farzandi”ni yodga olishganini olqishladi. Prezident Karimovning so‘zlariga ko‘ra, Ulug‘bek al-Farobiy va Ibn Sino bilan bir qatorda, “ [o‘zbeklar]ning buyuk ajdodlaridan” bo‘lib, ular “O‘zbekiston Respublikasining mustaqil taraqqiyot yo‘lini” yoritib bermoqda. O‘sha oyning o‘zida O‘zbekiston Markaziy banki Ulug‘bekning tasviri tushirilgan bir so‘mlik tangani zarb etish bilan ushbu tantanalarni nishonladi.

O‘zbekiston uchun davlat qurilishi modellari tayyor edi. Sovet davrida Vatanga sadoqati (o‘sha vaqtda bu Sovet Ittifoqini anglatgan) uchun davlat medallari bilan taqdirlash odatiy hol edi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda davlatlarni birlashtirish yo‘lida ushbu amaliyotni qo‘llagan yagona davlat emas. 1994-yil aprel oyida O‘zbekiston “Mustaqillik”, “Do‘stlik”, “Shuhrat” va “Jasorat” medallarini ta’sis etdi. Mustaqillikning uchinchi yilida Prezident Karimov 190 dan ortiq hokim, kolxoz rahbarlari va “mehnatsevar fuqarolar”ga “Do‘stlik” ordeni va “Shuhrat”, “Jasorat” medallarini topshirdi. Eng nufuzli “Mustaqillik” ordeni bir kishiga, ya’ni Abdulla Qodiriyga (1939-yilda milliyatchilik/jadidchilik qarashlari uchun qatl etilgan va 1956-yilda Nuritdin Muhitdinov davrida oqlangan satirik yozuvchi) topshirildi. Vafotidan keyingi bu mukofot yozuvchining asarlarida ifodalangan keng insonparvarlik qadriyatlari bilan asoslandi, bu qadriyatlar o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitadi, deb ta’kidlandi.

Vatanparvarlik

O‘zbekiston davlati siyosiy legitimligi uchun O‘zbekistonning bugungi geosiyosiy chegaralariga xalqning ommaviy sadoqati naqadar muhimligini yaxshi biladi. Vatan tushunchasi va O‘zbekiston davlatiga sadoqat har qadamda ta’kidlanadi. Olimlarning uchrashuvi bo‘ladimi yoki o‘zbek valyutasining (so‘m) joriy etilishi bo‘ladimi, hukumat jamoatchilikka har doim avvalo vatan manfaatini yodga solishga imkoniyat topadi. O‘zbekiston pasportining ilk joriy etilishi munosabati bilan “Men O‘zbekiston fuqarosiman” sarlavhali maqola kundalik gazeta sahifalarida iftixor bilan yoritildi. Prezident Karimov o‘zbek milliy o‘zligini shakllantirish va ishlov berishning barcha imkoniyatlarini ishga solganga o‘xshaydi. O‘zbekiston hukumati, ayniqsa, muxolifat harakati ilgari surgan milliyatchilik dasturidan faol foydalandi. Hukumat ma’muriy va ilmiy sohalarda rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tishni tezlashtirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamashunoslik qo‘mitasini tuzdi. Shuningdek, u o‘zbek ziyolilarini ranjitgan mahalliy bo‘lmagan joy nomlarini olib tashlashga ruxsat berdi. Uning tanqidchilari mustaqillikni, eng muhimi, milliyatchilik ramzlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan mustaqillik timsollarini himoya qilishda bundan ortig‘ini qila olishlari dargumon edi.

Xulosa

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan o‘zbek elitasi mavjudligini milliyatchilik tili orqali oqlashga intilganini ko‘rish mumkin. Sovet tajribasi o‘zbek milliy hamjamiyatining umumiy qiyofasini yaratdi. O‘zbek elitasi hozirgi global maydonda buni o‘ziga munosib mezon deb biladi. Global miqyosda milliy davlatlar tabiiy tuzilma sifatida qabul qilinganligi O‘zbekiston davlatiga o‘zbek millatini ulug‘lashga qulay sharoit yaratadi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda davlat o‘zining xalqaro mavqeini legitimlashtirish uchun o‘z millatini shakllantirmoqda.

Madaniy meros muayyan milliy hamjamiyatning asosiy parametri sifatida, ta’rifga ko‘ra, shu hamjamiyatning mutlaq mulki bo‘lishi kerak. Muayyan milliy hamjamiyat aynan o‘ziga xos xususiyatlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Shu sababli O‘zbekistondagi tuzum Ibn Sino va Imom al-Buxoriy kabi tarixiy shaxslarga nisbatan mutlaq huquqlarni qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda va shu yo‘l bilan o‘zbek milliy hamjamiyati uchun Movarounnahr sivilizatsiyasining Oltin asrini o‘zlashtirishga urinmoqda. Bu jarayonda o‘zbek milliyatchiligi Markaziy Osiyoning barcha turkiy va eroniy tub aholisiga tegishli bo‘lgan umumiy merosni egallab olishga moyildir. S. Enders Vimbush bu tendensiyani haqli ravishda “madaniy imperialism” deb atagan.

O‘zbekiston davlati uning “asoschilari ” turk qabilalarining XIV–XV asrlarda Movarounnahrga kirib kelishidan oldin yashaganligini va ularning o‘zlari yovvoyi deb hisoblagan bu qabilalar bilan o‘zini hech qachon bog‘lamaganligini butunlay e’tiborsiz qoldiradi. Hatto XIX asrning oxirlarida ham “o‘zbek” atamasi Markaziy Osiyo vohalarida haqoratli deb hisoblangan.

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda rasman ma’qullangan milliy uyg‘onish jarayoni tarixni qo‘pol ravishda soxtalashtirish chegarasida turibdi. Sovet davrida va ayniqsa undan keyingi davrda rasmiy tarixshunoslik o‘zbek xalqining ildizlarini qadim zamonlarga bog‘lashga harakat qiladi. Shu orqali tuzum millatni go‘yoki azaldan mavjud va o‘zgarmas bir birlik sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Bu qarashda abadiylik o‘zbeklarga, va keng ma’noda o‘zbekchilikning himoyachisi bo‘lgan davlatga tegishli deb hisoblanadi.

Postsovet davrida milliy qurilish amaldagi tuzumning legitimligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Hukumat milliy o‘zlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Mustahkam milliy o‘zlik jamiyatni moddiy manfaatlar yo‘lida parchalab yuborishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy inqiroz davrida ijtimoiy birdamlikka yordam beradi, deb hisoblanadi. Milliy hamjamiyatni rivojlantirish barqarorlashtiruvchi omil sifatida qaralib, “milliy davlat”ga ommaviy sadoqatni kuchaytirishiga umid qilinadi. Ushbu siyosat O‘zbekistonning yirik shahar markazlarida sezilarli muvaffaqiyatga erishganga o‘xshaydi. Biroq o‘zbek kolxozchilari bu yangi hamjamiyat g‘oyasini qanchalik qabul qilgani hanuz ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About