Donate
Philosophy and Humanities

An’analarning ixtiro qilinishi

Tarjima va Tanqid15/07/25 23:09168

Kirish
 
"Biz har doim shunday bo‘lganmiz". Bu ibora go‘yo sehrli duodek eshitiladi, o‘tmish bilan abadiy bog‘lanishni, o‘zlikni va barqarorlikni va’da qiladi. Ammo chuqurroq qaraganimizda anglaymiz: o‘zlik "biz" — muzlatilgan, muzeyga qo‘yilgan narsa emas. O‘zlik — doimiy harakatdagi, o‘zaro ziddiyatli jarayon, cheksiz chiziqlar, ramzlar va hikoyalardan iborat to‘qima.

Antropologik nigoh bizga o‘zlikni shunchaki „berilgan“ hadya emas, balki „biz“ va „ular“, o‘zimiz va begona orasida doimiy chiziqlar chizish jarayoni sifatida ko‘rishni o‘rgatadi. Bu chiziqlar til, urf-odatlar, kiyim-kechak, marosimlar orqali quriladi — biz “madaniyat“ deb atagan narsa aslida shulardan iborat. Qaysi urf qancha asrlik ekanligi emas, balki u bugungi kunda birdamlik hissini qanday qilib uyg‘otishi ahamiyatli.

Bundan oldin tarjima qilingan matn tilida aytganda, inqiloblar yoki mustaqillikdan so‘ng davlatlar ko‘pincha bo‘shliqqa duch keladi: eski dushmanlar yo‘qoladi, kechagi mafkura bugun yo‘qqa chiqadi va el-yurt birligini yangi ma’no bilan to‘ldirish zarur bo‘lib qoladi. Shu paytda yangi turdagi millatchilik paydo bo‘ladi — endi u kurash so‘nggidagi chaqiriq sifatida emas, balki kundalik hayotning sukutdagi me’mori sifatida namoyon bo‘ladi: yangi bayramlar, yangi qahramonlar, yangi afsonalar.

Shu yerda Xobsbaum o‘zining mashhur „ixtiro qilingan an’analar“ tushunchasi bilan paydo bo‘ladi. U ko‘plab „qadimiy“ urf-odatlar va ramzlar aslida biz o‘ylagandek qadimiy emasligini ko‘rsatadi. Ko‘pincha ular mafkuralarni shakllantiruvchi idoralarda yaratiladi; jamiyatni birlashtirish, hokimiyatni mustahkamlash va chuqur tarixiy meros illyuziyasini yaratish uchun xizmat qiladi.

O’zbekiston uchun bular ayniqsa dolzarb. 1991-yildan so‘ng mamlakat o‘zining yangi o‘zligini yarata boshladi: Temur timsolini qayta tiriltirdi, yangi festivallar o‘ylab topdi, „an’anaviy“ qadriyatlarni ilgari surdi. Bu o’zgarishlar o‘tmish va kelajak orasidagi ko‘prik sifatida xizmat qilishi lozim edi. Shu tariqa an’ana nafaqat meros, balki bir vaqtning o‘zida siyosiy va estetik instrumentga aylandi.

Xobsbaum matnini tarjima qilish orqali biz xuddi jamiyat o‘zini qaytadan yig‘ish uchun ishlatadigan qurollar qutisini ochgandek bo‘lamiz va anglaymiz: tarix — bu faqat solnoma emas, balki konstruktor hamdir; an’ana esa faqat xotira emas, balki loyiha hamdir.

Bu matn faqat XIX asr Yevropasini emas, balki hozirgi Toshkent, Samarqand yoki Nukus ko‘chalarida ham o‘tmish surati bilan o‘yin qanday davom etayotganini anglashga yordam beradi. Va aynan shu o‘yinda „biz“ degan nozik, lekin kuchli his tug‘iladi.

Tarjimon: Muhammad Dovud
Tahrirchi: Javohir Nematov
Asl manba: Hobsbawm, Eric, and Terence Ranger, eds. Introduction: Invention of Traditions. In The invention of tradition. Cambridge university press, 2012

Britaniya monarxiyasining ommaviy marosimlarida koʻzga tashlanadigan dabdabadan ko‘ra qadimiyroq va uzoq o‘tmishga daxldorroq narsa yo‘qdek tuyuladi. Biroq, ushbu kitobning bir bobida ta’kidlanganidek, uning zamonaviy shakli XIX asr oxiri va XX asr mahsulidir. Qadimiy bo‘lib ko‘rinadigan yoki qadimiylikka da’vo qiladigan "an’analar" ko‘pincha yaqinda paydo bo‘lgan va ba’zan o‘ylab topilgandir. Qadimiy Britaniya universitetlari kollejlari bilan tanish bo‘lgan har bir kishi bunday "an’analar"ning mahalliy miqyosda joriy etilishini tasavvur qila oladi. Garchi ularning ba’zilari, masalan, Kembrijdagi Qirollik kollejining ibodatxonasida har yili Rojdestvo arafasida o‘tkaziladigan To‘qqizta dars va Karollar festivali, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, xususan radio orqali ommalashib ketgan. Ushbu kuzatuv "Past & Present" tarixiy jurnali tomonidan tashkil etilgan konferensiyaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib xizmat qildi va o‘z navbatida ushbu kitobga asos bo‘ldi.

"Ixtiro qilingan an’ana" atamasi keng ma’noda qo‘llaniladi, ammo noaniq emas. U haqiqatan ham ixtiro qilingan, yaratilgan va rasmiy ravishda joriy etilgan "an’analar"ni ham, qisqa va aniq muddat ichida — ehtimol bir necha yil davomida — kuzatish qiyin bo‘lgan tarzda paydo bo‘lib, tezda o‘rnashib qolgan "an’analar"ni ham o‘z ichiga oladi. Britaniyadagi qirollik Rojdestvo murojaatnomasi (1932 yilda joriy etilgan) birinchisining misoli bo‘lsa, Britaniya futbol assotsiatsiyasidagi Kubok finali bilan bog‘liq amaliyotlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi ikkinchisiga misol boʻla oladi. Ko‘rinib turibdiki, ularning barchasi bir xil darajada doimiy emas, ammo bizning asosiy e’tiborimiz ularning saqlanib qolish imkoniyatlariga emas, balki paydo bo‘lishi va o‘rnashishiga qaratilgan.

"Ixtiro qilingan an’ana" tushunchasi odatda ochiq yoki yashirin qabul qilingan qoidalar bilan boshqariladigan, marosimiy yoxud ramziy xususiyatga ega bo‘lgan amaliyotlar to‘plamini anglatadi. Bu amaliyotlar takrorlash orqali ma’lum qadriyatlar va xulq-atvor me’yorlarini singdirishga intiladi, bu esa o‘z-o‘zidan o‘tmish bilan uzviylikni nazarda tutadi. Aslida, imkon qadar, ular mos tarixiy o‘tmish bilan uzluksizlikni o‘rnatishga harakat qiladi. Buning yorqin misoli sifatida XIX asrda Britaniya parlamentini qayta qurish uchun gotika uslubining ongli ravishda tanlanishi va Ikkinchi jahon urushidan so‘ng parlament palatasini avvalgi asosiy reja asosida qayta qurish to‘g‘risidagi qarorni keltirish mumkin. Yangi an’ana kiritilgan tarixiy o‘tmish uzoq bo‘lishi shart emas, u vaqtning faraz qilingan tumanlariga cho‘zilmasligi mumkin. O‘tmish bilan aloqani uzadigan inqiloblar va "progressiv harakatlar" o‘zining tegishli o‘tmishiga ega, garchi bu oʻtmish ma’lum bir sanada, masalan, 1789-yilda to‘xtatilgan bo‘lishi mumkin. Biroq, tarixiy o‘tmishga bunday murojaat mavjud bo‘lsa-da, "ixtiro qilingan" an’analarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u bilan uzviylik asosan sun’iy hisoblanadi. Qisqacha aytganda, ular eski vaziyatlarga havola qilish ko‘rinishidagi yangi vaziyatlarga javobdir yoki deyarli majburiy takrorlash orqali o‘z o‘tmishini yaratadi. Zamonaviy dunyoning doimiy o‘zgarishi va yangilanishi hamda undagi ijtimoiy hayotning hech bo‘lmaganda ba’zi qismlarini o‘zgarmas va barqaror deb tuzilishga urinish o‘rtasidagi qarama-qarshilik "an’ana ixtirosi"ni so‘nggi ikki asr tarixchilari uchun juda qiziqarli qiladi.

Bu ma’nodagi "an’ana"ni "an’anaviy" deb ataladigan jamiyatlarda hukmronlik qiladigan "odat"dan aniq farqlash lozim. "An’analar", jumladan o‘ylab topilgan/ixtiro qilingan an’analarning maqsadi va xususiyati o‘zgarmaslikdir. Ular nazarda tutgan o‘tmish, haqiqiy yoki o‘ylab topilgan bo‘lishidan qat’i nazar, takrorlash kabi doimiy (odatda rasmiylashtirilgan) amaliyotlarni talab qiladi. An’anaviy jamiyatlarda "odat" harakatlantiruvchi kuch va muvozanatlovchi vosita vazifasini bajaradi.  U ma’lum darajada yangilik kiritish va o‘zgarishga to‘sqinlik qilmaydi, garchi u pretsedentga mos kelishi yoki hatto bir xil bo‘lishi kerakligi talabi sezilarli cheklovlar qo‘ysa-da. Uning vazifasi istalgan o‘zgarishga (yoki innovatsiyaga qarshilik ko‘rsatishga) tarixda ifodalangan pretsedent, ijtimoiy uzluksizlik va tabiiy qonun sanksiyasini berishdir. Dehqonlar harakatini o‘rganuvchilar shuni biladiki, qishloqning "qadimdan odat bo‘yicha" umumiy yerga yoki huquqqa da’vosi ko‘pincha tarixiy faktni emas, balki qishloqning xo‘jayinlarga yoki boshqa qishloqlarga qarshi doimiy kurashidagi kuchlar muvozanatini ifodalaydi.  Britaniya ishchilar harakatini o‘rganuvchilar biladiki, "kasb odati" yoki "ustaxona odati" qadimgi an’ana bo‘lmay, balki ishchilar yaqinda bo‘lsa-da amalda o‘rnatgan va endilikda bu huquqni kengaytirish yoki uni abadiylashtirish yo‘li bilan himoya qilishga urinayotgan huquqlarni anglatishi mumkin. "Odat" o‘zgarmas bo‘lishi mumkin emas, chunki hatto "an’anaviy" jamiyatlarda ham hayot bunday emas. Odat yoki umumiy huquq hali ham mazmunda moslashuvchanlik va pretsedentga rasmiy rioya qilishning uyg‘unligini ko‘rsatadi. Bizning tushunchamizdagi "an’ana" va "odat" o‘rtasidagi farq quyida yaxshi tasvirlangan. "Odat" — bu sudyalarning ishi; "an’ana" (bu holatda o‘ylab topilgan an’ana) — bu parik, to‘n va boshqa rasmiy jihozlar hamda ularning muhim harakatlari bilan bog‘liq marosimlashtirilgan amaliyotlardir. "Odat"ning inqirozi odatda u bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan "an’ana"ni sezilarli darajada o‘zgartiradi.

Ikkinchi (uncha muhim bo‘lmagan) farq bizning tushunchamizdagi "an’ana" hamda odatiy tartib yoki kundalik amaliyot o‘rtasida bo‘lib, bular o‘z-o‘zidan muhim marosimiy yoki ramziy vazifaga ega emas, garchi vaqt o‘tishi bilan shunday xususiyat kasb etishi mumkin boʻlsada. Aniq ko‘rinib turibdiki, muntazam ravishda bajarilishi kerak bo‘lgan har qanday ijtimoiy amaliyot qulaylik va samaradorlik uchun bunday odatiy tartiblar to‘plamini shakllantiradi. Bu tartiblar yangi amaliyotchilarga o‘rgatish maqsadida rasmiy yoki norasmiy tarzda qonunlashtirilishi mumkin.  Bu yangi paydo bo‘lgan amaliyotlarga (masalan, samolyot uchuvchisining ishi) ham, uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan amaliyotlarga ham taalluqli. Sanoat inqilobidan keyingi jamiyatlar, tabiiyki, avvalgilarga qaraganda yangi odatiy tartiblar tizimini tez-tez kashf etish, joriy qilish yoki rivojlantirishga majbur bo‘ldilar. Bu tartiblar odatga, avtomatik harakatga yoki hatto refleksga aylanganda juda samarali ishlaydi va shu sababli o‘zgarmaslikni talab qiladi. Bu esa amaliyotning boshqa muhim talabi — kutilmagan yoki g‘ayriodatiy vaziyatlarga moslashish qobiliyatiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu odatiy tartibga solish yoki byurokratlashtirishning, ayniqsa quyi darajalarda, ma’lum zaif tomonidir, chunki bu darajalarda o‘zgarmas harakat eng samarali hisoblanadi.

Bunday odatiy tartib tizimlari "o‘ylab topilgan an’analar" emas, chunki ularning vazifalari va oqlanishi mafkuraviy emas, balki texnik xususiyatga ega (markscha atamalar bilan aytganda, ular "ustqurmaga" emas, balki "bazisga" tegishli). Ular aniq amaliy vazifalarni bajarishni osonlashtirish uchun mo‘ljallangan va o‘zgaruvchan amaliy ehtiyojlarga moslashish uchun oson o‘zgartiriladi yoki bekor qilinadi. Bunda har qanday amaliyot vaqt o‘tishi bilan orttiradigan inersiya va unga ko‘nikib qolgan odamlarning har qanday yangilikka ko‘rsatadigan hissiy qarshiligi hisobga olinadi. Xuddi shu narsa o‘yinlarning qabul qilingan "qoidalari"ga yoki ijtimoiy munosabatlarning boshqa shakllariga, agar ular mavjud bo‘lsa, yoki boshqa har qanday amaliy asoslangan me’yorlarga ham taalluqli. Bular "an’ana" bilan birgalikda mavjud bo‘lgan holatda, farqni oson ajratish mumkin. Otda yurganda qattiq shlyapa kiyish amaliy ma’no kasb etadi, xuddi mototsiklchilar uchun maxsus dubulg‘a yoki askarlar uchun po‘lat kaska kiyish kabi. Ammo ov paytida pushti rang kiyim bilan birgalikda ma’lum turdagi qattiq shlyapa kiyish butunlay boshqacha ma’no kasb etadi. Agar shunday bo‘lmaganida, tulki ovchilarining "an’anaviy" kiyimini o‘zgartirish, armiyalardagi dubulg‘ani yanada samarali himoya vositasiga almashtirish kabi oson bo‘lar edi — garchi armiya ancha konservativ tashkilot bo‘lsa-da. Darhaqiqat, "an’analar" va amaliy tartiblar o‘rtasida teskari bog‘liqlik mavjud deb taxmin qilish mumkin. "An’ana" zaiflikni namoyon qiladi, masalan, liberal yahudiylar ovqatlanish taqiqlarini amaliy jihatdan oqlashga uringanda, ya’ni qadimgi yahudiylar cho‘chqa go‘shtini gigiyena nuqtai nazaridan man etganini ta’kidlashganda. Aksincha, buyumlar yoki amaliyotlar amaliy foydalanishdan ozod bo‘lgach, to‘liq ramziy va marosimiy ahamiyat kasb etadi. Otliq askarlar paradli kiyimidagi shporlar otlar yo‘q bo‘lganda "an’ana" uchun muhimroq bo‘ladi, gvardiyachi zobitlarning fuqarolik kiyimidagi soyabonlari yig‘ilmagan (ya’ni foydasiz) holda o‘z ahamiyatini yo‘qotadi, advokatlarning pariklari boshqa odamlar parik kiyishni to‘xtatganidan keyingina zamonaviy ahamiyat kasb etadi.

An’analarni ixtiro qilish, bu yerda taxmin qilinishicha, asosan rasmiylashtirish va marosimlashtirish jarayoni bo‘lib, o‘tmishga murojaat qilish, hech bo‘lmaganda takrorlashni joriy etish bilan tavsiflanadi. Bunday marosim va ramziy majmualarni yaratishning haqiqiy jarayoni tarixchilar tomonidan yetarlicha o‘rganilmagan. Uning ko‘p jihatlari hali ham noaniq. Bu jarayon, ehtimol, "an’ana" yagona tashabbuskor tomonidan ataylab o‘ylab topilgan va yaratilgan holatlarda, masalan, Baden-Pauell tomonidan "Boy Skautlar" tashkilotini tuzishda eng yaqqol namoyon bo‘ladi. Ehtimol, buni rasmiy ravishda tashkil etilgan va rejalashtirilgan marosimlar misolida ham kuzatish oson, chunki ular odatda yaxshi hujjatlashtirilgan bo‘ladi, masalan, natsistlar ramziyati va Nyurnberg partiya mitinglari qurilishida. Bu jarayonni kuzatish, ehtimol, an’analar qisman o‘ylab topilgan, qisman xususiy guruhlarda rivojlangan (bu yerda jarayon byurokratik tarzda qayd etilishi ehtimoli kamroq) yoki norasmiy ravishda, masalan, parlament va yuridik kasbda ma’lum vaqt davomida shakllangan holatlarda eng qiyin bo‘ladi. Qiyinchilik nafaqat manbalar bilan, balki usullar bilan ham bog‘liq, garchi ramziylik va marosimlarga ixtisoslashgan ezoterik fanlar, masalan, geraldika va liturgiyani o‘rganish, shuningdek, bunday mavzularni o‘rganish uchun Varburg tarixiy fanlari mavjud bo‘lsa-da. Afsuski, bu sohalarning ikkalasi ham sanoat davri tarixchilariga odatda tanish emas.

Tarixchilar o‘rganadigan deyarli har bir davr va joyda an’analarning bu ma’noda "ixtiro qilinishi" kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Biroq, jamiyat tez o‘zgarayotgan paytlarda bu hodisa tez-tez sodir bo‘lishini kutsa boʻladi. Bunday holatlarda "eski" an’analar uchun yaratilgan ijtimoiy tuzilmalar zaiflashadi yoki yo‘q bo‘ladi, ularga mos kelmaydigan yangi tuzilmalar paydo bo‘ladi. Yoki eski an’analar va ularni saqlab kelgan institutlar yetarlicha moslashuvchan bo‘lmay qoladi yoki boshqa sabablarga ko‘ra yo‘q bo‘lib ketadi. Qisqasi, talab yoki taklif tomonida yetarlicha katta va tez o‘zgarishlar yuz berganda shunday bo‘ladi. Bunday o‘zgarishlar, ayniqsa, so‘nggi 200 yil ichida juda sezilarli kechdi. Shuning uchun bu davrda yangi an’analarning tezda shakllanishini kutish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, XIX asr liberalizmi va zamonaviy "modernizatsiya" nazariyasiga zid ravishda, bunday rasmiylashtirish faqat "an’anaviy" jamiyatlarga xos emas, balki u yoki bu shaklda "zamonaviy" jamiyatlarda ham mavjudligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, bu to‘g‘ri, ammo ikki narsadan ehtiyot bo‘lish kerak: birinchidan, jamoa va hokimiyat tuzilishining eski shakllari va ularga bog‘liq an’analar moslashuvchan emas edi va tezda yaroqsiz bo‘lib qoldi degan fikrdan; ikkinchidan, "yangi" an’analar shunchaki eskilaridan foydalana olmaslik yoki moslashtira olmaslik natijasida paydo bo‘ldi degan taxmindan.

Moslashuv yangi sharoitlarda eski usullardan foydalanish va eski modellarni yangi maqsadlarga qo‘llash orqali amalga oshirildi. O‘rnatilgan funksiyalarga ega bo‘lgan eski institutlar, o‘tmishga murojaat qilish va marosim iboralari hamda amaliyotlari shu tarzda moslashishi kerak bo‘lishi mumkin edi. Masalan, Katolik cherkovi yangi siyosiy va mafkuraviy muammolarga duch keldi va dindorlar tarkibida katta o‘zgarishlar yuz berdi (jumladan, ham dunyoviy taqvodorlik, ham ruhoniy xodimlar orasida ayollarning sezilarli darajada ko‘payishi); professional armiyalar majburiy harbiy xizmatga duch keldi; sudlar kabi qadimiy institutlar endi o‘zgargan sharoitda va ba’zan yangi vazifalar bilan faoliyat yuritmoqda.  Shuningdek, nomiga uzluksiz faoliyat yuritayotgan, ammo aslida butunlay boshqacha narsaga aylangan muassasalar, masalan, universitetlar ham bor edi. Masalan, Banson 1848-yildan keyin nemis universitetlaridan talabalarning ommaviy ko‘chib ketishi an’anasining to‘satdan yo‘qolishini tahlil qilgan. U buni universitetlarning akademik xususiyati o‘zgarishi, talabalar yoshining oshishi, shahar bilan universitet o‘rtasidagi ziddiyatlar va talabalar tartibsizliklarini kamaytirgan uning burjualashuvi, universitetlar o‘rtasida erkin harakatlanishning yangi tizimi, natijada talabalar uyushmalaridagi o‘zgarishlar va boshqa omillar bilan izohlagan. Bunday holatlarda yangilik qanchalik qadimiylik libosiga o‘ralmasin, baribir yangilik bo‘lib qolaveradi.

Bizning nuqtai nazarimizdan qiziqarlisi shuki, qadimiy unsurlardan mutlaqo yangi maqsadlar uchun yangi turdagi o‘ylab topilgan an’analarni yaratishda foydalanishdir. Har qanday jamiyatning o‘tmishida bunday unsurlarning katta zaxirasi to‘plangan va ramziy amaliyot hamda muloqotning murakkab tili doimo mavjud bo‘lgan. Ba’zan yangi an’analarni eskisiga osonlikcha qo‘shib yuborish mumkin bo‘lsa, ba’zida ularni rasmiy marosimlar, ramzlar va axloqiy da’vatlar — din va hukmdorlik dabdabasi, xalq og‘zaki ijodi va masonlik (o‘zi ham katta ramziy kuchga ega bo‘lgan ilgarigi o‘ylab topilgan an’ana) kabi boy manbalardan olish orqali yaratish mumkin edi. Shunday qilib, XIX asrda zamonaviy federal davlatning shakllanishi bilan bir vaqtda kechgan Shveytsariya millatchiligining rivojlanishini Rudolf Braun ajoyib tarzda o‘rgangan.  U bunday tadqiqotlarga mos keladigan "Volkskunde" fanidan ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan va uning modernizatsiyasi natsistlar suiiste’mollari bilan bog‘liq bo‘lmagan mamlakatda ishlagan. Mavjud an’anaviy urf-odatlar — xalq qo‘shiqlari, jismoniy musobaqalar, merganlik — yangi milliy maqsadlar uchun o‘zgartirildi, marosimlashtirildi va institutlashtirildi. An’anaviy xalq qo‘shiqlari ko‘pincha maktab o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan bir xil uslubdagi yangi qo‘shiqlar bilan to‘ldirildi va mazmuni vatanparvarlik ruhidagi ("Millat, Millat, qanday tugal jaranglaydi bu ohang") xor repertuariga o‘tkazildi. Garchi unda diniy madhiyalarning marosimiy kuchli elementlari ham mujassam edi. (Bunday yangi qo‘shiq repertuarlarining shakllanishi, ayniqsa maktablar uchun, o‘rganishga arziydi.) Federal qo‘shiq festivali nizomida — estedfodauni eslatmaydimi? — uning maqsadi "xalq qo‘shiqchiligini rivojlantirish va takomillashtirish, Xudo, Ozodlik va Vatan uchun yuksak tuyg‘ularni uyg‘otish, san’at va Vatan do‘stlarini birlashtirish va birodarlashtirish" deb e’lon qilingan. ("Takomillashtirish" so‘zi o‘n to‘qqizinchi asr taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatini ifodalaydi.) Bu marosimlar atrofida qudratli urf-odatlar majmuasi shakllandi: bayram pavilyonlari, bayroqlarni namoyish qilish inshootlari, qurbonliklar uchun ibodatxonalar, yurishlar, qo‘ng‘iroq sadolari, jonli manzaralar, to‘p o‘qlari salyuti, bayram sharafiga hukumat vakillarining tashrifi, ziyofatlar, qadah so‘zlari va nutqlar. Eski materiallar yana buning uchun moslashtirildi:

Yangi festival me’morchiligida nishonlash, namoyish va dabdabaning barokko uslubidagi shakllari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Barokko bayramida davlat va cherkov yuqori darajada birlashganidek, xor, otish va gimnastika faoliyatining bu yangi shakllaridan diniy va vatanparvarlik unsurlarining uyg‘unligi vujudga keladi.

Yangi an’analar eski unsurlardan qay darajada foydalana olishi, yangi tillar yoki vositalarni ixtiro qilishga yoki eski ramziy lug‘atni belgilangan chegaralardan tashqariga kengaytirishga qanchalik majbur bo‘lishi mumkinligi haqida bu yerda batafsil to‘xtalib o‘tmaymiz. Shunisi aniqki, ko‘plab siyosiy institutlar, mafkuraviy harakatlar va guruhlar — ayniqsa millatchilikda — shu qadar yangi ediki, hatto tarixiy vorisiylikni ham ixtiro qilishga to‘g‘ri keldi.  Masalan, samarali tarixiy vorisiylikdan tashqari qadimiy o‘tmishni yaratish uchun yarim to‘qima (Boaditseya, Versingetoriks, Xerusk Arminiy) yoki soxtalashtirish (Ossian, Chexiyaning o‘rta asr qo‘lyozmalari) usullaridan foydalanildi. Shuningdek, milliy harakatlar va davlatlarning bir qismi sifatida butunlay yangi ramzlar va vositalar paydo bo‘lgani ham aniq. Masalan, milliy madhiya (1740-yilda inglizlarniki eng qadimgisi bo‘lgan), milliy bayroq (hozir ham asosan 1790-1794 yillarda rivojlangan fransuz inqilobiy uch rangli bayrog‘ining o‘zgargan ko‘rinishi) yoki millatning ramziy yoki tasviriy ifodasi — Marianna va Germaniya kabi rasmiy yoki Jon Bull, ozg‘in Yanki amaki Sem va "nemis Mixel" multfilm qahramonlari kabi norasmiy ko‘rinishlarda.

Shuningdek, haqiqiy qadimiy davrga xos an’anaviy toposlarda ham ba’zan ko‘zga tashlanadigan uzluksizlik uzilishini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak. Lloydning fikricha, XVII asrda ingliz Rojdestvo xalq qo‘shiqlari yaratilishi to‘xtab, oʻz oʻrnini Uotts-Uesli uslubidagi ilohiy qo‘shiqlarga boʻshatib bergan, garchi ibtidoiy metodizm kabi asosan qishloq dinlarida ularning xalqona o‘zgarishini kuzatish mumkin.  Shunday bo‘lsa-da, madhiyalar o‘rta sinf to‘plovchilari tomonidan qayta tiklangan birinchi turdagi xalq qo‘shiqlari bo‘lib, "cherkov, gildiya va ayollar tashkilotlarining yangi muhitida" o‘z o‘rnini egalladi va u yerdan yangi shahar mashhur muhitida "ko‘cha burchagidagi qo‘shiqchilar yoki qadimiy mukofot ilinjida ostonalar qoshida hirgoyi qilgan bolalar" orqali tarqaldi. Shu ma’noda "Xudo sizni yorlaqasin, janoblar" eski emas, balki yangidir. Bunday uzilish hatto o‘zlarini ataylab "an’anaviy" deb ta’riflaydigan va umumiy kelishuvga ko‘ra tarixiy davomiylik va an’analar ombori hisoblangan guruhlar, masalan, dehqonlarga murojaat qiladigan harakatlarda ham ko‘rinadi. Darhaqiqat, an’analarni himoya qilish yoki tiklash harakatlarining paydo bo‘lishi, "an’anaviy" yoki boshqacha bo‘lishi bunday uzilishdan dalolat beradi. Romantiklar davridan beri ziyolilar orasida keng tarqalgan bunday harakatlar hech qachon tirik o‘tmishni rivojlantira olmaydi yoki hatto saqlab qola olmaydi (ehtimol, arxaik hayotning alohida burchaklari uchun insoniy qo‘riqxonalar yaratish bundan mustasno), balki "ixtiro qilingan an’anaga" aylanishi muqarrar. Boshqa tomondan, haqiqiy an’analarning kuchi va moslashuvchanligini "an’ana ixtirosi" bilan adashtirib yubormaslik kerak. Eski urf-odatlar tirik bo‘lgan joyda an’analarni tiklash ham, o‘ylab topish ham shart emas.

Biroq, an’analar ixtiro qilingan joylarda bu ko‘pincha eski usullar endi mavjud emasligi yoki yaroqsiz bo‘lgani uchun emas, balki ular ataylab qo‘llanilmagani yoki moslashtirilmagani sababli yuz beradi, deb taxmin qilish mumkin. Shunday qilib, XIX asrdagi ijtimoiy o‘zgarishlarning liberal mafkurasi o‘zini ongli ravishda an’analarga qarshi va tub yangilanishlarga tarafdor qilib qo‘yib, avvalgi jamiyatlarda tabiiy deb qabul qilingan ijtimoiy va hokimiyat aloqalarini tizimli ravishda ta’minlay olmadi va ixtiro qilingan amaliyotlar bilan to‘ldirilishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqlarni yaratdi. XIX asrda Lankashirdagi konservativ zavod egalarining (liberallardan farqli o‘laroq) bunday eski aloqalardan foydalanishdagi muvaffaqiyati shuni ko‘rsatadiki, ular hatto sanoat shaharchasining misli ko‘rilmagan muhitida ham hali qo‘llanilishi mumkin edi. Sanoatgacha bo‘lgan usullarning ma’lum bir nuqtadan keyin inqilobiylashgan jamiyatga uzoq muddatli moslasha olmasligini inkor etib bo‘lmaydi, lekin buni ularni taraqqiyotga to‘siq yoki undan ham yomoni, uning ashaddiy dushmani deb hisoblaganlarning eski usullarni qisqa muddatda rad etishidan kelib chiqadigan muammolar bilan adashtirmaslik kerak.

Bu yangilik kirituvchilarga o‘zlarining ixtiro qilingan an’analarini yaratishga to‘sqinlik qilmadi — masonlik amaliyoti bunga yaqqol misol.  Shunga qaramay, irratsionalizm, xurofot va qorong‘u o‘tmishni eslatuvchi urf-odatlarga nisbatan umumiy dushmanlik, agar aslida undan kelib chiqmagan bo‘lsa, liberallar, sotsialistlar va kommunistlar kabi Ma’rifat davri haqiqatlariga ishonuvchilarni eski yoki yangi an’analarni qabul qilmaydigan qilib qo‘ydi. Quyida ko‘rishimizcha, sotsialistlar o‘zlari ham bilmagan holda har yilgi 1-may bayramiga ega bo‘lib qoldilar; Milliy sotsialistlar esa bunday tadbirlardan liturgik murakkablik va g‘ayrat bilan hamda ramzlarni ongli ravishda manipulyatsiya qilish orqali foydalandilar. Britaniyadagi liberal davr bunday amaliyotlarga imkon qadar bardosh berdi, chunki na mafkura, na iqtisodiy samaradorlik masalasi ko‘tarilmadi, ba’zan quyi tabaqalarning mantiqsizligiga istamay yon berish sifatida. Uning do‘stlik jamiyatlarining ijtimoiy va marosim faoliyatiga munosabati dushmanlik ("yubileylar, yurish-marosimlar, orkestrlar, ramziy belgilar uchun to‘lovlar" kabi keraksiz xarajatlar qonunan taqiqlangan) va "bu jozibadorlikning ahamiyatini, ayniqsa qishloq aholisi uchun inkor etib bo‘lmaydi" degan asosda yillik ziyofatlar kabi tadbirlarga toqat qilish uyg‘unligidan iborat edi. Biroq, qat’iy individualistik ratsionalizm nafaqat iqtisodiy hisob-kitob, balki ijtimoiy ideal sifatida ham ustunlik qildi. 7-bobda uning cheklovlari tobora ko‘proq e’tirof etilayotgan davrda nimalar sodir bo‘lganligi o‘rganiladi.

Sanoat inqilobidan keyingi davrda paydo bo‘lgan an’analar haqidagi ushbu kirish qaydlari ba’zi umumiy kuzatuvlar bilan yakunlanishi mumkin.

Ular bir-biriga chambarchas bog‘liq uch turga bo‘linadi: a) ijtimoiy birdamlikni yoki haqiqiy yoxud sun’iy jamoalarga a’zolikni o‘rnatuvchi yoki ramziy ifodalovchi; b) muassasalar, maqom yoki hokimiyat munosabatlarini o‘rnatuvchi yoki qonuniylashtiruvchi; va c) asosiy maqsadi ijtimoiylashuv, e’tiqodlar, qadriyatlar tizimi va xulq-atvor me’yorlarini singdirishdan iborat bo‘lgan. Garchi b) va c) turdagi an’analar (masalan, Britaniya Hindistonida hokimiyatga bo‘ysunishni ifodalovchi an’analar) shubhasiz ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, a) turi eng keng tarqalgan deb taxmin qilish mumkin. Bunda boshqa vazifalar "jamoa" va/yoki uni ifodalovchi, namoyon etuvchi yoki ramziylashtiruvchi institutlar, masalan "millat" bilan uyg‘unlashgan yoki undan kelib chiqqan deb hisoblanadi.

Qiyinchilik shunda ediki, bunday yirik ijtimoiy birliklar haqiqiy jamoalar yoki qabul qilingan darajalar tizimi emas edi. Ijtimoiy harakatchanlik, sinfiy ziddiyatlar va hukmron mafkura tufayli jamoaviylik va rasmiy ierarxiyadagi (armiyalardagi kabi) sezilarli tengsizlikda birlashtirgan an’analarni keng qo‘llash qiyin edi. Bu c) turdagi an’analarga unchalik ta’sir ko‘rsatmadi, chunki umumiy ijtimoiylashuv har bir fuqaro, millat a’zosi va toj fuqarosiga bir xil qadriyatlarni singdirdi. Turli ijtimoiy guruhlarning o‘ziga xos ijtimoiylashuvi (masalan, xususiy maktab o‘quvchilari) odatda bir-biriga xalaqit bermadi. Boshqa tomondan, ixtiro qilingan an’analar shartnomalar dunyosiga maqomni, huquqiy tenglar dunyosiga ustunlik va bo‘ysunishni qayta kiritgani uchun, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshira olmasdi. Ular Britaniya toj kiyish marosimini qayta ko‘rib chiqish kabi de-fakto teng bo‘lmagan ijtimoiy tuzilmaga rasmiy ramziy rozilik berish orqali yashirincha kiritilishi mumkin edi. Ko‘pincha, ular elitaning korporativ ustunlik tuyg‘usini rivojlantirardi, ayniqsa ularni tug‘ilish yoki tayinlash orqali bunga ega bo‘lmaganlardan tanlash kerak bo‘lganda, quyi tabaqalarga itoatkorlik tuyg‘usini singdirish o‘rniga. Ba’zilar o‘zlarini boshqalardan ko‘ra tengroq his qilishga undalar edi. Bu elitalarni Germaniyaga xos bo‘lgan harbiy-byurokratik shaklda (masalan, duelga chiquvchi talabalar birlashmasi) yoki Britaniya xususiy maktablarining "axloqiy dvoryanlar" modelida burjuaziyagacha bo‘lgan hukmron guruhlar yoki hokimiyatlarga o‘xshatish orqali amalga oshirilishi mumkin edi. Yoki, ehtimol, elitalarning ruhiy birligi, o‘ziga ishonchi va yetakchiligi yuqori lavozimli amaldorlarning yaxlitligini ta’kidlovchi ko‘proq maxfiy "an’analar" orqali rivojlantirilardi (masalan, Fransiyada yoki mustamlakalarning oq tanli aholisi orasida).

"Jamoaviy" ixtiro qilingan an’analar asosiy tur bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning mohiyati hali o‘rganilmagan. Antropologiya, agar mavjud bo‘lsa, ixtiro qilingan va qadimiy an’anaviy amaliyotlar o‘rtasidagi farqlarni aniqlashga yordam berishi mumkin. Bu yerda biz shuni ta’kidlashimiz mumkinki, o‘tish marosimlari odatda ma’lum guruhlarning an’analarida (initsiatsiya, lavozim ko‘tarilishi, nafaqaga chiqish, o‘lim) belgilangan bo‘lsa-da, keng qamrovli soxta jamoalar (millatlar, mamlakatlar) uchun mo‘ljallangan an’analarda bu odatda kuzatilmagan. Ehtimol, bu ularning abadiy va o‘zgarmas xususiyatini, hech bo‘lmaganda jamoa tashkil topganidan beri, ta’kidlagan. Biroq, yangi siyosiy rejimlar ham, innovatsion harakatlar ham din bilan bog‘liq an’anaviy o‘tish marosimlariga (fuqarolik nikoh, dafn marosimlari) o‘z muqobillarini topishga intilishlari mumkin edi.

Eski va yangi ixtiro qilingan amaliyotlar o‘rtasida sezilarli farq kuzatiladi. Avvalgilari aniq va qat’iy ijtimoiy amaliyotlar bo‘lsa, keyingilari guruh a’zolarining qadriyatlari, huquqlari va majburiyatlari tabiatiga nisbatan juda noaniq va mavhum edi: "vatanparvarlik," "sadoqat," "burch," "o‘yinda halol bo‘lish," "maktab ruhi" va hokazo. Britaniya vatanparvarligi yoki amerikanizm mazmuni aniq belgilanmagan bo‘lsa-da (odatda marosimlar bilan bog‘liq sharhlarda ko‘rsatilardi), ularni ifodalovchi amaliyotlar deyarli majburiy edi — masalan, Britaniyada milliy madhiyani kuylash paytida o‘rnidan turish, Amerika maktablarida bayroq marosimi. Muhim element klub qoidalari va maqsadlari emas, balki klubga a’zolikning hissiy va ramziy belgilarini yaratish bo‘lgan ko‘rinadi. Ularning ahamiyati aynan ularning aniqlanmagan umumiyligida edi:

Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi va Davlat gerbi mustaqil mamlakatning o‘zligini va suverenitetini e’lon qiladigan uch ramzdir, shu bois ular darhol hurmat va sadoqatga sazovor bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ular millatning butun tarixini, tafakkurini va madaniyatini aks ettiradi.

Shu ma’noda, 1880-yilda bir kuzatuvchi ta’kidlaganidek, "askarlar va politsiyachilar hozir biz uchun nishon taqib yurishadi", garchi u tez orada boshlanadigan ommaviy harakatlar davrida ularning alohida fuqarolarga qo‘shimcha sifatida qayta tiklanishini bashorat qila olmagan bo‘lsa-da. Ikkinchi kuzatuv shuni ko‘rsatadiki, ko‘p ixtirolar bo‘lishiga qaramay, yangi an’analar eski an’analar va urf-odatlarning dunyoviy tanazzuli tufayli yuzaga kelgan bo‘shliqning ozgina qismini to‘ldirdi, xolos. Bu, aslida, o‘tmish inson xulq-atvorining ko‘p shakllari uchun namuna yoki misol sifatida tobora ahamiyatsiz bo‘lib borayotgan jamiyatlarda kutilgan hol edi. Aksariyat odamlarning shaxsiy hayotida va kichik submadaniy guruhlarning mustaqil hayotida XIX–XX asrlarning ixtiro qilingan an’analari, masalan, qadimgi agrar jamiyatlardagi eski an’analarga qaraganda ancha kamroq o‘rin egallaydi. "Qilingan ishlar" XX asr G‘arb erkaklari va ayollarining kunlari, fasllari va hayot sikllarini ajdodlariga qaraganda ancha kamroq belgilaydi va iqtisodiyot, texnologiya, byurokratik davlat tashkiloti, siyosiy qarorlar va boshqa kuchlarning tashqi ta’sirlaridan ancha kamroq ahamiyatga ega. Bu kuchlar biz tushunadigan ma’nodagi "an’ana"ga tayanmaydi yoki uni rivojlantirmaydi.

Biroq, bu umumlashtirish fuqaroning ijtimoiy hayoti deb atash mumkin bo‘lgan sohaga (jumladan, ommaviy axborot vositalari kabi xususiy shakllardan farqli o‘laroq, maktablar kabi ijtimoiylashuvning jamoat shakllariga) taalluqli emas. Davlat xizmatidagi (qurolli kuchlar, qonunchilik, ehtimol, hatto davlat xizmatchilari) shaxslar bilan bog‘liq yangi an’anaviy amaliyotlarda ham, fuqarolarning davlatlarga a’zoligi bilan bog‘liq amaliyotlarda ham zaiflashishning haqiqiy belgilari yo‘q. Darhaqiqat, odamlar fuqarolikni anglaydigan holatlarning aksariyati ramzlar va yarim marosim amaliyotlari (masalan, saylovlar) bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bularning ko‘pchiligi tarixan yangi va asosan ixtiro qilingan: bayroqlar, tasvirlar, marosimlar va musiqa. Sanoat va Fransuz inqiloblaridan keyingi davrning o‘ylab topilgan an’analari hozirgi kungacha bo‘lgan doimiy bo‘shliqni to‘ldirganligi sababli, bu soha muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, ular muhim belgilar va shu sababli boshqa yo‘l bilan aniqlanishi qiyin bo‘lgan muammolar hamda rivojlanishlarning ko‘rsatkichlari hisoblanadi. Ular dalil vazifasini o‘taydi. Nemis millatchiligining eski liberal shaklidan yangi imperialistik-kengayishga yo‘naltirilgan shaklga o‘tishi, rasmiy hokimiyat yoki tashkilotlar vakillarining bayonotlaridan ko‘ra, nemis gimnastika harakati orasida eski qora-qizil-oltin ranglarning yangi qora-oq-qizil ranglar bilan tez almashinuvi (ayniqsa 1890-yillarga kelib) orqali aniqroq ko‘rsatilgan. Britaniya futbol kubogi finallari tarixi bizga shahar ishchi sinfi madaniyatining rivojlanishi haqida an’anaviy ma’lumotlar va manbalar bermaydigan ma’lumotlarni yetkazadi. Xuddi shuningdek, o‘ylab topilgan an’analarni o‘rganishni jamiyat tarixini kengroq o‘rganishdan ajratib bo‘lmaydi va agar u kengroq tadqiqotga qo‘shilmasa, bunday amaliyotlarni shunchaki kashf etishdan oldinga siljish qiyin.

Ikkinchidan, bu insonning o‘tmishga bo‘lgan munosabatini, demak, tarixchining o‘z mavzusi va kasbini ham ancha yoritib beradi. Barcha o‘ylab topilgan an’analar, iloji boricha, tarixdan harakatning qonuniylashtiruvchisi va guruh birligining asosi sifatida foydalanadi. Ko‘pincha u kurashning haqiqiy ramziga aylanadi, masalan, 1889 va 1896-yillarda Janubiy Tirolda Valter fon der Fogelveyde va Dante haykallariga bag‘ishlangan janjallar. Hatto inqilobiy harakatlar ham o‘z yangiliklarini "xalq o‘tmishiga" (sakslar normanlarga qarshi, franklarga qarshi "bizning ajdodlarimiz galllar", Spartak), inqilob an’analariga ("Nemis xalqining ham o‘z inqilobiy an’anasi bor", deb ta’kidlagan Engels "Germaniyadagi dehqonlar urushi" asarining dastlabki so‘zlarida) va o‘z qahramonlari hamda shahidlariga tayanib asoslagan. Jeyms Konnollining "Irlandiya tarixidagi mehnat" asari ushbu mavzular birlashuvining ajoyib namunasidir. Bu yerda ixtirochilik elementi ayniqsa yaqqol ko‘rinadi, chunki millat, davlat yoki harakatning bilim fondi yoki mafkurasining bir qismiga aylangan tarix aslida xalq xotirasida saqlanib qolgan narsa emas, balki vazifasi shu bo‘lgan shaxslar tomonidan tanlangan, yozilgan, tasvirlangan, ommalashtirilgan va institutsionallashtirilgan narsadir. Og‘zaki tarixchilar ko‘pincha 1926-yildagi umumiy ish tashlashning eski xotiralarda suhbatdoshlar kutganidan ko‘ra kamtarona va kamroq dramatik rol o‘ynaganini kuzatishgan. Uchinchi respublikada va undan keyin Fransuz inqilobi qiyofasining shakllanishi tahlil qilingan. Biroq, barcha tarixchilar, boshqa maqsadlaridan qat’i nazar, bu jarayonning bir qismidirlar, zero ular ongli yo ongsiz ravishda nafaqat mutaxassis tadqiqot dunyosiga, balki insonning siyosiy mavjudot sifatidagi ijtimoiy sohasiga tegishli bo‘lgan o‘tmish tasvirlarini yaratish, parchalash va qayta qurishga hissa qo‘shadilar. Ular o‘z faoliyatlarining bu jihatini yaxshi anglashlari lozim.

Shu munosabat bilan, zamonaviy tarixchilar uchun "ixtiro qilingan an’analar"ning o‘ziga xos bir jihatini ajratib ko‘rsatish kerak. Ular nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan tarixiy yangilik — "millat" va u bilan bog‘liq hodisalar: millatchilik, milliy davlat, milliy ramzlar, tarix va boshqalar uchun juda dolzarbdir.  Bularning barchasi ijtimoiy muhandislikdagi harakatlarga asoslanadi, ular ko‘pincha ataylab qilingan va doimo innovatsion bo‘ladi, chunki tarixiy yangilik innovatsiyani taqozo etadi. Isroil va Falastin millatchiligi yoki xalqlari, yahudiylar yoki Yaqin Sharq musulmonlarining tarixiy davomiyligidan qat’i nazar, yangi bo‘lishi kerak, chunki ularning mintaqasida hozirgi standart turdagi hududiy davlatlar tushunchasi bir asr oldin deyarli o‘ylanmagan va Birinchi jahon urushi tugashidan oldin deyarli jiddiy istiqbolga aylanmagan edi. Maktablarda o‘rganiladigan va kichik elita qatlamidan tashqari ko‘pchilik tomonidan yozilishi, hatto gapirilishi ham mumkin bo‘lgan standart milliy tillar asosan turli, ko‘pincha qisqa davr mobaynida shakllangan tuzilmalardir. Flamand tili boʻyicha fansuz tarixchi mutaxassisi to‘g‘ri ta’kidlaganidek, bugungi kunda Belgiyada o‘qitilayotgan flamand tili Flandriyaning onalari va buvilарi o‘z farzandlariga gapirgan til emas: qisqasi, bu faqat majoziy ma’nodagi "ona tili" xolos. Bizni qiziq, ammo tushunarli paradoks chalg‘itmasligi kerak: zamonaviy millatlar va ularning barcha atributlari odatda yangilik emas, balki eng qadimgi davrlarga borib taqalgan va sun’iy emas, balki o‘zini tasdiqlashdan boshqa ta’rifni talab qilmaydigan darajada "tabiiy" insoniy hamjamiyatlar deb da’vo qiladi. "Fransiya" va "fransuzlar" tushunchalariga xos bo‘lgan tarixiy yoki boshqa davomiyliklar — buni hech kim inkor etmaydi — shu tushunchalarning o‘zida qurilgan yoki "ixtiro qilingan" tarkibiy qism mavjud. Zamonaviy "millat"ni subyektiv ravishda tashkil etuvchi qismlarning ko‘pchiligi bunday tuzilmalardan iborat bo‘lgani va umuman olganda, eng yangi ramzlar yoki moslashtirilgan nutq (masalan, "milliy tarix") bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, milliy hodisani "an’analarni ixtiro qilish"ga e’tibor qaratmasdan to‘liq o‘rganib bo‘lmaydi.

Nihoyat, an’analarning ixtiro qilinishini o‘rganish fanlararo xususiyatga ega.  Bu tarixchilar, ijtimoiy antropologlar va gumanitar fanlarning boshqa turli mutaxassislarini birlashtirgan tadqiqot sohasi bo‘lib, bunday hamkorliksiz uni yetarli darajada olib borish mumkin emas. Ushbu kitob asosan tarixchilarning hissalarini o‘z ichiga oladi. Boshqalar ham uni foydali deb topishiga umid qilamiz.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About